Yahudiylik dini

Yahudiylik dini

Tarix

Hozirda dunyo bo‘yicha taxminan 15–20 million kishi yahudiylikka e’tiqod qiladi. Ulardan 4,4 millioni Isroilda, 6 millioni AQSHda, qolganlari esa Yevropa va dunyoning boshqa mamlakatlarida istiqomat qiladi. Yahudiylikning muqaddas kitoblarida Bani Isroil bilan Tangri orasidagi “ahd”ga keng o‘rin berilgani uning eng muhim xususiyatlaridan biridir. Shuning uchun ham, bu din “Ahd” dini sifatida ham e’tirof etiladi. Yahudiylik yagona Xudoga, muqaddas kitobga va payg‘ambarlarga imon keltirilishi bilan milliy dinlardan, milliylashtirilishi bilan esa, ilohiy dinlardan ajralib turadi. Yahudiylikda diniylik va milliylik o‘zaro birlashib ketgan bo‘lib, ularni bir–biridan alohida tushunish mumkin emas. Yahudiylik dini vakillari tarixiy va adabiy-badiiy manbalarda “yahudiy”, “ibroniy” va “isroil o‘g‘illari” kabi nomlar bilan tilga olinadi. Yahudiylik miloddan avvalgi II ming yillikning oxirlarida Falastinda vujudga kelgan yakkaxudolik g‘oyasini targ‘ib qilgan dindir. Yahudiylik millat dini bo‘lib, faqatgina yahudiy xalqiga xos. Yahudiy so‘zining kelib chiqishi haqida turli fikrlar mavjud. Abu Rayhon Beruniy o‘zining «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» kitobida yozishicha, yahudiylar bu so‘zni somiy tillaridagi hoda – «tavba qilmoq, tavba qilganlar» so‘zidan kelib chiqqan deb da’vo qilsalar-da, aslida bu fikr noto‘g‘ri, «yahudiy» so‘zi Banu Isroil xalqi ustidan hukmronlik qilgan Ya’qub payg‘ambarning o‘g‘li Yahudo nomiga nisbat berilgan. Yahudiy xalqining yana bir nomi Banu Isroil bo‘lib, bunda Isroil – Ya’qub payg‘ambarning ikkinchi ismi, «banu» so‘zi esa – «bolalar» degani, demak «Banu Isroil» – «Isroil avlodlari» degan ma’noni bildiradi. Yahudiy xalqiga nisbatan ishlatiladigan yana bir atama yevrey so‘zi zamonaviy adabiyotlarda «yahudiy» so‘zining aynan tarjimasi sifatida ishlatiladi. Ammo bu ikki so‘zning etimologiyasi turlicha: «yevrey» qadimiy somiy tillardagi «ibriy» so‘zining o‘zgargan shaklidir. «Ibriy» so‘zi (arabcha 'abara-ya'buru – «kechib o‘tmoq» fe’lidan) «kechib o‘tganlar» ma’nosini beradi. Tarixdan ma’lumki, yahudiy qabilalari Urdun (Iordan) daryosini kechib o‘tib, hozirgi Falastin hududiga kelganlar. Shuning uchun ularga ibriylar yoki ibroniylar («kechib o‘tuvchilar») nomi berilgan. Bibliyaning Ibtido qismida yahudiylar payg‘ambari Nuhning o‘g‘li Som avlodlari Ibrda tarqalganligi to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Balki shuning uchun ularni ibriy yoki ibroniy deyilgan bo‘lishi mumkin. Yahudiylarning ilk podsholari Soul, Dovud va Sulaymon bo‘lishdi. Sulaymon davrida Buyuk Ibodatxona qurilgan, u ikki marta Bobil (mil. avv. 586 y.) va Rim (mil. 70 y.) xukmronligi davrida vayron qilingan. Yahudiylar uni xotirlab, Ikkinchi ibodatxona davridagi qal’aning «Yig‘i devori» deb atalgan devor parchalariga sig‘inganlar. Miloddan avvalgi 132-135 yillarda yahudiylar qo‘zg‘oloni bo‘lib o‘tadi. Quddus rimliklar tomonidan vayron qilinadi, yahudiylar esa Falastin hududidan Rim imperiyasining turli tomonlariga butunlay badarg‘a qilinadilar. Shu tariqa, bu davrlarda yahudiy xalqining katta qismi asir qilib olingan yoki bu yerlardan quvg‘in qilingan. Aynan mana shu hol yahudiylarning keyinchalik Falastin hududidan tashqariga, jumladan, Markaziy Osiyoga tarqab ketishiga sabab bo‘ldi. Mavjud ma’lumotlarga qaraganda, miloddan avvalgi VII asrdayoq yahudiylar Isroilni tark etib, Misr, Eron va boshqa yurtlarda panoh izlashgan.

Yahudiylik miloddan avvalgi II ming yillikning oxirlarida Falastinda vujudga kelgan yakkaxudolik g‘oyasini targ‘ib qilgan dindir. Yahudiylik millat dini bo‘lib, faqatgina yahudiy xalqiga xos. Yahudiy so‘zining kelib chiqishi haqida turli fikrlar mavjud. Abu Rayhon Beruniy o‘zining «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» kitobida yozishicha, yahudiylar bu so‘zni somiy tillaridagi hoda – «tavba qilmoq, tavba qilganlar» so‘zidan kelib chiqqan deb da’vo qilsalar-da, aslida bu fikr noto‘g‘ri, «yahudiy» so‘zi Banu Isroil xalqi ustidan hukmronlik qilgan Ya’qub payg‘ambarning o‘g‘li Yahudo nomiga nisbat berilgan.
Yahudiy xalqining yana bir nomi Banu Isroil bo‘lib, bunda Isroil – Ya’qub payg‘ambarning ikkinchi ismi, «banu» so‘zi esa – «bolalar» degani, demak «Banu Isroil» – «Isroil avlodlari» degan ma’noni bildiradi.
Yahudiy xalqiga nisbatan ishlatiladigan yana bir atama yevrey so‘zi zamonaviy adabiyotlarda «yahudiy» so‘zining aynan tarjimasi sifatida ishlatiladi. Ammo bu ikki so‘zning etimologiyasi turlicha: «yevrey» qadimiy somiy tillardagi «ibriy» so‘zining o‘zgargan shaklidir. «Ibriy» so‘zi (arabcha ‘abara-ya’buru – «kechib o‘tmoq» fe’lidan) «kechib o‘tganlar» ma’nosini beradi. Tarixdan ma’lumki, yahudiy qabilalari Urdun (Iordan) daryosini kechib o‘tib, hozirgi Falastin hududiga kelganlar. Shuning uchun ularga ibriylar yoki ibroniylar («kechib o‘tuvchilar») nomi berilgan.
Bibliyaning Ibtido qismida yahudiylar payg‘ambari Nuhning o‘g‘li Som avlodlari Ibrda tarqalganligi to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Balki shuning uchun ularni ibriy yoki ibroniy deyilgan bo‘lishi mumkin.
Yahudiylarning ilk podsholari Soul, Dovud va Sulaymon bo‘lishdi. Sulaymon davrida Buyuk Ibodatxona qurilgan, u ikki marta Bobil (mil. avv. 586 y.) va Rim (mil. 70 y.) xukmronligi davrida vayron qilingan. Yahudiylar uni xotirlab, Ikkinchi ibodatxona davridagi qal’aning «Yig‘i devori» deb atalgan devor parchalariga sig‘inganlar. Miloddan avvalgi 132-135 yillarda yahudiylar qo‘zg‘oloni bo‘lib o‘tadi. Quddus rimliklar tomonidan vayron qilinadi, yahudiylar esa Falastin hududidan Rim imperiyasining turli tomonlariga butunlay badarg‘a qilinadilar. Shu tariqa, bu davrlarda yahudiy xalqining katta qismi asir qilib olingan yoki bu yerlardan quvg‘in qilingan. Aynan mana shu hol yahudiylarning keyinchalik Falastin hududidan tashqariga, jumladan, Markaziy Osiyoga tarqab ketishiga sabab bo‘ldi. Mavjud ma’lumotlarga qaraganda, miloddan avvalgi VII asrdayoq yahudiylar Isroilni tark etib, Misr, Eron va boshqa yurtlarda panoh izlashgan.

Yahudiylik ta’limoti. Xudo tomonidan Musoga nozil qilingan “O‘n (10) amr”ga rioya qilishga asoslanadi. Ularning e’tiqodiga ko‘ra, O‘n amr Muso payg‘ambarga Tur tog‘ida ikki marta tushirilgan bo‘lib, “Tavrot”ning “Chiqish” va “Ikkinchi qonun” kitoblaridan o‘rin olgan. Bu xususda “Chiqish” kitobining 32–bobida: “So‘ngra Xudovand Musoga so‘zlashuvdan forig‘ bo‘lganidan keyin, Sino tog‘ida ikkita shahodat lavhasini berdi. Xudovandning qo‘llari bilan yozilgan ikkita tosh lavha…” deyilgan. Yahudiylarga ko‘ra, Muso o‘z qavmini qo‘llari bilan yasalgan buzoqqa sig‘inayotganini ko‘rib, bundan g‘azablanib, uni uloqtirib tashlab sindirganidan keyin Xudo qo‘yidagi O‘n amrni qayta tushirgan:
– Dunyoni yaratgan, yakka–yu yagona Yahvedan boshqa iloh yo‘qligiga imon keltirish;
– Yahvedan boshqaga ibodat qilmaslik;
– Xudoning nomini bo‘lar bo‘lmasga tilga olavermaslik;
– Shanba kunini muqaddas bilib, u kunda dam olish;
– Ota–onani hurmat qilish;
– Qotillik qilmaslik;
– Zino qilmaslik;
– O‘g‘rilik qilmaslik;
– O‘z yaqinlari (yahudiylar) haqqiga yolg‘on guvohlik bermaslik;
– O‘z yaqinlari uyiga, ayoliga, quliga, hayvonlariga, umuman unga tegishli bo‘lgan narsalarga ko‘z olaytirmaslik.
Shanba kunini muqaddas, deb bilish yahudiylar nazdidagi eng muhim e’tiqodlardan biridir. Bu borada “Ibtido” kitobida: “Shanba kunini muqaddas deb bilishing uchun eslagin. Olti kun ishlab, ishingni qilib olasan.
Ammo yettinchi kun, Xudovandning dam olish kunidir. Sen va o‘g‘ling ham hech qanday ish qilmaysan. Qizing, quling, joriyang, uyingdagi mehmoning ham. Chunki olti kunda Xudovand osmon, yer, dengiz va ulardagi barcha narsalarni yaratdi. Yettinchi kun esa dam oldi. Shuning uchun ham, Tangri sabt (shanba) kunini muborak qildi va ulug‘ladi”.
Shanba kunida shubhasiz amalga oshirilishi kerak bo‘lgan diniy rasm–rusumlar bor. Yahudiylar nazdida shanba kunining hurmatiga tajovuz qilishdek katta gunoh yo‘q. Bu kunda dam olish faqatgina insoniyatgagina xos emas. Ularning e’tiqodiga ko‘ra, yer, ya’ni tuproq ham har yetti yilda bir marta dam olishi kerak. Sabt deb nomlanuvchi bu yilda, yerga hech qanday ekin ekilmaydi, hosil olinmaydi.
Yuqoridagi O‘n amr yahudiylikning asosiy diniy va axloqiy nizomlarining o‘zagini tashkil etadi va har bir yahudiy hayoti davomida ularga asoslanib yashashi kerak bo‘ladi.
Yahudiylik aqidasi asosida yakkaxudolik g‘oyasi yotadi. “Qadimgi ahd”ga ko‘ra bu Xudoning nomi – Yahvedir. Shunday bo‘lsa–da, “Chiqish” kitobining 20 – bob 7 – matnida qayd etilgan: “..behudaga Parvardigoringni nomini tilga olaverma” degan ko‘rsatmaga muvofiq, Xudoning nomini tilga olish taqiqlangan. Shu bois ibodat vaqtida “Adonay” (ibr. –“Xudo”, “Parvardigor”) nomi zikr qilinadi.
Yahudiylik ta’limotiga ko‘ra, Xudo doimiy ravishda olamni boshqarib turadi. Bu ishni tashlab qo‘ygan kuni esa, olam o‘z nihoyasiga yetadi. Uning kuchi yetmaydigan ish yo‘q. U barcha mavjudotlarga hokimdir. Olamda uning irodasidan tashqari biron bir mavjudlik, bor bo‘lish yo‘q. Xudo yer yuziga xaloskor yuborib, u orqali barcha haqsizliklar va zulmlar yo‘q qilingan olamshumul bir davlat quradi. Bu “Xudo podsholigi” boqiy bo‘ladi. Bu saltanat ko‘kda emas, yer yuzida bo‘ladi, u Xudoning irodasida va insonlarning mehnati evaziga quriladi.
“Tavrot”da uchramasa–da, “Payg‘ambarlar” kitobi va “Talmud”da qayta tirilish haqida ta’limot mavjud. Jumladan, Doniyol payg‘ambar kitobida: “Yer ostida yotganlar qayta tiriladilar, ularning bir qismi abadiy rohatga erishadilar, bir qismi esa uyat va sharmandalikda qolurlar”, deyiladi. Shundan kelib chiqib, yahudiylikda qiyomat kuni barcha insonlar tanalari bilan birga qayta tiriladilar (ibr. “txiyat xa–metim” – qayta tirilish) va hisob–kitob qilinadilar, deb hisoblanadi.
“Tavrot”da jannat “Adan” nomi bilan atalib, uning sifatlari bayon qilingan. Manbalarda ta’kidlanishicha, jannatga yahudiylardan bo‘lgan solih kishilargina to‘g‘ridan–to‘g‘ri kiradilar va boshlarida toj bilan ilohiy lazzatni totadilar. Gunohkor yahudiylar esa, boshqalar bilan birga yer qa’ri (ibr. – “Ge bne Xinnom” – “Xinnom bolalarining vodiysi” so‘zidan “gexenna”, keyin esa hozir biz ishlatadigan “jahannam” atamasi kelib chiqqan)ga, ya’ni do‘zaxga tushadilar va u yerda 12 oy davomida azoblanib, gunohlaridan forig‘ bo‘lgach, jannatga kiradilar.
Hozirda nisbatan keng tarqalgan e’tiqod asoslari ravvin, faylasuf va tabib Moshe bin Maymon (1135–1204) tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, ular quyidagichadir:
– Xudo (Yahve) borliqdagi barcha maxluqotlarni yaratgan va ularni boshqarish o‘zining qo‘lida;
– Xudo birdir va undan boshqa iloh yo‘q;
– Xudoning jismi mavjud emas va u hech bir shaklda tasavvur qilinmaydi;
– Xudoning ibtidosi ham, intihosi ham yo‘q. U abadiydir;
– Xudodan boshqa ibodatga loyiq bo‘lgan zot yo‘q;
– Payg‘ambarlar tomonidan aytilgan har qanday so‘z haqiqatdir;
– Muso barcha payg‘ambarlarning eng buyugidir;
– Bugungi kundagi “Tavrot”, aynan Xudo tomonidan Musoga nozil qilingandir;
– “Tavrot” hech qanday o‘zgarishga uchramagan, uchramaydi va bundan keyin Xudo boshqa “Tavrot” nozil qilmaydi;
– Xudo insonlarning barcha xatti–harakatlarini va o‘y–fikrlarini biladi;
– Xudo berilgan bo‘yruqlarga itoat etganlarni mukofotlaydi, unga osiy bo‘lganlarni esa jazolaydi;
– Xaloskor keladi;
– Inson vafot etgandan so‘ng qayta tiriladi.
Muso bin Maymonga ko‘ra, ushbu asoslardan birortasini qabul qilmagan kishi yahudiy jamoatidan chiqadi.
Qayd etilgan g‘oyalar ichida messiya (xaloskor)ning kelishiga e’tiqod qilish alohida va muhim o‘rin egallashini qayd etib o‘tish lozim. Zero, unga ko‘ra, xaloskor ertami–kechmi kelib yahudiylarni qutqaradi, dunyoda tinchlikni ta’minlaydi va oxir–oqibat “Xudo podshohligi”ni qurish orqali yahudiylarning dunyoga hokim bo‘lishdek orzularini ro‘yobga chiqaradi.
XVI asrga kelib, ushbu ta’limot she’riy ko‘rinishga keltirilib, ko‘pgina yahudiy jamoalari tomonidan kundalik ibodatlarda foydalanib kelinmoqda.

Har bir din asoslarini qamrab oladigan manbalar mavjud. “Tanah” va “Talmud” Yahudiylikning ana shunday manbalaridan hisoblanadi. “Tanah” (xristianlarda “Qadimgi ahd”) “Tora” (“Tavrot”), “Naviim” (“Payg‘ambarlar”) va “Ketuvim” (“Kitoblar”) kabi uch bo‘limdan tashkil topgan. “Tanah” nomi esa, ana shu uch bo‘limning ibroniycha bosh harflarining qo‘shilishidan hosil bo‘lgan. Mazkur manba “Kitve kodesh” (“Muqaddas kitoblar”), deb ham yuritiladi.
“Tanah” (“Qadimgi ahd”) xristianlikning ham muqaddas kitobidir. Shunday bo‘lsa–da, ularning bo‘limlari borasida juz’iy farqlar uchraydi. Jumladan, “Bibliya”da “Qadimgi Ahd” 39 ta kitobni o‘z ichiga olsa, yahudiylikda ba’zi qismlar birlashtirilgani uchun 24 ta kitobdan tashkil topgan.
“Tanax”ning birinchi bo‘limi “Tora” (ibr. – qonun, amr, dars, rahbar)ning o‘zi besh kitobdan iborat. U Xudo tomonidan Muso payg‘ambarga Tur tog‘ida tahminan mil. avv. 1571 yilda nozil qilingan, deb e’tiqod qilinadi. Yahudiylikda mil. avv. 586 yilda ravvinlar va yahudiy dini arboblari tomonidan jamlangan “Bobil Tavroti”ga tayanilsa, xristianlikda uning yunon tiliga tarjima qilinishi natijasida “Yunon Tavroti”, shuningdek, tarjima qilishda 72 ta yahudiy ruhoniy ishtirok etganidan kelib chiqib “septuaginta” deb nomlangan “Tavrot”ga asoslaniladi.
Besh kitobdan iborat “Tavrot”ni ifodalash uchun ibroniycha “Humash”, yunoncha “Pentateukhos” (penta: besh, teukhos: kitob), G‘arb tillarida pentakok (Pentateuch–Pentateuque) kabi so‘zlar ishlatiladi.
50 bobdan iborat “Ibtido” (ibr. – “Bereshit”) kitobi “Tavrot” tarkibidagi birinchi kitob hisoblanadi. Unda ilk inson va koinotning yaratilishidan to isroil xalqining Misrga kelib joylashishigacha bo‘lgan voqealar tadrijiy ravishda bayon qilingan.
40 bobdan iborat “Chiqish” (ibr. – “Shemot”) kitobida esa, isroil xalqining Muso boshchiligida Misrdan chiqishi va shu voqea bilan bog‘liq tafsilotlar hikoya qilingan. 27 bobdan iborat “Loviylar” (ibr. – “Vayikra”) kitobida esa, yahudiylik dinining asosiy axloqiy asoslari va diniy ko‘rsatmalar, gunohlarning kafforati, iste’moli harom qilingan narsalar, taqiqlangan nikohlar, diniy marosimlar, bayramlar va qurbonliklar bilan bog‘liq masalalar yoritilgan.
Bani isroilning cho‘lda o‘tkazgan hayoti va boshdan kechirgan hodisalari, qoya toshdan suv chiqarilishi, o‘lim va ilon vositasida shifo topish bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lumotlar esa 36 bobdan iborat “Sonlar” (ibr. – “Bamidbar”) kitobida keltirilgan. Musoning o‘limi, dafn etilishi, tutilgan aza va shu kabi masalalarni o‘z ichiga olgan 34 bobdan iborat “Ikkinchi qonun” (ibr. – “Dvarim”) kitobi esa “Tavrot”ning so‘nggi qismini tashkil etadi.
“Tanax”ning 2–bo‘limi bo‘lgan “Naviim” kitobi 8 bobdan iborat. Unda Hokimlar (ibr – Shoftim), I va II–Samuel, I va II Qirollar (ibr. – Malaxim), Yoshu’a, Yirmiyax, Ixzqiyol, Hashu’, Yo‘el, Amos, Ovadya, Yonah, Miha, Nahum, Xavakuk, Tzefaniya, Xagai, Zakariyyo, Malaxi kabi payg‘ambarlar faoliyati, jumladan, ularning yakkaxudolik g‘oyasini targ‘ib qilish borasidagi harakatlari, hayot yo‘llari va amallari haqida so‘z boradi.
“Ketuvim” kitobi esa, Tehilim (Zabur), Mishle (Sulaymoninng Masallari), Iyov (Ayyub), Shir ashirim (Nashidalar nashidasi), Kohelet (Voiz), Rut, Ester, Yeremyaning marsiyalari, Doniyol, Uzayr va Nehemya, Divre Ayamim (I va II Tarixlar) kabi qismlardan iborat bo‘lib, ularda ibodat vaqtida o‘qiladigan duolar, shuningdek, tarixiy voqealar bayon qilingan.
“Tavrot”ning sharhi sifatida e’tirof etiladigan “Talmud” (ibr. – “o‘rganish”) og‘zaki tarzda avloddan avlodga o‘tib kelgan. Keyinchalik ularni unutish xavfi paydo bo‘lishi yahudiylikning kelajagiga tahdid sola boshladi. Bundan tashvishga tushgan yahudiy ruhoniylari og‘zaki bo‘lgan “Talmud”ni yozma shaklga keltirganlar.
“Talmud” yahudiylar uchun “Tavrot” kabi ahamiyatga ega bo‘lib, uning vahiy va ilhom mahsuli ekaniga ishonilib, uni inkor qilgan kishi yahudiy, deb e’tirof etilmaydi. Qadimdan “Talmud”ning hajmiga alohida e’tibor berishgan. Shuning uchun ham, mavjud “Talmudlar”ning barchasi 2947 varaq va 5894 betdan iborat.
“Talmud” “Mishna” (ibr. – “o‘rganish”, “ta’limot”) va “Gemara” (ibr. – “xotima”) kabi ikki bo‘limga bo‘linadi. 190–200 yillar oralig‘ida patriarx Yahuda ha–Nasi (135–220) tomonidan jamlangan “Mishna”da Xudo tomonidan Sino tog‘ida Musoga vahiy qilingan yahudiylikning diniy, axloqiy asoslari bayon etilgan, deb e’tiqld qilinadi. “Gemara” esa, “Mishna”ning bayoni va sharhidir.
Umuman olganda, ovqatlanish, kiyinish, ozodalik, kun tartibi, ibodatlar, marosimlar va bayramlarga taalluqli masalalarni o‘z ichiga olgan “Talmud”da yahudiylik marosimlari tizimi ishlab chiqilgan, deyish mumkin. Shuningdek, unda yahudiylar butun umri davomida qat’iy amal qilishi va bajarishi lozim bo‘lgan 248 ta buyruq va 365 ta taqiq ham mavjud. Tug‘ilgan o‘g‘il farzand sakkiz kunligida xatna qilinishi, faqat maxsus qassob – shoyixet tomonidan diniy qoidalarga muvofiq so‘yilgan go‘shtnigina iste’mol qilish, erkaklarning bir rangdagi (sidirg‘a) matodan uzun qilib tikilgan, cho‘ntaklari beldan pastda joylashgan kiyim kiyishi, boshni hatto uyquda ham yopib yotishi zarurligi haqidagi talablar shular jumlasidandir.
Ibodat paytida “Talmud”da keltirilgan 248 ta buyruq va 365 ta taqiqqa amal qilishlarini o‘z zimmalariga olganlarning ifodasi sifatida qirg‘oqlarida 613 ta tugun tugilgan maxsus ibodat choyshabi – “tales”ni yelkalariga tashlab olishlari ham, ushbu talablarning yahudiylar hayotida nechog‘lik ulkan ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.

Har qanday dinning asosiy ruknlari tizimida ibodat masalasi alohida va o‘ziga xos o‘rin egallaydi. Yahudiylikda ibodat (“avoda she–ba–lev” ibroniycha – “Qalb xizmati”), tong, peshin va shom paytida qilinadigan kundalik hamda shanba kuni sinagogada bo‘lib o‘tadigan haftalik ibodatdek ikki shaklga bo‘linadi.
Haftalik ibodat (Shabat–Sabt) juma kuni Quyoshning botishi bilan boshlanadi va shanba kuni nihoyasiga yetadi. Shanba kuni olov yoqish, ishlash, hatto transportdan foydalanish ham taqiqlanadi. Yahudiylik ta’limotiga ko‘ra, Xudo olamni olti kunda yaratib, yettinchi kuni dam olgan. Shuning uchun ham, yahudiylar yettinchi – shanba kunini dam olish va ibodatga bag‘ishlaydi.
Sinagoga (yun. “jamlanish”; ibr. – “beyt kneset” – “jamlanish o‘yi”)da ibodatlar, balog‘atga yetgan (o‘n uch yosh) va kamida o‘nta erkak kishidan iborat jamoat bo‘lganda o‘tkaziladi. Bunga “Minyan” deyiladi. Ruhoniy yoki jamoatdan biron kishi boshqaradigan ibodat vaqtidagi eng muhim lahza “Tavrot” o‘ramalarining tugunlar ichidan chiqarilishi va ruhoniy tomonidan o‘qilishidir. Ovozni chiqargan holda “Tavrot”dan parchalar o‘qish sinagogadagi ibodatlarning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.
Yahudiylarda faqatgina sinagogada emas, uyda ham ibodat qilinadi. Uylarda kirish eshigining yuqorisida “mazuza” deb nomlangan, uzun bir quvur ichiga o‘rama holida qo‘yilgan “Tavrot”dan jumlalar yozilgan qutichalar osilgan bo‘ladi. Uyga kirish va chiqishda yahudiylar “mazuza”ga tegib barmoqlarini o‘padilar. Yahudiylarga ko‘ra, “mazuza” ularni yovuz ruhlar yomonligidan saqlaydi.
Uyda olib boriladigan ibodat vaqtida boshga bosh kiyim, ustga esa chakmon tashlanadi. Duolarning eng muhimi sanalgan 16 tasi oyoqda tik turgan holda aytiladi. Boshqalarini o‘qiyotganda tiz cho‘kish, vujudni tebratib turish kabi harakatlar qilinadi.
Sinagogalar iqlim, mintaqa yoki konkret madaniyat ta’sirida turli me’moriy uslublarda qurilishi mumkin. Lekin barcha sinagogalarda albatta, uch unsur joy olishi shart. Ular: Aron Kodesh, Ner Tamid va Bimadir. Quddusga yo‘nalgan muqaddas sandiq (shkaf) – Aron Kodesh ichida “Tavrot” tumorlari saqlanuvchi maxsus joy bo‘lib, u masjiddagi “mehrob”ga o‘xshash vazifani bajaradi va kirish eshigining to‘g‘risida bo‘ladi. Ner Tamid esa – (ibr. “abadiy shamchiroq”) sinagogada “Tavrot” solingan sandiq ro‘parasida joylashgan bo‘lib, doimo yonib turuvchi shamchiroqdir. Singogalarda Ner Tamid Menorani eslatib turuvchi ramz sifatida qo‘yiladi. Bima (yoki teva, almemar) esa – sinagoganing markazida joylashgan, “Tavrot” o‘qiladigan minbardir. Diniy marosim va bayramlar ham sinagogalarda amalga oshiriladi.
Yahudiylikda ko‘plab diniy marosim va bayramlar bo‘lsa–da, ular ahamiyati jihatidan bir–biridan farq qiladi. Ular 353, 354 yoki 355 kunni tashkil etadigan 12 oydan iborat, mil. avv 3761 yilda – dunyo yaratilgandan boshlangan, deb hisoblanadigan yahudiylik yil hisobiga qat’iy rioya qilgan holda o‘tkaziladi.
Yahudiylarda Rosh Ashona, Yom Kipur, Pesax, Shavuot, Sukkot, Simxa Tora, Purim, Hanukka va boshqa shu kabi diniy va milliy bayramlar (ibr. –Yom tov – yaxshi kun) mavjud.
Rosh Ashona (ibr. – “yil boshi”). Yahudiy milliy taqvimiga ko‘ra yangi yil bayrami tishre (sentyabr–oktyabr) oyining birinchi va ikkinchi kunlarida nishonlanadi. Yahudiylik ta’limotiga ko‘ra, bu kunda ilk inson Odam yaratilgan va shu kunda Xudo tomonidan berilgan taqiqni buzib, jannatdan chiqarilgan. Bu insonga chiqarilgan ilk hukm edi. Shundan buyon mazkur kunda Xudo bandalari ustidan hukm chiqaradi. Masalan, yangi yilda kimning vafot etishi va kimning yashashi o‘lim yoki hayot kitoblariga yoziladi. Biroq, mazkur kunlarda o‘yin–kulgu qilinmay, 10 kun davomida istig‘for aytib, ibodat qilish orqali insonning nomi o‘lim kitobiga emas, balki hayot kitobiga yozilishiga erishish mumkin.
O‘n kun davom etgan Rosh Ashonaning oxirgi kunida Yom Kipur bayrami nishonlanadi. Bu kuni hech qanday ish qilinmay, faqat ibodat bilan mashg‘ul bo‘linadi. Yahudiylar Yom Kipurda ro‘za tutishlari, sinagogada nadomatlar bilan yig‘lab qilgan gunohlariga tavba qilishlari shart. Ularning e’tiqodiga ko‘ra, Rosh Ashonada rejalashtiriladigan insonning bir yillik taqdiri Yom Kipurda qilingan ibodat va tavbasiga qarab belgilanadi.
Pesax (Pasxa) yillik bayramlar orasida eng e’tiborlisi bo‘lib, nisan (mart–aprel) oyininng o‘n beshinchi kunidan boshlanib, sakkiz kun davom etadi. Ushbu bayram yahudiylarning Misrdagi qullikdan ozod bo‘lganlari munosabati bilan nishonlanadi va mazkur kunlarda xamirturishsiz non “matssa” iste’mol qilinadi. Buni tanovul qilish bilan har bir yahudiy ota–bobolarining Muso boshchiligida chekkan mashaqqatlarini his qiladi, deb hisoblanadi.
Pesaxdan keyingi 50–kuni sivon (may–iyun) oyining 6–7 kunlari yahudiylar ikki kun davom etadigan Shavuot (Sheviot) (ibr. – haftalar) bayramini nishonlaydilar. Shavuot dastlab dehqonchilik bayrami bo‘lgan, keyinchalik Sinay tog‘ida Musoga “Tavrot”ning berilishi munosabati bilan nishonlangan. “Talmud”da keltirishicha, Xudo Shavuotning birinchi kechasi O‘n amrni tushirgan. Shuning uchun ham, mazkur kunlarda “Tavrot”, “Talmud” va shu kabi muqddas yozuvlaridan saralab jamlangan “Tikun”ni o‘rganishga alohida e’tibor beriladi.
Sukkot (chodirlar bayrami) yahudiylar Misrdagi qullikdan ozod bo‘lganlaridan so‘ng, cho‘lda chodirlarda kun kechirganlarini xotirlab o‘tkaziladigan marosim. Qadimda yahudiylar mazkur marosim kunlarida Quddusga ziyoratga borganlar. Bugunga kelib bu an’ana tusidan chiqqan. Sukkot tishre (sentyabr–oktyabr) oyining 15–kunidan boshlanib 7 kun davom etadi. Yahudiylar bu muddat davomida an’anaviy ravishda, o‘z uylarining oldiga chodir quradilar.
Har yili bir marta “Tavrot” o‘qib chiqilib, oxirida Sukkot boshlanishining 9–kuni xatm bayrami “Simxat Tora” (ibr. “Tavrot quvonchi”) nishonlanadi. Har bir yahudiy xonadonida “Tavrot” bo‘lib, unga nisbatan hurmat hamma narsadan ustun turadi. Biror yig‘ilishda “Tavrot” yerga tushirib yuborilgudek bo‘lsa, u yerda bo‘lganlarning barchasi kafforati evaziga 30 kun ro‘za tutishlari shart bo‘lib qoladi.
Milliy xususiyatga ega Purim (Shirinlik bayrami) adar (fevral–mart) oyining 14–kuni nishonlanadi. Ushbu bayram Quddusda 1 kun, boshqa joylarda esa 2 kun davom etadi. Bu bayram Ester ismli qiz tufayli yahudiylarning Eronda qatliomdan qutilib qolishlari sharafiga bag‘ishlanadi va unda ko‘ngilochar bazmlar uyushtirilib, shirinliklar tarqatiladi.

Barcha dinlarda bo‘lgani kabi yahudiylikda ham uzoq tarixiy taraqqiyot davomida ichki bo‘linishlar yuzaga kelgan. Xususan, mutaxassislar shartli ravishda ularni uch guruhga – saduqiylik, farziylik va essaniniylarni o‘z ichiga olgan klassik, hasidiylik, qaroim kabi oqimlardan iborat o‘rta asr va islohotchi, konservativ kabi oqimlarni qamrab olgan zamonaviy oqimlarga ajratishadi.
Saduqiylik klassik oqimlar orasida, muayyan o‘ziga xosliklari bilan boshqalardan farqlanadi. Mazkur oqimning vakillari asosan yirik yer egalari, yuqori qatlam vakillari (aristokratlar)dan iborat bo‘lgan. Saduqiy atamasi Sulaymon payg‘ambar podshohlik qilgan davrda ruhoniy bo‘lgan Sadoka (Sadok) nomidan kelib chiqqan. Voqelikka ratsionalistik yondashuv saduqiylikda bir qator aqidaviy o‘ziga xosliklarni keltirib chiqargan. Xususan, ruhning abadiy emasligini ta’kidlash, insonning qayta tirilishi, farishtalarning mavjudligini inkor etish, ular barcha narsaga ratsional ko‘z bilan qarab, Xudo bandalarining ishiga aralashmaydi, har bir inson taqdirini o‘zi yaratadi, deb hisoblash unga xos xususiyatlardan hisoblanadi.
Farziylar (ibr. – “perushim” – “ayri bo‘lish”, “nopokliklardan uzoq bo‘lish”, “sharhlash”) oqimi mil. avv. II asrda e’tiqod va amalda saduqiylikka muxolif ravishda yuzaga kelgan. Shuningdek, saduqiylikdan farqli ravishda, farziylarning o‘zagini qo‘yi tabaqa vakillari va kambag‘allar tashkil etgan. Yahudiylik qonun–qoidalariga qattiq rioya qilinishini talab qiladigan ushbu oqim Xudo har bir narsani nazorat qilishi, bandaga xos hur irodaning mavjudligi, o‘limdan keyin qayta tirilish, jannat, jahannam, farishtalarning borligi, jazo va mukofotning borligiga ishonishga asoslanadi.
Issiyim ya’ni Essaniylar saduqiylik va farziylik bilan bir davrda paydo bo‘lgan klassik oqimlardan biridir.
“Issiyim” so‘zi tarixiy matnlarda uchramasa–da, manbalarda uning “dindor zohidlar” ma’nosini anglatishi ko‘proq ta’kidlanadi.
Essaniylarning e’tiqod asoslari farziylarnikiga yaqin bo‘lib, ular insonlarning taqdiri oldindan yozib
qo‘yilganini, qayta tirilishni va farishtalarning mavjudligini va e’tirof etadilar. Xususan, farishtalar – muqaddas mavjudotlar, “Osmon o‘g‘illari”, amalga oshiradigan ishlariga qarab “Nurlar qiroli”, “Zulmat farishtasi”, “Ozodlik farishtasi”, “Mastemah (shayton)”, “Saqlovchi farishtalar” kabi sinflarga ajratiladi.
Shuningdek, ularning ta’limotiga ko‘ra, inson vafot etgandan so‘ng, uning ruhi osmonga ko‘tarilib, yaxshi ruhlar abadiy baxtli hayot kechiradilar, yomon ruhlar esa, qahraton sovuqda azoblanadilar. Shuning uchun ham, har bir essaniy o‘z hayotida doimo yaxshi amal qilishga, axloqiy normalarga qat’iy rioya etishga harakat qilishi lozim, deb hisoblanadi.
XVIII asrning birinchi choragida yuzaga kelgan hasidiylik (ibr. – “dindorlar”) o‘rta asr oqimlar ichida alohida o‘rinni egallaydi. Uning asoschisi Baal Shem Tov dinning mohiyatiga aql bilan emas, balki his–tuyg‘ular orqali erishiladi, degan tamoyildan kelib chiqib, shariat qonunlarini o‘rganishni emas, balki diniy hissiyot va axloqni birinchi o‘ringa qo‘ygan edi. Shu bilan bir qatorda, hasidiylar shanba va bayram kunlari “Shtrayml” nomli telpak kiyishlari bilan boshqa oqimlardan ajralib turadi.
Umuman olganda, hasidiylar hayotning barcha jabhalarida axloq normalarga qattiq rioya etib, “Tavrot”da belgilangan bo‘yruqlarni bekamu kust bajarishga harakat qiladilar.
“Islohotchi yahudiylik” zamonaviy oqimi XIX asr boshlarida Germaniyada yuzaga kelgan. Nemis ruhoniylari Abram Geyger (Abraham Geiger) va Moses Mendelson (Moses Mendelsohn)larning Markaziy Yevropada yashovchi yahudiylarni o‘zlari yashayotgan mamlakatning madaniyatiga moslashishga chaqiriqlari ushbu oqim yuzaga kelishiga g‘oyaviy asos bo‘lib xizmat qilgan. Ushbu islohotchilik harakati Yevropada yuzaga kelgan bo‘lsa–da, tom ma’nodagi oqim sifatida AQSHda shakllandi, deyish mumkin. Bugungi kunda, islohotchi yahudiylar soni Isroilda taxminan 5–6 ming kishi bo‘lsa, AQSHda yashovchi yahudiylarning 40 foizini tashkil qiladi.
“Islohotchi yahudiylik” “ortodoksal”cha qarashlarni o‘zlariga qabul qilmaydilar. “Islohotchi yahudiylik”ka xos xususiyatlar 1885–yilda qabul qilingan Pitsburg (Pittsburg) platformasi nomini olgan qarorda o‘z ifodasini topgan. Unga ko‘ra, “yahudiylar endi bir xalq (millat) emas, balki bir jamoatdir, qadim yahudiy shariatidan faqatgina zamonaviy hayot tarziga mos bo‘lganlarigina qabul qilinishi mumkin”. Shunday yondashuvdan kelib chiqib, masalan, shabat kuni ibodati yakshanba kuniga ko‘chirilgan.
Shuningdek, islohotchi yahudiylikda sinagogada ayollar erkaklar bilan yonma–yon o‘tirib ibodat qilishlari hamda ruhoniy sifatida marosimlarni boshqarishi ham mumkin. Bundan tashqari ibodat vaqtida bosh kiyim kiyish majburiyati yo‘q. Boshqa e’tiqod vakillari bilan nikoh munosabatlariga kirishishga monelik qilinmaydi. Ota–onasidan qaysi biri yahudiyligidan qat’i nazar, farzand ham yahudiy, deb e’tirof etiladi.
Islohotchi yahudiylikka javob sifatida konservativ yahudiylik yuzaga kelganini ham qayd etish lozim. 1885 yilda qabul qilingan Pitsburg platformasi qarorlariga qarshi chiqqan Gamburgning bosh ruhoniysi Isaak Bernays (Isaac Bernays) va Zakariyo Franklen (Zacharia Franklen) boshliq bir guruh muxolif ruhoniylar asos solgan oqim o‘zining nufuzi va ergashuvchilari soni jihatidan AQSHda islohotchi, Isroilda esa ortodoksal yahudiylikdan keyingi o‘rinda turadi.
Bugungi kunda konservativ yahudiylik galaxa (yahudiy shariati majmuasi)ni ijtimoiy hayotda dasturulamal deb hisoblaydi. Islohotchilardan farqli ravishda konservativ yahudiylikda boshqa e’tiqod vakillari bilan oila qurish qabul qilinmaydi va faqat yahudiy onadan tug‘ilgan bola yahudiy deb hisoblanadi.
Yuqoridagilardan tashqari Rekonstruktiv yahudiylik, Messian yahudiylik, Shanbachilar kabi yana bir qator oqimlar bo‘lib, ular asosan XIX asrda yuzaga kelgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘rta Osiyoga yahudiylar miloddan avvalgi II asrda kela boshlagan. XVIII asrning boshida O‘rta Osiyodagi yahudiylar Eron, Afg‘oniston, Xiva, Qo‘qon va Buxoro jamoalariga bo‘linib ketgan.
O‘zbekistonda yahudiylikning ikki yo‘nalishi mavjud: sefardlar (sharqiy yahudiylar), ashkinazlar (yevropa yahudiylari). Sefardlarni asosan Buxoro yaxudiylari tashkil etadi. Buxoro yahudiylarining O‘rta Osiyoga kirib kelishlari qachon boshlangani bo‘yicha ilmiy doiralarda yakdil fikr yo‘q. Yahudiylar ensiklopediyasida Buxoro hududi Bibliyadagi Xabar bilan, ya’ni isroilliklarning o‘n pushti surgun qilingan joylardan biri sifatida e’tirof etilgan (miloddan avvalgi 722-yil). Etnografik tadqiqotlar Buxoro yaxudiylari o‘zlarini assuriy va vavilon asirlarining avlodlari deb hisoblashlarini ko‘rsatgan. Fakt jihatidan ilk yahudiy jamoasi Balx (Janubiy Baqtriya)da milodiy IV asrda mavjud bo‘lgani tasdiqlangan. XIX asrga qadar yahudiylar Buxoro amirligi hududida alohida jamoa bo‘lib yashaganlar. Chor Rossiyasi Turkistonni bosib olgandan so‘ng, XIX asrning ikkinchi yarmidan yahudiylar Toshkent shahri va Farg‘ona vodiysiga ham tarqala boshlaganlar.
Hozir respublikada jami 8 ta yahudiy jamoasi, shu jumladan, Toshkent shahri (3), shuningdek, Buxoro (2), Samarkand (2) va Farg‘ona viloyatlarida (1) faoliyat ko‘rsatib kelmokda. Ulardan biri (Toshkent sh.) Yevropa yahudiylari (ashkinazlar) yo‘nalishiga, qolganlari sefardlarga mansub.

Virtual Sayohat

«Оr - Аvner»

«Оr - Аvner» yahudiylar sinagogasi Samarqand viloyati

«Gumbaz»

«Gumbaz» yahudiylar sinagogasi Samarqand viloyati

«Sefard»

«Sefard» yahudiylari sinagogasi
Buxoro viloyati

Scroll to Top