Zardushtiylik dini

Zardushtiylik

Tarix

Spitama qabilasidan bo‘lgan Pourushaspa o‘g‘li Ashoga Zaratushtra (yunoncha – Zoroastr, pahlaviycha – Zaraxustra “boqiy yulduz” va “chiroyli tuyalarga ega bo‘lgan”) ushbu dinning asoschisi hisoblanadi. Zardushtiylar e’tiqodiga ko‘ra, bu nom unga Axura–Mazda (yunoncha, Ormuzd –“Donishmandlik sohibi”) tomonidan berilgan. Zardushtning yashagan davri va joyi haqida turli taxminlar mavjud. Tadqiqotchi M.Boysning ta’kidlashicha, u mil. avv. 1500–1200 yillar orasida yashagan. Uning fikricha, Zardusht o‘z da’vatini Kishtosib Lafrost ismli podshoh davrida boshlagan. Bunga u zamonaviy zardushtiylarning hozirgacha mil.avv. 1738 yil shoh Vishtasp tomonidan qabul qilingan “fasli” kalendaridan foydalanab kelayotganlarini dalil qilib ko‘rasatadi. Zardushtiylikning vatani masalasida ikki xil qarash mavjud. Jumladan, ayrim olimlar zardushtiylik Qadimgi Eron hududida keng tarqalgani, “Avesto”ning sharhlari pahlaviy tilida yozilganidan kelib chiqib, uning vatani Midiya (hozirgi Eron hududi) deb hisoblasalar, ko‘pchilik tarixchilar esa “Avesto”da Xorazm Zardushtning vatani, Axura–Mazda bilan aloqa bog‘langan va ozarxurra (muqaddas olov) birinchi bor yoqilgan joy ekani qayd qilinganiga asoslanib, Xorazmni e’tirof etadilar. Zardushtiylikning muqaddas manbasi “Avesto” (“Apastak”, “Ovisto”, “Ovusto”, “Abisto”, “Avasto” –“joriy qilingan qat’iy qoidalar”) sanskrit tiliga yaqin o‘ziga xos (avesto tili) tilida yozilgan. Uning “Gat”lar nomli qismi Zardusht qalamiga mansub deb hisoblanadi. Ko‘pchilik tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, Xorazm, Gava (So‘g‘d), Marg‘iyona (Marv), Baqtriya (Balx), Orol dengizi (Vorukasha yoki Vurukasha) va Amudaryo (Daiti) kabi nomlarning tilga olingani “Avesto” O‘rta Osiyoda mil. avv. I ming yillikning birinchi yarmida vujudga kelganini tasdiqlaydi. Dastlab “Avesto” matnlari og‘zaki ravishda saqlanib kelgan. Uning eng qadimiy qismlari II ming yillik oxiri I ming yillik boshlariga oid bo‘lib, keyingi asrlarda uning tarkibi turli diniy urf–odatlar bayoni, axloqiy, huquqiy qonun–qoidalar bilan to‘ldirilib borilgan. Milodiy uchinchi asrda qonunlardan iborat Avestoning sharhi “Zend” (parfiyoncha, “sharhlangan matn”) yozilgan. Zamonaviy zardushtiylarning fikriga ko‘ra, “Avesto”ning to‘liq qismi yetib kelmagan bo‘lsa–da, uning dastlabki yozma nusxasi 12 ming qora mol terisiga bitilgan edi. Buyuk vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniy “PodshohDoro ibn Doro xazinasida (Abistoning) o‘n ikki ming qoramol terisiga tillo bilan bitilgan bir nusxasi bor edi. Iskandar (Aleksandr Makedonlik) otashxonalarni vayron qilib, ularda xizmat etuvchilarni o‘ldirgan vaqtda uni kuydirib yubordi. Shuning uchun o‘sha vaqtda Abistoning beshdan uchi yo‘qolib ketdi”, deb aytgan so‘zlari yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi. “Avesto” mil. avv. I asrda Arshakiylar sulolasi davrida ilk marta oromiy alifbosida ko‘chirilgan. Shopur II (243–273) va Xusrav I (531–579) zamonlarida uning nusxalari yaratilgan. IX asrda yozilgan “Denkart” (“Imon faoliyati”, Sosoniylar hukmronligi davrida yozilgan qomusiy lug‘at bo‘lib, u o‘z ichiga badiiy va tarixiy ma’lumotlarni olgan. Dastavval 9 bo‘limdan iborat bo‘lgan, keyinchalik uning 2 qismi yo‘qotilgan. Abbosiy xalifa al–Ma’mun ibn Horun ar–Rashid (813–833) davrida Aturfarnbag (Aturfat ibn Hamat) tomonidan to‘plangan) asari “Avesto”ning 21 qismdan iborat bo‘lganini qayd etadi. Dindorlar kundalik faoliyati uchun uning ixchamlashtirilgan shakli – “Kichik Avesto” (“Xurdak Avesto”) yaratilgan. VII asrda Eronga islomning kirib kelishi zardushtiylarni Hindistonga ko‘chib o‘tishga majbur qildi. Ularning avlodlari (forsiylar) Bombey shahrida o‘z jamoalarida hozirgacha “Avesto”ning bir nusxasini saqlab keladilar.

Zardushtiylik ta’limotiga ko‘ra, dunyo sinovlardan emas, balki yovuzlikka qarshi kurashdan iborat, xolos. Ta’limotda insoniyat yashayotgan dunyo muhim hisoblanadi. Shuning uchun unda dunyoviy lazzatlardan oxirat uchun voz kechish masalalari ilgari surilmaydi.
Zardushtiylikka ko‘ra, ezgu amallar qilish orqali yovuzlikni yengish mumkin. Har bir zardushtiy hayotini ezgu fikr – xumata, ezgu so‘z – xuxta, ezgu amal – xvartsha asosiga qurishi hamda yovuz fikr – dujvartshta, yovuz so‘z – dujuxta, yovuz amal – dujmatadan saqlanishi zarur.
Har bir inson vijdon amriga binoan ezgulik va yovuzlik orasidagi farqni topa olishi lozim. Har kim Anxra–Maynyu va uning tarafdorlariga qarshi kurashishi zarur. Jumladan, Anxra–Maynyu yaratgan chayon, ilon va boshqa turli yirtqich hayvonlar xrafstra (jirkanchli) deb atalib, ularni o‘ldirish mumkin.
Zardushtiy uchun har doim pok holda bo‘lish ahamiyatli hisoblanadi. Inson o‘zini pok saqlashi uchun yomon o‘y–xayollar, kasallik, o‘liklarga yaqinlashmasligi hatto ularga qaramasligi ham zarur. Istisno tariqasida nopok bo‘lib qolgan kishi yangidan poklanishi kerak. Inson jasadini olovda yoqish, muqaddas olovni o‘chirish va ruhoniylarni o‘ldirish eng og‘ir gunohlardan sanaladi. Zardushtiylar reinkarnatsiyani rad etadilar.
Ko‘pchilik dinshunoslar zardushtiylikni dualizmga oid deb hisoblasalar–da, lekin unda Axura–Mazdadan keyingi darajalarda turuvchi o‘ziga xos xudolar panteoni mavjud ekanini ta’kidlash lozim. Ularning eng buyuklari Amesha Spenta (Abadiy muqaddas) – Axura Mazda yaratgan
7 maxluqlardan biri. Boshqa fikrga ko‘ra, Amesha Spenta –Axura Mazdaning timsoli, Yazatlar – Axura Mazda yaratgan quyi ruhlar bo‘lib, ular Yerdagi turli hodisa va holatlarga mas’uldirlar. Eng mashhur yazatlar Sraosha, Mitra, Rashnu va Veretragna hisoblanadi. Fravashi Osmonlarda yashovchi va Zardushtga vahiy olib tushuvchi maxluqotlar. Shu bilan birga Spenta–Manyu (yorug‘lik, yaralish ibtidosi), Asha Vaxishta (adolat, haqiqat), Voxu Mana (aql, ezgu fikr, tushunish), Xshatra Vairya (qudrat, qat’iylik, hukmronlik), Spenta Armaiti (muhabbat, ishonch, rahm, fidoyilik), Xaurvatat (salomatlik, mukammalllik), Ameretat (baxt, abadiylik) ezgulik tarafdorlari hisoblanadi. Anxra–Maynyu, Drudj (yolg‘on), Indra (zo‘rlik, zulm), Akem Mana (yomon fikr, adashtirish), Shaurva (qo‘rqoqlik, pastkashlik), Taramaiti (takabburlik), Taurvi (kasallik, nuqsonlik), Zaurvi (qarilik, o‘lim) esa yovuzlik tarafdorlari hisoblanadi.
Zardushtiylikda har bir dindor shubhasiz tasdiqlashi zarur bo‘lgan muhim aqidalar ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, oliy mehribon xudo Axura Mazdaning yagona va mavjud, Gegig (Yer) va Menog (Ruh) olamlari mavjud, Zardusht insoniyat tarixida Axura Mazdaning ilk payg‘ambari, “Avesto”ning barcha qismi ilohiy haqiqat, muqaddas olov Xudoning Yerdagi timsoli, Mobadlar Zardushtning birinchi shogirdlari va vahiylarning muhofazachilari, poklanish marosimlarini bajaruvchi, muqaddas olovni saqlovchi va ta’limotning sharhlovchilari, barcha yaxshiliklarning barhayot fravashilari mavjud bo‘lib, odamlarning fravashilari Yerda yovuzlikka qarshi kurashish yo‘lini tanlaganlar, yakunda ezgulik va yovuzlik kuchlarining uyg‘unlashishi, kelajakda Saoshyanta (xaloskor) kelishi va uning yovuz Frasho Kereti ustidan g‘alaba qozonishi, oxiri zamonning sodir bo‘lishi, o‘limdan so‘ng hisob–kitobning bo‘lishi, adolatning qaror topishi, yovuzlikka qarshi kurash va poklikni saqlab qolish maqsadida zardushtiylik an’analari va marosimlarga amal qilishning zarurligiga e’tiqod qilish shart qilingan.
Zardushtiylikka ko‘ra, inson vafotidan uch kundan so‘ng uning ruhi jasadidan ajralib, Osmon (Qo‘shiqlar uyi)ga olib boruvchi Chinvad ko‘prigi (Ajratish ko‘prigi)ga boradi. Chinvadda inson ruhini ezgulik yazatlari Sraosha, Mitra va Rashnu himoya qiladi. Agar inson ruhining ezgu amallari bir tola soch vaznida ham yovuz amallardan og‘ir kelsa, qo‘shiqlar uyiga boradi. Aks holda uning ruhini dev Vizaresh do‘zaxga tashlaydi. Chinvadda inson o‘z Daen (imon)ini uchratadi. Ezgu amal sohibiga imon go‘zal qiz qiyofasida ko‘rinib, uni ko‘prikdan olib o‘tishga yordam beradi. Yovuz amal egasini esa, jodugar ayol ko‘prikdan do‘zaxga yiqitib yuboradi.
Zardushtiylikka ko‘ra, dunyoga 3 nafar saoshyanta kelishi lozim. Ular Zardusht ta’limotini qayta tiklaydi, qiyomatga yaqin ularning oxirgisi Anxra–Maynyu bilan jang qilib, barcha yovuzlik kuchlarini mag‘lub etadi. Barcha o‘lganlar qayta tiriladi va olov orqali hisob–kitob qilinadi. Odamlar erigan metall oqimida barcha gunoh va nuqsonlardan tozalanadi. Yaxshi odamlar uchun olov sut bug‘idek tuyuladi, yomon odamlar esa yonib ketadilar. Shundan so‘ng olam o‘zining asl holatiga abadiy qaytadi.

“Avesto” – “Videvdat”, “Yasna”, “Visparad” va “Yasht” nomi bilan yuritiladigan bo‘limlarni o‘z ichiga oladi.
22 bobdan tashkil topgan “Videvdat” – “Avesto”ning saqlanib qolgan bo‘limlari orasida eng mukammali bo‘lib, unda odamlar yashaydigan barcha yurtlar Axura–Mazda tomonidan yaratilgani, kasallik, o‘lim, azob–uqubatlar bo‘lmagan zamon, ya’ni insoniyatning farovon hayoti, Zardusht bilan Axura–Mazdaning savol–javoblari, qasam ichish, va’dada turish, ahdni buzish, tozalik, yuvinish asoslari kabi masalalar yoritilgan. “Yasna” – diniy marosimlarda o‘qiladigan duolar bo‘lib, 72 bobdan tashkil topgan. Zardushtning so‘zlari hisoblanadigan 17 fasl, 338 qit’a, 896 misra va 5560 so‘zdan iborat “Gat”lari ham shu bo‘limdan joy olgan. “Gat”ning har bir she’ri pahlaviy tilida “Gas” deyiladi. Umuman olganda, bu bo‘limda olovning muqaddasligi, zardushtiylik marosimlari orasida olovga e’tiqod qilish, Axura–Mazda nurining Quyoshda namoyonligi va uning Yerdagi zarrasi deb bilinishi, olovning haqni nohaqdan, eng oliy gunoh hisoblanmish yolg‘onni rostdan ajratib berishi, yolg‘onning chin e’tiqodga xiyonat, deb qoralanishi kabi e’tiqodiy tushunchalar o‘z aksini topadi. “Visparad” – 24 bobdan tashkil topgan bo‘lib, ma’budlar sha’niga o‘qiladigan duo va pand–nasihatlardan iborat. 22 bobdan tashkil topgan “Yasht” esa har bir bobi Axura–Mazdadan boshlanib, u tomonidan yaratilgan va uning ma’lum vazifalarini bajaruvchi ma’budlar sha’niga aytilgan madhiyalardan iborat.

Zardushtiylikda marosimlar qat’iy belgilangan tartibda o‘tkaziladi. Har kim amal qilishi lozim bo‘lgan shart amallar bo‘lib, ularga ko‘ra, barcha marosimlarni diniy malakaga ega erkak kishigina amalga oshirishi mumkin, ishtirokchilar pok holda, Sadre (oq rangli maxsus zardushtiylik ko‘ylagi), Kushti (maxsus kamar) va bosh kiyimda bo‘lishi, ayollar esa sochlarini ro‘mol bilan berkitishi, ishtirokchilar tik turgan holda olovga yuzlanib, ibodatlar avesta yoki pahlaviy tilida olib borilishi ta’minlanadi. Marosimda dinsiz yoki boshqa din vakilining ishtiroki xosiyatsiz hisoblanadi.
Zardushtiylar kunlik Gohi – kunning goh, deb nomlanuvchi vaqtlarida besh mahal – Xavan goh (tongdan peshingacha), Rapitvin goh (peshindan so‘ng), Uzarin goh (kun botishdan oldin), Aivisrutrim goh (kun botgandan so‘ng), Ushaxin goh (yarim kechadan tongacha) ibodatni amalga oshirganlar.
Zardushtiylik marosimlari zamirida har qanday nopoklikka qarshi kurash ta’limoti yotadi. Bunda poklanish muqaddas olov yordamida amalga oshadi. Zardushtiylar ibodatxonasida (otashkade) uzluksiz ravishda muqaddas olovning yonib turishi ta’minlanadi. Ba’zi ibodatxonalarda bir necha yuz yillardan beri muqaddas olovlar o‘chmasdan kelmoqda. Muqaddas olovlarni o‘chib qolmasligini Mobad (diniy marosimlarni avloddan avlodga saqlab qolish mas’uliyatini olgan, ruhoniylar oilasi)lar ta’minlaydi. Mobadlar olovni har qanday holatda ham asrashi zarur bo‘lgan. Yangi olovni yoqish faqatgina istisno vaziyatlarda amalga oshiriladi.
Muqaddas olovlarning Shoh otash Varaxram (oliy darajadagi Shoh Bahrom olovi) maxsus shohona marosimlar, yirik g‘alabalarga bag‘ishlanib yoqilgan. Uni yoqishda 16 xil olov jamlanib, birlashtirilgan. Ushbu olov bilan bog‘liq marosimlarni yuqori martabadagi ruhoniylar amalga oshirishgan. Otash Aduran (o‘rta darajadagi aslzodalar olovi) 1000 kishidan kam bo‘lmagan aholi turar joylarida Mobadlar tomonidan yoqiladi. Buning uchun jamiyatning ruhoniy, harbiy, dehqon va hunarmandlardan bo‘lgan tabaqalari ishtirok etishi lozim bo‘ladi. Olov oldida Nozudi (ruhoniy, amaldor va hukmdorlar sharafiga o‘tkaziladigan marosim), Gavaxgiran (to‘y marosimi), Sadre pushi (Zardushtiy shaxsning maxsus ko‘ylak kiyish va kamar taqish marosimi), Gaxanbar (Yazatlar sharafiga o‘tkaziladigan yil davomidagi bayramlar) kabi marosimlar o‘tkaziladi. Otash Dodgoh (quyi darajadagi olov) mahalliy jamoalarning kundalik diniy ehtiyojlari uchun ishlatilgan. Forslarda bu kabi joylar Dar ba mehr (adolat egasi Mitraning hovlisi) deb atalgan.
Zardusht ruhoniylari hamma uchun ochiq bo‘lgan Dodgoh (muqaddas olov yoniq turadigan xona)da turib, mahalliy munozara va muammolarni hal qilishgan. Agar Mobad bo‘lmasa, uning ishlarini Xirbad (ruhoniy oilasiga mansub diniy malakasi yuqori bo‘lmagan ibodatxona xodimlari) olib borgan. Zardushtiylikni qabul qilayotgan shaxs dinning arkonlarini tan olib, Fravan duosini o‘qishi, Sadre va Kushtini taqishi lozim.
Dinni qabul qilish odatda o‘smirlik vaqtidan boshlanadi. Zardushtiylikni qabul qilayotgan vaqtda kishi xushyor va og‘ir gunohlarni qilmagan holda bo‘lishi lozim. Bu dinni qabul qilmoqchi bo‘lgan kishining ba’zi marosimlarni bajarishi kifoya hisoblansa–da, hind zardushtiylarning dasturiga ko‘ra, kelib chiqishi eroniy bo‘lmagan boshqa din vakillari ehtiromga loyiq emas.
Shunday bo‘lsa–da, zardushtiylikka ko‘ra, inson vafotidan so‘ng uning hukmi diniy mansublikka emas, balki fikri, so‘zi va amallariga muvofiq bo‘ladi. Boshqa dindan voz kechgan shaxs esa zardushtiy bilan kamida bir yil aloqada bo‘lgan va bu vaqt davomida Mobad yoki Behdin (ruhoniylar oilasiga mansub bo‘lmagan, ammo diniy malakasi yuqori bo‘lgan shaxs)lardan ta’lim olgan bo‘lishi lozim.
Mobad tomonidan dam solingan insonni ichki va tashqi yovuzlikdan saqlovchi va xudo bilan aloqaga kirishda Sadre va Kushtidan foydalaniladi. Sadre kiyish zardushtiy uchun farz amallardan hisoblanadi. Kushtini muhim marosimlar va har ibodatdan oldin yechib va taqib turish lozim. Ular doimo toza holda saqlanib, yilda ikki marta Navro‘z (Ezgulikning yovuzlik ustidan g‘alabasiga bag‘ishlangan yangi yil bayrami bo‘lib, yilning kun va tuni teng 21 martda nishonlanadi) va Mehrjon (Hosil bayrami 23 sentyabr kuni nishonlanadi) bayramlarida almashtiriladi.
It yordamida odamdan devlarni quvish va poklash uchun Sog‘did marosimi o‘tkaziladi. Marosim xushsiz odamlarni tirik yoki o‘lik ekanini aniqlashda ham o‘tkazilgan.
Zardushtiylikda dafn marosimi va undan keyingi tadbirlar murakkab bo‘lishiga qaramay o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Daslab kishi jasadi podyob (o‘likni to‘liq yuvish) marosimi olib boriladi. Jasadni ko‘targan va yuvgan kishilar barashnum (o‘likka tegib ketgan va og‘ir gunohlar qilgan kishilarni poklash) uzoq vaqt davom etadigan marosim bo‘lib, u itlar yordamida amalga oshiriladi. Marosimning o‘limdan keyingi hayot uchun foydali ekani uqtirilgan holda, har bir dindorga umri davomida bir marta bo‘lsa–da, tavsiya qilinadi. Undan tashqari Yasna (Yasnaning 27 bo‘limi o‘qilishi) marosimi muqaddas olov oldida Mobadlar tomonidan amalga oshirilib, unda dron (maxsus tayyorlangan non) va xum (xaoma, maxsus tayyorlanadigan ichimlik) ishtirokchilarga tarfqatiladi.
An’anaviy dafn marosimi bo‘yicha jasadni daxma (yerdan 4–5 metr balandlikda silindr shaklida bo‘lgan maxsus joy)ga qo‘yilib, unga o‘liklar ustma–ust tartib bilan yotqiziladi. Ta’limotga ko‘ra, o‘lik Axrimanninng vaqtinchalik g‘alabasi oqibati bo‘lgani bois u nopok hisoblanadi. Shuning uchun yirtqich qush va hayvonlar ixtiyoriga topshirilgan jasaddan qolgan suyaklar terib olinib, nous (maxsus quticha)larga solingandan so‘ng daxmaga qo‘yiladi. Ammo, 1970–yillar boshlarida Eronda jasadni beton qabrlarga ko‘mish amaliyoti boshlangan. Dafn marosimida nasusa (qutiga ko‘muvchilar)lar nomli ijtimoiy tabaqa vakillaridan kamida ikki kishi ishtirok etishi lozim. Dafnning bir kishi tomonidan amalga oshirilishi katta gunoh hisoblanadi. Noiloj vaqtda esa itning ko‘magidan foydalanish mumkin.

O‘zbekistonda Avesta tadqiqotlari asosan XX asrda yuzaga keldi. Dastlabki eng muhim ma’lumotlar “O‘zbekiston xalqlari tarixi” kitobida berilgan edi. Keyinchalik O‘zbekiston tarixi bo‘yicha akademik nashrlarda yo‘l-yo‘lakay Avesta haqida fikrlar bayon etilgan.
Avesta haqida bir qadar to‘liq ma’lumot 1960 yillarda N.M.Mallayev tomonidan yozilgan “O‘zbek adabiyoti tarixi” kitobiga kiritildi. 2000 yil 29 martda Vazirlar Mahkamasining “Avesto” yaratilganining 2700 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi 110-sonli qarori qabul qilindi. Eng muhimi, 2001 yil noyabr oyida YUNЕSKO ishtirokida Avestaga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda biz kuzatgan adabiyotlar tafsilotiga ko‘ra avestashunoslik, aniqrog‘i Avesta haqidagi dastlabki mulohazalar 50-yillarda paydo bo‘ldi. Professor N.M.Mallayev “X-XII asrlar adabiyoti” (1958) nomli risolasida Sharq xalqlarining eng qadimgi yozma yodgorligi haqida fikr yuritgan. F.Sulaymonova o‘zining “Sharq va G‘arb” kitobida qadimgi O‘rta Osiyo va Eron xalqlari madaniyatining antik dunyo madaniyatiga ta’siri ildizlarini tekshirar ekan, zardushtiylik va u bilan bog‘liq miflarning yunon madaniyatidagi ko‘rinishlarini aniqlashga erishdi. Shu munosabat bilan olima Zardushtning vatani, Avestaning yaratilishi, ko‘chirilishi, dunyoga tarqalishi, tarkibiy qismlari haqida diqqatga molik fikrlarni bayon etgan.
“O‘zbekiston” nashriyoti 1991 yilda H.Homidiyning “Shohnomaning shuhrati” risolasini ommalashtirdi. O‘zbekistonda zardushtiylik va Avesta haqida yaratilgan yana bir tadqiqot Muhsin Umarzodaning “Avesto sirlari” maqolasidir. “Avesto kalimalari” lug‘atining nashr etilishi esa avestashunoslar uchun muhim ahamiyat kasb etdi. 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi FA Tarix institutida tayyorlangan “Qadimgi yozma yodgorliklar” nomli jamoaviy monografiyaning 1-qismida akademik A.P.Qayumov ilk marotaba “Xurdak Avesta”ning o‘zbek tiliga tarjimasini e’lon qildi. 2001 yilda Avestaning 2700 yilligi yubileyi arafasida Asqar Mahkamning forschadan tarjimasida “Avesto” kitobi hamda M.M.Is’hoqov tarjimasida “Avesto. Yasht kitobi” kabi nashrlar yuzaga chiqqani muhim madaniy-tarixiy hodisaga aylandi.
Avestaning diniy-falsafiy dunyoqarash tizimi sifatidagi mohiyatini ko‘rsatishga qaratilgan tadqiqotlardan biri – M.Is’hoqovning 2003 yilda chop etilgan maqolasidir. O‘zbek avestashunosligida 2007 yilda chop etilgan “Videvdot” naskining izohli ilmiy tarjimasi ham bir muhim voqea bo‘ldi. Bu tarjima ifoda ravonligi, uslub jihatdan o‘zbekonaligi bilan ahamiyatlidir. Avesta va o‘zbek xalqi urf-odatlarida zardushtiylik reliktlari A.Ashirovning “O‘zbek xalqining qadimgi e’tiqod va marosimlari” nomli monografiyasida aks etgan. 2015 yilda tadqiqotchi R.Urazova tomonidan “Zardushtiylik ma’budalarining ijtimoiy-tarixiy funksiyalari” va 2021 yilda “Zardushtiylik panteoni: tarixi va ijtimoiy mohiyati” nomli monografiyalari chop etildi. 2022 yilda avestashunos olim M.Is’hoqovning Avesta: Zardusht Gohlari (ma’no o‘girmalari va germenevtik talqinlari) nomli kitobi O‘zbekistonda avestashunoslik sohasi rivojiga munosib hissa bo‘ldi.
O‘zbekiston tarixida yozilishicha zardushtiylik Xorazm, Sog‘diyona va Baqtriyada keng tarqalgan. Amudaryodan uch kilometr uzoqlikda joylashgan Xo‘jayli Naidenda noyob Mizdaxon tarixiy-arxeologik majmuasi joylashgan. Uning sharqiy qismida ko‘plab ossuariy qabrlar saqlanib qolgan. Shahar Xorazm davlatining yirik savdo va hunarmandchilik markazi bo‘lib, u orqali Buyuk ipak yo‘li o‘tgan. Mizdaxondan uncha uzoq bo‘lmagan joyda zardushtiylikning qadimiy, yaxshi saqlanib qolgan diniy dafn minorasi – Chilpiqtepa joylashgan. Afsonaga ko‘ra, Zardusht Avestaning birinchi misrasini shu yerda yozgan. Xorazm landshaftlari Ayoz-qal’a, Tuproq-qal’a, Qo‘yqirilgan-qal’a, Burg‘un-qal’a, Dev-qal’a kabi tarixiy-arxeologik qal’alarining devorlari hanuzgacha saqlanib qolgan.
Arxeologik tadqiqotlar davomida bu monumental yodgorliklardan olovli ibodatxonalar izlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, kulolchilik buyumlari, zardushtiylik dini bilan bog‘liq haykaltaroshlik buyumlari, avestoiy personaj tasvirlari topilgan. Tuproq-qal’aning intererlaridan devor rasmlari parchalari va haykaltaroshlik bezaklari detallari topilgan. Zardushtiylikning ayrim urf-odat va an’analari aholining kundalik hayotida unsurlari saqlanib qolgan. Olimlar qadimgi otashparastlar orasida ibodat marosimi deb hisoblaydigan Xorazmning “Lazgi” raqsi hozirgacha o‘z tarovatini saqlab, dunyo ahlini xayratlantirmoqda.
O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatining Qoratepa shahridagi II asrga oid g‘or ibodatxonalaridan birining devoriy suratida “Budda Mazda” deb ataladigan surat tasvirlangan bo‘lib, u sinkretik ijod obrazini o‘zida mujassamlashtirgan ikki dinning xudolari – buddizm va zardushtiylik, mos ravishda Budda va Ahura Mazdadir. Oks (Sirdaryo) sohilidagi afsonaviy Iskandariya bilan birlashtirilgan Kampirtepa manzilgohida olib borilgan qazishmalar davomida o‘zbek arxeologlari aylanma yo‘lak bilan o‘ralgan muhim qo‘riqxonani topdilar. Bu konstruktiv va rejalashtirish usuli zardushtiylik ibodatxonalari uchun xos bo‘lib, unda asosiy diniy marosim ruhoniylarning muqaddas joy atrofini tavof qilish marosimi o‘tkazilgan.
Zardushtiylik dinining O‘rta Osiyoda tarqalishida sug‘diylar beqiyos rol o‘ynagan. Zardushtiylar eramizning birinchi asrlarida Buyuk Ipak yo‘lining sharqiy qismi bo‘ylab tashkil etilgan sug‘d mustamlakalarining, shuningdek, Sharqiy Turkistondagi ko‘plab ossuariylar topilgan Baqtriya manzilgohlarining aholisi bo‘lgan. Qadimgi Xitoy matnlaridan ma’lumki, 612 yilda Chag‘aniyonda birinchi olov ibodatxonasi tashkil topgan. Shimoliy Xenanda esa Chjan-defu yaqinida VI asrda mahalliy me’mor tomonidan sug‘d namunasi bo‘yicha qurilgan stela shaklida zardushtiylik yodgorligi saqlanib qolgan. Stelada olovli ibodatxonadagi qurbongoh atrofida yuzlarida bandaj bilan ruhoniylar tasvirlangan.
O‘zbekiston janubidagi borish qiyin bo‘lgan, faqat otda yetib borish mumkin bo‘lgan tog‘ qishloqlarida hali ham olovga sig‘inuvchilar istiqomat qilishadi. Zardushtiylar o‘z-o‘ziga ishonchi bilan ajralib turadi, taqdir taqozosi bilan kechgan og‘ir vaziyatlarni yengishda ular Zardusht ta’limoti asrlar davomida o‘zlarida tarbiyalab kelgan fazilatlar – mardlik, kelajakka umid va ezgulikka intilishga tayanishi mumkin.

Zardushtiylik

Tarixiy Obidalar

Virtual sayohat

Chilpiqtepa zardushtiylik yodgorligi

Chilpiqtepa zardushtiylik yodgorligi. Qoraqalpog'iston Respublikasi

Scroll to Top