yangiliklar

Yangiliklar

Ilmiy loyiha doirasida Buxorodagi noislomiy konfessiyalar faoliyati o‘rganildi

Globallashuv natijasida ro‘y berayotgan millatlar, irqlar va dinlararo muloqotning o‘ziga xos ahamiyat kasb etishi kontekstida, dinlarni o‘rganish yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ko‘pmillatli hamda ko‘pkonfessiyali O‘zbekistonda ham, mustaqillikka erishilgan ilk yillardanoq din, bag‘rikenglik masalalariga katta e’tibor berildi. Buning samarasi o‘laroq yurtimizda dinshunoslik sohasi ham rivojlanib bormoqda. O‘tgan yigirma yil davomida O‘zbekiston dinshunoslik maktabi bazasi asosida yaratilgan dunyo dinlari tarixiga oid darslik, o‘quv qo‘llanma va boshqa adabiyotlarda buddaviylik, xristianlik, islom kabi jahon dinlari bilan bir qatorda urug‘-qabila dinlari va alohida millatlarga xos milliy dinlar tarixi, ta’limoti, manbalari va marosimlari umumiy tarzda tavsiflangan. Natijada, dunyo dinlariga xos muhim masalalar diqqat-e’tibordan chetda qolgan. Yillar mobaynida dunyo dinlari tarixini o‘rganish va o‘qitish jarayonida orttirilgan muayyan tajriba va zamon talablariga mos yangi avlod adabiyotlari elektron dasturlarini yaratishga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, dinlarning tarkibiy qismlarini tadqiq etish asosida “Dunyo dinlari” elektron dasturini ishlab chiqish dinshunoslik sohasining dolzarb masalalaridan biriga aylandi. Informatsion-axborot texnologiyalari zamonaviy kishilik jamiyatining ajralmas qismini tashkil qilayotgan bugungi sharoitda “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan dunyo dinlari haqidagi ilmiy asoslangan ma’lumotlarni yagona platformada jamlash maqsadida grant loyihasi ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etildi. Vazirlikning 2021 yil 12 noyabrdagi 325-son buyrug‘i 2-ilovasiga muvofiq, 2021-2023 yillarga mo‘ljalllangan “Dinlar tarixi, ta’limoti, manbalari va an’analarini tadqiq etish asosida “Dunyo dinlari” elektron dasturi va mobil ilovasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyihani amalga oshirish imkoniga ega bo‘lindi. Grant doirasida dunyo dinlarining Markaziy Osiyo mintaqasi bilan bog‘liq tarixi va zamonaviy holatini yoritish rejalashtirilganligi sababli respublikamizdagi noislomiy konfessiya diniy tashkilotlarini o‘rganish niyatida xizmat safarlari ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi professor-o‘qituvchilari va magistrantlaridan iborat ilmiy jamoa Buxoro viloyatiga xizmat safarini tashkil qildi. Safar davomida Buxoro yahudiylari sinagogasi, sefar yahudiylari sinagogasi, katolik cherkovi, pravoslavlik cherkovlari, presviterian cherkovi, to‘liq injilchi xristianlari cherkovi, bahoiy diniy tashkiloti markaziga tashrif buyurildi. Mazkur diniy tashkilotlar faoliyati tarixi va zamonaviy holati xususida jamlangan materiallar “Dunyo dinlari” elektron dasturi va mobil ilovasi hamda dinshunoslikning muhim masalalariga bag‘ishlab yaratiladigan dinshunoslik.uz veb-saytidan o‘rin oladi.

Ilmiy loyiha doirasida Surxondaryodagi noislomiy konfessiyalar faoliyati o‘rganildi

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2021-2023 yillar uchun moliyalashtirilgan “Dinlar tarixi, ta’limoti, manbalari va an’analarini tadqiq etish asosida “Dunyo dinlari” elektron dasturi va mobil ilovasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyiha doirasida “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi professor-o‘qituvchilari va magistrantlaridan iborat ilmiy jamoa Surxondaryo viloyatiga xizmat safarini amalga oshirdi. Tarixdan ma’lumki, hozirgi Surxondaryo viloyati hududi islom dini tarqalmasdan avval ham insoniyat sivilizatsiyasi rivojida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan. Xitoylik Syuan-Szyan bergan ma’lumotga ko‘ra, VII asrning boshlarida Termizda 10 ta buddizm ibodatxonasi mavjud bo‘lib, ularda 1000 nafar rohib faoliyat ko‘rsatgan. Mutaxassislar bu kabi ma’lumotlarga tayangan holda Xitoyga buddizm aynan Markaziy Osiyo orqali yoyilgani haqidagi fikrni ilgari suradilar. O‘z navbatida, O‘rta Osiyoning janubiy chegaralariga yaqin yerlarda joylashgan xristian jamoalari mintaqada mazkur e’tiqodning keng tarqalishiga asos bo‘lganligi manbalarda qayd etilgan. Yurtimizdagi diniy bag‘rikenglikning tarixiy ildizlarini ifoda etuvchi Surxondaryo viloyatiga amalga oshirilgan xizmat safari davomida Termiz shahrida rasmiy ro‘yxatdan o‘tib faoliyat ko‘rsatayotgan xristian diniy tashkilotlariga tashrif buyurildi. Jumladan, Aleksandr Nevskiy nomidagi pravoslav cherkovi, “Termiz” koreys protestant cherkovi ruhoniylari bilan suhbat o‘tkazildi. Shuningdek, Denovda qurilishi tugallanmagan “Xram Pokrova Presvyatoy Bogoroditsi” pravoslav cherkovi bilan tanishildi. Uchrashuv davomida noislomiy diniy tashkilotlarning tarixi va bugungi kundagi faoliyati, diniy bayram va marosimlarini o‘tkazish tartibi, ularda ishtirok etuvchi dindorlarga yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumotlar to‘plandi. Shuningdek, safar mobaynida ilmiy jamoa Termiz arxeologiya va Viloyat o‘lkashunoslik muzeylarida bo‘lib, u yerdagi islomdan avvalgi davrga doir eksportlar o‘rganildi. Ayniqsa, ushbu ekspontlarni amaliy tadqiq etish maqsadida Fayoztepa, Qoratepa, Dalvarzintepa va Kampirtepa buddaviylik yodgorliklariga tashrif buyurildi.

Ilmiy loyiha doirasida Samarqanddagi noislomiy konfessiyalar faoliyati o‘rganildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2021-2023 yillar uchun moliyalashtirilgan “Dinlar tarixi, ta’limoti, manbalari va an’analarini tadqiq etish asosida “Dunyo dinlari” elektron dasturi va mobil ilovasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyiha doirasida “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi professor-o‘qituvchilaridan iborat ilmiy jamoa Samarqand shahriga xizmat safarini amalga oshirdi. Tarixdan ma’lumki, Samarqand azaldan turfa dinlar tarqalgan, turli din vakillari istiqomat qilgan shahar hisoblanadi. Islom dini tarqalishidan avvalgi davrlarda shahar va uning atrofida yahudiy va xristian jamoalari yashaganlar. III asrdan xristianlikning nestorianlik oqimi Samarqandda keng tarqalgan. IX asrda Samarqandda nestorian arxiyepiskopi faoliyat ko‘rsatgan. Ushbu yo‘nalishning aynan qachon tashkil etilgani haqida turli fikrlar mavjud bo‘lsa-da, u o‘lkada islom tarqalgach ham faoliyatini davom ettirgani aniqlangan. Sharqshunos olim Bartoldning ta’kidlashicha, nestorian nasroniylari musulmon sulolalari hukmronligi ostida qulay hayot kechirganlar. Ayniqsa, Somoniylar davrida sezilarli nestorian xristian aholisi yashagan va ular o‘z e’tiqodlariga erkin amal qilish imkoniyatiga ega bo‘lishgan hamda o‘z ibodat va an’analarini suryoniy tilida yozilgan diniy matnlardan foydalanib olib borishgan. Tarixiy jarayonlarning natijasi o‘laroq Samarqand viloyatida bugungi kunda islom, yahudiylik, xristianlikning pravoslavlik, katolik, protestantlik yo‘nalishlari va bahoiylikka oid 312 ta diniy tashkilot faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 22 ta diniy tashqilot noislomiy konfessiyalarga tegishli hisoblanadi. Yurtimizdagi diniy bag‘rikenglikning tarixiy ildizlarini ifoda etuvchi Samarqandga amalga oshirilgan xizmat safari davomida viloyatda rasmiy ro‘yxatdan o‘tib faoliyat ko‘rsatayotgan ikkita Buxoro yahudiylari jamoasi, uchta Rus pravoslav cherkovi, Rim katolik cherkovi, Yevangel xristian baptistlari cherkovi, Novoapostol cherkovi, Arman apostollik cherkovi, Yettinchi kun adventistlari, To‘liq Injil xristianlari cherkovlari va Bahoiy jamoasi ibodatxonalariga tashrif buyurildi. Ilmiy safar davomida noislomiy diniy tashkilotlarning tarixi va bugungi kundagi faoliyati, diniy bayram va marosimlarini o‘tkazish tartibi, ularda ishtirok etuvchi dindorlarga yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumotlar to‘plandi.

Ilmiy loyiha doirasida Farg'onadagi noislomiy konfessiyalar faoliyati o‘rganildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2021-2023 yillar uchun moliyalashtirilgan “Dinlar tarixi, ta’limoti, manbalari va an’analarini tadqiq etish asosida “Dunyo dinlari” elektron dasturi va mobil ilovasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyiha doirasida “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi professor-o‘qituvchilari va tayanch-doktorantlaridan iborat ilmiy jamoa Farg‘ona viloyatiga xizmat safarini amalga oshirdi. Tarixdan ma’lumki, O‘zbekiston azaldan turli dinlar tarqalgan, turli din vakillari istiqomat qilgan mintaqa hisoblanadi. O‘zbekistonning sharqiy viloyatlaridan hisoblangan Farg‘onada ham uzoq yillar mobaynida turli din vakillari yashab kelgan. Uzoq davom etgan etnik va migratsion jarayonlar oqibatida Farg‘ona viloyati aholisining etnik tarkibi ancha murakkab va o‘ziga xos ko‘rinishga ega bo‘lgan. Farg‘ona viloyati XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda o‘ziga xos etnik manzaraga ega tarixiy etnografik hududga aylandi. Bu etnik manzara bevosita o‘lkada turli diniy jamoalarning paydo bo‘lishi bilan birga kechgan. Tarixiy jarayonlarning natijasi o‘laroq Farg‘ona viloyatida bugungi kunda pravoslavlik, katolik, protestantlik va yahudiylikka oid 15 ta noislomiy diniy tashkilot faoliyat ko‘rsatmoqda. Yurtimizdagi diniy bag‘rikenglikning tarixiy ildizlarini ifoda etuvchi Farg‘onaga amalga oshirilgan xizmat safari davomida viloyatda rasmiy ro‘yxatdan o‘tib faoliyat ko‘rsatayotgan yaxudiylar jamoasi, Rus pravoslav cherkovi, Rim katolik cherkovi, Yevangel xristian baptistlari cherkovi, Novoapostol cherkovi, Nemis lyuteran cherkovlariga tashrif buyurildi. Jumladan, “Kazanskaya ikona Bojiyey materi” va “Sergiy Rodonojeskiy” nomlaridagi Rus pravoslav cherkovlari, “Muqaddas Deva Mariya” Rim-katolik cherkovi, Yevangel xristian baptistlari cherkovi, “Nelo” nemis yevangel lyuteran cherkovi va “Or AVNЕR XABAD” yaxudiylar diniy jamoasi ibodatxonasi bilan tanishildi. Uchrashuv davomida noislomiy diniy tashkilotlarning tarixi va bugungi kundagi faoliyati, diniy bayram va marosimlarini o‘tkazish tartibi, ularda ishtirok etuvchi dindorlarga yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumotlar to‘plandi. Shuningdek, safar mobaynida ilmiy jamoa vakillari XIX asrda polyak katoliklari tomonidan barpo etilib foydalanib kelingan “Kirxa binosi” me’moriy obidasiga tashrif buyurdilar. Farg‘ona vodiysidagi Quva shahri vayronalari o‘rnida saqlanib qolgan hamda arxitektura va haykaltaroshlikning ajoyib namunalarini gavdalantirgan buddaviylik yodgorligida bo‘lib, yodgorlikdagi ibodatxona qoldiqlari va u yerda topilgan islomdan avvalgi davrga doir eksportlar haqida ma’lumotlar to‘plandi.

Yangiliklar

Fotolar

Scroll to Top