Daolik dini
Daolik dini
Daolik TARIXI
Xitoy milliy dinlaridan biri bo‘lgan daochilik taxminan mil. avv. IV – III asrlarda konfutsiylik bilan bir davrda paydo bo‘lgan. Unga qadimgi xitoy faylasufi Lao Szi asos solgan. Konfutsiydan farqli ravishda, Lao Szi hayoti haqida ma’lumotlar juda ham oz. Xitoy manbalarida Lao Szining Xonan shahrida dunyoga kelgani, uning asl ismi Li Tan bo‘lib, Lao Szi (Lao – keksa, Szi – donishmand) unga berilgan laqab ekani bayon qilingan. Rivoyatlarga ko‘ra, u onasi qornida sakson yil yashab, keksa holatida dunyoga kelgan. Shuning uchun uni shunday nom bilan atashgan. Daochilikning asosini “Dao” (xitoycha – “yo‘l”, “Xudo”) tushunchasi tashkil etadi. Daochilik nomi ham, aynan shu so‘z asosida kelib chiqqan. Daochilik falsafiy tizimi yoki dinmi degan bahsli masala borasida dinshunos olimlar yakdil fikrga ega emaslar. Shunday bo‘lsada, aksar olimlar, daochilik dastavval falsafiy tizim, keyinchalik esa din sifatida shakllangan, degan fikrni bildirishgan. Har bir din asoslari, ta’limotlarini qamrab oladigan manbalar mavjud. Daochilikning muqaddas manbasi sifatida “Dao de szin” e’tirof etiladi. Bunda “Dao” – yaratuvchi asos, yo‘l, “de” – yaxshi fazilat, “szin” esa kitob ma’nolarini anglatadi. Manbalarda uni Lao Szi Xitoydan chiqib ketish chog‘ida yozib qoldirgani haqida ma’lumotlar keltirilgan. Xitoyning buyuk klassik adabiyoti sirasiga kiruvchi bu asar o‘ta murakkab tilda yozilgan bo‘lib, unda “Dao” boshqarib turadigan dunyoning tuzilish strukturasi bayon qilingan. Asarda Lao Szi mistik ibora va tasavvurlarni o‘z tilida (shakllar bilan) ifodalab berishga harakat qilgan. Shuning uchun ham u tanlagan ibora va keltirilgan ramz–belgilarni ko‘pchilik hollarda tushunish qiyin. Shu bilan bir qatorda, daochilikning qonun–qoidalari, ibodat vaqtida o‘qiladigan duolarni o‘z ichiga olgan 1476 matndan iborat bo‘lgan “Daotszan” (xitoycha – “Dao xazinasi”) kanon to‘plamlari ham mavjud. “Daotszan” ibodatxonalarda ko‘p qavatli ochiq jovonlarda saqlanib kelinadi. Muqaddas kitobni chop qilishda xali hanuz vertikal joylashgan qatorlarni o‘ngdan chapga qarab yozish texnalogiyasidan foydalaniladi.
Daochilikning asosini “Dao” tushunchasi tashkil etadi. Ularning e’tiqodiga ko‘ra, “Dao” dunyoni boshqaruvchi sabab, olamlar yaratuvchisidir. Uni hech kim yaratmagan, aksincha barcha narsalar undan kelib chiqadi va unga qaytadi. U azaliy va abadiy, o‘z–o‘zidan mavjud, hamma narsada namoyon bo‘la oladi va hech kim uni ko‘ra olmaydi. Barcha narsalarning asosi, kelib chiqishi – Udir. Yo‘qlik nimaligini bilmaydi. Tabiat va koinotning mavjud bo‘lishiga ham aynan u sababchidir. Shuning uchun ham uni ba’zan “Asos” deb ham ataganlar. Insonlar ham “yaratuvchi” kabi raqobat va hirsdan yiroqlashishlari hamda osuda hayotga ega bo‘lishlari zarur. Ta’limotdagi bunday g‘oyalar axloqiy zuhdning shakllanishiga zamin yaratdi.
Lao–Szining tushunchasiga ko‘ra “Samoviy Dao” tortishmaydi, bahs–munozara qilmaydi, doimo yaxshilik yo‘li bilan zafar quchadi, gapirmaydi, lekin javob oladi, sokin va rejalari g‘oyatda mukammaldir.
Daochilikda “De” (xitoycha – “yaxshilik, ezgulik kuchi”) tushinchasi ham mavjud bo‘lib, Xudoning yordamchisi, uning maxfiy kuchi sifatida e’tirof etiladi. Keyinchalik “De” Yaratganning ajralmas bir qismiga aylanadi, oqu qorani anglab, dunyoning shaklini vujudga keltiradi. U barcha mavjudotlarni ta’minlaydi, parvarish qiladi, modda sifatida shakl beradi, quvvatini nihoyasiga yetkazadi. Shuning uchun ham u doim qadrlanib, e’zozlanadi.
Lao Szi insonni namunali, marhamatli, sodiq, to‘g‘riso‘z va vazmin bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. Inson “Dao”ga o‘xshashga harakat qilsin, deydi.
Inson osuda hayotda yasharkan, dunyoning tabiiy va odatiy hukmlarini saqlab qolgani holda orzudagidek umr kechirishi, hukmdor ham shunday qilish bilan o‘z davlatini yaxshi bir ko‘rinishda, salohiyat bilan idora qilishi mumkin. Ijtimoiy tadbirlar, siyosiy rejalar qanchalik ustalik bilan ishlab chiqilsa, insonlar tomonidan shunchalik ishonib bo‘lmas hiyla–nayranglar yuzaga kela boshlaydi. Qanchalik ko‘p qonun va buyruqlar joriy qilinsa, shunga yarasha yaramas va o‘g‘ri–muttahamlar ham yetishib chiqadi. Bundan tashqari donishmand (Lao–Szi) quyidagi tavsiyalarni ham bergan: “O‘ylaydigan narsang hamisha yaxshi va chuqur mulohazali bo‘lishi kerak; biron narsa berayotganingda yaxshi va lutfkor bo‘lishing lozim. Biron narsa aytayotganingda to‘g‘riso‘z va sodiq bo‘lishing shart. To‘g‘riso‘z bo‘lsang mamlakatni yaxshi boshqarasan, biron ish qilishni xohlasang to‘g‘ri va qobiliyatli bo‘lishing shart”.
Kibr, manmanlik va g‘urur daochilikda qattiq qoralanadi. Faqat o‘zi uchun harakat qiluvchi insonlarning hech qachon yuksala olmasliklari, mag‘rur kimsalarning biron bir ishga yaramasliklari qayta–qayta ta’kidlanadi. Shuningdek, ta’limotda insonlar o‘rtasida o‘zaro urush–janjallar bo‘lishi qoralanib, komil inson tinchlik va xotirjamlikka ahamiyat berishi uqtirilgan. Bundan tashqari davlatning shaxs hayotiga ortiqcha aralashuvini ham qoralaydi.
Daochilikning e’tibor talab jihatlaridan yana biri – bu insonning abadiy hayotga erishishi yoxud umrini o‘zaytirishi uchun ishlab chiqilgan normalardir. Daochililarning ta’biricha, inson hayoti abadiylikka daxldordir. Ya’ni koinotning “in” va “yan” kuchi ta’sirida abadiy faoliyat ko‘rsatgani kabi, inson organizmi ham “kichik olam” sifatida e’tirof etiladi. Shunday ekan, odam ham abadiy hayotga erishishi mumkin, deb hisoblanadi. Buning uchun inson, avvalo, “ruhni oziqlantirishi” kerak. “Ruhni oziqlantirish” esa, insonning qiladigan amallariga bog‘liq bo‘ladi. Osmonda ruhlar har bir kishining amalini hisob kitob qilib turishadi va shunga qarab uning umrini belgilashadi. Uzoq umr ko‘rishning ikkinchi sharti esa, qattiq rioya qilinishi lozim bo‘lgan parhez orqali “tanani oziqlantirish”dir.
Daochilik e’tiqodiga ko‘ra, har bir insonning ikki:
“si” (xitoycha – “hayot”) – tanadan ajralmas hamda “lin” – (xitoycha – “ruh”) tanadan ajraladigan ruhi mavjud. Inson vafot etishi bilan, agar u qo‘lidan biror ish kelmaydigan, nodon bo‘lgan bo‘lsa, lin – “guy” (xitoycha – “chiziq”)ga, agar dono, boy, barcha tomonidan hurmat qilingan kishining ruhi bo‘lsa, “shen” (xitoycha – “ulug‘lilik”)ga aylanadi.
Biroq daochilikda o‘lim va undan keyingi hayot borasida so‘z yuritilgan bo‘lsada, jannat va jahannam tushunchasi haqida biron bir aniqlikni ko‘rish qiyin.
Shu o‘rinda, daochilik Xitoy madaniyatiga, ilm–fan rivojiga sezilarli ta’sir o‘tkazganini qayd etib o‘tish lozim. Bu yo‘nalishda kimyo, tibbiyot sohalari alohida ahamiyat kasb etadi.
Daotsizm manbalari umumiy shaklda “Dao szan” (Daozang, «Yo‘l qonuni») deya tanilgan. Uning so‘nggi to‘liq nashri 1926 yilda 1120 jilddan iborat shaklda nashr etilgan. “Dao szan”dagi kitoblarning umumiy soni ko‘pincha 1500 taga yetishi qayd etilgan. Dao szan an’anaviy ravishda daosizmdagi uchta tarixiy guruhni aks ettiruvchi uch bo‘lim (“Three Caverns” – “Uch g‘or”)ga birlashtirilgan: Oliy ravshanlik maktabi (the Supreme Clarity School), Behisob xazina maktabi (the Numinous Treasure School) va Uch mustaqil maktabi (the Three Sovereigns School). Har bir bo‘lim o‘n ikki qismga bo‘lingan. Ularning nomlari tarkibidagi matnlarning umumiy mazmunini bildiradi. Ular: asosiy matnlar, ilohiy mavjudotlar; sharhlar; diagrammalar; xronologiya va nasabnomalar; axloq qoidalari; tantanavor nutqlar; marosimlar; ezoterik texnikalar (alkimyo, munajjimlik, ekzorsizm va boshqalar); o‘tmishdagi mashhur daochilarning hayoti; madhiyalar va ajdodlarga murojaatlar. Dao szan tarkibidagi eng asosiy kitob Dao de szin hisoblanadi.
Dao de szin (The Tao Te Ching, Daodejing, or Dao De Jing) – xitoy tilidagi klassik asarlardan biri. Uning muallifi va yozilish davri munozarali mavzu sanalib, bu borada mazkur asar miloddan avvalgi 6-asrda Lao Szi tomonidan yozilganligi haqidagi fikr qabul qilinadi.
“Dao de szin”da asosan daosizmning diniy-falsafiy ta’limotlari bayon qilingan bo‘lib, u bir vaqtning o‘zida legalizm, konfutsiylik va xitoy buddizmi kabi falsafiy ta’limotlarga katta ta’sir ko‘rsatgan. Uning g‘oyalari Qadimgi Xitoyning san’at ahli – shoir, rassom, xattot va hatto bog‘bonlar orasida “ilhom manbai” sifatida keng tarqalgan. O‘z navbatida, u Sharqiy Osiyo mintaqasi tashqarisida ham nufuzga ega bo‘lib, jahon adabiyotida dunyo xalqlari tillariga eng ko‘p tarjima qilingan asarlardan biri bo‘lib turibdi.
“Dao de szin”ning “Ueyd-Djils romanlashtirish tizimi” ga o‘tkazish 19-asrda ingliz tili tarjimasi orqali amalga oshdi. “Dao de szin” uzoq va murakkab tarixga ega asar sanaladi. Chunki, u bir tomondan, ikki ming yildan ortiq davr mobaynida turli nusxa va sharhlar vositasida bugungi davrga yetib kelgan, boshqa tomondan, uning bambuk, ipak va qog‘ozga yozilgan qo‘lyozma nusxalari faqatgina 19-asrga kelib topilgan.
Nomi. Dao – borliqda kechayotgan voqea-hodisalarni qat’iy boshqarib turuvchi yoki tabiat ortidagi kuch sanaladi. Bu e’tiqodga ko‘ra, “dao” borliqning muvozanati va tartibini saqlab turadi, u tabiat bilan bir mohiyatga ega, shu tufayli tabiat timsolida “dao” namoyon bo‘ladi. Faoliyat va mavjudlikning zaruriy quvvati sifatida “te” (havo, nafas, gaz) oqimi “dao”ning umumiy maqsadini ifodalaydi. G‘arb teologlari ta’biricha, “dao” nimaga nisbat berilsa, u narsa dao emas. Shuning uchun u ko‘pincha bir vaqtda mavjudlik va yo‘qlikning manbai deb qaraladi.
“De” (xitoycha – “yaxshilik, ezgulik kuchi”) tushunchasi esa Xudoning yordamchisi, uning maxfiy kuchi sifatida e’tirof etiladi. U barcha mavjudotlarni ta’minlaydi, parvarish qiladi, modda sifatida shakl beradi, quvvatini nihoyasiga yetkazadi. Shuning uchun ham u doim qadrlanib, e’zozlanadi.
“Szin” so‘zi esa o‘zbek tilida “qonun”, “buyuk kitob” yoki “klassika” ma’nolarini bildiradi. Ushbu tushunchalar mazmunidan kelib chiqib aytish mumkinki, “daodetszin” o‘zbek tiliga so‘zma-so‘z “yo‘l va qudrat qonuni (kitobi)” shaklida tarjima qilinadi.
Tuzilishi. “Daodetszin” 81 bo‘limga kiritilib 5000 ga yaqin xitoy alifbosi belgilaridan foydalanilgan qisqa matnlardan iborat. Asl matn sahifaning ikki tomoniga nisbatan ravon tekislangan holda, keyinchalik har bir bo‘lim hoshiyasiga sharh va matnni yodlash uchun osonlik yaratadigan ko‘rsatmalar bitilgan. Asl matn deb qaraluvchi matnga qo‘shimcha tahririy matnlar qo‘shgan holda, “Daodetszin” ikki qismdan tashkil topgan: “dao szin” (1-37 bo‘limlar) va “de szin” (38-81 bo‘limlar). Undagi matnlar kam sonli grammatik qoidalar qo‘llanilgan lo‘nda jumlalardan tuzilgan. Muayyan g‘oyalarga she’riy uslub orqali alohida-alohida to‘xtanilgan. Asar ritorikasi (dabdabasi) esa ikki maqsadda uyg‘unlashgan: qisqalik, deklarativ (tantanali, rasmiy) bayonotlar va qasddan ziddiyat. Birinchi maqsadga ko‘ra, matn qisqa jumlalardan iboratligi yodlashni osonlashtirsa, ikkinchisi orqali kishida taxminiy kuzatilishi mumkin bo‘lgan ziddiyatlarga nisbatan shaxsiy yechim topish ko‘nikmasini shakllantirish ko‘zda tutilgan.
Daodetszinning asl nusxalari “zhuànshū” (Muhr uslubi (seal script) – xitoy alifbosining qadimgi yozuv turlaridan bo‘lib, miloddan avvalgi birinchi ming yilliklar o‘rtalarida iste’molda bo‘lgan), keyingi nusxalari “lìshū” (rasmiy idora uslubi (clerical script) – Qadimgi Xitoydagi Sin, Xan, Vey, Shu, U va Szin (m.a. 246-m.420 yy.) sulolalari hukmronligi davrida hukumatning rasmiy yozuv turi sifatida foydalanilgan) va “kǎishū” (odatiy yozuv (Regular script) – xitoy yozuv turlari orasidagi eng yangisi sanaladi. Bu uslub milodiy 200 yillarda paydo bo‘lib, 7-asrda keng foydalanilgan yozuv turiga aylandi. Bugungi Xitoy yozuv turi ham aynan mazkur uslubning ko‘plab an’analarini saqlab qolgan) kabi Qadimgi Xitoy yozuv uslublarida yozilgan. Umuman olganda, Daodetszin yozuv uslubi xitoycha yozuv turlarining bir nechasini o‘zida birlashtirgan.
Muallif masalasi. “Daodetszin” tarixiy shaxsligi ilmiy munozaralar markazida bo‘lib kelgan Laotsziga nisbat beriladi. “Qariya ustoz” ma’nosini ifodalovchi uning ismi ushbu munozaralarning yanada avj olishiga turtki bo‘lgan.
Daodetszinning asosiy nusxalari. Daodetszinning ko‘plab nusxalari orasida uchtasi alohida ajralib turib, ular ilk sharh yozgan mualliflar nomlari bilan ataladi. “Yan Zun nusxasi”, bu Daodetszinning ko‘hna noyob nusxalaridan biri bo‘lib, xan sulolasi davri olimlaridan Yan Zun (m.a. 80-10 yy.)ga nisbat berilgan. “Xeshang Gong nusxasi”, bu afsonaviy Xeshang Gong nomi bilan bog‘liq bo‘lib, u xan sulolasiga mansub imperator Ven (m.a. 202-157 yy.) davrida yashaganligi taxmin qilinadi. “Vang Bi nusxasi”, bu dastlabki ikkitaga nisbatan ko‘proq ishonchli ma’lumotlarga asoslanib o‘rganilgan nusxa bo‘lib, u Uch Qirollik (Vey, Shu va U sulolalarining birligi, 220-289 yy.) davrida istiqomat qilgan mashhur mutafakkir Vang Bi (226-249)ga mansub deyiladi.
Daodetszin bo‘yicha tadqiqotlar yaqin o‘tmishda uning qadimiy qo‘lyozma nusxalari topilishi sababli yanada rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, ulardan ba’zilari mavjud nusxalardan ko‘ra qadimiyroq ekanligi e’tirof etilmoqda. 1920-1930 yillar davomida Mark Aurel Stein va boshqalar Dunxuan yaqinidagi Mogao g‘oridan minglab qo‘lyozma materiallarni topdilar. Ularning orasida “Daodetszin”ning qo‘lyozma holatdagi 50 dan ortiq qismlari va to‘liq shakli ham bor edi. Ulardan biri milodiy 270 yil xattot So/Su Dan tomonidan yozilgan bo‘lib, “Xeshang Gong nusxasi”ga juda ham mos tushadi. Topilgan qo‘lyozma qismlaridan yana biri avvallari yo‘qolgan deb hisoblanib kelingan “Xianger talqini” (Xiang‘er commentary) edi.
Mavangdui va Guodian matnlari. 1973 yil, arxeologlar “Mavangdui ipak matnlari” nomi bilan tanilgan, m.a. 163 yilga tegishli maqbaradan qadimiy xitoy tilidagi ko‘hna kitoblarni topdilar. Ular an’anaviy tartibda saqlangan va o‘z vaqtida Daodetszin tarkibiga kirgan, shartli ravishda “Matn A” va “Matn B” deb nomlangan matn nusxalaridan iborat bo‘lgan. Uning yozuv uslubi va amaldagi hukumatning hukmdorlik davrida mos ma’lumotlar aks ettirganligidan kelibi chiqib, mutaxassislar “Matn A”ni miloddan avvalgi birinchi o‘n yillik, “Matn B”ni esa miloddan avalgi ikkinchi asrga mansub deb hisobladilar.
1993 yil “Daodetszin”ning bambuk taxtasiga yozilgan eng qadimgi versiyasi Xubei provinsiyasi Guodian shahridagi maqbaradan topildi va uning yozilish tarixi miloddan avvalgi 300 yilga to‘g‘ri kelishi aniqlandi. Ushbu versiya 800 ta bambuk yaprog‘iga 13000 belgi ishtirokida yozilgan. Shu belgilardan 2000 tasining yozuv shakli Daodetszin uslubiga mos tushadi, qolaversa, ularda mazkur manbaning avvalgi nusxalarida uchramagan 14 ta yangi ma’lumot topilgan. Boblarning ketma-ketligidagi farqlarni inobatga olmaganda, mazkur ikki versiya Daodetszinning qabul qilingan nusxalariga mos tushadi.
Tarjimalari. “Daodetszin” G‘arb tillari, jumladan, ingliz, nemis va fransuz tillariga 250 dan ortiq marotaba tarjima qilingan. Xolmes Velch (Holmes Welch) fikricha, uning bu qadar shuhrat va qiziqish qozonishining sababi hanuz jumboqligicha qolmoqda.
Tarjimalarning aksariyati xitoy tili va falsafasi asosida amalga oshirilgan va mualliflar tarjima jarayonida matnning asl ma’nosini ifodalashga qat’iy harakat qilganlar. Daodetszinning bir qator mashhur tarjimalari ilmiy jihatdan ko‘ra muallifning ijodiy yondashuvi (shaxsiy mualliflik talqini) bilan shuhrat qozongan. Ammo, yuqoridagi kabi tarjimalar tanqidchilari, xususan, daosizm bo‘yicha olim Eugin Eoyang (Eugene Eoyang) fikriga binoan esa “Daodetszin”ning Stefan Mitchel (Stephen Mitchell)ga o‘xshash amalga oshirilgan ijodiy tarjima nusxalarida matn xususiyatlaridan chetga chiqilgan va an’anaviy xitoy dunyoqarash shakliga mos tushmaydi. Shuningdek, Rassel Kirkland (Russell Kirkland)ning urg‘ulashicha, bu kabi tarjimalar G‘arbona sharqshunoslik fantaziyasiga asoslangan hamda xitoy madaniyatini “kolonial o‘zlashtirish”ni namoyon qiladi. Aksincha, dinshunos tadqiqotchi Xyuston Smit (Huston Smith) fikriga ko‘ra, “bunday tarjima bizning davrimiz uchun munosib holatdir. Qolaversa, bu kabi tarjima orqali tarjimon hazil, nafislik, oliyjanoblik va donishmandlik uyg‘unlashgan xitoy mentalitetiga o‘z munosabini bildirgan”. Umuman olganda, tadqiqotchi “TaoTeChingMe.com” va “Wayist.org” kabi saytlardan Daodetszinning turli mualliflar tomonidan qilingan tarjima variantlari bilan tanishish imkoniyatiga ega.
Tarjima qiyinchiliklari. “Daodetszin” klassik xitoy tilida yozilgani uchun uni mukammal tushunish hatto mahalliy tilda gaplashuvchi zamonaviy xitoylikka ham mushkullik tug‘diradi.
Daochilikda ibodat (xitoycha – “gunke”), dastavval, kundalik uch marta amalga oshirilgan bo‘lsa, xozirgi kunda ular ikkitaga – tonggi (“szaotan gunke”) va tunggi (“vantan gunke”) ibodatlaridan iborat. Tonggi ibodat insonning qalbida xotirjamlik va taskin berish uchun, tunggi ibodat esa, o‘zga dunyoga rihlat qilgan ajdodlarga minnatdorchilik izhori sifatida amalga oshiriladi. Ibodatlarni bajarishda, barcha uchun ma’lum kanon matnlari aniq belgilab qo‘yilgan.
Kundalik ibodatlardan tashqari, daochilikka e’tiqod qiluvchi har bir inson uchun ro‘za (chjay) tutish alohida ahamiyat kasb etadi. Bayramlarda, o‘tib ketgan ajdodlarni xotirlash kunlarida, muqaddas joylarga ziyoratga borganlarida, shuningdek, hayotdagi biror bir qiyin muammodan xalos bo‘lgan vaqtlarda ro‘za tutiladi. Inson ro‘za tutgan vaqtida daochilikdagi muqaddas kitoblarni o‘qishi, yaxshilik ishlarni ko‘proq amalga oshirishi kerak bo‘ladi. Ro‘zani tutishdan asosiy maqsad esa, inson tanasini ham aqlan, ham jisman tozalashdir. Daochilik ta’limotiga ko‘ra, ro‘zani doimiy tutib borishlik – uzoq umr ko‘rish va baxtga erishishning asosiy yo‘llaridan biridir.
Daochilikda bayramlar juda ko‘p bo‘lib, xattoki, o‘tib ketgan ulug‘ insonlarning tug‘ilgan kunlari ham bayram sifatida nishonlanib kelinadi. Bayramlar Xitoy milliy taqvimiga ko‘ra nishonlanadi.
Daochilikda “Sanyuan”, “Ikkita to‘qqizlik”, “Besh La”, “Nefrit imperatori” (Yuyxuan), “Daochilik ta’limoti asoschisi Lao Szi tavalludi” va shu kabi o‘nlab bayramlar mavjud.“Sanyuan” (xitoycha – “Uch ibtido”). Daochilik ta’limotida, Lao Szi vafotidan so‘ng, bir necha marotaba insonlarga ko‘rinib turgan va o‘z ta’limotini yetkazgan, deb hisoblanadi. Rivoyatlarga ko‘ra, u o‘zining mana shunday paydo bo‘lishlarining birida, Chjan Daolinga borliq uch: syuan (xitoycha – “sir tutilgan”), yuan (“azaliy”) va shi (xitoycha – ibtido) unsurga asoslanishini aytgan. Bular asosida uch osmon xizmatchilari boshqarib turadigan osmon, suv va Yer paydo bo‘lgan. Shundan kelib chiqqan holda, yuqoridagi uchlik bilan bog‘liq quyidagi bayramlar nishonlanadi:
a) “Oliy ibtido” 1–oyning 15–kunida nishonlanadigan Osmon xudosiga bag‘ishlangan bayram. U xalq orasida “Chiroqlar bayrami” nomi bilan ham mashhur.
b) “Ikkinchi ibtido” 7–oyning 15–kunida nishonlanadigan Yer xudosiga bag‘ishlangan bayram.
v) “Uchinchi ibtido” 10–oyning 15–kunida nishonlanadigan suv xudosiga bag‘ishlangan bayram.
“Ikkita to‘qqizlik” nafaqat daochilar, balki xitoy xalqi tomonidan hosil bayrami sifatida nishonlanadi. Bayram 9–oyning 9–kunida o‘tkaziladi.
Yuqoridagilardan tashqari, daochilikdagi oqimlar tomonidan nishonlanadigan bayramlar bo‘lib, ular boshqa oqim vakillari tomonidan e’tirof etilmaydi.
Har bir bayram ishlab chiqilgan maxsus qonun–qoidalar asosida ibodatxonalarda amalga oshiriladi.
O'zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi



