xristianlik dini

Xristianlik dini

xristianlik dini

Xristianlik dini buddizm va islom dinlari qatorida jahonda eng keng tarqalgan dinlardan biri hisoblanadi. Ularning miqdori boshqa dinlarga qaraganda eng ko‘p bo‘lib, bu ko‘rsatkich dunyo aholisining deyarli uchdan birini (taqriban 28 %) tashkil etadi. Xristianlik, asosan, Yevropa, Amerika, Avstraliya qit’alarida hamda qisman Afrika va Osiyo qit’alarida tarqalgan. Xristianlik milodning boshida Rim imperiyasining sharqiy qismida joylashgan Falastin yerlarida vujudga keldi. Iso Masih (Iisus Xristos), Bibliyaning xabar berishiga ko‘ra, xristianlik ta’limotining asoschisi bo‘lib, u Rim imperiyasi tashkil topganining 747 yili Falastinning Nazaret qishlog‘ida bokira qiz Maryamdan Xudoning amri bilan dunyoga keldi. Yangi eraning boshlanishi ham Iso Masihning dunyoga kelishi bilan bog‘liq. Bibliya – xristianlar tomonidan ilohiy vahiy asosida xudo va insonlar o‘rtasidagi munosabatlari tartibi qayd etilgan, deb e’tiqod qilinuvchi muqaddas matnlar to‘plami. Bibliyaning bugungi kungi holati shakllanishida ko‘plab mualliflar ishtirok etganlar, ya’ni yillar davomida uning tarkibiga kitoblar qo‘shish, uning bo‘limlarini raqamlash, undagi ba’zi oyatlarni she’riy qolipga solish bilan turli mualliflar shug‘ullanganlar. Xristianlik talqinicha, Bibliya ikki qismdan iborat bo‘lib, uning tarkibidagi Eski Ahd “Ibroniycha Bibliya” (Hebrew Bible) va “Yunoncha Septuaginta” (Greek Septuagint) bilan mos keladi (“Ibroniycha Bibliya” deganda xristianlar yahudiylar qo‘lidagi TaNaXni nazarda tutadi). Yangi Ahd esa ilk xristianlar (Iso Masihning aksariyati yahudiy bo‘lgan deb ishoniladigan shogirdlari) tomonidan yunon tilida yozilgan matnlar majmuasi sanaladi. Yunon tilidagi mazkur ilk xristian diniy yozuvlari qissalar, maktublar va apokrifik (cherkov tan olmaydigan) adabiyotlardan iborat bo‘lgan. Xristianlikning turli yo‘nalishlari orasida Bibliya tarkibini shakllantirishdagi ziddiyat Apokrifaga munosabatning turli xilligi sababli kelib chiqqan.

Xristianlik ta’limotining paydo bo‘lishi Iso Masih shaxsi bilan bog‘liq. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Iso shaxsi haqidagi munozaralar fanda mifologik va tarixiy maktablarning paydo bo‘lishiga olib kelgan.
Birinchi maktab vakillari Isoning tarixiy shaxs ekanligi haqida fan ishonchli ma’lumotga ega emas, deb hisoblaydilar. Ular xristianlikning Falastindan tashqarida vujudga kelgani, shuningdek xristianlikka doir rivoyatlarning sharq madaniyatidagi vafot etib, tiriladigan xudolar to‘g‘risidagi asotirlarga o‘xshash ekani, Injillarda ziddiyatlar va turlicha talqinlar mavjudligini buning isboti sifatida keltiradilar.
Tarixiy maktab vakillari esa Iso Masihni real shaxs deb hisoblab, u xristianlik ta’limoti asoslarini shakllantirgan, yangi dinni targ‘ib qilgan, deb hisoblashadi. Uning qator shogirdlari va u bilan bevosita muloqot qilgan shaxslarning tarixiyligi Isoning haqiqatan mavjud bo‘lganligini isbotlaydi deb hisoblaydilar. Hozirgi kunda fan Iso mavjud bo‘lganligini isbotlovchi qator manbalarga ega. Xususan Iosif Flaviyning “Qadimiyotlar” asarining Rim prokuratori Pontiy Pilatga bag‘ishlangan bobida Iso yangi e’tiqodni targ‘ib etgani va unga ko‘pchilik yahudiylar va yunonlar ergashgani qayd etilgan. Lekin shunga qaramay, Iso Masih hayoti, ilgari surgan ta’limoti haqida to‘liq ma’lumot beruvchi asosiy manba bo‘lib hanuz “Bibliya”ning “Yangi Ahd” qismi xizmat qiladi.
Xususan, unga ko‘ra Iso Falastinning Baytlahm (zam. Vifliyem) shaharchasida, yahudiy oilasida tug‘ilgan. Uning onasi Maryam mo‘jizaviy suratda, ya’ni bokira holida homilador bo‘ladi. Tug‘ilgan go‘dakka Iso (yahudiy tilida Yeshu’a, ya’ni “Tangri najot berdi”) deb ism qo‘yishadi.
Isoning bolaligi haqida ma’lumotlar juda kam, faqatgina Iso tug‘ilgach Maryam Yusuf ismli duradgorga turmushga chiqqani va ular podshoh Hirod zulmidan qochib Misrga ko‘chib ketishgani, bo‘lg‘usi payg‘ambar yahudiy an’analariga mos ravishda ulg‘aygani qayd etiladi.
Iso o‘ttiz yoshga kirganda Xudoning amri bilan Yahyo payg‘ambar oldiga boradi. O‘sha paytlarda Yahyo isroilliklar orasida targ‘ibot olib borib, ularni oxiratdan ogohlantirar, tezroq tavba qilib gunohlardan poklanishga chaqirar, izdoshlarini Iordan daryosi suvida cho‘qintirar edi. Xristianlar ilk mo‘jizalar mazkur cho‘qintirish voqeasidan so‘ng boshlanganini ta’kidlaydilar. Yahyo Isoni suvda cho‘qintirgach, birdan osmon yoriladi va yog‘du taratib, kabutardek uchib tushayotgan Ruh ko‘rinadi. Iso, dastlab, bir qancha vaqt shayton vasvasalarini yengish davrini o‘taydi, so‘ng da’vat davriga o‘tadi. U o‘z da’vatlarida o‘zining payg‘ambarligi va xalqni yaqinlashib kelayotgan “Oxirat”dan ogohlantirish uchun yuborilganini ta’kidlaydi. Gunohlardan tiyilib, tavba qilish va to‘g‘ri yo‘lga kirishga chaqiradi. Yo‘l–yo‘lakay turli mo‘jizalar ko‘rsatib, odamlarni davolaydi. Iso o‘z sayohatlari davomida ko‘plab shogirdlar, ya’ni “havoriylar” (yunoncha “apostol” – “yordamchi”) orttiradi, ular uni Masih (yunoncha Xristos, ibroniy tilida Moshiah – “moy surtilgan”) deb atay boshlaydilar. Injillarga ko‘ra eng ishonchli havoriylar soni 12 ta bo‘lgan, ular: Butrus (Petr yoki Simon), Idris (Andrey), Ya’qub (Iakov), Yuhanno (Ioann), Filip, Bartolomey, Matto (Matvey), To‘ma (Timoti), Alfey o‘g‘li Ya’qub (Iakov Alfeyev), Simon Vatanparvar, Ya’qub o‘g‘li Yahudo (Iuda), Kariotlik Yahudo (Iuda Iskariot)

Isoning da’vati aksariyat hukmdorlar, qabila sardorlari va yahudiy ruhoniylariga yoqmas edi. U va shogirdlari mahalliy zodagonlar biror chora ko‘rishlari aniqligini sezar edilar. Bu xususida Injilda shunday keltiriladi: “Bir necha kundan so‘ng Iso pasxa dasturxonini birga baham ko‘rish uchun shogirdlarini huzuriga taklif etadi. Ziyofat chog‘ida Iso nonni sindirib: “buni yenglar, bu mening tanamdir”, dedi va kosadagi sharobni uzatib: “buni ichinglar, bu ko‘plarning gunohlari kechirilishi uchun to‘kiladigan mening qonimdir”, deydi va o‘zining bir necha kundan so‘ng qatl etilishiga ishora qiladi.

Ertasigayoq, havoriylaridan biri bo‘lgan Kariotlik Yahudo sotqinligi oqibatida, Iso hibsga olinadi va ruhoniylar talabiga binoan Golgofa tepaligida, xalq ko‘zi o‘ngida xochga mixlanadi. Iso jon bergach, shogirdlari uning jasadini so‘rab oladilar. Uni xochdan olib, toza kafanga o‘rab bir g‘orga qo‘yishadi. G‘or og‘zini katta xarsang tosh bilan yopib qo‘yishadi. Ertasiga jasaddan xabar olgani kelgan ikki ayol qabr og‘zidagi toshning surib qo‘yilgani va tananing yo‘qolganini ko‘radi.

Ayollar shosha–pisha ketayotganlarida ularning ro‘parasidan Isoning o‘zi chiqadi va: “Jalilada meni kutinglar”, – deydi. Isoning 11 shogirdi – havoriylar (12–havoriy Yahudo xoinlik qilganligidan pushaymon bo‘lib, o‘zini osgan edi) aytilgan toqqa boradilar va o‘sha yerda Isoni tirik ko‘rib, unga sajda qiladilar. Iso ularga bir necha vasiyatlarini aytib osmonga ko‘tarilib ketadi. Shundan so‘ng yuz yillar davomida Rim hukumati tomonidan xristianlik izdoshlari ta’qib va tazyiq ostiga olinadilar.

III asr oxiri – IV asrning boshlarida imperator Diokletian va u bilan birga davlatni boshqargan Maksimilian davrida cherkovni ta’qib qilish siyosati avjiga chiqadi. E’tiqodi sababli jabrlanganlar avliyolarga aylanib, xotiralari qadrlandi, buning oqibatida xristianlikning jozibadorligi ortib u Rim shahrining o‘zida ham tez suratlarda tarqaladi. IV asrning oxirida cherkovni xavfli raqib deb bilgan imperator Konstantin, kurashish o‘rniga u bilan hamkorlik qilish va davlat manfaatlari maqsadida, u nufuzli ijtimoiy kuch bo‘lganligi sababli, undan foydalanishga qaror qiladi. Chunonchi, 311 yilda xristianlik din sifatida rasmiy ravishda tan olindi. Shu asrning oxirida, imperator Konstantin davrida xristianlik davlat muhofazasini ado etuvchi va unga rahnamolik qiluvchi davlat diniga aylandi. Lekin G‘arbiy Rim imperiyasining sekin–asta kuchsizlanishi oxir oqibatda uning yemirilishiga olib keldi. Buning natijasida o‘z bo‘yniga hukmdor vazifalarini olgan Rim yepiskopining (Papa) qudrati yanada oshdi.

Milodning IV asridan boshlab xristianlik cherkovi oliy tabaqa ruhoniylarni vaqti–vaqti bilan Butun Olam Soborlariga yig‘ib turadi. Bunday yig‘ilishlarda diniy ta’limot tizimi ishlab chiqildi va tasdiqlandi, muqaddas qonunchilik me’yorlari va ibodatlarni olib borish qoidalari shakllandi, bid’atga (yereslar – xristianlik aqidalariga qarshi harakat, ta’limotlar) qarshi kurashish usullari aniqlandi. Ilk Butun Olam Sobori 325 yil Nikeya shahrida o‘tkazilib, unda e’tiqod timsoli deb nomlangan xristianlik ta’limoti asosini tashkil etuvchi bosh aqidalar majmuasi qabul qilindi.
Nikeya va Konstantinopolda o‘tkazilgan Butun Olam Soborlarida qabul qilingan “E’tiqod timsolida” xristianlikning ta’limot asoslari 12 bandda belgilandi, bular:
1. Olamni yaratgan yagona Ota–Xudo – Muqaddas Uchlikning birinchi yuzi haqida;
2. O‘g‘il–Xudo, ya’ni Iso Masihga imon keltirish haqida;
3. Ilohiy mujassamlashuv, ya’ni Iso Xudo bo‘la turib, bokira Bibi Maryamdan tug‘ilgan va inson qiyofasiga kirganligi haqida;
4. Gunohlar kechirilishi – Isoning tortgan azoblari va o‘limi tufayli Xudo tomonidan insoniyatning barcha gunohlari kechirilishi haqida;
5. Isoning qayta tirilganligi haqida;
6. Isoning meroji haqida;
7. Isoning nuzuli (kelajakda ikkinchi marotaba yerga qaytishi) haqida;
8. Muqaddas Ruhga imon keltirmoq borasida;
9. Cherkovga yagona, muqaddas, havoriylar (apostollar) cherkovi sifatida munosabatda bo‘lish haqida;
10. Cho‘qintirish sirli marosimning gunohlardan forig‘ qilishi haqida;
11. O‘lganlarning ommaviy tirilishi haqida;
12. Abadiy hayot haqida.
Xristianlik aqidasiga ko‘ra, xudo Iso Masih inson qiyofasida yerga tushib, odamlar gunohlarini yuvish maqsadida azob tortib, o‘ladi. Isoning odamlar gunohini yuvish maqsadida o‘zini ixtiyoriy tarzda qurbon qilganligi va odamzotning osiyligiga (gunohkor bandalar ekanligiga) ishonish – xristianlik ta’limotining asosiy aqidalaridan biri hisoblanadi.
Xristianlik ta’limotining ikki markaziy aqidasi Xudoning uch qiyofasi va Xudoning mujassamlashishiga bag‘ishlangan. Birinchi aqidaga ko‘ra, Xudoning ichki hayoti uch qiyofasi yoki yuzlarining, ya’ni Ota (boshlanishi bo‘lmagan boshlang‘ich asos), O‘g‘il yoki Logos (mazmun va shakl beruvchi tamoyil) va Muqaddas Ruh (jonlantiruvchi tamoyil), munosabatidan iborat. O‘g‘il Otadan “tug‘iladi”, Muqaddas Ruh Otadan “kelib chiqadi” (“taraladi”). Bunda “tug‘ilish” va “kelib chiqish” (“taralish”) jarayonlarida vaqtning ahamiyati yo‘q, chunki xristianlikdagi Xudoning uchchala ko‘rinishi har doim mavjud bo‘lgan, ya’ni ular abadiy (mangu) va qadr–qimmatiga nisbatan tengdir.
Xristianlik ta’limotiga ko‘ra, inson Xudoning timsoli sifatida yaralgan. Lekin ilk odamlar tomonidan sodir etilgan gunoh (“gunohi azim”) bu timsolni yemirib, insonlarni osiy bandalarga aylantiradi. Iso Masih barcha odamlar gunohlarini yuvish maqsadida xochda azob tortadi va vafot etadi. Shuning uchun xristianlik, umuman azobu–uqubat va jabrlanishni, dindorlar tomonidan o‘zlaridagi har qanday xohish va nafsning tiyilishini poklovchi ahamiyatga ega deb ta’kidlaydilar: “taqdirga tan bergan” (“o‘z xochini qabul qilgan”) inson voqelikdagi va ichki dunyosidagi yovuzlikni yengadi. Buning oqibatida inson din amrini bajaribgina qolmasdan, o‘zi ham kamol topadi, Xudoga yaqinlashadi. Bu, xristianlikka e’tiqod qiluvchilarning vazifasi hisoblanib, shu orqali u Iso Masih qilgan qurbonlikni oqlagan bo‘ladi.

“Bibliya” so‘zi lotin tilidan olingan bo‘lib, o‘zbek tilida “kitoblar” ma’nosini bildiradi. O‘rta asrlar lotin tilida “bibliya” so‘zi lotin tilidagi biblia sacra – “muqaddas kitob” so‘zining qisqartma shakli sifatida qo‘llanilgan. Bibliya so‘zi kelib chiqqan lotin tilidagi “βιβλίον” so‘zi aslida “qog‘oz, o‘ram” ma’nosini bildirgan. Taxmin qilinishicha, bu so‘z yunon tiliga Yunonistonga misr papiruslari eksport qilinadigan Finikiya dengizidagi Biblos (Jebal deb ham atalgan) porti nomidan kirib kelgan. Shundan kelib chiqib aytiladiki, yunonchadagi “ta biblia” (kichik papirussimon kitoblar) tushunchasi Yunoniston yahudiylari tomonidan o‘zlarining muqaddas kitoblari (Septuagint)ni ifodalash uchun qo‘llanilgan. Bibliyaning bugungi xristianlik talqini bo‘yicha ilk qo‘llanilishi milodiy 223 yilga to‘g‘ri keladi. Bibliyashunos olim F.F.Bryus fikricha, Konstantinopol arxiyepiskopi Xrisostom (John Chrysostom, 349-407) yunoncha “ta biblia” (kitoblar) so‘zini Eski va Yangi Ahdni ifodalovchi tushuncha sifatida ilk bor muomalaga kiritdi.
Miloddan avvalgi ikkinchi asrdan boshlab, yahudiylar olimlari hozirda Bibliyaning Eski Ahd qismiga mos tushuvchi kitoblar majmuasini muqaddas sifatida e’tirof etib, uni ibroniycha “Kitve Kodesh” deb nomlashdi. Xristianlar esa ushbu “Kitve Kodesh”ga Yangi Ahdni qo‘shgan holda uni Xristian Bibliyasi yoki Muqaddas Bibliya deb atashdi. Bibliya 13-asrda Stivan Lengton (Stephen Langton) tomonidan bo‘limlarga ajratilgan bo‘lsa, 16-asrda fransuz yozuvchisi Robert Et’en (Robert Estienne) tarafidan oyatlarga taqsimlanib chiqildi. Bibliyaning kitob, bo‘lim va oyatlarga bo‘linishi 10-asrda shakllangan “Masoret matnlari” asosida amalga oshirilgan. Bibliyaning to‘liq holatdagi eng ko‘hna nusxasi 4 asrga oid bo‘lib, u o‘ram kitob shaklida Vatikan kutubxonasida saqlanadi va u “Vatikan kodeksi” (Codex Vaticanus) nomi bilan mashhur. TaNaXning ibroniy va oromiy tillaridagi eng ko‘xna nusxasi 10-asrga oiddir. To‘liq shakldagi lotincha Bibliyaning eng qadimgi nusxasi “Amiatinus kodeksi” (Codex Amiatinus) deb atalib, u 8-asrga oiddir.
Xristian Bibliyasi Eski va Yangi Ahddan tashkil topgan. Eski Ahd tom ma’noda yahudiylik tarixiga oid ma’lumotlarni qamrab olgan bo‘lishiga qaramay, Bibliya tarkibiga kiritilishi uni Iso Masih kelishi to‘g‘risida xabar beruvchi manba deb hisoblanishi bilan bog‘liq. Ammo Eski Ahd tarkibidagi kitoblarni joylashuvi bo‘yicha xristianlik yo‘nalishlari o‘rtasida muayyan farqlar kuzatiladi. Masalan, katolik va pravoslav yo‘nalishda Eski Ahdning aksariyat ilova kitoblari (deutero-canonical books) Bibliya tarkibiga kiritilgan. Sulaymon donishmandligi, Tovit va Djudit qissasi, Makkebian tarixi kabi kitoblar shular jumlasidan. Bu kitoblar xristianlik dini vujudga kelishidan oldingi ikki asr mobaynida yahudiy aholi orasida iste’molda bo‘lgan hamda diniy kitoblarning (scriptures) yunonchi tarjimasi – Septuaginta tarkibiga kiritilgan. Yangi Ahd ham ilk bor yunon tilida yozilgan, dastlabki xristian jamoalarining ko‘pchiligini yunon tilida gaplashuvchi tashkil qilgan, shu bois, ular Eski Ahd sifatida Septuagintadan foydalanishgan. Biroq, milodiy 1-asrda (90 y.) yahudiy ruhoniylari tomonidan mazkur kitoblar ibroniy diniy manbalar (The canon of Hebrew scriptures) sirasiga kirmasligi belgilab qo‘yildi. Shuning uchun protestantlik yo‘nalishi ilk namoyondari Bibliya tarkibini belgilashda ibroniy ravvinik matnlar standartini asos qilib olib, Bibliyani mahalliy tillarga tarjimasi (Lyuter tarjimasi yoki inglizcha qirol Iakov Bibliyasi)da yuqoridagi kitoblarni kiritmadilar. Protestantlik Bibliyasiga kirmagan ushbu qism Apokrifa (The Apocrypha) deb nomlandi. Keyinchalik Rim katolik cherkovi tomonidan Trent soborida mazkur kitoblarni muqaddas diniy manba sifatidagi maqomi qayta tiklandi. Shuningdek, ular pravoslavlik yo‘nalishi muqaddas kitoblari qatorida saqlanib qoldi. Qolaversa, hozirda bu kitoblar Bibliyaning zamonaviy tarjimalari ichiga kiritilgan.
Yangi Ahd to‘rtta hushxabar (The Gospel)ni o‘z ichiga oladi: Matto, Mark, Luka va Yuhanno. Bulardan dastlabki uchtasida Iso Masih hayoti va faoliyati, o‘limi va vafotining uchinchi kuni qayta tirilishi haqidagi o‘xshash xabarlar jamlanganligi uchun “sinoptik xushxabar” (bir tekis yig‘ma, to‘plangan) deb ataladi. Yuhanno Injilida esa asosiy nuqta payg‘ambarning xaloskor sifatida namoyon bo‘lishi hisoblanib, ruhni bu dunyo iztiroblaridan xalos qilishni “aqlbovar qilmas namunasi” Iso Masih hayoti misolida tasvirlanadi. Shu bilan birga, Yangi Ahd havoriylar (masalan, Pavel (Paul), Peter (Peter), Iakov (James), Yuhanno (John) va b.) maktublaridan iborat bo‘lib, ularda milodiy 1-asrda ilk cherkov faoliyatini tashkil qilish uchun zarur hisoblangan ilohiyot, ta’limot, e’tiqod va axloqga oid masalalar muhokama qilinadi. Xavoriylar maktublari orasida – rimliklar, korinfliklarga birinchi va ikkinchi, galatiyalik, filippiliklar, salonikaliklar va Filimonga jo‘natilgan nomalar Pavelga tegishli ekanligida shubha bildirilmaydi. Qolganlari esa mazmunan Pavel maktublariga o‘xshashligi yuzasidan ular ham Pavelga tahminiy nisbat beriladi. Umuman olganda, Yangi Ahd tarkibiy qismini tashkil qilgan “Havoriylar faoliyati” kitobi birinchi Troitsa bayramidan apostol Peter va Pavelning xristianlik dinini yoyishga bag‘ishlangan safari (Evangelical tour) amalga oshgunga qadar bo‘lgan davr haqida hikoya qiladi. Yangi Ahdning yana bir qismi sanaluvchi “Vahiy” kitobi dunyoning oxiri va Yer yuziga Iso Masihning ikkinchi tushishi xususida xabar beradi. Yangi Ahdni tashkil etgan barcha kitoblar Iso Masih vafotidan keyingi dastlabki yuzyillik ichida yozilgan bo‘lib, ulardan qaysi biri Yangi Ahd tarkibiga kirishi yoki olib tashlanishi to‘g‘risidagi yakuniy qarorga milodiy 4-asrdagina kelingan.

Insonning bunday talqini faqat xristianlikka xos bo‘lgan “sirli marosimlar” (Din ta’limotiga binoan ushbu marosimlarda Muqaddas Ruh ishtirok etadi, va aynan shu sababli ular “sirli” deb ataladi) – inson hayotiga ilohiylikni kiritish maqsadida qilinadigan o‘ziga xos topinish (kult) harakati – tushunchasi bilan bog‘liqdir.
Bular: cho‘qintirish (xristianlik diniga kiritish), yevxaristiya (non va vino tamaddi qilish), ruhoniylik unvonini berish, tavba qilish, miro surtish, yeley moyi surtish, nikoh.
Cho‘qintirish (kresheniye – suvga botirish). Xristianlik ta’limotiga ko‘ra, cho‘qintirish orqali kishi dinga qabul qilinadi, ya’ni cherkov a’zosiga aylanadi.
Bu marosim insonni uch marotaba suvga botirish yoki boshidan suv quyish bilan birga, ruhoniy tomonidan maxsus so‘zlarni aytish orqali amalga oshiriladi. Injilga ko‘ra, cho‘qintirish va Muqaddas ruhning kelishi osmondan tug‘ilishning maxsus shartlaridan biridir. Uning asosi sifatida Injildan misollar keltiriladi: “Iso javob berdi: “Senga to‘g‘risini aytay, agar kim suvdan va Ruhdan tug‘ilmas ekan, Xudo saltanatiga kirmaydi” (Ioanndan, 3:5).
Suvga botirish marosimi birinchi bo‘lib Ioann tomonidan amaliyotda qo‘llangan. Shu kabi amaliyot Tavrotda aytib o‘tilgan “prozema”, ya’ni “butparastlarni dinga kiritish marosimi”ga o‘xshab ketadi. Unda erkaklar dinga kirishi uchun xatna qilinishi kerak bo‘lsa, ayollar uchun esa faqat diniy ritualni bajarish shart qilingan.
Xristianlikning har bir yo‘nalishida cho‘qintirish marosimi turlicha talqin etiladi. Pravoslav va katolik cherkovlarida cho‘qintirish sirli marosim sifatida e’tirof etiladi. Bu hodisa Ioann cho‘qintiruvchining faoliyati ya’ni Iordan daryosida uning oldiga keluvchi insonlarni suvda tozalanishi, yomon illatlarni qayta qilmasliklari, Masihni toza qalb bilan kutib olish maqsadida amalga oshirilgan. Masih kelishini Ioann targ‘ib qilgan, cherkov nuqtai nazaridan cho‘qintirish paytida inson hayotda shahvoniy jihatdan o‘lib, Muqaddas Ruh tomonidan ma’naviy hayotga qayta tiriltiriladi degan aqida mavjud. Marosim vaqtida inson nafaqat barcha qilgan gunohlaridan poklanadi, shu jumladan, gunohlaridan ma’naviy forig‘ bo‘ladi.
Suv yordamida “o‘ldirish, jonsizlantirish” – mavjud bo‘lgan qusurlardan tozalanish hisoblanadi. Albatta u mutlaq poklanish bo‘lmasada, to‘xtovsiz yovuzlikni, yomonlikni to‘xtatadi, deb ta’kidlanadi. Rim nomalarida bu haqda shunday yoziladi: “Cho‘qintirilayotgan Iso bilan birga o‘lib, u bilan birga abadiy hayotda tiriladi. Shunday qilib biz cho‘qintirilib u bilan birgalikda o‘limga dafn qilindik, zeroki Ota nomi bilan Iso o‘liklardan tirilgani kabi, biz ham yangilangan hayotda yashaymiz” (Rim, 6:4).
Cho‘qinishdan so‘ng inson gunoh ishlarni qilsa u Xudoning marhamatidan voz kechgan bo‘ladi: “Agar Xudoni anglab, bizning xaloskorimiz Isoni tan olib turib, eski yillariga, eski xolatiga qaytsalar, buning oxiri avvalgidan ham og‘irroqdir” (2 Petr, 2:20).
Cho‘qintirish marosimi xristian dinining eng muhim va asosiy marosimlaridan biridir. Bu marosim asosan cherkovda o‘tkaziladi. Xristianlar e’tiqodiga ko‘ra, inson tug‘ma gunohkor bo‘lib tug‘iladi va undan forig‘ bo‘lish uchun muqaddas suv yordamida poklanadi. Shundan so‘ng poklangan bola cherkov a’zoligiga qabul qilinadi.
Cho‘qintirishga o‘xshagan marosim qadimgi Hindiston, Rim, Misr, Kichik Osiyo va boshqa davlatlar hududlarida yashagan xalqlar orasida ham mavjud bo‘lgan. Xristianlikda cho‘qintirish marosimi milodning I asri oxirlarida paydo bo‘lgan. IV asrda birinchi xristian jahon soborining qaroriga muvofiq, bu marosim har bir xristian uchun majburiy deb e’tirof etilgan va “e’tiqod ramzi” sifatida qabul qilingan. Shu vaqtdan boshlab “cho‘qintirilgan” so‘zi “xristian” degan so‘z bilan teng ma’no kasb eta boshlagan.
Xristianlar boshqa dindagi hamma kishilarni “cho‘qinmaganlar” (“Isoni tanimaganlar”) deb atay boshlaganlar. Cho‘qintirish marosimini tartibga solish maqsadida Qadimgi Karfagen cherkovi ishlab chiqqan 124 qoidadan birida ushbu normalar belgilangan: “Go‘daklar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni cho‘qintirmaganlarga la’nat bo‘lsin”.
Pravoslav yo‘nalishida cho‘qintirish marosimi asosan yangi tug‘ilgan chaqaloqqa o‘tkaziladi. Ota–ona o‘z farzandlarining diniy bilimiga mas’ul bo‘lib, cho‘qintirilayotgan bola e’tiqodiga kafil hisoblanadilar. Cho‘qintirilayotgan bola o‘g‘il bo‘lsa, uni erkak kishi ko‘taradi, agarda qiz bo‘lsa, ayol kishi tomonidan amalga oshiriladi. Bu holatda rohib ota–ona vazifasini bajara olmaydi. Qadimda cho‘qintirish marosimini voyaga yetganlar qalban his qilgandagina o‘tkazilgan.
Xristianlikning ilk davrida ba’zilar go‘daklarni gunohsiz deb bilib, agar olamdan o‘tsa jannatga tushadi, shu sababli ularni go‘daklikda cho‘qintirish shart emas deb hisoblaganlar. Boshqalar esa bolani cho‘qintirish lozimligini takidlaganlar. Ko‘p insonlar cho‘qintirish marosimini juda ham ortga surganlar. Ba’zilar o‘limi oldidan bu marosimni o‘tkazganlar. Toki ular umr mobaynida qilib o‘tgan gunohlaridan shu yo‘l bilan poklanib ketmoqchi bo‘lar edilar. Shuning uchun cherkov bu an’anaga qarshi chiqib, go‘dak tug‘ilgan kundan boshlab sakkiz kun ichida bu marosimni bajarish lozimligini talab darajasiga ko‘targan.
Yevxaristiya (yun. non va sharob totish marosimi) xristianlikdagi eng muhim marosimlardan ikkinchisidir. Rus tilida bu marosim “Prichastiye” deb nomlanadi. Yunon tilida “Yevxaristiya” deb ataladigan mazkur marosim, xochga mixlanishdan oldin Isoning havoriylar bilan birga tanovul qilgan eng oxiri kechki ovqat xotirasi, sifatida e’tiqod qilinadi. Bu kecha tanovul kechasi ham deb ataladi. Avliyo Pavel keyinchalik bu hodisani sharhlab bergan. Cherkov esa uni marosim holiga keltirgan. Dastlab yilda bir marta amalga oshirilgani holda, keyinchalik har xaftada qilinadigan bo‘lgan. Qadim xristianlar, “yevxaristiya”ni qurbonlik sifatida bilganlar. Bugun ham cherkovlarda amalga oshiriluvchi yevxaristiya marosimida beriluvchi non va sharobni qurbonlik sifatida yeb–ichadilar.
Xristianlar non bilan sharobni tanovul qilar ekanlar, bu bilan ular Isoning tanasi va qonini tatib ko‘rdik, endi xudoga yaqinroq bo‘ldik, deb hisoblaydilar. Bu marosim ertalab yoki tushki ibodatda asosiy o‘rinni egallaydi.
Bugungi kunda yevxaristiya cherkovda yakshanba kuni amalga oshiriladi. Bu marosim borasida yo‘nalishlar orasida, mintaqa va madaniyatlardan kelib chiqib, ba’zi bir farqli jihatlar mavjud. Jumladan, katoliklarda mazkur marosimda yaqin–yaqinlargacha faqat ruhoniylargina ham non, ham vino iste’mol qilishgan. Oddiy insonlar (“miryane”) faqatgina non bilan poklanishgan. Pravoslav va protestant yo‘nalishlarida esa bu borada ruhoniylar va oddiy insonlar farqlanmaydi. Shuningdek, yo‘nalishlar orasida non va vinoning tarkibi borasida ham farqlar kuzatiladi. Masalan, katolik va protestantlarda muqaddas non xamirturushsiz hamda vino suv qo‘shilmagan holda bo‘ladi. Pravoslavlarda esa, aksincha, non xamirturushli va vinoga suv qo‘shilgan bo‘ladi.
Miro moyi surtish marosimi (yun. Konfirmatsiya; ruschada – miropomazaniye). Zaytun yog‘idan tayyorlangan muqaddas moy surtish sirli marosimlardan biri bo‘lib havoriylar davrida yo‘lga qo‘yilgan.
Miro moyi – (yun. – xushbo‘y moy) cherkov yepiskopi tomonidan oliy navli zaytun yog‘iga oq uzum vinosi, atirgul yaproqlari, binafsha, zanjabil ildizlari, muskat, atirgul, chinnigul va limon moylari kabi mahsulotlarni qo‘shib qaynatish orqali tayyorlanadi.
Cho‘qintirilgan bolaning, muqaddaslashtirilgan yog‘ (xushbo‘y miro moyi) bilan, vujudining turli joylariga surtish marosimi. U Sharq cherkovlarida cho‘qintirilgandan darhol keyin, G‘arb cherkovlarida esa keyinroq qilinadi. Pravoslavlarda cho‘qintirish bilan konfirmatsiya orasida yaqin bir bog‘liqlik bo‘lganligi uchun ularning ketma–ket qilinishi afzal, deb bilinadi. Katoliklarda esa, mazkur marosim bola sakkiz yoshga to‘lgachgina amalga oshiriladi. Bunda, miro surtilayotgan kishining peshona, yonoq, og‘iz qismi, yelkalari va qorniga xoch shaklida suriladi. Protestant yo‘nalishlari esa mazkur marosimni yo umuman rad etadilar, yo bo‘lmasa uni “sirli” deb tan olmaydilar.

Milodning I asri o‘rtalarida qator diniy aqidalar bo‘yicha qizg‘in bahslar olib borilgan va ular xristianlikda turli yo‘nalishlarning shakllanishiga sababchi bo‘ldi. Buning ta’sirida cherkovda qator ajralishlar – sxizmalar – vujudga keldi. Natijada xristianlik tarkibida raqobat qiluvchi xristianlikning ko‘rinishlari bo‘lmish “e’tiqodlar” (diniy talimotlar) vujudga keldi. Milodning V – VII asrlardayoq, Iso Masih shaxsining ilohiylik va insoniylik jihatlari mutanosibligini aniqlashga bag‘ishlangan xristologik bahslar davomida, imperiya cherkovidan bir necha yo‘nalishlar paydo bo‘ladi, ular orasida monofizitlar va nestorianlar nisbatan keng hududlarga tarqalib xozirga qadar saqlanib qolishga erishdi.
1054 yilda xristianlik dini doirasida ilk yirik bo‘linish ro‘y berib, natijada pravoslav (Sharqiy xristianlik) va katolik (G‘arbiy xristianlik) cherkovlari yuzaga keldi.
Pravoslavlik tarixan xristianlikning sharqiy yo‘nalishi sifatida shakllandi. Asosan Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Bolqon yarim orolida joylashgan mamlakatlarda tarqalgan. Nomlanishi (yunoncha orthodoxia – “to‘g‘ri e’tiqod” tushunchasining rus tiliga tarjimasida – Pravoslavlik) ilk bor II asrda xristian mualliflari asarlarida uchraydi. Uning marosimlari, aqidalari va ta’limoti u hukmron davlat dini bo‘lgan Vizantiyada IV–XI asrlarda shakllandi.
Pravoslavlik ta’limoti asoslarini Muqaddas kitob (Bibliya) va Muqaddas rivoyatlar (IV–VIII asrlarda o‘tkazilgan Butun Olam Soborlari qarorlari va Aleksandriyalik Afanasiy, Buyuk Vasiliy, Grigoriy Bogoslov, Ioann Damaskin, Ioann Zlatoust kabi nufuzli cherkov ilohiyotchilari asarlari) tashkil etadi. Ushbu cherkov Otalari ta’limotning asosiy qoidalari va talablarini yaratishdi.
Pravoslavlikda sirli marosimlar muhim o‘rin egallaydi, cherkov ta’limotiga ko‘ra, ularning davomida Xudo tomonidan alohida savoblar nozil bo‘ladi. Cherkov yetti sirli marosimning barchasini tan oladi.
Pravoslavlik cherkovi bayramlar va ro‘za tutishlarga katta ahamiyat beradi. Odatda katta cherkov bayramlari arafasida ro‘za tutiladi. Uning mohiyati “inson ruhining poklanishi va yangilanishi”, diniy hayotdagi muhim hodisaga tayyorlanishdan iborat. Rus pravoslavligida uzoq vaqt davom etadigan ro‘zalar soni to‘rtta bo‘lib, ular Pasxadan avval, Pyotr va Pavel kunlaridan avval, Bibi Maryamning vafoti kunidan avval va Isoning tug‘ilishi kunidan avval tutiladi.
Buyuk bayramlarning ichida Pasxa birinchi o‘rinni egallaydi. Undan so‘ng pravoslavlik dinining o‘n ikki kunlik – o‘n ikki muhim bayrami boshlanadi, ular quyidagilar: Isoning tug‘ilishi (Rojdestvo Xristovo), Olqishlash (Sreteniye), Isoni cho‘qintirish (Kresheniye Gospodne), Iso qiyofasining o‘zgarishi (Preobrajeniye), Isoning Quddusga kirishi (Vxod Gospoden v Iyerusalim), Isoning me’roji (Vozneseniye Gospodne), Muqaddas Ruhning tushishi yoki Troitsa kuni (pyatidesyatnitsa), Isoning xochini tiklash (Vozdvijeniye kresta Gospodnya), Hushxabarning nozil bo‘lishi (Blagovesheniye), Bibi Maryamning tug‘ilishi (Rojdestvo Bogoroditsi), Bibi Maryamning ibodatxonaga kirishi (Vvedeniye vo xram Bogoroditsi), Bibi Maryamning vafoti (Uspeniye Bogoroditsi).
Katoliklik xristianlik dinining eng yirik yo‘nalishi hisoblanadi. “Katolik” so‘zi butun jahon, butun dunyo (umumiy, dunyoviy) degan ma’noga ega. Bu yo‘nalish asosan G‘arbiy, Janubiy–G‘arbiy va Markaziy Yevropa, Pribaltika, Ukraina va Belorussiyaning g‘arbiy hududlarida, Lotin Amerikasi va AQSHda tarqalgan.
Katoliklik tarixida Rim Papalarining yuksalishi va ag‘darilishi, cherkovning ijtimoiy–siyosiy hayotga bo‘lgan katta ta’siri o‘z aksini topadi. Bularga XI – XIII asrlardagi salb yurishlari, “Xudo tobuti” va “Muqaddas Yerni”, ya’ni Falastin hududini, “g‘ayridin”(kofir)lardan ozod qilishlar ham kiradi. Din, e’tiqod bayrog‘i ostida sodir etilgan bu harakatlar aslida Papalar ta’sirini mustahkamlash va kengaytirish hamda cherkov boyligini ko‘paytirish maqsadida uyushtirilgan.
Katoliklik xristian dinining yo‘nalishi sifatida uning asosiy aqidalari va marosimlarini tan olishi bilan birga, ta’limoti, marosimlarni amalga oshirish, tashkil topishida o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Katolik ta’limotining asosini xristianlikda tan olingan Muqaddas kitob – Bibliya va Muqaddas rivoyatlar tashkil etadi. Lekin pravoslav cherkovidan farqli o‘laroq katolik cherkovi ilk yetti Butun Olam Soborlarining qarorlari bilan bir qatorda keyingi soborlarning qarorlarini, bundan tashqari Papalar yo‘llagan noma(maktub)lari va farmonlarini ham Muqaddas rivoyatlar deb tan oladi.
Katolik Cherkovi Tashkiloti jiddiy ravishda markazlashganligi bilan ajralib turadi. Rim Papasi bu__Cherkovning rahbari hisoblanadi. U din va axloq masalalari bo‘yicha qoidalarni belgilaydi. Uning hokimiyati Butun Olam Soborlaridan yuqori turadi. Katolik Cherkovining markazlashganligi rivojlanishning dogmatik (qotib kolgan) tamoyilini tug‘dirdi, xususan, bu tamoyil diniy ta’limotni noan’anaviy ravishda talqin etilishida ifodalanadi. Masalan, Pravoslavlik Cherkovi tomonidan tan olingan e’tiqod timsolining Xudoning uch qiyofasiga bag‘ishlangan aqidasida Muqaddas Ruh Ota–Xudodan kelib chiqadi (taraladi) deyilgan. Katolik ta’limotidagi aqida esa Muqaddas Ruh ham Ota–Xudodan, ham O‘g‘il–Xudodan kelib chiqadi (taraladi) deyiladi. Shu bilan birga, Cherkovning najot ishidagi o‘rni haqida ham o‘ziga xos ta’limot vujudga keladi. Najot asosi imon va ezgu ishlar hisoblanadi.
Katoliklik ta’limotiga ko‘ra, Cherkov zaruriy ezgu, hayrli ishlar xazinasiga – Iso, Bibi Maryam, avliyolar, taqvodor xristianlar tomonidan yaratilgan ezgu ishlar “zaxirasiga” ega (Pravoslavlikda bunday tushuncha yo‘q). Cherkov bu xazinani tasarruf qilish, undan muhtojlarga ulashish, ya’ni gunohlarni avf etish, nadomat chekuvchilarga kechirim tuhfa qilish huquqiga ega. Bu huquq “indulgensiya”lar to‘g‘risidagi ta’limotning, ya’ni pul evaziga yoki cherkov oldidagi xizmatlari uchun gunohlarni kechirishning vujudga kelishiga sabab bo‘lgan. Bundan esa, o‘z navbatida, o‘lganlarga o‘qiladigan ibodatlar qoidalari va ruhning a’rofda (do‘zax va jannat oralig‘idagi joy) turish muddatini qisqartirish bilan bog‘liq Papaning huquqi kelib chiqadi. A’rof haqidagi aqida faqat katolik ta’limotida mavjud. Gunohi katta bo‘lmagan gunohkorlarning ruhi u yerda o‘tda kuyadi (ehtimol, vijdon va nadomat azobining ramziy in’ikosidir), keyin jannatga yo‘l topadi. Ruhning a’rofda bo‘lish muddati o‘lganning yaqinlari tomonidan qilinadigan ezgu ishlar tufayli qisqartirilishi (ibodat va cherkov foydasiga xayr–ehson qilish bilan) mumkin.
A’rof haqidagi ta’limot I asrdayoq vujudga kelgan. Pravoslavlik va Protestant Cherkovlari uni rad etadilar.
Bulardan tashqari Pravoslavlik diniy ta’limotidan farqli o‘laroq Katoliklikda 1870 yilda Vatikanda o‘tkazilgan 1–soborda qabul qilingan Papaning begunohligi va 1854 yilda e’lon qilingan Bibi Maryamning bokiraligi haqidagi aqidalar mavjud. G‘arb Cherkovining Bibi Maryamga bo‘lgan alohida e’tibori 1950 yilda Papa Piy XII tomonidan Bibi Maryamning meroji haqidagi aqidaning e’lon qilinishida o‘z aksini topadi.
Katolik ta’limoti Pravoslavlik ta’limoti singari yetti sirli marosimni tan oladi, ammo ularning talqinlarida farqlar mavjud. Masalan, “non va vino totish” marosimi katoliklarda xamirturush solinmagan non tamaddi qilish (Pravoslavlikda xamirturushli non bilan), ruhoniy bo‘lmagan dunyoviy kishilarga non va vino bilan, ba’zida esa faqat non bilan amalga oshiriladi. Cho‘qintirish sirli marosimini o‘tash paytida cho‘qintiriluvchi suvga botirilmaydi unga suv sepiladi. Miro surtish (konfirmatsiya) marosimi go‘daklik yoshida emas, balki 7 – 8 yoshlik paytida amalga oshiriladi. Bu marosimda bolaga o‘zi tanlagan yana bir ism beriladi, bola ism bilan birga avliyoning timsoli, amallari va g‘oyalarini ongli ravishda qabul qiladi va ularga rioya qilishni niyat qiladi. Shunday qilib bu marosimning o‘tkazilishi imon mustahkamlanishiga xizmat qilishi lozim. Pravoslavlikda nikohsizlik rusumini faqat kora ruhoniylar (monaxlar) qabul qiladi. Katoliklarda esa oila qurmaslik (selibat), Papa Grigoriy VII tomonidan o‘rnatilgan bo‘lib, barcha ruhoniylar uchun majburiydir.
Din markazi cherkovdir. O‘rta asrlar oxirida Yevropada tarqalgan arxitekturaning Gotika uslubi katolik cherkovining rivojlanishi va mustahkamlanishiga ko‘maklashdi. Bayramlar va ro‘za tutishlar (postlar) dindorlar maishiy hayotini tartibga soluvchi marosimlarning muhim elementlaridir.
Rojdestvo katoliklarda “advent” deb ataladi. U avliyo Andrey kunidan keyingi birinchi yakshanbada – 30 noyabrda boshlanadi. Isoning tug‘ilishi bayrami – eng tantanali bayramdir. Bayram yarim tundagi, ertalabki va kunduzgi uch ibodat bilan nishonlanadi va Iso Masihning Ota–Xudoning ko‘ksidan, Bibi Maryamning qornidan, dindorning ko‘nglida ramziy ma’noda tug‘ilishini anglatadi. O‘sha kuni ta’zim qilish uchun exromlarda go‘dak Isoning haykalchasi qo‘yilgan belanchaklar o‘rnatiladi.
Katolik iyerarxiyasida uch darajadagi ruhoniylar bor: diakon, ruhoniy (kyure, pater, ksendz), yepiskop. Yepiskopni Papa tayinlaydi. Papani kardinallar yig‘ilishi (kollegiyasi) saylaydi. II Vatikan soborida (1962–1965 yillar) cherkov hayotining barcha jabhalarini yangilash, zamonaviylashtirish jarayoni boshlandi. Bu jarayon birinchi navbatda ibodat an’anasini o‘zgartirdi. Masalan, ibodatni faqat lotin tilida olib borishdan voz kechildi.
Protestantlik. Yevropa mamlakatlarida Katoliklikda kechayotgan jarayonlarga qarshi qaratilgan reformatsiya (lotincha reformatio – qayta tashkil qilish, o‘zgartirish) harakati natijasida vujudga keladi. Reformatorlar Katoliklik amallarini Injil ideallaridan qaytish deb talqin qiladilar. Oksford universiteti professori J.Viklif (1320–1384) Rim Papalarining Angliyadan olinadigan soliqlariga qarshi chiqdi, ingliz cherkovining fuqarolar ishlari bo‘yicha Angliya qiroliga bo‘ysunishi lozimligi va Muqaddas kitobning cherkov rivoyatlaridan ustunligi to‘g‘risidagi g‘oyalarini ilgari surdi. Bu g‘oyalarni ingliz “lollardlari” –“kambag‘al ruhoniylari” qo‘llab–quvvatladilar. Praga universiteti professori Yan Gus (1369–1415), J.Viklif g‘oyalaridan ta’sirlanib, cherkov boyliklaridan voz kechishi kerakligini targ‘ib qildi, cherkovga katta daromad keltiradigan va, Yan Gus fikriga ko‘ra, dindorlar ongini buzuvchi indulgensiyalarning sotilishiga qarshi chiqdi. Bu qarashlari uchun u 1415 yilda Konstans sobori qaroriga binoan gulxanda kuydirildi. Bu hodisadan norozi bo‘lganlar gusitlar harakatiga qo‘shildilar. Bu harakt rasmiy cherkov siquviga 11 yil davomida (1420–1431) bardosh berib, 1443 yilning noyabr oyida Bazel shahrida o‘tkazilgan soborni gusitlarga yon berishga majbur qildi.
Protestantlik dunyoviy kishilarni ruhoniylardan ajratmaydi, bu ta’limotga ko‘ra, barcha dindorlar ruhoniydir. Sirli marosimlardan faqat cho‘qintirish va non bilan tamaddi qilishni tan oladi. Dindorlar Rim Papasiga bo‘ysunmaydilar. Ibodat va’z o‘qish, birgalashib ibodat qilish va diniy qo‘shiqlar (psalomlar) aytishdan iborat. Protestantlar Bibi Maryamni, a’rofni tan olmaydilar, tarkidunyochilik, cho‘qintirish, ruhoniylar kiyadigan kiyimlarni, ikonalarni rad etadilar.
Yan Gus kuydirilgandan yuz yil keyin Germaniyada Vittenberg universiteti professori Martin Lyuter (1483–1546) Protestantlar Cherkov asoslarini yaratadi. U ham indulgensiya sotilishini tanqid qiladi, shaxsiy e’tiqod bilan najot topish g‘oyasini ilgari suradi, a’rof haqidagi aqida, o‘lganlar uchun qilinadigan ibodatning kuchi hamda avliyolar xizmatlari evaziga najot topilishiga shubha keltiradi; monaxlar tarkidunyochiligini diniy hayotning namunasi deb tan olmadi, “diniy askeza” shiorini ilgari surdi. M.Lyuter diniy–axloqiy jihatdan mehnatni qadrlash lozimligi g‘oyasini ilgari surdi. Lyuter reformatsiyasi erkin tadbirkorlik madaniyatining shakllanishiga asos solganligi, uning tarixiy ahamiyatini belgilaydi. Lyuterning fikricha, inson va Xudo o‘rtasida bevosita aloqa bo‘lishi mumkin.
1517 yilning 31 oktyabrida Lyuter Vittenberg cherkovi eshigiga gunohlarning kechirilishiga bag‘ishlangan nomani qoqib qo‘yadi, u 95 mulohazadan (tezisdan) iborat bo‘lib, Katoliklikni isloh qilish g‘oyalaridan tarkib topgan.
Lyuter ta’limoti Protestantlikdagi yo‘nalishlardan biri – lyuteranlikka asos soldi. Bu ta’limotga ko‘ra, odamlar vijdoni va tavba–tazarruni ongli ravishda va muntazam nazorat qilishlari lozim. Yuqorida qayd etilgan 95 mulohazalardan birida M.Lyuter tavba–tazarru faqatgina ruhoniyga istig‘for keltirishdan iborat emas deydi; boshqa mulohazalarida esa haqiqiy tavba–tazarru bir karra istig‘for keltirish emas, balki uzoq davom etadigan jarayon ekanligini qayd etadi. Lyuteranlar Papa o‘zi buyurgan yoki cherkov nizomida belgilangan jazolardan ozod qilishi mumkin, ammo cherkov insonni__ xudoning jazosidan ozod qilolmaydi. Papaning a’rof ustidan hokimlik qilishi quyidagi mulohazalarga ko‘ra rad etiladi: “Istig‘for keltirish qonunlari (ya’ni tavba keltiruvchilarga qanday jazo choralari ko‘rilishi haqidagi qarorlar) tirik odamlar uchun belgilanadi”, o‘lganlar esa endi xudoning ixtiyoridadir. Indulgensiyalarni sotib olishning befoydaligini M.Lyuter shunday asoslaydi: “Xudo chin ko‘ngildan tavba qiluvchilarning gunohidan kechadi, abadiy qiynoqlardan ozod qiladi, osiy bandalar Papaning yorlig‘isiz ham bundan umid qilishlari mumkin”. Dinsizlarga ham indulgensiyaning keragi yo‘q, chunki ular u dunyoda jazolanishiga ishonmaydilar. Chin ko‘ngildan tavba qiluvchi kishi, xudoning qahridan qochmaydi, deydilar lyuteranlar.
Lyuteranlik Germaniya, Daniya, Norvegiya, AQSHda tarqalgan. Dunyodagi 408 mln. protestantlar ichida lyuteranlar 75 mln.ni tashkil etadi. Ularning faoliyati 1947 yili tashkil etilgan Jahon lyuteranlar ittifoqi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Buyuk mutafakkir olim Abu Rayhon Beruniyning yozishicha, xristianlar ilk bor Marv (hozirgi Turkmaniston hududida Mari) ga Iso Masixning tavalludvdan so‘ng 200 yil o‘tib kela boshlagan59. Ilmiy manbalarda Markaziy Osiyoga xristianlik milodning III asrvda sosoniylar hukmronlik qilgan Eron orqali kirib kelgani kayd etiladi. So‘g‘d o‘sha davrlarda Eronning satraplaridan biri bo‘lgan. Dastlabki xristian jamoalari Xorazm, Marv va Samarqand kabi shaharlarda vujudga kelgan bo‘lib, ular asosan nestorianlar va melkitlardan iborat bo‘lgan60.
Arab istilosi davrida mintaqada islom lini keng tarqala boshlashi bilan o‘z mavqeini yo‘qotgan xristianlik, asosan, pravoslavlik, XIX asrning o‘rtalarida chor Rossiyasi tomonidan Urta Osiyo istilo qilingandan so‘ng qayta jonlangan. Ushbu davrda Turkistonga pravoslavlik bilan bir qatorda katolik va protestantlikning ayrim yo‘nalishlari kirib kela boshlagan.
Birinchi jahon urunsh vaqtida Turkistonga vengr, polyak, avstriya millatiga mansub asirlarning olib kelinishi o‘lkada xristianlarning soni ortishiga sabab bo‘lgan. Asta-sekin Yevropa millatlariga mansub shaxslarning diniy mansubligi asosida tuzilgan yurtdoshlik uyushmalari shakllanib, ularning faoliyati 1920 yillarning oxiriga qadar kuzatilgan.
Sho‘rolar xukumati davrida O‘rta Osiyo respublikalarida xristian liniy tashkilotlari bopsha liniy konfessiyalar kabi davlat bilan o‘zaro munosabatlarida murakkab davrlarni, ateistik tuzumning ayovsiz ta’qibi va qatag‘on siyosatini bonshdan kechirgan.
Mustaqillik yillari O‘zbekistonda diniy erkinliklar qonun bilan kafolatlandi. 2022 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, respublikada xristian yo‘nalishiga mansub 171 ta diniy tashkilot rasman faoliyat ko‘rsatmoqda.

Xristianlik dini

Tarixiy Obidalar

Virtual Sayohat

«Svyato - Aleksiyevskiy Sobor»

«Svyato - Aleksiyevskiy Sobor» nomli Rus pravoslav cherkovi. Samarqand viloyati

"Xram v chest Pokrova Bojiyey Materi"

"Xram v chest Pokrova Bojiyey Materi" nomli Rus pravoslav cherkovi. Samarqand viloyati

«Armyanskaya Apostolskaya Bogorodisi»

«Armyanskaya Apostolskaya Syerkov Svyatoy Bogorodisi» cherkovi. Samarqand viloyati

"Xram v chest Pokrova Bojiyey Materi"

"Xram v chest Pokrova Bojiyey Materi" nomli Rus pravoslav cherkovi. Samarqand viloyati

«Rimsko-Katolicheskiy»

«Rimsko-Katolicheskiy Prixod Svyatogo Ioanna Krestitelya» cherkovi. Samarqand viloyati

"Vera" Injil xristianlari cherkovi

"Vera" nomli To'liq Injil xristianlari cherkovi. Samarqand viloyati

Yettinchi kun Adventistlar cherkovi

Yettinchi kun Adventistlar xristian cherkovi. Samarqand viloyati

"Xram Svyatogo Velikomuchenika"

"Xram Svyatogo Velikomuchenika i Tselitelya Panteleimona" nomli Rus pravoslav cherkovi. Qoraqalpog'iston Respublikasi

"Prixod Presvyatoy Marii materi miloserdiya"

"Prixod Presvyatoy Marii materi miloserdiya" nomli Rim katolik cherkovi. Xorazm viloyati

«Xram Pravednogo Mnogostradal nogo»

«Xram Pravednogo Mnogostradalnogo» cherkovi. Xorazm viloyati

Avliyo Apostol Andrey nomli Rim katolik cherkovi

Avliyo Apostol Andrey nomli Rim katolik cherkovi. Buxoro viloyati

Xram Arxangela Bojiya Mixail cherkovi

Xram Arxangela Bojiya Mixail cherkovi. Buxoro viloyati

Scroll to Top