Buddaviylik dini
Buddaviylik dini
Tarix
Buddaviylikning kelib chiqishi. Diniy–falsafiy ta’limot sifatida vujudga kelgan buddaviylik bugungi kunda e’tiqod qiluvchilar soniga ko‘ra, xristianlik, islom dinidan keyingi o‘rinda turadigan jahon dinlaridan biri hisoblanadi. Buddaviylik milodning I asrida Xitoyga tarqalgan bo‘lsa, IV asrda Koreyaga, VI asrda Yaponiyaga, VII asrda Tibetga yoyildi. Shunday bo‘lsa–da, XII–XVI asrlarda Mo‘g‘ulistonga, XVI–XVII asrlarda Buryatiya va Tuvaga, XIX–XX asrlarda Amerika va Yevropa qit’asiga kirib bordi. XII–XIII asrlarda Hindistonning Shimoliy hududida boburiylar sulolasi xukmronligi o‘rnatilishi va islomning tarqalishi, qolgan hududlarda hinduiylik dinining to‘la qaror topishi natijasida buddaviylik o‘zi paydo bo‘lgan Vatani Hindistondan siqib chiqarilganini alohida qayd etish lozim. Buddaviylik miloddan avvalgi VI–V asrlarda Shimoliy Hindistonda vujudga keldi. Bu davrga kelib ko‘p xudolikka asoslangan vedachilik, braxmanlik, jaynizm yangi ijtimoiy sharoitga javob bera olmay qolgan edi. Buddaning bo‘ysunish va itoatkorlik, azob–uqubatlardan qutulishning asosiy yo‘li, aql farmoniga bo‘ysunish orqali inson oliy saodatga erishishi mumkinligi haqidagi g‘oyalari o‘sha davr ijtimoiy–siyosiy va ma’naviy hayotini yorqin aks ettirar edi. Tripitaka – Siddxarta Gautama vafoti (nirvana erishgan)dan so‘ng qisqa vaqt o‘tib (mil.av. V-III asrlar) yaratilgan buddizm muqaddas matnlari to‘plami. U ko‘p asrlar davomida og‘zaki shaklda bo‘lib keldi. Miloddan avvalgi 29 yil Shri Lankada bo‘lib o‘tgan “IV Buddistlar sobori”da avloddan-avlodga og‘zaki ko‘rinishda o‘tib kelayotgan Tripitakaning yozma holatga keltirishga qaror qilindi. Buddizm dini tarafdorlari orasida ulkan miqdordagi matnlarni o‘z ichiga olgan Tripitakaning bir necha variantlari mavjud. Ularning ichidan eng mashhuri va keng qo‘llaniladigani Xinayana yo‘nalishiga mansub “Pali qonunlari” (Tripitakaning nomlaridan biri) hisoblanadi.



Buddaviylik miloddan avvalgi VI–V asrlarda Shimoliy Hindistonda vujudga keldi. Bu davrga kelib ko‘p xudolikka asoslangan vedachilik, braxmanlik, jaynizm yangi ijtimoiy sharoitga javob bera olmay qolgan edi. Buddaning bo‘ysunish va itoatkorlik, azob–uqubatlardan qutulishning asosiy yo‘li, aql farmoniga bo‘ysunish orqali inson oliy saodatga erishishi mumkinligi haqidagi g‘oyalari o‘sha davr ijtimoiy–siyosiy va ma’naviy hayotini yorqin aks ettirar edi.
Buddaviylikning asoschisi Siddhartha (sanskritcha “ezguliklar keltiruvchi”) Gautama Shak’yamuni (mil. av. 567–488 y.) real tarixiy shaxs bo‘lib, Hindiston va Nepal chegarasidagi Kapilavasta viloyatining Shak’ya qabilasi hukmdori oilasida tug‘ilgan. Manbalarda uning ot minish, ov qilish, yugurish, kurash, she’r o‘qish, husnixat va boshqa sohalarda mahoratli bo‘lgani, bilimlarni oson o‘zlashtirgani uchun donishmandlar unga saboq berishga ojiz qolganlari qayd etiladi.
Azob–uqubat, kasallik, qarilik va o‘lim haqidagi haqiqatlardan ogoh bo‘lgan Siddhartha umrini inson boshiga tushadigan azob–uqubatlar sabablarini o‘rganish va insoniyatni ulardan xalos qilish uchun bag‘ishlashga qaror qilib, 29 yoshida oilasini tark etadi va sayyor darveshlarga qo‘shiladi. Olti yil davomida Ganga daryosi qirg‘oqlarida rohiblar orasida zohidona hayot kechiradi. Siddhartha bu yo‘l uni o‘z oldiga qo‘ygan maqsad, ya’ni insoniyatni azob–uqubatdan qutqarish sari olib bormasligi, tana faolligini so‘ndirish haqiqat yo‘li emasligiga amin bo‘lgach, rohiblar jamoasidan ajraladi.
Rivoyat qilinishicha, Siddhartha 35 yoshida mediatatsiya (lotincha – fikrlash, o‘ylash, diqqatni bir joyga to‘plab, ongini oliy haqiqatga erishish g‘oyasiga qaratish) uchun bir daraxtning ostida dam olib o‘tiradi va haqiqatni topmaguncha u yerdan turmaslikka qaror qiladi. Bu o‘tirishning 49 kuni uning qalbidan “Sen haqiqatni topding” degan sado keladi. Uning ko‘z oldida butun borliq namoyon bo‘ladi. U hech bir joyda osudalik yo‘qligini, hamma joyda shoshilish, intilish, harakatni ko‘radi. Hayot nihoyasiz uzoqlikni ko‘zlab o‘tib ketayotgani, yashash, mavjud bo‘lish umidi barchaning tinchini buzib, halok qilayotgani va yana qayta yaratayotganini anglab yetadi. Siddhartha maqsadiga erishib, koinotning barcha sir–asroridan voqif bo‘lgach, “Budda” (sanskritcha – xotirjam, nurlangan, oliy haqiqatga erishgan)ga aylangan, deb e’tirof etiladi. Shundan kelib chiqib, Budda soyasida dam olgan daraxt “boddxa” (sanskritcha – nurlangan daraxt) deb ataladi. Budda umrining so‘nggi kunlarigacha Hindistonning turli joylarida bo‘lib, o‘z ta’limotini kishilarga yetkazishga harakat qildi va 80 yoshida dunyodan o‘tadi. Buddaning jasadi kuydirilib, xoki sakkiz buddaviy jamoaga yuborildi. Uning hoki dafn etilgan joylarda ibodatxona (“stupa” – sanskritcha qabrlar qo‘rg‘oniga ko‘tarilishdagi inshoot turi, murda saqlanadigan joy)lar barpo etildi.
Buddaning hayoti bilan bog‘liq ko‘plab voqealarga afsonaviy tus berilgan. Xususan, rivoyatlardan birida keltirilishicha, Budda 84 marta ruhoniy, 58 marta shoh, 24 marta rohib, 13 marta savdogar, 18 marta maymun, 12 marta tovuq, 8 marta g‘oz, 6 marta fil, shuningdek, baliq, qurbaqa, kalamush, quyon qiyofalarida 550 marta qayta tug‘ilgan. So‘nggi marta xudolar uni insoniyatni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi uchun inson qiyofasida yaratganlar.
Hind podsholari Magadxi Bimbisare va Ajatashatruning buddaviylikni qabul qilishi, keyinchalik imperator Ashoka va Kanishkaning qo‘llab–quvvatlashi natijasida buddaviylik davlat dini darajasiga ko‘tarildi. Buddaviy rohiblar jamoasi – “sangha” shakllandi.
Ma’lumki, braxmanlik va hinduiylikda kishilar “kasta”larga bo‘linib, odamlar “past” va “oliy” tabaqaga ajratilgan. Bundan farqli ravishda Budda “inson kim bo‘lishidan qat’i nazar, tug‘ilishda teng huquqlidir, biri ikkinchisidan ortiq emas”, degan g‘oyani ilgari surdi.
Buddaning shogirdlari Yer yuzida birinchi rohiblar, keyinchalik rohibalar jamoasi – “sangha”ni (bungacha ayollar ibodatxonaga jalb etilmagan) tashkil etdilar. Imperator Ashoka davrida “Txeri–gatxa” (sanskritcha – “Rohibalar qo‘shig‘i”) nomli tartib–qoidalar va axloqiy me’yorlar kitobi yozilishi esa bu jarayonni yanada mustahkamladi.
Umuminsoniy g‘oyalarning targ‘ib etilishi hamda har bir millatning Budda ta’limotini o‘z tilida o‘qib–o‘rganishi mumkinligi buddaviylikning turli hududlarga tarqalishiga zamin yaratgan. Milodning birinchi asrlarida buddaviylik butunlay boshqacha tus oladi. Budda ilohiylashtirilib, xudo darajasiga ko‘tariladi va unga sig‘iniladi.
Budda bilim orqali azob–uqubatlardan qutulish mumkinligini uqtirgan. Buddaviy donishmandlar fikricha, har bir inson juda ko‘p ezgu va yaxshi ishlar qilish orqali Buddaga aylanishi mumkin
Buddaviylik qadimiy hind diniy-falsafiy ta’limotlari ta’sirida shakllanganini alohida qayd etish lozim.
Buddaviylikda o‘sha davrda ham ustuvor bo‘lgan kasta tizimi va unda ruhoniylarning boshqalardan ustunligi haqidagi qarashlar va amaliyot ham inkor qilingan. Bular Buddaning “O‘zingga ozor yetmasin desang, o‘zgalarga ozor berma, boshqalarga ozor bersang, o‘zing ham ozor chekasan. Hirsu havas barcha baxtsizliklarning sababchisidir. Vaqt o‘tishi bilan hamma narsa o‘zgaradi, shuning uchun, hech narsaga ortiqcha ko‘ngil bog‘lama, ko‘ngilni toza tut, haqiqat va boqiy saodat izla. Yomonlik qilma, gunohdan saqlan. Hamisha yaxshilik qil. Boshqalarni sevsang, o‘zing ham, boshqalar ham baxtli bo‘lishadi. O‘zgalarning aytganlarini rad etma va qoralama, o‘zni baxtli qilish uchun o‘zgalarni baxtsiz qilish insofdan emas”, degan so‘zlarida teran aks etgan.
Buddaviylik ta’limotining o‘ziga xos jihatlar barcha jonli narsalarga muhabbat bilan qarashning targ‘ib etilishida, aql ko‘rsatmalariga qat’iy bo‘ysunish va hissiyotga berilmaslikda ham aks etgan.
Buddaviylikda olamlar va ularga xos xususiyatlar haqidagi qarashlar muhim o‘rin egallaydi. Budda ta’limotiga ko‘ra, olam uch bosqichli bo‘lib, uning birinchisi – eng yuqori mutlaq osoyishtalik hukm suradigan “nirvana” (sanskritcha – so‘lish, o‘chish) olamidir. Unda inson barcha tashvishlardan xalos bo‘ladi, hech bir istak–xohish, ehtiroslarga o‘rin qolmaydi. “Nirvana”da ruh – “sansara” (sanskritcha – kezish, ko‘chib yurish, o‘zgarish) kishanlaridan to‘la ozod bo‘lib, oliy maqomga erishadi. Donishmandlar “nirvana”ni inson bilimlari doirasidagi sabab–oqibat “dharma” (sanskritcha – qonun, burch, haqiqat, narsa, holat) oqimi to‘xtab, ruhning nomunosib va ezgu bo‘lmagan amallardan xoli bo‘lgan holati, deb izohlaydilar.
Ikkinchi olam – “rupaloka” (sanskritcha – jannat) “boddhisattvalar” (sanskritcha – mohiyati bilim bo‘lgan inson) istiqomat qiladigan joy hisoblanadi. Unda jannatning yaratuvchisi, Buddaning biri – Amitabha hukmronlik qiladi. Bu yerda savob ishlari tufayli ruhi gunohdan ozod bo‘lgan va “nirvana”ga ko‘tarilish huquqiga ega bo‘lgan insonlar yashaydi.
Uchinchi olam – “kamaloka” (sanskritcha – do‘zah) eng quyi olamdir. Bu yerda odamlar va hayvonlar yashaydi. Olamning bu qismida ruh qafasda yashaydi. Ruh ozod bo‘lishi va yuqori olamga ko‘tarilishi uchun inson savobli ishlar qilishi lozim bo‘ladi. Chunki jon qafasdan qutulishga va yuqori olamda yashashga intilsa ham, gunohlari tufayli ko‘tarila olmaydi. Buddaga e’tiqod tufayli insonning joni bir necha marta tug‘ilishdan keyin jannatga va undan keyin “nirvana”ga ko‘tarilishi mumkin. Yovuz insonning ruhi quyi olamda azoblanaveradi va yuqori olamga ko‘tarila olmaydi. Inson qancha yovuz bo‘lsa, uning ruhi qayta tug‘ilishida yana quyi olamga tushadi, ya’ni buddaviylik ta’limotiga ko‘ra, o‘lim insonni hayot azob–uqubatlaridan xalos eta olmaydi.
“Nirvana”ga o‘tish har bir kishining irodasiga bog‘liq bo‘lib, buddaviylikka astoydil e’tiqod qilganlar ikkinchi olamga ko‘tarilishlari, gunohkor kishilarning jonlari qafas ichida qolishi, nafsga berilganlar do‘zaxga tushishlari mumkin.
“Sansara”ning og‘ir azob–uqubatlaridan qayta tug‘ilishlardan so‘ng “arxat” (sanskritcha – haqiqatni anglash, qalb ko‘zining ochilishi, tushunish va sukut saqlash) holatiga erishgan kishilargina xalos bo‘lishi mumkin. Kishilar qayta tug‘ilishi natijasida turli mavjudot qiyofasi (o‘simlik, hayvon, inson)da namoyon bo‘lishi mumkin. Chunki buddaviylikka ko‘ra, inson o‘limidan keyin ham qayta tug‘iladi. “Sansara”ni yengib o‘tganlar “arxat” holatiga erishib, bu dunyo qiyinchiliklaridan xolos bo‘ladilar. “Arxat”ga erishish va undan “nirvana”ga o‘tish uchun “najotning olijanob sakkiz yo‘li”ni bosib o‘tish lozim bo‘ladi.
Buddaviylik zaminida “Budda”, “dxarma” va “sangha” (sanskritcha – rohiblar jamoasi, “oliy haqiqat”ga yetishgan avliyolar)ga e’tiqod yotadi. “Budda” oliy haqiqatga yetish timsoli bo‘lsa, “dxarma” Siddhartha Gautama qoldirgan “to‘rt oliy haqiqat”, “sangha” u asos solgan va hozirgacha faoliyat ko‘rsatib kelayotgan rohiblar jamoasi hamda “oliy haqiqat”ga yetishgan avliyolarni anglatadi.
Buddaviylikda Buddaga ergashib, “dxarma” talablarini bajarish va “sangha” jamoasi a’zosi bo‘lish talab etiladi. “Sangha” muqaddaslik va qudrat timsoli bo‘lib, rohiblar jamoasiga qabul qilingan shaxs ma’lum amallarni bajarishi va belgilangan qat’iy qoidalarga amal qilishi lozim bo‘lgan. Jumladan, tirik mavjudotlarni o‘ldirmaslik, yolg‘on so‘zlamaslik, o‘g‘rilik qilmaslik, zinoga yo‘l qo‘ymaslik, mast qiluvchi ichimlik ichmaslik, kunning ikkinchi yarmidan to ertangi sahargacha ovqat tanovul qilmaslik, kiyimdan ortiq hech narsa bilan tanani bezamaslik, dunyo lazzatlaridan o‘zini tiyish, baland va yumshoq o‘rinda yotmaslik, pul ishlatmaslik kabi axloqiy talablarni ado etishga qasamyod qilgan va unga rioya etganlargina rohiblar jamoasiga qabul qilingan.
Buddaning “to‘rt haqiqati”. Budda ta’limotining asosida “hayot – bu azob–uqubat” va “najot yo‘li mavjud” degan g‘oyalar yotadi. Inson o‘ziga xos mavjudot bo‘lib, tug‘iladi, o‘zini–o‘zi halok qiladi yoki qutqaradi. Bu g‘oyalar Buddaning ilk da’vatida ta’riflangan “to‘rt oliy haqiqat” haqidagi qarashlarda o‘z ifodasini topgan.
“Azob–uqubat haqidagi haqiqat”. Buddaviylikka ko‘ra, har bir tirik jon azob–uqubatni boshidan kechiradi. Shuning uchun ham, har qanday dunyoviy hayot qiynoq, azob–uqubatdir. Tug‘ilish – qiynoq, kasallik – azob, o‘lim – kulfat, qiyinchilikka duch kelish – mashaqqat, baxtsizlik, umidsizlik – azob, sevmagan kishi bilan yashash – azob, suyukli odamingdan ajralib qolish – g‘am, astoydil xohlagan narsangga erisha olmaslik – azob, orzu–havasga yetolmaslik – azob–uqubat.
“Azob–uqubat sabablari haqidagi haqiqat”. Inson moddiy narsalar yoki ma’naviy qadriyatlarni haqiqiy va doimiy, deb hisoblagani uchun ularga ega bo‘lishga intiladi. Bu intilish hayot davomiyligiga olib keladi. Yaxshi yoki yomon niyatlardan tuzilgan hayot daryosi orzu va intilishlar sababli kelajak hayot uchun “karma” hozirlaydi. Inson o‘z nafsining xohish–istaklariga asir bo‘lgani uchun azob–uqubat girdobida qoladi. Demak, qayta tug‘ilish va yangi qiynoqlarga duchor bo‘lish davom etadi. Aksariyat buddaviy donishmandlar fikricha, Buddadan boshqalar “nirvana” holatiga erisha olmaganlar.
“Azob–uqubatlardan xalos bo‘lish haqidagi haqiqat”. Har qanday o‘y– niyat, orzu–havas va intilishlardan butunlay voz kechish “nirvana” holatiga olib boradi. Bu holatda inson qayta tug‘ilishdan to‘xtaydi. Buddaviylar “nirvana” ruhning oliy holati, deb hisoblaydilar. “Nirvana”da “hayot g‘ildiragidan” ajralish ro‘y beradi, ya’ni kishi barcha g‘am–tashvishlardan xoli bo‘ladi, istagi ham, tuyg‘usi ham, ehtiroslari ham ahamiyatsiz bo‘ladi.
“Azob–uqubatlardan qutulishning najot yo‘llari haqidagi haqiqat”. Budda “xaloskorlikning ajoyib sakkiz yo‘li”ga amal qilish orqali azob–uqubatlardan qutulish mumkinligini ta’kidlagan. Budda ularni quyidagicha talqin etadi:
– to‘g‘ri maslak (dunyoqarash). “To‘rt oliy haqiqat”ni bilish, idrok etish va unga ishonish;
– to‘g‘ri maqsad. Ta’magirlik, nafs, hirs, badxulqlik, bag‘ritoshlik hislaridan xoli bo‘lish, dunyoviy huzur–halovatdan xalos bo‘lish, keraksiz fikrlar va boshqalarga zarar yetkazib qo‘yishdan saqlanishga intilish;
– to‘g‘ri so‘z. Yolg‘on, tuhmat, haqorat, manmanlikdan xoli bo‘lish, befoyda gaplardan saqlanish;
– to‘g‘ri sa’y–harakat. O‘lim (qon to‘kish), o‘g‘irlik, zinodan saqlanish, o‘ziniki bo‘lmagan narsaga ko‘z olaytirmaslik, ortiqcha hissiyotga berilmaslik, o‘zidagi yomon tuyg‘ularni jilovlash hamda ezgu tuyg‘ular va harakatlarni rivojlantirish;
– to‘g‘ri turmush tarzi. Noma’qul hayot tarzidan saqlanish, g‘ayriixtiyoriy harakatlarsiz, birovlarga ziyon yetkazmay yashash;
– to‘g‘ri intilish. Erishilgan muvaffaqiyatlarni rivojlantirish, xaloskorlik yo‘lida yig‘ilgan tajribani asrashga erishish yo‘lida tinmay harakat qilish;
– to‘g‘ri fikrlash (diqqat–e’tibor). Tanaga, hissiyotga, ong va ruhiy holatlarga diqqat–e’tibor qaratish, ularning mohiyatini aniq belgilash, ehtiros va iztiroblarga chek qo‘yish,
– to‘g‘ri mulohaza (o‘z fikr–xayollariga cho‘mish). Hissiy holatlarni tark etish, ko‘tarinki, yuksak bilim va mantiqiy tafakkurga ega bo‘lgan birinchi “bilish bosqichiga” qadam qo‘yish, kundalik hayot tashvishlaridan qutulib, hayrat, zavq–shavq va quvonch olamida kezish.
Budda fikricha, inson “Pancha shila” (sanskritcha – besh nasihat)ga amal qilishi, qotillik, o‘g‘rilik, gumrohlik, yolg‘on so‘z, mast qiluvchi narsalardan saqlanishi lozim. Buddaviylikka e’tiqod qilgan har bir rohib g‘iybat qilmaslik, qo‘pol va bekorchi so‘zlarni gapirmaslik, o‘zgalar mulkiga ko‘z olaytirmaslik, birovga nafrat bilan qaramaslik, adolat haqida o‘ylash, munosib insonlardan yaxshilikni ayamaslik, axloqiy xatti–harakat qoidalariga amal qilish, o‘zida savobli ishlar qilish istagini tarbiyalash, ota–ona va qariyalarni hurmatlash, ular haqida qayg‘urish, haqiqat, adolatni targ‘ib qilish, o‘z kamchiliklarini bartaraf etish kabi vazifalarni ado etishi lozim.
Budda har bir hikmat va o‘gitni shogirdlari qalbiga joy etish va aytgan so‘zlarining ma’nosini anglashga o‘rgatish maqsadida o‘z pand–nasihatlarini yozib olishlariga yo‘l qo‘ymagan. Shunga ko‘ra, Buddaning ta’limoti bir necha asr davomida og‘izdan–og‘izga o‘tib, shogirdlari tilidan bayon etib kelingan.
Buddaviylik qoidalari va axloqiy tamoyillarini o‘zida mujassam etgan va bugungi kunda din izdoshlari tomonidan muqaddas, deb e’tirof etiladigan “Tipitaka” (yoki “Tripitaka”, sanskritcha – “Uch savat donolik”) milodning boshlarida kitob shakliga keltirilgan. Hozirda “Tipitaka”ning ilk qo‘lyozma nusxasi Shri Lanka (Seylon)da saqlanadi. “Tipitaka” uchta katta bo‘limdan iborat.
Birinchi bo‘lim – “Vinaya–pitaka” (sanskritcha – “Axloqiy me’yorlar kitobi”) buddaviylar jamoasi “sangha” tarkibiga kirish tartibi, rohiblarning xulq–atvori hamda diniy ko‘rsatmalarga rioya qilish qonun–qoidalari va unga amal qilinmagan taqdirda beriladigan jazolar tavsifini o‘z ichiga oladi.
Ikkinchi bo‘lim – “Sutta–pitaka” (sanskritcha – “Duolar kitobi”) hajm jihatdan savatlarning eng kattasi hisoblanadi. Unda asosan “to‘rt asl haqiqat” haqida so‘z yuritiladi. Budda ta’limoti shogirdlari tilidan masal, suhbat, nasihat, afsona, hikmatli so‘z, dostonlar shaklida bayon etilgan. Shuningdek, ushbu bo‘limda Budda jamoasi (“sangha”)ning tuzilishi va uning shogirdlariga oid ma’lumotlar ham keltiriladi.
Uchinchi bo‘lim – “Abhidharma–pitaka” (sanskritcha – “Diniy–falsafiy masalalar kitobi”)da diniy ta’limotning asosiy qoidalari ifodalanib, buddaviylik amaliyotining falsafiy mazmun–mohiyati ochib berilgan. Matn yozilish uslubi va tili murakkabligi uchun buddaviy rohiblar ularni faqat ustozlaridan ta’lim olish yo‘li bilan o‘zlashtirganlar.
“Tipitaka” matnlariga vaqt o‘tishi bilan o‘zgartish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritilgan. Bunday o‘zgarishlar buddaviylikda o‘ziga xos yo‘nalishlar paydo bo‘lishiga zamin yaratgan.
“Tipitaka”ning ilk matni sanskrit tilida yozilgan bo‘lsa ham, vaqt o‘tib asl matnlar yo‘qolib ketgani uchun faqat tibet, xitoy va yapon tillariga tarjima qilingan namunalari saqlanib qolgan. Mazmunan “veda” (sanskritcha – muqaddas bilim) va brahmanlik falsafiy qarashlaridan xoli bo‘lgan buddaviylik manbalari, o‘zining ommabop uslubdagi talqini bilan oddiy xalqqa tushunarli bo‘lgan. Masalan, “mahayana” aynan shu xususiyati tufayli buddaviylikni Janubiy va Janubiy Sharqiy Osiyoga yoyilishini ta’minlay olgan. Milodning birinchi asridan boshlab buddaviylik Xitoy, Koreya, Yaponiya Shri Lanka, Birma, Tailand, Vetnam, Kambodja, Laos sarhadlarigacha yetib borgan.
Buddaning 84 mingta nasihati 108 jilddan iborat “Kangyur”da, uning talqin va tafsiri 225 jilddan iborat “Tengyur”da aks etgan. Shuningdek, Buddaning hayotiga bag‘ishlangan va milodning II asrida yozilgan “Maxavotsu”, milodning II–III asrlarida yozilgan “Lalitavistara (“Buddaning hayoti”)”, buddaviy faylasuf Ashvagxosha tomonidan milodning I–II asrlarida yaratilgan “Buddxacharita”, milodning I asrida yozilgan “Abnixishkramansutra” va “Nidanakatxa”, “Dhammapada” (“Dharma yo‘li”, “Buddaning fikr–g‘oyalari”) kabi asarlar buddaviylikning muhim manbalaridan hisoblanadi.
Buddaviylar har oyda ikki marta “Tiyilish kuni” marosimini o‘tkazadilar. Ibodatdan oldin muattar hid taralib turishi uchun Budda haykali atrofiga gullar qo‘yilib, shamlar yoqilgan. Ibodat Budda haykaliga qarab bajariladi. Buddaviy rohiblar muqaddas kitobdan parchalar o‘qishadi. Marosim tugagach, rohiblar ibodatga kelgan kishilar ustiga, ular o‘z navbatida yerga suv sepadilar. Shu yo‘l bilan rohiblar bilan oddiy kishilar o‘zlaridagi yaxshi hislatlarni o‘zaro baham ko‘rishga intilishlarini namoyish etadilar. Ibodat paytida guldan foydalanishda ham chuqur ramziy ma’no bor. Zero, so‘lib qolgan gul hayotning o‘tkinchiligi, muattar hid esa buddaviylikka e’tiqod qiluvchilarning go‘zal xulq–atvorli bo‘lishi lozimligini eslatadi.
Buddaviylikda ibodatlar xoli (yakka holda) ham amalga oshiriladi. Bu insonning istagan paytda ibodat qilish, o‘z ichki olamiga kirib, ishonch–e’tiqodining mohiyati haqida mushohada yuritishiga imkon yaratadi, deb hisoblanadi. Diniy urf–odat va marosimlarning oddiyligi buddaviylikning jahonning turli mamlakatlarida keng tarqalishiga sabab bo‘lgan. Buddaning tug‘ilgan, nurlangan va vafot etgan kunlarini xotirlash bilan bog‘liq marosimlar mavjud. Xususan, Buddaning tug‘ilgan kuni ommaviy bayram sifatida nishonlanishini alohida qayd etish lozim.
Buddaviylar uchun yangi yilning boshlanishi o‘z axloqiy xatti–harakatlariga baho berish, poklanish va savobli ishlarni bajarish haqida qayg‘urish vaqti bo‘lib hisoblanadi. Aprel oyida 2–Z kun davomida nishonlanadigan “Yangi yil bayrami”da Budda, avliyolar, ajdodlar yodga olinib, suv sepiladi. Suv sepish yomg‘ir chaqirish va xotirjam hayot belgisi hisoblanadi.
Shimoliy Hindiston va Markaziy Osiyo hududlarining Kushonlar saltanati hukmronligi ostida birlashtirilishi natijasida buddaviylik Uzoq Sharqqa ham kirib bordi. Keyinchalik Sharqiy Turkiston, Xitoyga yoyildi. Kanishka, Vima Kadfiz va ulardan keyingi Kushon imperatorlari buddaviylik dini an’analarini amalda rivojlantirish, boshqa xalqlar o‘rtasida tarqatish uchun Balx, Marv, Termiz, Samarqand, Buxoro, Shosh, Turkiston, Quva, Koson, O‘sh, Bolosog‘un, Koshg‘ar va boshqa shaharlarda ibodatxonalar qurib, uning muqaddas kitoblari, sutra (sanskritcha – ip, to‘plam, bayon, diniy–falsafiy ibora)larni o‘rganish, tarjima qilish va sharhlash uchun sharoit yaratdilar.
Buddaning o‘limidan so‘ng shogirdlari orasida ajralish ro‘y berdi. “Xinayana” (sanskritcha – kichik g‘ildirak) yo‘nalishi an’anaviy qarashlarga rioya qilishi bilan birga Budda ta’limotiga qat’iy mantiqiy izchillik berishga intildi. “Mahayana” (sanskritcha – katta g‘ildirak) yo‘nalishi Budda ta’limotining barcha tomonlarini isloh qildi. Buddaga ilohiylik tusini berib, diniy marosim va ibodatlarni joriy etdi. Ushbu yo‘nalishlarning mahalliy qadriyatlar va boshqa dinlar bilan sintezlashuvi esa “lamaizm”, “vajrayana”, “dzen (chan) buddizm”, “tyantay”, “dxiana” kabi yo‘nalishlarning vujudga kelishiga zamin yaratdi.
Buddaviylikning ilk yo‘nalishlaridan biri, najot topishning tor yo‘li bo‘lgan “xinayana” miloddan avvalgi I asrda shakllangan bo‘lib, uning asosiy qoidalari “Tipitaka”da bayon qilingan. “Xinayana”ni Budda kichkina qayiq misolida tushuntirgan: kishi yolg‘iz o‘zi unga o‘tirib, tinch–omon daryodan suzib o‘tishi mumkin. Bunday kishi “arxata” deb atalgan. U butun kuch–qudrati va imkoniyatini oliy maqsad sari qaratib, haqiqatni anglaydi. “Arxata” faqat o‘zi haqida qayg‘uradi va har bir kishi “nirvana”ga erishish uchun o‘zi harakat qilishi kerakligi, boshqalarning yordami bilan hech narsaga erishib bo‘lmasligini uqtiradi. Rahm–shafqat, achinish, hamdardlik qanchalik yuksak va go‘zal axloqiy me’yor bo‘lmasin, insonni cheklab qo‘yadi. Hamisha kimgadir va nimagadir tayangan kishi oltin zanjirga kishanlangan bo‘ladi. Vaholanki, temir yoki oltindan bo‘lganidan qat’i nazar, zanjir zanjirligicha qolaveradi. Shuning uchun ham “xinayana”da kishi faqat o‘ziga najot berishi, boshqalarning hayotiga aralashishga hech kimning haqqi yo‘qligi, har bir kishining o‘z najot yo‘li bo‘lishi e’tirof etilgan. “Arxata” boshqalarga ustozlik qilish, pand–nasihat qilish, boshqalarga ko‘mak berishdan ko‘ra, sukutni afzal ko‘radi. “Arxata” yuksak kamolot va “nirvana”ga erishgan kishi hisoblanadi.
“Xinayana” yo‘nalishi e’tiqodiga ko‘ra, kishi rohiblar jamoasiga kirib, yakka–yolg‘izlikda tarkidunyochilik va taqvodorlik bilan hayot kechirish orqali kundalik hayot tashvishlaridan xalos bo‘lishi mumkin.
“Xinayana”da “Budda tishiga sig‘inish”, muqaddas joylarni ziyorat qilish kabi dabdabali marosimlar paydo bo‘lgan. Buddaviylarning muqaddas joyi Shri Lanka bo‘lib, bu yerga turli mamlakatlardan buddaviylikka ibodat qiluvchilar tashrif buyuradilar. Shri Lankaning avvalgi poytaxti bo‘lgan Kandi shahrida dunyoda mashhur “Buddaning tishi” ibodatxonasi joylashgan. Bu yerda Buddaning tishi saqlanadi. Rivoyat qilinishicha, Budda vafotidan so‘ng uning jasadi olovda kuydirilgan. Buddaning shogirdlaridan biri o‘sha joydan Buddaning tishini topib olgan va bu tish ibodatxonada saqlangan. “Buddaning tishi” ibodatxonaning yer ostida, kumushdan yasalgan qo‘ng‘iroq ichida oltin idishlarda saqlanadi.
Ijtimoiy hayotning o‘zgarib borishi va buddaviylik tartib–qoidalarini unga moslashtirishga intilish natijasida ruhiy kamolot ahdiga rioya etuvchi, xudoga iltijo qiluvchi, rohiblarga in’om–ehson beruvchi har qanday dindor najot topishi mumkin, degan qoidaga asoslangan “mahayana” (sanskritcha – najot topishning keng yo‘li) yo‘nalishi vujudga kelishiga zamin yaratilgan.
Xudolarga yetish yo‘llari barcha uchun mumkin bo‘lgani sababli “mahayana” yo‘nalishi “katta g‘ildirak” nomini olgan, ya’ni hamdardlik va xayrixohlik bilan boshqalarni ham oliy maqsad sari yetaklash, ularga yordam berish va boddhisattva maqomiga erishishlariga ko‘maklashish haqidagi g‘oyalar uning mazmun–mohiyatini tashkil etgan. “Boddhisattva” qarama–qarshilik va ziddiyatda ham haqiqatni ko‘ra oladigan, kim bo‘lishidan qat’i nazar, boymi, kambag‘almi, barchaga o‘z najot yo‘lini taklif qila oladigan kishidir.
“Mahayana”da “xaloskorlikning ajoyib sakkiz yo‘li”ga amal qilish orqali azob–uqubatlardan qutulish mumkinligi inkor etilib, bu yo‘ldan voz kechilgan. Buning o‘rniga boddhisattva – ustozlar va rohiblarga sig‘inish orqali najot topishning yo‘li ko‘rsatilgan.
“Mahayana”da “dunyo bir ro‘yo (yo‘qlik), faqat “nirvana” haqiqatdir, Siddhartha o‘gitlariga amal qiluvchi, xudoga iltijo qiluvchi, rohiblarga moddiy yordam beruvchi, dunyoviy ishlar bilan shug‘ullanuvchi har bir kishi najot topishi mumkin”, deb uqtiriladi. “Adibudda” (sanskritcha – abadiy Budda) – dunyoning oliy qiyofasiz substansiyasi, ya’ni “nirvana” deb hisoblanadi.
“Mahayana”da jannat darajalari haqidagi ta’limot yetakchi o‘rinni egallashini alohida qayd etish lozim. Unga ko‘ra, “Boddhisattva”lar xudoning emanatsiyasi sifatida insonning azob–uqubatlardan xalos bo‘lishiga madadkor bo‘ladilar. Xudoning marhamatiga erishish yo‘li muqaddas “sutra” (diniy–falsafiy adabiyot)larni takrorlash bilan amalga oshishi ta’kidlangan.
“Mahayana”ning asosiy qoidalari “yogochara” hamda “madh’yamika” diniy–falsafiy maktablari tomonidan ishlab chiqilgan. “Yogochara” maktabi vakillari “faqat inson ongini real mavjudlik, deb hisoblaydilar. Ularning fikricha, ong tashqi dunyoning barcha obyektlarini vujudga keltira olgani uchun uning faolligini so‘ndirish orqali qayta tug‘ilish zanjiri – “sansara”dan qutulish mumkin”.
“Madh’yamika” maktabi vakillari individual ong mavjudligini inkor etib, faqat “shunyot” (“bo‘shliq”) mavjudligi, u muayyan sifatga ega emasligi, uni ta’riflash ham, tajriba yo‘li bilan ham bilib bo‘lmasligi, uni faqat intuitsiya – ichki sezim quvvati (qalb ko‘zi) orqali anglash mumkinligini e’tirof etganlar. Keyinchalik “mahayana” buddaviylikning yangi yo‘nalishlari uchun asos bo‘lib xizmat qildi.
“Dzen buddizm” V–VI asrlarda Xitoyda paydo bo‘lgan mahayana yo‘nalishidagi maktablaridan biridir. Uning asoschisi afsonaviy rohib Boddxidxarma hisoblanadi. “Dzen” (lotincha – mediatatsiya, fikrni jamlash, diqqat bilan mushohada qilish) buddizmning asosiy xususiyatlari sifatida nazariyadan ko‘ra amaliyotga, diniy o‘git va qonun–qoidalarni yodlash o‘rniga mushohada qilishga alohida e’tibor berilishini, irratsionalizm va mistikaga moyillikni qayd etish mumkin.
Dzen buddistlar “yoga” mashqlarini bajarish, jismoniy mehnat qilish, san’at turi bilan shug‘ullanishga katta ahamiyat beradilar. Har qanday aqida va e’tiqod shakllarini (hattoki, Buddani ham) inkor qilish, hech kimga taqlid qilmaslik va ruhiy erkinlikka erishish, “vaqt–abadiylik”, “subyekt–obyekt”, “hayot–o‘lim”, “haqiqat va yolg‘on”, “yaxshilik va yomonlik” kabi ziddiyatlarni bartaraf etishni kamolotga erishishning oliy yo‘li, deb hisoblaydilar. Dzen buddizmda tashqi olamdan uzilib, abadiy tashvishlardan chetlanish va fikrni bir nuqtaga jamlashga alohida e’tibor beriladi va “satori” (sanskritcha – yilt etib ko‘rinish)ni targ‘ib qilinadi. Trans holatiga tushgan kishining haqiqatga erishishi dzenning oliy maqsadi, deb bilinadi.
“Dzen buddizm” barchani irqi, millati, diniy e’tiqodidan qat’i nazar, “hammaga mos jonli amaliy haqiqat” sirlaridan ogoh bo‘lishga chaqiradi. Hozirda dzen buddistlar 10 milliondan ortiq, ularning 85 foizi Yaponiyada yashaydi. Unda ilgari surilgan g‘oyalarning bevosita “dildan–dilga” uzatilishi, insonning o‘z ruhiy mohiyati bilan yaqinligi, belgi va shakllarga qaram bo‘lmaslik, ya’ni fikrning so‘z va belgilarsiz ifoda etilishi, insonning o‘z ichki dunyosiga murojaat qilishi orqali Budda kabi barkamollikka erishish mumkinligi haqidagi qarashlar ommaviy tus olgan.
Hozirda Yaponiyada dzen ibodatxonalari diniy, siyosiy va madaniy markazga aylanib, yoshlar tafakkuri, turmush tarzi, faoliyatiga katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, dzen san’ati xitoy va yapon madaniyati an’analaridan biriga aylangan. Samuraylar dzen buddizm targ‘ibotchilari hisoblanadi. Dzenga “hammaga mos jonli amaliy haqiqat” deb ta’rif berishgan, ya’ni inson ichki dunyosi orqali haqiqat va barkamollikka erishishi mumkinligi e’tirof etilgan holda qat’iy tartib va maxsus ruhiy mashqlarga amal qilish talab etiladi.
Bugungi kunda dzen buddizm G‘arbiy Yevropa mamlakatlari, AQSH va Kanada yoshlari orasida keng tarqalganini qayd etish lozim. Shu asnoda mediatatsiya qonun va talablarini buzib talqin etish, mast qiluvchi ichimlik va narkotik moddalardan foydalanish orqali “nirvana”ga erishish mumkin, degan qarashlar ham keng yoyilib borayotganini ta’kidlash zarur. Yoshlarning bunday qarashlar ta’siriga berilishi ularning turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatib, nosog‘lom mayllarning kuchayishi, alkogolizm va narkomaniyaning chuqur ildiz otishiga zamin yaratmoqda.
Lamaizm (tibetcha – eng ulug‘) VII–XIV asrlarda Tibetda mahayana yo‘nalishi ta’sirida vujudga kelgan. Muqaddas diniy kitoblar “Kang’yur” va “Teng’yur”da bayon qilingan barcha qonun–qoida va talablar lamaizm e’tiqodining asosini tashkil etadi. Lamaizm ta’limotiga ko‘ra, inson buddaviylik aqidalariga tayanib, faqat lamalar yordamida najot topadi, gunohlardan poklanadi, lamalar yordamisiz oddiy kishilar jannatga tusha olmaydi.
Buddaning Yer yuziga yana qaytishi va dunyoda adolat o‘rnatishiga ishonch lamaizm ta’limotida muhim o‘rin egallaydi. Xudolarning Yerdagi vakili hisoblangan lamalarga va dunyoviy hokimiyatga so‘zsiz bo‘ysunish, ibodat va rasm–rusumlarni dabdabali o‘tkazish, muqaddas kitoblar talqinini teatrlashtirilgan tomoshalarda aks ettirish, xudolarning g‘azabi, yovuz ruhlar ziyonini qaytarish uchun turli duo va afsunlar o‘qish lamaizmga xos xususiyat hisoblanadi. Odam o‘ldirish, o‘g‘rilik, yolg‘onchilik, tuhmat, g‘iybat, bekorchi so‘zlash, ochko‘zlik, kek saqlash, zino qilish lamaizmda ham og‘ir gunoh sanaladi. Lamaizm ta’limotiga ko‘ra, gunoh qilishdan o‘zini tiyish fazilat hisoblanib, insonga “eng yaxshi qayta tug‘ilish”ga yordam beradi.
Lamaizmning oliy diniy rahnamosi Dalay–Lama (tibetcha – “dengizdek ulug‘ lama”) tug‘ilgan mavjudotlarning eng ulug‘i, “boddhisattva”ning Yerdagi ko‘rinishi, tirik xudo hisoblanadi.
“Lamaizm” tibetliklarning asosiy dini hisoblanadi. Tibetda 3000 dan ortiq buddaviylik ibodatxonalari mavjud. Shuningdek, lamaizm Rossiyaning, Buryatiya, Tuva, Oltoy kabi hududlarida ham keng tarqalgan.
Neobuddizm XX asrning 40–50–yillaridan boshlab keng tarqala boshlagan diniy–ideologik oqim bo‘lib, Birma, Tailand, Laos, Vetnam mahalliy ziyolilarining ozodlik va milliy uyg‘onish harakati bilan bog‘liqdir. Uning asosida yangi zamon talabiga javob bera oladigan bunyodkor g‘oyalarni targ‘ib qilish, payg‘ambar va avliyolarni yaratish, taqvodorlik va tarkidunyochilikni rad etish, “karma” kabi masalalar yotadi. Aql–idrokning ahamiyatsizligi, dinning najotkorligi e’tirof etilib, buddaviylik g‘oyalarini tushuntirishda bilish nazariyasi, psixoanaliz usullaridan foydalaniladi. Milliy ozodlik kurashida faol qatnashgan neobuddizm oqimi diniy–islohotchilik harakati kuchayishiga katta ta’sir ko‘rsatgan.
G‘arbda Orol va Kaspiy dengizi bo‘ylari, Janubda Hind daryosining quyi oqimi, Sharqda Xo‘tan (Xitoy)dan Banoras (Gang daryosi bo‘yidagi shahar)gacha cho‘zilgan Kushonlar imperiyasining boshqa mamlakatlar bilan iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalarining yaxshilanishi, savdo–sotiqning rivoji yangi shaharlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Kushonlar davrida buddaviylikka katta ahamiyat berilgani, diniy rasm–rusumlarni bajarishga alohida e’tibor bilan qaralgani bois maxsus ibodatxonalar bunyod etilib, buddaviylik xalq turmush tarzining muhim tarkibiy qismiga aylanib bordi, madaniyat rivojiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Buni o‘sha davrda Baqtriya–Toxaristonning eng taraqqiy etgan madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan Termizning madaniy–ma’naviy hayotida buddaviylikning o‘rni misolida ko‘rish mumkin.
Miloddan avvalgi 1–asrda Termizda buddaviylik ustuvor mavqega ega bo‘ldi. Bunda shahar zadagonlarining buddaviylikni qabul qilishi va ibodatxonalar qurilishiga homiylik qilishlari muhim ahamiyat kasb etgan. Qoratepa va Fayoztepa ibodatxonalari eng katta sajdagohlardan hisoblangan. Ularda Buddaning loydan yasalgan katta haykali va stupalar bo‘lgan. Ibodatxonalar odatda yer osti va yer usti qismlaridan iborat bo‘lgan. Bu yerda alohida stupalar ham mavjud bo‘lib, ular oq marmardan mahorat bilan ishlangan Budda haykalchalari bilan bezatilgan “Zo‘rmala” stupasi mahobati bilan ajralib turgan. Stupalar bir necha balandlikda to‘rtburchak shaklda bunyod etilgan. Stupa usti gumbazsimon qilib ishlanib, unga yog‘och yoki toshdan yasalgan langar o‘rnatilgan. Bu langarlarda toshdan yasalgan bir necha soyabon bo‘lib, buddaviylar uni “chatra” deb atashgan. “Chatra” muqaddas daraxt timsolidir.
Stupa koinot ramzi hisoblangan. Uylarda Budda haykali qo‘yilgan maxsus ibodat qiladigan xonalar bo‘lgan. Keyinchalik Budda haykallari yoniga boddhisattvalarning loydan pishirilgan kichkina haykalchalari qo‘shilgan. Ushbu holat ham shahar aholisi hayotida buddaviylik alohida ahamiyat kasb etganini ko‘rsatadi.
Fayoztepa “vixara” (sanskritcha – kulba, boshpana, buddaviy rohiblarning yomg‘ir mavsumi vaqtida yashaydigan kulba, hovli va bog‘dan iborat bo‘lgan joyi) uslubidagi ibodatxona bo‘lib, uning markazida diniy marosimlar o‘tkazilgan. Ibodatxona bilan yonma–yon joylashgan stupadan oltin suvi yurgizilgan, sopol va marmardan yasalgan haykallar topilgan. Bu yerdan marmartoshdan nafis ishlov berib yasalgan muqaddas “Boddxa” daraxti ostida o‘tirgan Budda va uning ikki tomonida turgan ikki rohib haykali ham topilgan.
Qoratepa xarobasidan shimoliy Baqtriyadagi eng katta va mahobatli stupa topilganini alohida qayd etish lozim. Bizgacha stupaning asosi hamda zinapoyaning ikki tomonida joylashgan kichik stupalar, o‘sha davrga tegishli yozuv namunalari saqlanib qolgan.
Kushon podsholigining dastlabki poytaxti Dalvarzintepa o‘rnida bo‘lgan. Kushonlar hukmdori Kanishka davrida Dalvarzintepa shahar sifatida shakllanib, savdo–sotiq markazlaridan biriga aylangan. Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida joylashgan Dalvarzintepa (qalinligi 10 metrgacha bo‘lgan qudratli mudofaa devori bilan o‘rab olingan qal’a shahar) majmuasidan Budda ibodatxonasi va aslzodalar dafn etilgan dahma, shuningdek, oltin xazina to‘ldirilgan ikki yarim metrli sopol ko‘za topilgan. Bular buddaviylikning o‘sha davr xalqlari ijtimoiy–ma’naviy hayotidagi mavqei va boshqa mahalliy dinlar o‘rtasida egallagan o‘rnini ko‘rsatadi.
Markaziy Osiyo xalqlari qadimgi tarixi va madaniyati rivojida buddaviylik muayyan o‘rin egallaydi. Bunga Markaziy Osiyo hududida joylashgan Dalvarzintepa, Quva, Zartepa, Qorovultepa, Ayritom mavzelaridan topilgan arxeologik qazilmalar, jumladan, Shakyamuni sanamlari, haykalchalar, ramziy g‘ildiraklar va stupa qoldiqlari, shuningdek, marmardan yasalgan va juda yaxshi saqlangan Budda haykali aniq dalolat beradi.
Qadimgi Termiz xarobalaridan topilgan yirik ibodat majmuasida 25 ta Budda kompleksi (Buddaning tikka turgan, o‘tirgan va yotgan holdagi haykallari 3–4 metrgacha balandlikda loy–ganchdan ishlangan) borligi aniqlangan.
Qoratepada topilgan arxeologik yodgorliklar yer usti va g‘or ichida joylashgan ibodatxona, saroy, rohib (zohid) uchun moslashtirilgan hujralardan iborat bo‘lgan. Arxeologik qazilmalar natijasida topilgan yodgorliklar buddaviylikning o‘sha davrdagi mavqei haqida xabar beradi. Shuningdek, ajdodlarimizning yuksak moddiy madaniyati, dini, urf–odati, tafakkur tarzi haqidagi tasavvurimizni boyitishga xizmat qiladi.
Hozirgi davrda buddaviylik Janubiy, Janubiy–sharqiy, Sharqiy Osiyo mamlakatlari Shri Lanka, Hindiston, Birma, Tailand, Laos, Mo‘g‘uliston, Kambodja, Vetnam, Xitoy, Singapur, Butan, Nepal, Malayziya, Koreya, Yaponiya, qisman Yevropa va Amerika qit’asi, Rossiyaning Tuva, Buryatiya, Qalmiqiston kabi hududlarida keng tarqalgan. 700 milliondan ortiq kishi buddaviylikning turli yo‘nalishlariga e’tiqod qiladi. Hozirda buddaviylik Yaponiyaning davlat dini hisoblanadi.
Mustaqillik yillari O‘zbekistonda diniy erkinliklar qonun bilan kafolatlandi. 2022 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, respublikada buddaviylikka mansub 1 ta diniy tashkilot rasman faoliyat ko‘rsatmoqda.
Buddaviylik dini
Tarixiy Obidalar
Virtual sayohat

Qoratepa yodgorligi
Qoratepa yodgorligi. Surxondaryo viloyati

Fayoztepa yodgorligi
Fayoztepa yodgorligi. Surxondaryo viloyati
O'zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi












