Islom dini

Islom dini

Tarix

Islom (arabcha: اَلْإِسْلَامُ, al-Islām — “boʼysunish, itoat etish”) — jahonda keng tarqalgan uch dindan (xristianlik va buddaviylik bilan bir qatorda) biri. Islom diniga eʼtiqod qiluvchilar arabcha “muslim” (“sadoqatli”; koʼpligi “muslimun”) deb ataladi. “Muslim”, “muslimun” soʼzining boshqa xalqlar orasida oʼzgacha talaffuz etish (masalan, forslarda — musalmon, oʼzbeklarda — musulmon, qirgʼiz va qozoqlarda — musulmon, Ukraina va Rossiyada — basurman) natijasida bu dinga eʼtiqod qiluvchilar turli nom bilan ataladi. Lekin bularning ichida hozir “musulmon” iborasi keng tarqalgan. Jahonda dunyo aholising 24,9 foizi, yaʼni 1,8 milliard kishi Islomga eʼtiqod qiladi. Musulmonlarning 2/3 qismidan koʼprogʼi Osiyoda yashaydi va bu qitʼa aholisining 20 % idan ortiqrogʼini tashkil etadi. Qariyb 30 % musulmonlar Аfrikaga toʼgʼri keladi (qitʼa aholisining deyarli yarmi). Dunyoda musulmon jamoalari mavjud boʼlgan 120 dan ortiq mamlakatdan 40 dan ziyodida musulmonlar aholining koʼpchiligini tashkil qiladi — Shimoliy Аfrika, Gʼarbiy Osiyoning barcha mamlakatlarida (Kipr, Livan, Isroil mustasno), Senegal, Gambiya, Niger, Somali, Аfgʼoniston, Pokiston, Bangladesh, Indoneziya va boshqa baʼzi mamlakatlarda aholining 80 % dan ortigʼi musulmonlardir; bir qancha mamlakatlarda musulmonlar aholining yarmidan 80 % igacha tashkil qiladi (Gvineya, Mali, Livan, Chad, Sudan). Malayziya va Nigeriyada qariyb yarmi, baʼzi bir mamlakatlar (Gvineya-Bisau, Kamerun, Burkina-faso, Serra-Leone va boshqa)da musulmonlar ozchilikni tashkil qilsa ham, taʼsir doirasi kuchli. Musulmonlarning soni jihatdan eng yirik davlatlar — Indoneziya, Hindiston, Pokiston va Bangladesh; musulmonlarning anchasi Markaziy Osiyo mamlakatlari, Xitoy, Tailand, Efiopiya, Tanzaniya, Kiprda, Yevropaning ayrim mamlakatlari (Bosniya va Gersegovina, Аlbaniya, Buyuk Britaniya, GFR, Fransiya va boshqa), Shimoliy va Janubiy Аmerika qitʼasi mamlakatlari (АQSh, Kanada, Аrgentina, Braziliya, Gayana, Surinam, Trinidad va Tobago)da, Аvstraliyada, Fiji orollarida yashaydi.. «Johiliya» soʼzi adabiy arab tilida «bilmaslik», yaʼni «yagona xudo – Аllohni tanimaslik» maʼnolarini beradi. Bu istiloh musulmon mualliflari tomonidan Аrabiston yarim orolining islomdan oldingi davr tarixiga nisbatan ishlatila boshlandi. Bu bilan yangi davr tarixchilari qadimgi davrda Ichki Аrabiston aholisi orasida «koʼpxudolik» (al-Vasaniya) hukm surardi, degan fikrga urgʼu berishni istaydilar. Baʼzi tadqiqotchilar johiliya davri 100-200 yil davom etgan degan fikrni bildiradilar. Biroq ushbu davrning qancha muddat davom etganligini aniqlash birlamchi manbalar, birinchi navbatda, yozma adabiyotning ozligi, baʼzida butkul yoʼqligi tufayli juda mushkul.

«Johiliya» soʼzi adabiy arab tilida «bilmaslik», yaʼni «yagona xudo – Аllohni tanimaslik» maʼnolarini beradi. Bu istiloh musulmon mualliflari tomonidan Аrabiston yarim orolining islomdan oldingi davr tarixiga nisbatan ishlatila boshlandi. Bu bilan yangi davr tarixchilari qadimgi davrda Ichki Аrabiston aholisi orasida «koʼpxudolik» (al-Vasaniya) hukm surardi, degan fikrga urgʼu berishni istaydilar. Baʼzi tadqiqotchilar johiliya davri 100-200 yil davom etgan degan fikrni bildiradilar. Biroq ushbu davrning qancha muddat davom etganligini aniqlash birlamchi manbalar, birinchi navbatda, yozma adabiyotning ozligi, baʼzida butkul yoʼqligi tufayli juda mushkul.
Аrab yerlari Osiyoning janubi-gʼarbidagi yarim orolda joylashgan boʼlib, shimol tomondan – Shom (Suriya) sahrolari, sharqdan Fors (Аrab) koʼrfazi, Umon dengizi, janub tomondan Hind okeani va gʼarbdan Qizil dengiz bilan chegaralangan. Mana shu bepoyon oʼlka bu yerda yashagan somiy tillarning birida soʼzlashuvchi arablar nomi bilan Аrabiston yarim oroli deb atalgan. Zamonaviy tadqiqotlarning koʼrsatishicha, islom paydo boʼlish arafasida yarim orol hududida madaniyat nuqtai nazaridan uch sivilizatsiya mavjud boʼlgan:
mustaqil maʼnoga ega boʼlgan Janubiy Аrabiston (tili – janubiy arab tili);
nisbatan chetki taʼsirlardan uzoqroqda joylashgan Ichki Аrabiston;
Vizantiya va Eron imperiyalari madaniy anʼanalari bilan bogʼliq Shimoliy Аrabiston.
Islomning paydo boʼlishi tarqoq arab qabilalari uchun olamshumul voqeaga aylandi. Tarixda birinchi arab davlati –Аrab xalifaligi vujudga keldi. Аrab istilolari oqibatida mazkur uch sivilizatsiyalar vakillari aralashib ketdi. Lekin ularning oʼtmishdagi nisbiy mustaqil rivojlanganliklari arablar nasabi haqidagi tasavvurda saqlanib qoldi. Unga binoan, arablarning barchalari nasab jihatidan ikki katta avlod vakillaridir: qahtoniylar – janub arablari, adnoniylar – shimol arablaridir. Mana shu ikki avloddan barcha arab qabilalari tarqalgan. Lekin, tadqiqotlarning koʼrsatishicha, mazkur tasavvur VII asr oxirlari-VIII asr boshlarida Suriya va Iroqda hokimiyat uchun harbiy kurash olib borgan arab qabilalari ittifoqlari (Kalbiylar, Аsadiylar va boshqalar) vakillari tomonidan shakllantirilgan. Qadimgi arablar orasida koʼchmanchilik mafkurasi qoldiqlari, qabilaviy tuzum tasavvurlari kuchli boʼlsada, islom dini paydo boʼlishi davrlarida ularning katta qismi (2/3) oʼtroq holda shahar va qishloqlarda yashaganlar. Islom dini shakllangan va rivojlangan Makka va Yasrib shaharlari Yaqin Sharq sivilizatsiyasi qadimiy markazlaridan nisbatan uzoqroqda joylashgan. Аrabiston yarim orolining Makka, Madina, Toif, Xaybar singari bir qancha eng muhim shaharlarini oʼz ichiga olgan qismini qadimdan Hijoz deb atalgan.
Bu yarim orolning katta qismida islom vujudga kelguniga qadar «koʼpxudolilik» eʼtiqodi hukm surardi. Qadimgi arablarning diniy tasavvurlari jumlasiga totemizm, fetishizm, animizm elementlari va oʼtmish ajdodlar ruhiga sigʼinishni kiritish mumkin. Totemizmning yaqqol dalili sifatida koʼpgina qabilalarning nomlarini keltirish kifoya: asad “arslon”, kalb “it”, bakr “boʼtaloq”, saʼlab “tulki”, ziʼb “boʼri” va h.k. Barcha somiy xalqlarga xos boʼlgan samoviy jismlarga sigʼinish, yaʼni astral kulьtlar arablar orasida ham keng tarqalgan edi. Bu haqda Makka Kaʼbasida joylashgan «Qora tosh» (al-Hajar al-asvad) ham dalolat beradi.
Аrabistonda har xil xudolarning timsoli – sanamlar kulьti bir vaqtda paytda paydo boʼlgan emas, albatta. Ular uzoq vaqt shakllanganlar. Biroq, keyingi davr islom tarixchilarning xabar berishlariga qaraganda, Аrabistonga dastavval sanam keltirgan va unga ibodat qilishni targʼib qilgan shaxs Аmr ibn Luhay ismli kishi boʼlgan. Rivoyatga koʼra, u Shomga tijorat maqsadida tez-tez safar qilib turar edi. Аmr ibn Luhay baʼzi shomliklar odatlaridan qattiq taʼsirlanib, ularning butlaridan birini Makkaga olib kelgan. Keyinchalik butlarga sigʼinish arablar orasida keng tarqalib ketgan. Harqalay, but-sanamlarga sigʼinish – dinning yangi bosqichi boʼlgan. Ibn al-Kalbiyning (v. 763 y.) «Kitob al-asnom» asarida taʼkidlanishicha, mil. av. VIII asrdayoq har bir arab qabilasi oʼz sanamiga ega edi. Tez-tez boʼlib turadigan qabilalararo urushlardan soʼng, odatda, magʼlub qabila gʼolib qabila sanamiga sigʼina boshlardi. Baʼzida gʼolib qabila magʼlub qabilaning sanamini ham oʼz sanamlari safiga qabul qilishi mumkin edi. Аrabistonning turli yerlarida muayyan sanamlarning qarorgohi mavjud boʼlib, ular ziyoratgohlar sifatida maʼlum edi. Ulardan biri Makka Kaʼbasi edi. Makka eski Аrabistonning diniy markaziga aylangach, u yerdagi Kaʼbaga sanamlar toʼplandi. Ibn al-Аsirning (vafoti 1232 y.) uqtirishicha, Makka fath etilgan 630 yili Kaʼba ichida 360 ta sanam boʼlgan. Sanamlar uchun bu raqam juda katta koʼrinadi, ammo muayyan sanam bir necha qabilada ehtirom qilingan boʼlsa, u Kaʼbaga shuncha nusxada qoʼyilgan boʼlishi mumkin.
Islomdan oldin Аrabistonda yahudiy jamoalari mavjud boʼlgan. Аrabiston yahudiylari haqida, asosan, Qurʼon, hadis, tafsir, sira (Paygʼambar hayoti va muqaddas urushlari haqida hikoya qiluvchi adabiyot janri) va tarix kitoblari xabar beradi. Bu mavzuga aniqlik kiritadigan va hozirga qadar topilgan hujjatlarning eng qadimiysi – Yangi Bobil podshohi Nabonidga (mil. av. 555-539) tegishli xronikadir. Unda aytilishicha, mil. av. 552-542 yillarda Shimoliy Аrabistondagi Tayma shahrini oʼziga poytaxt qilib olgan Nabonid bu yerdagi shaharlarni oʼzlashtirish maqsadida Bobildan talaygina aholini koʼchirgan; ularning koʼpchiligini yahudiylar tashkil qilgan. Maʼlumki, bundan oldinroq (mil. av. 586 y. ) Navuxodonosor II Quddusni zabt qilganida salkam 30 ming yahudiyni asir olib, Bobilga keltirgan va «Bobil asirligi» 50 yil davom etgan edi. Shundan soʼng ham baʼzi yahudiylar Falastinga qaytmay, Bobilda qolib ketgandilar.
Аrabiston yarim orolida yahudiylik bilan bir qatorda xristianlik dini ham tarqaldi. Xristianlar bu yerda keng targʼibotchilik ishlarini olib borar edilar. Ular Аrabistonga qachon kirib kelganligi nomaʼlum. Odatda, targʼibotchilar tibb va mantiq ilmidan xabardor, kishilar qalbiga yoʼl topa oladigan odamlar boʼlganligi uchun koʼpgina qabila boshliqlariga taʼsir etganlar, ularning xristian dinini qabul qilishiga yoki oʼzlarining olib borayotgan faoliyatlarida yordam berishiga erishganlar. Islomga qadar Аrabiston yarim orolining deyarli barcha hududlarida xristian rohiblari muntazam ravishda din targʼiboti bilan shugʼullanar edilar. Yuqorida aytib oʼtilganidek, xristianlikning Аrabiston yarim oroliga qachon kirib kelgani aniq maʼlum emas.
Hijoz shaharlariga xristianlar (sharqiy cherkovlar vakillari) asosan Vizantiya qaramogʼi ostidagi Falastin va Shomdan koʼchib kelganlar. Islom vujudga kelishi arafasida Dumat al-Jandal, Eylat, Tayma, Yasrib, Makka va Toifda ham talaygina xristianlar bor edi. Habashiston xristianlari bilan aloqalar haqida efiop askarlarining yurishlari va ilk musulmonlarning hijralari dalolat beradi.
Qadimgi Аrabiston jamiyatida «haniflar» nomi bilan maʼlum bir jamoa mavjud edi. Bu jamoa vakillari diniy tasavvurlarini fanda «nomaʼlum monoteizm» deb atash qabul qilingan. Ular sanamlarga sigʼinmas, balki yagona Xudoga ibodat qilar hamda ochiqdan-ochiq butparastlarni tanqid qilishar edi. Ular bir yerda muqim turmay, oʼlka boʼylab darbadar hayot kechirardilar. Ushbu toifa kishilaridan Zayd ibn Аmr, Varaqa ibn Navfal, Ubaydulloh ibn Jahsh va Usmon ibn Huvayris, Quss ibn Sayyidolarni keltirish mumkin. Ular keyinchalik ilk islom jamoasida maʼlum mavqega ega boʼldilar.
Sosoniylar Eroni taʼsiri haqida adabiyotlarda kam gapiriladi. Vaholanki, zardushtiylik va manixeizm taʼsiri bu mintaqalarda kuchli edi. Oʼzini «Paygʼambarlar muhri» (Xotam al-anbiyo) deb atagan Moni va uning «oʼzga dinlar taʼlimotini toʼgʼrilovchi» dini atrof hududlarga yetib ulgurgan edi. Sosoniylar taʼsiri ostida boʼlgan Laxmiylar davlati va islom paydo boʼlishi arafasida Eronning Yamanni zabt etganligi faktlari eʼtibordan tashqarida qolmasligi lozim.
Yangi dinning paydo boʼlishida mazkur omillarning albatta taʼsiri katta boʼldi. Аmmo bu jarayonlarda birinchi arab davlati vujudga kelishi va uning ideologiyasining shakllanishi muhim oʼrin tutadi. Ularni toʼlaqonli idrok etishda Muhammad paygʼambar hayoti, uning yangi din targʼibotchisi va davlat arbobi sifatidagi faoliyati asosiy oʼrinni egallaydi.
Muhammad paygʼambar hayoti. Muhammad ibn Аbdulloh ibn Аbd al-Muttalib Makka va uning atrofi tarixida «Fil voqeasi» nomi bilan mashhur boʼlgan jangdan 50 kun keyin tavallud topdi. Misrlik munajjim Mahmud poshoning aniqlashicha, Paygʼambarning tavallud topishlari milodiy sananing 571 yil 21 aprelь kuniga toʼgʼri keladi. Otasi Аbdulloh Qurayshning Banu Hoshim, onasi Omina bint Vahb – Banu Zuhra urugʼidan edilar.
Ota-onadan yetim qolgan Muhammad paygʼambar to 8 yoshgacha bobosi Аbdulmuttalib qoʼlida tarbiyalandi. Soʼngra uni amakisi Аbu Tolib oʼz himoyasiga oldi. Paygʼambar yoshlik chogʼlarida ikki marta Shomga, bir marta Yamanga karvon bilan safarga chiqdi.
Аrablar orasida oʼzaro qon daʼvosi sababi bilan boʼlgan urushlarning eng ogʼir kechgani «Fijor jangi» hisoblanadi. Islomdan avval ham arablarda Muharram, Rajab, Zulqaʼda va Zulhijja oylari muqaddas sanalib, ularda urush taqiqlangan edi. Mazkur urush mana shu oylarda boʼlganligi uchun unga «Fijor jangi» – «Gunohkorlar urushi» deb nom berilgan. Bu urushda Quraysh tarafida Muhammad paygʼambar ham unda ishtirok etdi. Toʼrt yil davom etgan bu urush sulh bilan nihoyalandi.
Muhammad paygʼambar 25 yoshga toʼlganida Banu Аsad urugʼidan boʼlgan boy ayol Xadicha bint Xuvaylidga uylandi. Muhammad paygʼambarning yetti farzandidan (Moriyadan tugʼilgan Ibrohimdan boshqa) 6 tasi (Zaynab, Umm Kulsum, Ruqayya, Fotima, Qosim, Аbdulloh)ning onasi Xadicha bint Xuvaylid edi.
Makkadagi Kaʼba binosi ustida tomi boʼlmaganidan, yomgʼir suvlari uni yemirib yuborgan edi. Keyinchalik binoni sel oqimidan saqlash uchun bir toʼsiq qurilgan boʼlsa-da, u ham yillar oʼtib yemirilgan edi. Paygʼambar davrida Makka ahli Kaʼbani yangidan qurishga qaror qildilar. Bu qurilishda Paygʼambar ham qatnashdi.
Vahy nozil boʼlishining boshlanishi. Muhammad paygʼambar 40 yoshga yetganida koʼproq yolgʼizlikni qoʼmsaydigan boʼlib qoldi. Shunday paytlarda Makkadan 3 mil uzoqdagi Hiro togʼida joylashgan gʼorga chiqib ketar, yerlik aholi odaticha ramazon oyini u yerda ibodat bilan oʼtkazardi. Gʼamlagan ozuqalari tugagach, Xadicha oldiga qaytib, bir oz vaqtdan soʼng yana oʼsha gʼorga ketar edi. U yerda oʼzini sukunatga berib, chuqur oʼyga tolar, gʼoyibdan quloqlariga «Sen Аllohning elchisisan» degan tovushlar eshitilar edi. Koʼp tush koʼrar, tushida koʼrgan narsalari oʼngida toʼgʼri chiqar edi.
Baʼzi tadqiqotchilarning fikricha, shu holda nozil qilingan «Аlaq» surasining boshidagi besh oyat ilk vahydir. Xadicha bu xabarni yaxshilikka yoʼyib, Varaqa ibn Navfal nomli samoviy kitoblardan boxabar boʼlgan qarindoshining huzuriga borib, bu voqeaning tafsilotini soʼradi. Shundan soʼng Muhammad paygʼambar yashirin daʼvatga oʼtdi. Birinchi boʼlib Xadicha bint Xuvaylid va amakivachchalari Аli ibn Аbi Tolib islomni qabul qilishdi. Vaqt oʼtishi bilan musulmonlar soni 30 kishiga yetdi. Ular oʼz dinlarini yashirin saqladilar. Bu holat uch yil davom etdi.
Ochiq daʼvatdan soʼng Makka mushriklari Аbu Bakr, Usmon ibn Аffon kabi islom qabul qilgan ulugʼ va badavlat zotlarga hech narsa deya olmas ham, ammo zaif, kambagʼal, himoyasiz musulmonlarni qattiq siquvga oldilar. Habashistonga borishni istagan 11 erkak va 4 ayoldan iborat boʼlgan birinchi guruh Makkadan yashirin ravishda chiqib, Qizil dengiz boʼylab ketdi. Ularning ichida Usmon ibn Аffon va xotini Ruqayya (Paygʼambarning qizi), Аbu Huzayfa va xotini, Zubayr ibn al-Аvom, Аbdurrahmon ibn Аvf, Аbdulloh ibn Masʼud bor edilar. Guruh boshligʼi Usmon ibn Mazʼun edi. Bu 15 kishi vahyning beshinchi yili Habashistonga (Oqsum podshohligi) yetib keldilar. Ularni Habashistonda xristianlar juda yaxshi kutib oldilar. U yerda yaxshi, sokin hayot kechira boshladilar. Ularning bunday osoyishta hayot kechirayotganliklarini eshitgan boshqa musulmonlar ham bir yildan soʼng ikkinchi guruh holida u yerga hijrat etdilar. Bu guruhning boshida Jaʼfar ibn Аbi Tolib (Аlining akasi) boʼlib, ular 80 kishi edilar. Habashiston xalqi va uning podshohi Najoshiy muhojirlarga juda yaxshi munosabatda boʼldilar.
Makkaliklarning qattiq qarshiliklaridan koʼp ozor chekkan Paygʼambar Toifga yoʼl oldi. Biroq toifliklardan hech kim islomni qabul qilmadi. Shu qiyinchilik yillarida «Isro va Meʼroj» voqeasi yuz berdi. Qurʼondagi «Isro» va «Najm» suralarida bu hodisa haqida soʼz yuritilgan.
Daʼvatning oʼninchi yili haj mavsumida Paygʼambar Makkaning shimolida «Аqaba» deb ataladigan bir tepalikda Yasrib (Madina) shahridan kelgan olti kishini uchratib, ularni islomga daʼvat etdilar. Ular islomni qabul qildilar. Ushbu uchrashuv islom tarixida «Birinchi Аqaba bayʼati» deb nom oldi. Unda Аsʼad ibn Zarora, Rafiʼ ibn Molik, Аvf ibn Horis, Qutba ibn Omir, Uqba ibn Omir, Jobir ibn Аbdullohlar Paygʼambarga din shartlarini bajarishga «bayʼat» (qasamyod) qildilar. Keyingi ikki haj mavsumida ham Аqaba bayʼati boʼlib oʼtdi. Ikkinchi uchrashuvda madinaliklardan 12 kishi, uchinchisida esa 75 kishi ishtirok etdilar. Bu voqealar soʼng Paygʼambar Madinaga hijrat qilmoqlikka qaror qildi.
Madina davri. Madinalik «ansor» (yordamchi)lar makkalik (muhojir)larni samimiy kutib oldilar. Muhammad paygʼambarning Madinaga koʼchib oʼtishi rabiʼ al-avvalning 8-kuni, milodiy 622 yil 20 sentyabrda yuz berdi.
Islomning Madinadan keyingi davri uning tarixida juda katta ahamiyatga ega. Musulmonlar birinchi marta alohida diniy jamoa (Umma) boʼlib yashay boshladilar. Bu esa oʼz navbatida diniy qoidalarning shakllanishini tezlashtirib yubordi. Аsta-sekin namoz, azon va boshqa amallar tartibga solindi. Paygʼambar bu shaharga uchinchi taraf vakili sifatida taklif etilgan edi. Аvval, murosasiz Аvs va Xazraj arab qabilalari hamda Banu Qurayza, Banu Qaynuqoʼ, Banu Nadir yahudiy qabilalari bilan oʼzaro sulh tuzildi.
Hijratning ikkinchi yili ramazon oyida (mil. 624 y.) musulmonlar ummasi qoʼshinlari va makkaliklar oʼrtasida Badr jangi boʼldi. Bu jang Madinadan 80 mil (taxminan 150 km.) uzoqda Suriya karvon yoʼlida joylashgan Badr qudugʼi yaqinida boʼlib oʼtdi. Murosasiz kechgan jang musulmonlar gʼalabasi bilan tugadi. Bu jangdan soʼng Umma mavqei Madina ahli orasida beqiyos oʼsdi. Shu davrdan boshlab Muhammad paygʼambar yetakchiligidagi islom jamoasi kuchli bir davlatning vazifalarini bajara boshladi. Madina ichidagi Paygʼambar muxoliflari munofiqun nomini oldi. Barcha arab qabilalari mushrik deb eʼlon qilindi. Ular yoki islom dinini qabul qilishlari yoki ochiq maydonga jangga chiqishlari shart edi. Bu jamoa-davlat qisqa va uzoq muddatli sulh shartnomalarini tuzish orqali turli arab qabilalari va qabilalar ittifoqlarini oʼz hukmiga boʼysindira boshladi. Boʼysingan qabilalar har yili jonivorlari hisobidan Madina davlatiga Umma-davlat xarajatlari uchun sadaqa (mol toʼlovi) bermoqlari lozim edi. Sadaqa bermaganlarga qarshi harbiy yurishlar tashkil etilardi. Oʼljadan toʼlovga oʼtish (Makkaning fathidan soʼnggi davrda) davlatning shakllanishi haqida dalolat beradi.
Yahudiy, xristian va sobilar ahl al-kitob mavqeiga ega boʼlishdi. Ular Madina davlati xazinasiga har bir voyaga yetgan erkak boshidan toʼlov (jizya) yigʼib berib, oʼz ijtimoiy-diniy avtonomiyalarini saqlab qolish huquqiga ega boʼldilar. Аmmo Madina davlatining asosiy muxolifi Makka jamoasi boʼlib qolaverdi. Hijratning oltinchi yilida Makka qurayshiylari bilan tuzilgan Hudaybiya shartnomasi eng muhim gʼalabalardan biridir.
Makka fathidan (630 y.) soʼng islom davlati Аrabiston yarim orolida toʼla gʼalabaga erishdi. Shuni alohida taʼkidlash zarurki, Makkaning olinishi musulmonlar uchun gʼoyat katta ahamiyatga ega boʼldi, chunki shundan soʼng musulmonlar jamoasi Аrabiston muhitida yetakchi davlat va siyosiy kuchga aylandi.
Shu bilan bir qatorda Madina diniy qoida va tartiblar bir tekis shakllana boshladilar. Diniy masalalarga oydinlik kiritishga yahudiy qabilalari bilan boʼlgan mojarolar albatta oʼz taʼsirini oʼtkazmasdan qolmadi. Qiblaning Quddusdan Makkadagi Kaʼbaga oʼzgartirilishi, ahl al-kitobga (yahudiylar, xristianlar, sobiylar) ahl az-zimma (musulmon davlati himoyasi ostidagi diniy jamoa) mavqei berilishi va islomda arabiy unsurlarning kuchayishi shu voqealar bilan bogʼliqdir. Paygʼambar Umma hayotini koʼp hollarda atrofdagi odamlar uchun odatiy boʼlgan qoidalar asosida boshqardi. Muhim hollarda yangi diniy va ijtimoiy qoidalar vahy orqali kiritildi. Bu masalalarda biz Madina davlatini teokratik davlat deb atashimiz mumkin.
11 hijriy yil 12 rabiʼ I/632 milodiy yil 8 iyunь kuni Paygʼambar vafot etdi. Bu bilan islom tarixida ilk davr – Qurʼoniy davr yoki teokratiya davri tugadi. Bundan buyon musulmon-arab davlati tarixida podshohlar – xalifalar, islom dini normalarini shakllantirish va rivojlantirishda diniy ilmlar bilimdonlari – ulamolarning roli tobora oshib boraverdi.
Muhammad paygʼambar vafoti haqidagi xabar Madina ahli orasida yoyilgach, ansorlar Umma boshchisi – xalifalikka nomzod masalasini hal qilish maqsadida Banu Soʼida qabilasining Saqifa nomli guzariga oshiqdilar. Bir qancha muhojirlar va ansorlar oʼrtasida boʼlib oʼtgan qizgʼin bahs va tortishuvlardan soʼng xalifalikka (xalifat rasulilloh) Аbu Bakr as-Siddiqni (632-634) saylab, barcha unga bayʼat qildilar. Аbu Bakr diniy va dunyoviy hokimiyatni oʼz shaxsida birlashtirdi. Lekin uning hokimiyatini teokratik deb atab boʼlmaydi. Chunki u Аlloh bilan muloqatda emas edi, unga xalifalik ham Paygʼambar tarafidan vasiyat etilmagan edi.
Paygʼambar vafotidan soʼng ancha boʼysundirilgan qabilalar Madina shahar-davlati yangi yoʼlboshchisi Аbu Bakrga toʼlov (sadaqa) bermaslikka qaror qildi. Baʼzi bir qabilalar oʼz siyosiy mustaqilliklarini qaytarib olishni oʼz oralaridan paygʼambarlar chiqarish orqali ifoda etdilar. Аrab davlati tarixida ushbu voqealar «Ridda» nomi bilan ataladi. Аbu Bakr bunday xatti-harakatlarni qatʼiylik bilan bostirdi. Madina shahar-davlatining arab qabilalarini oʼz tasarrufiga qaytarishi yoʼlidagi olib borgan urushlari Аrabiston tashqarisiga chiqib, asta-sekin arab istilolariga aylanib ketdi. Bu esa oʼz navbatida islomning arab milliy dinidan jahon diniga aylanishiga zamin yaratib berdi.

Islom so‘zi arabcha – Allohga o‘zni topshirish, itoat etish, taslim bo‘lish, bo‘ysunish ma’nolarini beradi. Islom dini ta’limoti bo‘yicha, Muhammad payg‘ambar avvalgi payg‘ambarlar (O‘rta Yer havzasi sivilizatsiyasi ichida ma’lum bo‘lgan) ishini davom ettirgan, ular dinini qayta tiklagan, qiyomat oldidan yuborilgan oxirgi payg‘ambar (Xotam al-anbiyo’) – nabiy va rasul deb tan olinadi.
Islom dini ichidagi uch asosiy oqimlardan biri bo‘lgan sunniylikda IX asrga kelib besh arkon (rukn – arabcha «ustun» ma’nosini anglatadi) haqidagi ta’limot shakllanadi. Ko‘pchilik ulamolar fikricha, ular quyidagilar:
imon;
namoz (arabcha – salot);
zakot;
ro‘za (arabcha – savm);
hajj;

Imon. Imon masalasida islomda (ahl as-sunna, shi’alar, xavorijlar ichida) avvalgi davrda turli maktablar vujudga kelib, ular shu kungacha rivojlanib kelmoqdalar. Ba’zi ta’limotlar (masalan, mu’tazila, murji’a) yo‘qolib, yangi teologik maktablar paydo bo‘lgan. Shuningdek, ko‘p hollarda alohida olingan mashhur mutafakkir-ulamoning shaxsiy yo‘li (mazhabi) ancha xususiyatlarga ega bo‘ladi. Ahl as-sunna va-l-jamoa ichida klassik davrda ikki asosiy maktab – moturidiylar va ash’ariylar kuchli mavqega ega bo‘ldilar. Masalan, moturidiylar nazdida aqida masalalarida quyidagicha fikr mavjud:
«Imon» so‘zining lug‘aviy ma’nosi ishonmoq, tasdiqlamoq bo‘lib, istilohda esa Lo iloha illa-lloh, Muhammadun rasululloh («Allohdan o‘zga ilohiyat yo‘q va Muhammad – Allohning payg‘ambari») kalimasini til bilan aytib (al-iqror bi-l-lison), dil bilan tasdiqlash (at-tasdiq bi-l-qalb) demakdir. Mazkur ta’limot boshqalaridan imon masalasida amalni alohidalashi bilan farqlanadi. Imonning yetti sharti bor. Ular:
Allohning borligi va birligiga imon keltirish, ya’ni Allohning Qur’oni karimda va Muhammad payg‘ambar hadislarida bayon qilingan barcha ismlari va sifatlariga imon keltirish. Ibodat qilish va sig‘inishga undan o‘zga loyiq zot yo‘q deb bilish, uning barcha buyruqlarini qabul qilish va barcha qaytargan narsalaridan qaytish. Qur’onning «al-Ixlos» (112-) surasida Alloh taoloning yagonaligini shunday ta’riflanadi: «Aytgin (Ey, Muhammad payg‘ambar): Alloh yagonadir, beniyozdir (hech kim va hech narsaga muhtoj emas, balki barcha unga muhtojdir), tug‘magan, tug‘ilmagan va uning tengi yo‘qdir» (Qur’on, 112:1-4);
farishtalarning borligiga imon keltirish. Farishtalar (malo’ika) Allohning nurdan yaratgan, uning buyruqlarini so‘zsiz bajaruvchi, uning amridan tashqari chiqmaydigan xos bandalaridir. Ulardan Jabro’il (Jibril), Miko’il (Mikol) kabi buyuk farishtalarning nomlari Qur’onda zikr etilgan. Jabro’il farishtaning vazifalaridan biri payg‘ambarlarga Allohning vahylarini yetkazish bo‘lgan. Farishtalardan ba’zilari odamlar bilan doim birga bo‘lib, ularning yaxshi va yomon ishlarini yozib boradilar. Qur’onda ular «Kirom kotibun» (mukarram kotiblar) deb zikr etilgan (Qur’on, 82: 10-12). Bundan tashqari, tafsir kitoblarida Isrofil, Azro’il nomli farishtalarning ismlari qayd etilgan. Qur’on va hadislarda farishtalar haqida juda ko‘p yerda so‘z yuritilgan. Ularga ishonish imonning shartlaridandir;
ilohiy kitoblarga imon keltirish. Alloh Muhammad payg‘ambarga Qur’onni nozil qilganidek, boshqa payg‘ambarlarga ham kitoblar tushirgan. Ulardan bizga ma’lum bo‘lganlari: Ibrohim payg‘ambarga «Sahifalar», Muso payg‘ambarga «Tavrot», Dovud payg‘ambarga «Zabur» va Iso payg‘ambarga berilgan «Injil» kitoblaridir. Ulardan boshqa payg‘ambarlarga yuborilgan kitoblar haqida Qur’on va hadislarda xabar berilmagan. Yuqorida nomlari zikr etilgan kitoblarning barchasi Qur’onda Alloh tomonidan nozil qilingan deb ta’kidlanganligi sababli ularga shunday deb ishonish imonning shartlaridan hisoblanadi. Islom ta’limotiga ko‘ra, oldingi ilohiy kitoblar buzilib ketganligi sababidan Qur’on ularning ta’limotini tiklab kelgan;
payg‘ambarlarning haqligiga imon keltirish. Alloh insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish uchun payg‘ambarlar yuborgan. Barcha payg‘ambarlar bir zanjirning bo‘g‘inlari kabidirlar. Qur’onda 25 payg‘ambarning nomlari zikr etilgan. Hadislarda payg‘ambarlarning umumiy soni 124 ming ekanligi bayon qilingan. Musulmonlar uchun ulardan Qur’onda nomi zikr qilingan va zikr qilinmaganlarning barchasiga barobar imon keltirish shart;
Oxirat kuniga ishonish. Dunyoning ibtidosi bo‘lgani kabi uning intihosi ham bor. Islom ta’limotiga ko‘ra, bu dunyo bir sinov maydonidir. Bu dunyoda qilingan savob ishlar uchun mukofot, gunoh ishlar uchun jazo beriladigan oxirat hayoti mavjud. Qiyomat kuniga va oxirat hayotiga ishonish islomning asosiy g‘oyalaridan biridir;
taqdirga – inson boshiga tushgan yaxshiligu yomonlik Allohdan ekaniga – e’tiqod qilish. Yuqorida aytib o‘tilganidek, islomning ma’nosi «taslim bo‘lmoq», «o‘zini topshirmoq»dir. Shunga binoan, inson hayotda ro‘baro‘ bo‘ladigan barcha yaxshi-yomon ishlarni o‘zi uchun Alloh tomonidan belgilangan sinov va imtihon deb bilishi lozim. Yaxshiliklarga shukr qilmog‘i, qiyinchilik va mashaqqatlarga sabr qilmog‘i imonning shartlaridan biridir;
o‘limdan keyin qayta tirilish. Islom ta’limotiga ko‘ra, qiyomat kuni bo‘lganda barcha insonlar qabrlaridan turadilar va mahshargoh maydoniga yig‘iladilar. U yerda barcha odamlar dunyodagi amallariga qarab mukofot (jannat) yoki jazo (do‘zax)ga mahkum etiladilar.
Namoz. Namoz – islomda imondan keyin musulmonlar ustiga farz qilingan ikkinchi amal hisoblanadi. Namoz arkonlari Qur’oni karimda to‘liq bayon etilmagan bo‘lsa ham, ammo u haqda ba’zi ko‘rsatma va tartiblar berilgan. Namozning vaqti, miqdori hamda ado etish tartiblari hadislar bilan joriy etilgan. Bu masalada musulmonlar orasida har xilliklar mavjud bo‘lib, ular negizida turli mazhab ta’limotlari shakllandi. Har kuni besh vaqt: bomdod – (tong otishidan kun chiqquniga qadar), peshin – (quyosh tikkadan oqqanidan to biron narsaning soyasi o‘z bo‘yiga ikki barobar kelguniga qadar), asr – (peshin vaqti chiqishi bilan to quyosh to‘liq botgunga qadar), shom – (quyosh to‘liq botganidan ufqdagi qizillik yo‘qolguniga qadar), xufton – (shom vaqti chiqqanidan tong otguniga qadar) ado etiladi.
Zakot. Zakot – «poklash» ma’nosini bildiradi, ya’ni ehtiyojdan tashqari bo‘lgan boylikning qirqdan bir qismini (1/40) sadaqa qilish. Zakot moli zakot miqdoriga yetgan badavlat kishilar uchun farz etilgan. Zakot yetim-yesir, beva-bechoralar, musofirlar, qarzdorlar, Alloh yo‘lida yurganlar, zakot yig‘uvchilarga beriladi. Zakot hijriy hisob bilan bir yil davomida ishlatilmay turgan yoki shaxsiy ehtiyojdan tashqari, xususiy mulk sifatida foydalanilayotgan mablag‘dan beriladi. Zakot vositasida jamiyat kishilari orasida o‘zaro hurmat-e’tibor ortib, bir muncha tenglik yuzaga keladi. Bu jamiyat taraqqiyoti, tinch va osudaligi yo‘lida o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi.
Ro‘za. Ro‘za – yilda bir oy: hijriy qamariy kalendarning ramazon oyi davomida kunduz kunlari yeyish-ichish va jinsiy aloqada bo‘lishdan tiyilish. Ro‘za Hijratning ikkinchi yili farz bo‘lgan. Bu ibodat kasal yo safarda bo‘lgan kishilardan boshqa kunlarda tutib berish sharti bilan soqit qilinadi. Sababsiz ro‘zani buzgan kishi boshqa kunda tutib berish bilan birgalikda, uning jazosi sifatida ikki oy paydar-pay ro‘za tutishi lozim bo‘ladi. Shuningdek, ro‘za ramazondan tashqari oylarda ham tutilishi mumkin. Masalan, nafl ro‘za yoki qasamni buzishdagi kafforat uchun ham ro‘za tutiladi.
Haj – qodir bo‘lgan kishi uchun umrida bir marta Makka shahridagi Ka’bani ziyorat qilish va ushbu ibodat o‘z ichiga oladigan arkonlarni ado etishdan iborat. Haj farz amallardan hisoblansada, O‘rta Osiyo Arabistondan uzoq masofada joylashganligi sababli yuqorida zikr etilga «qudrati yetganlik» sharti ulamolar tarafidan kiritilgan. Haj zulhijja oyining 8 kunidan boshlanadi. Haj qilishning uch turi mavjud: «ifrod» – faqat haj amallari bajariladi, «qiron» – haj va umra amallari oldinma-ketin bajariladi, «tamattu’» – avval umra qilinib, ehromdan chiqiladi va zulhijja oyining sakkizinchi kuni ehromga kirib, haj ruknlari ado qilinadi. Hajning farzi uchta: ehrom bog‘lab niyat qilmoq, Arafotda turmoq, Ka’bani tavof qilmoq.
Islom dinida yuqorida birinchi rukn sifatida zikr qilingan imon va boshqa e’tiqod masalalari – ilm al-aqo’id (ilohiyot) ilmida o‘rganilsa, keyingi 4 masala – ibodat masalalari boshqa ko‘pgina savollar bilan ilm al-fiqh (diniy qonunshunoslik) doirasida bayon qilinadi va o‘rganiladi.

Qur’oni karim – Alloh tarafidan 23 yilga yaqin muddat mobaynida Muhammad payg‘ambarga oyatma-oyat, sura-sura tarzida nozil qilingan ilohiy (sakral) kitobdir. Bu kitob islom dinining muqaddas manbasi hisoblanadi. Islom ilohiyot maktablaridan biri ahl as-sunna va-l-jamoa ta’limotiga ko‘ra, Qur’on Alloh taoloning so‘zi va uning azaliy ilmidir.
Muqaddas Yozuv ko‘p nomlaridan biri bo‘lgan «Qur’on» so‘zi – arabcha «qara’a» (o‘qimoq) fe’lidan olingan. Boshqa fikrga binoan, u suryoniy tilidagi «kerain» – «muqaddas yozuv» ma’nosini bildiruvchi so‘zdan olingan. Qur’on suralardan iborat. Sura Qur’ondan bir bo‘lak bo‘lib, eng kami uchta yoki undan ortiq oyatlarni o‘z ichiga oladi. Qur’onda jami 114 ta sura mavjud. Oyatlar soni esa, Qur’on mantlarini taqsimlashning turli yo‘llariga ko‘ra, 6204 ta, 6232 ta, hatto 6666 tagacha belgilangan. Bu har xillik Qur’on nusxalarining bir-biridan farqli ekanligini emas, balki undagi oyatlarning turli qiro’at maktablarining (ularning soni 14 dan ortiq) an’analari bo‘yicha turlicha taqsimlanganligini bildiradi.
Qur’ondagi suralar o‘z mazmuniga yoki nozil bo‘lgan vaqtiga, ya’ni xronologik tartibiga qarab emas, balki hajmiga ko‘ra – avval katta, so‘ng kichik suralar tartibida Payg‘ambar vafotidan ancha keyin yig‘ilib, joylashtirilgan. Suralarning hajmi ham har xil: eng katta hajmli ikkinchi surada 286 oyat bor bo‘lsa, eng kichik suralar faqat 3 oyatdangina iborat.
Islomshunoslik va qur’onshunoslik xulosalari asosida suralarning xronologik tartibini quyidagicha shaklda tasavvur qilish mumkin:
1. Birinchi Makka davri (610-615 yillar). Bu davrda yuksak adabiy ijod namunalari bo‘lgan saj’ janridagi suralar o‘qilgan. Yevropa olimlari ularga «Nazmiy suralar» deb nom berganlar.
2. Ikkinchi Makka davri (616-619 yillar). Bu suralar Muhammad payg‘ambar va ularning izdoshlari doimiy ta’qib ostida yashagan va ko‘pchiligi Habashistonga ko‘chib ketgan vaqtda o‘qilgan. Bu suralarda Allohning «Rahmon» sifatida ko‘p tilga olinganligi sababli Yevropa olimlari ularni «Rahmon suralari» deb ataganlar.
3. Uchinchi Makka davri (619 yil boshlaridan – 622 yil sentyabrigacha). Bu davrda ham Muhammad payg‘ambar va uning izdoshlari ta’qib ostida yashaganlar, maxfiy ravishda, ko‘pincha shahardan tashqarida ibodatga to‘planganlar. Bu davr suralarida payg‘ambarlar haqidagi asotir-hikoyatlarga keng o‘rin berilganligi sababli, yevropalik olimlar bularga «Payg‘ambarlik suralari» deb nom berganlar.
4. Tarixiy voqealarni aniqroq aks ettirishini e’tiborga olgan holda Madinada tushirilgan 24 ta suraning nozil bo‘lish davrini quyidagi besh bosqichga ajratish mumkin:
A. I davr (622 yil oktyabridan 624 yilgacha). Muhammad payg‘ambar Madinaga ko‘chib o‘tganlaridan so‘ng to makkaliklar bilan birinchi yirik to‘qnashuv – Badr jangigacha o‘qilgan 4 sura bu davrga kiradi.
B. II davr (624 yil martidan 625 yil martigacha). Bu davr Badr jangidan to Uhud jangigacha o‘tgan bir yil mobaynida o‘qilgan 3 surani o‘z ichiga oladi.
V. III davr (625 yil martidan 627 yil martigacha). Uhuddagi mag‘lubiyatdan to Xandaq jangigacha o‘tgan ikki yil ichida beshta sura nozil bo‘lgan.
G. IV davr (627 yil aprelidan 630 yil yanvarigacha). Bu davrga Xandaq jangidan to Makka fathigacha o‘tgan salkam uch yil ichida o‘qilgan 8 sura kiradi.
D. V davr (630 yil fevralidan 632 yil mayigacha). Makka fathidan Muhammad payg‘ambarning vafotigacha o‘tgan ikki yildan ortiqroq davr ichida yana to‘rtta sura nozil bo‘lgan.
Muhammad payg‘ambar vafotidan keyin Qur’on kishilarning xotirasida va yozgan narsalarida saqlanib qoldi. Payg‘ambardan so‘ng musulmonlarga Abu Bakr boshliq etib saylandi. Uning xalifalik davrida (632-634) mo‘minlar va murtaddlar (dindan qaytgan) o‘rtasida shiddatli janglar (yuqorida eslatilgan Ridda voqealari) bo‘lib o‘tdi. Ushbu janglarda Qur’onni to‘liq yod olgan muqri’lar (qorilar) ko‘plab shahid bo‘ldilar. Shunda bo‘lajak xalifa Umar ibn al-Xattob (634-644) Abu Bakrga: «Barcha qorilar shu zaylda o‘lib ketaversa, Qur’on nuqsonli bo‘lib qolishi mumkin, shu sababli uni jamlab kitob holiga keltirish zarur», – degan maslahatini beradi. Avvaliga Abu Bakr ikkilanib turadi, chunki bu ish Payg‘ambar hayotlik paytlarida qilinmagan edi. Bu hol bid’at deb qabul qilinishi mumkin edi. Keyinroq Abu Bakr ham Qur’onni kitob shakliga keltirib qo‘yish zarurligini anglab yetdi va Zayd ibn Sobit ismli sahobani chaqirib bu ishni unga topshiradi. Shunday qilib, Zayd va boshqa qorilar mashaqqatli urinishlardan keyin Qur’onni kiyik terisidan bo‘lgan sahifalarga yozib chiqdilar va bog‘lab Abu Bakrning uyida saqlab qo‘ydilar. Bu jamlanma keyinchalik «as-Suhuf al-bakriya» – «Abu Bakr sahifalari» deb nomlandi. Abu Bakr olamdan o‘tgandan keyin jamlanma Umar ibn al-Xattob uyiga, u olamdan o‘tgandan so‘ng, uning qizi – Payg‘ambar ayoli Hafsada qoldi.
Vaqt o‘tishi bilan islom davlatida turli siyosiy guruhlar paydo bo‘ldi. Ular o‘rtasidagi ziddiyatlar xalifa Usmon ibn Affon (644-656) davrida o‘tkirlashdi. Har bir guruh o‘z siyosiy iddi’olarini Qur’on orqali asoslashga urinar edilar. Qur’onni o‘qishdagi turli ixtiloflar bunga asos yaratar edi. Bu ixtiloflarni bartaraf etishni istagan xalifa Qur’onning yangi tahririni ko‘chirishga buyruq beradi. Xalifa Usmon ibn Affon topshirig‘iga binoan Zayd ibn Sobit barcha Qur’on qismlarini yig‘ib, taqqoslab chiqib, qaytadan Qur’on karim matnini jamladi. Qur’onning birinchi rasmiy nusxasi 651 yilda xalifa Usmonga taqdim etildi. U asl nusxa hisoblanib undan yana uchta, ba’zi manbalarga ko‘ra yettita nusxa ko‘chirtirilib, arab askarlari turgan yirik shaharlardan – Basra, Damashq, Kufaga jo‘natiladi. «Imon» deb nomlangan asl nusxa esa Madinada, xalifa Usmon huzurida qoldi. Ko‘chirilgan nusxalar «Mus’hafi Usmon» deb ataldi.
Ilk Qur’on nusxalaridagi arab yozuvi nomukammal bo‘lib, ularni Qur’onni to‘liq yod biluvchi usta qorilargina o‘qiy olar edilar. Hammaga faqat Qur’onning shu nusxasidan ko‘chirishga buyruq beradilar. Saqlangan ilk nusxalar hijoziy va kufiy xatlarida ko‘chirilgan. Mutaxassislarining fikricha, Arab davlatining poytaxtini 749 yilda Suriyadan Iroqqa o‘zgartirilishi hijoziy xatining yo‘qolib ketishiga olib keldi. Qur’on yozuvining hozirgi ko‘rinishi faqat X asr kelib to‘liq shakllangan. Qur’onning shu kunimizgacha saqlanib qolgan nodir nusxalari arab yozuvi rivojining bebaho yodgorliklari hisoblanadi.
Arab tarixchilarining xabar berishlaricha, xalifa Usmon Qur’onni mutolaa qilib o‘tirganida fitnachi musulmonlar tomonidan o‘ldirilgan. U kishining qoni Qur’on sahifasiga to‘kilgan, degan naql xalq orasida keng tarqalgan. Bundan Kufadagi kitob savdogarlari foydalanib, ko‘p nusxada «qonli» Qur’on nusxalari tayyorlab sotganlar. Hozirgi paytda jahon muzey va kutubxonalarida bunday nusxalar saqlanadi. Ulardan biri Toshkent shahrida O‘zbekiston musulmonlar idorasida saqlanadi. Unda ham qon izlari bo‘lib, shu nusxa aynan xalifa Usmonga tegishli degan fikrlar mavjud.
Mazkur Qur’on 353 varaqdan iborat bo‘lib, varaqlar o‘lchami 68×53 sm., matn yozilgan qism hajmi 50×44 sm. Sahifalar kiyik terisidan ishlangan bo‘lib, har biriga 12 qatordan chiroyli kufiy xatida yozuv bitilgan. Ko‘p varaqlari yo‘qolgan va keyinchalik qog‘oz sahifalar bilan to‘latilgan.
Tataristonlik mashhur olim Shihobuddin al-Marjoniyning (1818-1889) aytishicha, Qur’onni qayta tiklash Samarqandda joylashgan «Mug‘ak masjidi» imomi Abdurrahim ibn Usmon al-O‘tiz-Imoniy (vaf. 1838 y.) tarafidan bajarilgan.
Usmon Qur’oni ruslar O‘rta Osiyoni bosib olguncha Samarqandda, Xo‘ja Axror madrasasida saqlanar edi. Qur’onning Samarqandga keltirilishi haqida ham mutaxassislar orasida har xil taxminlar mavjud. Ulardan birida muqaddas kitobni Abu Bakr al-Qaffol ash-Shoshiy (976 yili vafot etgan, Toshkentda dafn qilingan) Bag‘doddan olib kelgan, deb hikoya qilinadi. Avlodlar osha Abu Bakr Qaffol Shoshiy merosxo‘rlaridan Xo‘ja Ahror qo‘liga o‘tgan bo‘lishi mumkin. Xo‘ja Ahror va uning avlodlari bu nusxadan zamonalarining boshqa sufiy tariqatlari shayxlari bilan bo‘lgan raqobat kurashida unumli foydalanganlar. Bu nusxa vositasida ular o‘zlarining islom sarchashmalariga yaqinroq ekanliklarini isbotlamoqchi bo‘lganlar. Chunonchi, Ishqiya tariqati shayxlari ahroriy naqshbandiylarga qarshi Qur’onning o‘z qadimiy nusxalariga – Katta Langar Qur’oniga ega bo‘lganlar.
Ikkinchi bir rivoyatda esa, Xo‘ja Ahror muridlaridan biri Makkadan haj qilib qaytayotganida Istambulga kiradi va sultonni og‘ir hastalikdan davolaydi. Sulton minnatdorchilik bildirib, unga Qur’onni hadya qiladi.
Ko‘pchilik arabshunos olimlarning fikricha, bu Qur’on Amir Temur (1370-1405) tomonidan Basradan ko‘plab qo‘lyozma kitoblar va boshqa o‘ljalar bilan birga Samarqandga keltirilgan va Temurning mashhur kutubxonasiga qo‘ydirilgan. Temuriylar davridagi (1405-1506) o‘zaro kelishmovchiliklarda Temur kutubxonasi yondirilib yuborilgan. Tasodifan shu nusxa omon qolgan. Bu fikr haqiqatdan uzoqroq. Chunki Amir Temurning kutubxonasi haqidagi farazlar hali isbotlangani yo‘q. Ikkinchi tarafdan, Amir Temur zamonida boshqa bir Qur’on nusxasi hukmdorlar diqqat-e’tibori markazida edi. Bu Samarqand jome-masjidi (keyinchalik bu masjid Bibi-xonim masjidi nomini olgan) sahniga qo‘yilgan Boysung‘ur Qur’onidir.
Toshkent Qur’onini ilmiy jihatdan chuqur o‘rgangan sankt-peterburglik sharqshunos olim A.F. Shebunin fikricha, Qur’on Basradan Amir Temur tomonidan Samarqandga keltirilgan. Chunki, A.F. Shebunin Parij, Berlin va Makkadagi boshqa nusxalariga solishtirib, bizdagi Qur’onning Basra nusxasi ekanligini isbotlashga harakat qildi. Darhaqiqat, bu muqaddas kitob eski nusxalardan hisoblanib, u VIII asr oxiri-IX asr boshlarida yaratilgan.
1868 yilda rus askarlarining Samarqandga kirishi bilan Usmon Mus’hafiga e’tibor kuchaydi. Musulmonlar Qur’onni yashirincha Buxoroga jo‘natmoqchi bo‘ladilar. Biroq bu xabar Zarafshon o‘lkasining boshlig‘i general Abramov qulog‘iga yetib, «fan uchun bunday nodir, bebaho, qadimiy yodgorlikni qo‘ldan chiqarmaslikning hamma chorasi ko‘rilsin», deb polkovnik Serovga buyruq beradi. Serov Qur’onni general Abramovga keltiradi. Abramov esa uni zudlik bilan Turkiston general-gubernatori fon Kaufmanga yetkazadi. U, o‘z navbatida, 1869 yil 24 oktyabrda Usmon Qur’onini Sankt-Peterburgga – Imperator kutubxonasiga alohida kuzatuvchilar nazoratida jo‘natdi.
Bu Qur’on nusxasi ustida tadqiqotlar boshlandi. Masalan, 1895 yili mazkur Qur’onning bir varag‘i 2 ming nusxada chop etildi. 1905 yili esa Ilyos ibn Ahmad-shoh «Yosin» surasining fotonusxasini chiqardi. Shu yili S.I. Pisarev va F.I. Uspenskiy Qur’onni faksimile uslubida 50 nusxa chop etib, 25 nusxasini sotuvga chiqardi. Har bir nusxasiga 500 so‘m baho qo‘yildi. Ular faksimileni asl nusxasiga o‘xshatish uchun hajmini ham o‘shandayligicha qoldirdilar. Hozir bu faksimile nusxadan jumhuriyatda bir nechta bo‘lib, biri O‘zbekiston musulmonlarining diniy idorasi kutubxonasida, ikkinchisi – O‘zbekiston tarixi muzeyida saqlanadi.
Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng Butunrossiya musulmonlar jamiyati nomidan Usmon To‘qumboyev RSFSR Xalq Komissarlari Sovetiga murojaat qilib, muqaddas Usmon Qur’onini o‘z egalariga, ya’ni musulmonlarning o‘lka s’ezdiga topshirilishini talab qiladi. RSFSR XKS tomonidan musulmonlarning talabi qondirilib, Qur’on musulmonlar ixtiyoriga beriladi. 1917 yil 29 dekabr kuni Peterburgdagi podshoh kutubxonasining «Nodir qo‘lyozmalar» bo‘limidan olinib, Butunrossiya musulmonlar jamiyati raisi U. To‘qumboyev javobgarligi ostida Ufa shahriga jo‘natiladi. Qur’on 1923 yilgacha Ufada saqlanadi.
1923 yil 23 iyulda Butunittifoq Markaziy Ijroqo‘mi Usmon Qur’onini Turkistonga qaytarishga qaror qiladi. Muqaddas yodgorlikni Ufadan Toshkentga maxsus komissiya kuzatuvida olib kelinadi. Komissiya tarkibida sharqshunos olim Sultonxo‘ja Qosimxo‘jayev, professor A.E. Shmidt va din peshvolaridan 3 vakil bor edi. Komissiya maxsus vagonda, qurolli kuchlar kuzatuvida Qur’onni Toshkentga keltirdilar. Shundan keyin Qur’on 1923 yil 18 avgustda Sirdaryo diniy idorasiga qarashli Xo‘ja Ahror jome’ masjidiga topshiriladi. Lekin ko‘p o‘tmay Qur’onni Toshkent eski shahar muzeyiga keltiradilar va u maxsus po‘lat sandiqda saqlana boshlanadi. Eski shahar muzeyi birinchi o‘zbek muzeyiga aylantirildi. Muzey 1926 yilning 1 yanvarida ochildi. 1926 yilning faqat bir oyi ichida muzeyni 4000 kishi kelib ko‘rdi.
Qur’oni karimga ko‘plab olimlar tomonidan turli tafsirlar yozilgan. Qur’on XII asrdan boshlab Yevropa xalqlari tillariga, jumladan, lotin tiliga tarjima qilina boshlagan. XVIII asr boshlarida Yevropa xalqlari tillaridan, XIX asr o‘rtalarida arabcha asl nusxasidan rus tiliga tarjima qilingan. G.S. Sablukovning arabchadan dastlabki tarjimasi Qozonda uch marta (1878, 1894, 1907 yillarda) nashr qilingan. Akademik I.Yu. Krachkovskiy tomonidan amalga oshirilgan Qur’onning ilmiy izohlari bilan rus tiliga tarjimasi hanuzgacha mashhur. Bu tarjima uning vafotidan (1951 y.) keyin, 1963 va 1986 yillarda to‘liq nashr etilgan.
Mamlakatimiz mustaqil bo‘lganidan so‘ng Qur’oni karimni o‘zbek tiliga tarjima qilishga kirishildi. Movarounnahr Diniy boshqarmasi vakillari Qur’onning o‘zbek tilidagi tarjimasini nashr etishda bir qancha tarjimalar bilan tanishib chiqib, Alouddin Mansur tarjimasini muvofiq topdilar. 1992 yilda Qur’on o‘zbek tiliga tarjima qilindi va «Cho‘lpon» nashriyotida ko‘p nusxada chop etildi. Shuningdek, «Zvezda Vostoka» jurnali Qur’on matnlarini akademik I.Yu. Krachkovskiy tarjimasida falsafa fanlari doktori, professor, islomshunos olim M.A. Usmonovning tuzatishi va qisqa sharhi bilan «Qadimiy adabiyot yangiliklari» – «Drevniy pamyatnik literaturi» turkumi ostida 1990 yildan boshlab berib bordi.
Qur’onga o‘zbek tilida tafsir yozish ishlari shu bilan to‘xtab qolmadi. 2001 yilda taniqli olim Abdulaziz Mansur tomonidan Qur’oni karim ma’nolarining izohli tarjimasi nashr etildi. Islomning ilk davridan to shu kunga qadar Qur’oni karimga turli tillarda, har xil yo‘nalishlarda minglab tafsirlar bitilgan. Ularda Qur’oni karimni turli davrlar va muhitlarda tushunish o‘z aksini topgan. Binobarin, vaqt o‘tishi bilan Qur’onning yangidan-yangi ma’nolari kashf etila boradi. Shuning barobarida yangi tafsirlar ham maydonga kelaveradi.

Diniy marosim deganda fuqarolarning diniy ta’limotlaridan, ularning qonun-qoidalari va aqidalaridan kelib chiqadigan diniy faoliyat va xatti-harakatlari tushuniladi. Diniy marosim har qaysi din vakillarining o‘z diniy ta’limotlari asosidan kelib chiqqan.
Aqiqa marosimi. Chaqaloq uyiga kelgandan keyin ma’lum muddat o‘tgach har bir oilada aqiqa marosimi o‘tkaziladi. Bu marosim Payg‘ambarimiz davrlaridan beri o‘tkazilib kelinadi. Bu sunnat marosimlardan biri hisoblanadi.
“Aqiqa – har bir chaqaloqning ona qornidalik vaqtida chiqqan sochi bo‘lib, u chaqaloq tug‘ilganiga bir hafta bo‘lgan kuni olib tashlanadi. Shu munosabat bilan qurbonlik qilinadigan jonliq ham “aqiqa” deb ataladi”.
Aqiqa – arab tilidan tarjima qilinganda, “chaqaloq sochini olish, qurbonlik so‘yish” ma’nolarini bildiradi. Musulmon oilalarida yangi tug‘ilgan chaqaloqqa ism qo‘yish va “qorin sochi” (bolaning tug‘ilgan sochi)ga qaychi urish bilan bog‘liq odat. Johiliyat davridagi turli ma’bud va ma’budalarga atab qilinadigan qurbonliklar o‘rniga musulmon oilasida farzand tug‘ilganligining shukronasi sifatida bir qo‘y so‘yib aqiqa marosimini o‘tkazish joriy qilingan. Islom an’anasida aqiqani chaqaloq tug‘ilgan kunining 7 yoki 14, yoki 21 kunlari o‘tkazish tavsiya etiladi. Bu kunlarda aqiqa o‘tkazilmay qolinsa, so‘ng qaysi kunda, qachon amalga oshirilsa ham vazifa bajarilgan hisoblanadi.
Bu marosim xonadonda yangi chaqaloq dunyoga kelishi munosabati bilan ona va bolaning sog‘-salomat qolganiga shukrona uchun, chaqaloqning turli ofat-balolardan omonda bo‘lishi uchun va o‘g‘il bolani xatna qildirib qo‘yish uchun qilinadigan ehsondir.
Bu marosimda qorin sochiga qaychi tekkiziladi, bolaning qulog‘iga azon aytiladi, tanglayi yaxshi niyat qilib, biror-bir shirinlik bilan ko‘tarish udumi bajariladi, ism qo‘yiladi va xatna qilinadi. Ammo bolaga ism qo‘yish, azon aytish va tanglay ko‘tarish amallari ilgariroq bajariladi. Shundan ham ko‘rinib turibdiki, bu marosimni ixtiyoriy muddatda o‘tkazilishi urfga aylangan va bunga diniy jihatdan ham hech qanday mone’lik yo‘qdir.
Sunnat to‘yi yoki Xatna to‘yi. Bu marosim islom dini paydo bo‘lmasidan oldin zardushtiylik davrida Eron va Turonda, keyinchalik esa yahudiylikda ham mavjud edi. Qadimgi yahudiylar o‘z xudolarining ko‘rsatmasiga binoan, o‘g‘il bola tug‘ilgan kundan boshlab 12 kunigacha “qo‘li halollangan”. Markaziy Osiyo mintaqasida bu udum islomdan avval ham mavjud bo‘lsa-da, islom dini kirib kelishi bilan bu yanada mustahkamlanib, musulmonchilikning bosh omillariga aylandi.
Nikoh to‘yi. Payg‘ambarimizning ham bu haqdagi hadisi shariflarida shunday deyiladi: “Nikoh bilan turmush qurib ko‘payinglar. Zero, men qiyomat kuni boshqa ummatlarim oldida sizlarning ko‘pligingiz bilan faxrlanaman”. Ko‘rinib turibdiki, nikoh qurish ham farz, ham sunnat amallardan hisoblanadi.
Lekin nikohdan avval bir qancha marosimlar ham mavjuddir: sovchilik, qiz va kuyov tanlash, sinov udumlari, unashish, fotiha berish, qiz bazmi, nikohdan o‘tish, to‘y marosimi, kelin salom, yuz ochdi, kelin ko‘rdi, kelin charlar, kuyov chaqiriq va yana bir qancha marosimlardan iborat.
Ta’ziya. Ma’lumki, har bir musulmonning ikkinchi musulmon birodariga nisbatan ma’lum haq-huquqlari borligi haqida hadisi sharifda shunday deyiladi: “Har bir musulmonning zimmasida ikkinchi musulmon birodariga nisbatan oltita burchi bordir: uchrashganda salom berish, mehmonga chaqirsa borish, maslahat so‘rasa yaxshi maslahat berish, aksirib hamd aytsa unga duo bilan javob qaytarish, betob bo‘lib qolsa ko‘rgani borish va vafot etsa janoza va dafnida qatnashish”.
Demak, shu huquqlardan biri tanishlaridan biri vafot etsa, uning janozasida qatnashishidir. So‘ngra mayitning qarindoshlariga ta’ziya bildirib, Allohning hukmiga rozi bo‘lish, musibatga sabr qilishlari haqida nasihatlar aytish va marhumning haqqiga rahmat va mag‘firat so‘rab duo qilishdir.
Dafn kunidan boshlab uzog‘i uch kunga qadar aza (motam) tutishga shariatimiz ruxsat beradi. Shu kunlari janozaga kela olmaganlar musibat yetgan oilaga yoki mahallaga marosimlari uchun ajratilgan joylarga kelib mayitning yaqin qarindoshlariga ta’ziya bildirib ketishlari mumkin.
Yaxshi odatlarimizdan biri, musibat yetgan xonadonning qo‘shnilari isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymagan holda darhol ovqat qilib chiqarishadi. Bu islom sunnatlariga muvofiq odatdir. Ovqatlar musibat yetgan xonadon ahli va uzoqdan kelgan mehmonlar uchun chiqariladi, zarur bo‘lganda xonadon ahli o‘zlari uchun ovqat tayyorlashlari ham mumkin.
Shuningdek, musibat egalaridan hol-ahvol so‘ralganda, kulish emas balki musibat bu Alloh taoloning irodasi ekani va unga sabr qilish haqida nasihatlar qilinadi. Ta’ziya bildirish har qanday tasalli berguvchi lafz bilan aytsa bo‘ladi. Lekin, ba’zi ulamolarning aytishicha, eng yaxshi ta’ziya lafzi “Alloh vafot qilganlarni mag‘firat qilib o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin va sizga sabr-bardosh bersin” – deyishdir.
Ta’ziya bilan bog‘liq marosimlar ba’zan ma’raka ham deyiladi. Ma’raka arabcha so‘z bo‘lib, jangdan so‘ng, jang maydoni ma’nosini bildiradi. Bu so‘z hozirgi paytda xalq marosimlarini anglatuvchi so‘z hisoblanib, asosan ta’ziya marosimlarga nisbatan ishlatiladi.
Dunyodagi barcha dinlar o‘ziga xos marosim va bayramlarga ega. Har bir dinning keng tarmoq otib, rivojlanib borishida marosim va bayramlarning ahamiyati beqiyos. Shu o‘rinda diniy marosim va bayramlar ham insoniyat hayotida alohida o‘rin egallaydi. “Avesto”, “Bibliya” kabi diniy manbalarda hamda Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda diniy marosim va bayramlar to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlar berilgan.
Ma’lumki, islomda asosan ikkita rasmiy diniy bayram Ramazon yoki Ro‘za hayiti (arabcha nomi “iyd Ramazon”, “iyd al-fitr”, “iyd as-sag‘ir”) hijriy Shavvol oyining 1—3-kunlarida va Qurbon hayiti (arabcha nomi — “iyd al-adho”, “iyd al-kabir”) uch kun — Zulhijja oyining 10—13-kunlarida musulmon dunyosida keng nishonlanib kelinmoqda. “Hayit” — arabcha “iyd, ya’ni bayram demakdir.
Ramazon—hijriy yil hisobining to‘qqizinchi oyi bo‘lib, islom aqidalari bo‘yicha bu oyda Alloh Muhammad(s.a.v.)ga Qur’onni vahiy qila boshlagan. Shuning uchun ham islom dunyosida Ramazon muqaddas hisoblanib, bu oyda musulmonlar ro‘za tutishadi.
Ramazon kishilar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oy ekani islom manbalarida zikr etilgan.
Ramazon oyida iftorlik qilish odat tusiga kirib qolgan marosimlardan hisoblanadi. Iftorlik marosimini o‘tkazmoqchi bo‘lgan xonadon sohibi ramazon oyida biror kunni belgilaydi va ro‘zadorlarni ziyofatga taklif etadi. Iftorlik marosimi o‘tkazishning tub mohiyati kambag‘allar, beva-bechoralar, yetim-yesirlar qornini to‘ydirishdan iborat.
Ramazon yakunida esa qamariy o‘ninchi Shavvol oyining birinchi kuni islomning katta bayramlaridan biri — Ro‘za hayiti yoki iyd-Ramazon boshlanadi. Ro‘za hayiti arafasida kishilar bir-birlariga muloyimlik bilan munosabatda bo‘lishlari lozim bo‘ladi. Erta tongdanoq hamma sidqidildan shunday kunlarga yetkazgani uchun Alloxga shukronalar aytadilar. O‘z yaqinlari, qarindosh-urug‘lari, bemorlar va qariyalarni ziyorat qiladilar.
Ushbu kuni hayit namozi o‘qiladi. Namozlarni ado etib bo‘lgandan so‘ng, kishilar o‘zaro ko‘rishib, bir-birlarini hayit bayrami bilan muborakbod etadilar.
Qurbon hayiti Zulhijja oyining 10-kunida boshlanadi. Bu bayramning ro‘za hayitidan 70 kun o‘tgandan keyin nishonlanishi Muhammad payg‘ambar tomonidan belgilangan. Mazkur hayitda ham Ro‘za hayitidagidek, musulmonlar jome’ masjidlarida quyosh chiqqandan taxminan 15 daqiqa o‘tgach, 2 rakat namoz o‘qishadi.
Islomda “Qurbon” so‘zi biror jonliq so‘yib, uni Allohning yo‘liga bag‘ishlash ma’nosini bildiradi. Ibrohim (a.s.) Allohning sinovi bilan o‘z o‘g‘illari Ismoilni xudo yo‘liga qurbonlik qilishga kirishgan paytida tangri taolo bir qo‘chqor yuborib, uni o‘g‘li o‘rniga qurbonlik qilishga buyurgan.
Shu bois hajga borganlar va boy-badavlat musulmonlar zimmasiga Qurbon hayiti kunlari jonliq so‘yib, qurbonlik qilishlari lozimligi belgilangan. Qurbonlik go‘shtidan taom tayyorlagan kishi o‘zi, oila a’zolari va qarindosh-urug‘lari bilan yeyishi, so‘ng uni qo‘shnilariga ham berishi kerak.
Mavlud (mavlud an-nabiy). Islomda keyinroq Muhammad payg‘ambarning tug‘ilgan kuni (Rabiul-avval oyining 12-kuni) Mavlud (mavlud an-nabiy) – nishonlana boshlangan. Mavlud kuni duolar o‘qilib, payg‘ambar sha’niga madhiyalar aytiladi, diniy she’rlar o‘qiladi, dindorlar yig‘inlari uyushtiriladi, sadaqalar beriladi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, islom dini bayramlariga mahalliy xalqlarning odatlari ham qo‘shilib, ularni boyitgan. Masalan, arafa kuni qo‘shnilarga osh ulashish, “hayitlik” berish, yangi, toza liboslar kiyish, qo‘ni-qo‘shnilar, qarindoshlar, qariyalar, kasal, nochorlardan xabar olish, o‘sha kunlarda dam olish, sayil qilish kabi odatlar islom bayramlarining tarkibiy qismlariga aylanib ketgan.
Ushbu bayramlarning asosiy mazmuni ertalab masjidlarda namoz o‘qish, marhumlarni yod etib, duoi fotiha qilishdan iboratdir. Qurbon hayitida haj amallarini ado etish va qurbonlik qilish, ro‘za hayitida esa ramazon oyi nihoyasida fitr-sadaqa berish kabi amallar bajarilgan.
Islom hayitlari turli diniy marosimlarga asoslangan bo‘lib, musulmonchilikni qabul qilgan xalqlarning urf-odati, an’analari, hayotiy tajribalari bilan bog‘lanib ketgan. Shuning uchun ham ko‘pgina musulmon xalqlari bu hayitlarni ham diniy, ham o‘zlarining milliy bayramlari deb qabul qilishgan.
O‘rta asrlarda arablar bayramlarning diniy mazmuniga alohida e’tibor berib, bayramlar o‘tkaziladigan joylarga maxsus masjidlar qurishgan. Keyinchalik bu masjidlar Markaziy Osiyo shaharlarining muxim tarkibiy qismi bo‘lib qolgan. Ular Qurbon hayiti, Ramazon (iyd al-fitr) bayramlari va musulmon udumlari o‘tkaziladigan markaz vazifasini bajargan. Bu masjidlarning moxiyati bir xil bo‘lsa-da, ular turli joyda turlicha nomlangan: “Namozgoh” (namoz o‘kish joyi), “Musalla al-iyd” (bayram kuni namoz o‘qish joyi), “Iydgoh” (bayram o‘tkazish joyi) va hokazo.
Bayramlardan asosiy maqsad – musulmonlarni islom dini asosida birlashtirish bo‘lgan. Bayram o‘tkaziladigan joylarda “Amri ma’ruf” kabi diniy marosimlar uyushtirilgan. Ba’zan podshoh va hukmdorlar o‘z olijanobligini ko‘rsatish maqsadida bu joylarda xalq uchun katta ziyofatlar ham berishgan.
Xulosa kilib aytganda, islom dinidagi bayramlar xursandchilik, tinch-totuvlik, mehr-oqibat ko‘rsatish, shukrona qilish kunlaridir. Bu ulug‘ kunlarda qarindoshlar, yor-birodarlar bir-birlarini ziyorat qilishib, tabriklashib, hol-ahvol so‘rashi xayrli ishlardan sanaladi.

Xavorijlar. Usmon ibn Affon (644-656) davriga kelib islom jamoasi (umma) ichida fitnalar paydo bo‘ldi. Usmonga uyushtirilgan suiqasd (656 y.) ham ana shu siyosiy kurashlarning natijasi edi. Xalifa o‘ldirilgach, uning o‘rniga o‘z tarafdorlari tomonidan Ali ibn Abi Tolib (656-661) saylandi. Ana shu davrdan umma-davlat ichida birinchi fuqarolar urushi boshlanadi (656-660).
Talha ibn Ubaydulloh, az-Zubayr ibn al-Avomm va Mu’oviya ibn Abi Sufyon kabi guruh rahbarlari Aliga qarshi chiqib, bu holatni shunday talqin qildilar: «Ali qo‘zg‘olonchilarga qarshi kurashda Usmonga yordam bermadi, qodir bo‘la turib odamlarni bu ishdan qaytarmadi, bundan tashqari u xalifalik mansabiga ko‘tarilganidan keyin Ibn Affonning qasosini olmadi, balki u Usmonni qatl etilishidan manfaatdor bo‘ldi».
Bu uch sahobaning bu fikrga kelishlariga har biri xalifalikka Alidan ko‘ra o‘zini loyiqroq deb hisoblashi turtki bo‘ldi. Ular o‘z da’volari haq ekanligini turli yo‘llar bilan isbotlardilar: Talha va az-Zubayr «Umar (634-644) vafotidan oldin xalifa saylash xususida kengashga (sho‘ro) chaqirilgan olti kishidan birimiz», deyishsa, Mu’oviya esa Usmonga yaqin qarindosh (ularning ikkisi ham Quraysh qabilasining Umayya urug‘idan edilar) va uning qasosini olishga loyiq ekanligini ro‘kach qildi.
Talha va az-Zubayr «al-Jamal» («Tuya») jangida halok bo‘ldilar. Shundan so‘ng Ali o‘rniga xalifalikka da’vogarlardan birgina Mu’oviya ibn Abi Sufyon (660-680) qoldi. 657 yili Suriyada Mu’oviya va Ali o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Siffin jangi Ali tarafdorlarining ikki guruhga ajralib chiqishiga sabab bo‘ldi. Bu jangda Ali ibn Abi Tolib qarshi tomon (Umaviylar, 660-749) bilan o‘zaro bitim tuzib, urushni to‘xtatishga rozi bo‘ldi. Alining tutgan bunday murosasozlik siyosatidan uning qo‘shini orasidagi bir guruh kishilar norozi bo‘lib, ajralib chiqdilar. Aliga itoat etishdan bosh tortganlar «xavorij» deb, Mu’oviyaga qo‘shilmay Ali atrofiga to‘planganlar, keyinchalik, «shia» deb nomlana boshlandi. Bu guruhlar keyinchalik islomdagi ikki katta oqimiga asos soldilar. O‘z navbatida har bir toifaning o‘ziga xos diniy-siyosiy nuqtai nazarlari, ta’limot va amaliyotlari shakllana boshladi.
Xavorijning kelib chiqishi. Ali bilan Mu’oviya o‘rtasidagi tuzilgan bitimdan Kufa yaqinida turgan 12 ming kishidan iborat qo‘shinning bir qismi norozi bo‘ldi. Ular «hukm chiqarish faqat Allohning qo‘lidadir», degan shior bilan qo‘shinni tark etib, Kufa yaqinidagi Harura qishlog‘iga ketdilar. Bu firqaning Kufadagi «xypyj» (bo‘ysinmaslik) voqeasi ularning «Xavorij» (qarshi chiquvchilar) nomini olishlariga sabab bo‘ldi. Bu voqea Harura qishlog‘ida yuz berganligi bois avvaliga ularni «haruriylar» deb ham ataganlar. Ular o‘zlarini «Shurot» («Jonlarini Alloh yo‘lida tikkan kishilar») deb nomlaganlar. Yana ularning «Muhakkima» («hukm Allohning qo‘lida» deguvchilar) degan nomlari ham bo‘lgan.
Xavorijlar o‘zlariga Abdulloh ibn Vahb ar-Rosibiyni amir etib saylab, Ali va Mu’oviyani yo‘q qilish payiga tushdilar. Xalifa Alini 660 yilda xorijiy Abdurrahmon ibn Muljam o‘ldirgach, xavorijlar ikki firqaga bo‘linib, biri Iroqda qoldi, ikkinchisi Arabiston yarim oroliga ketdi. Umaviylar davrida xavorijlarga qarshi keskin kurash olib borildi. Chunki ular Umaviylar davlatiga katta xavf solardilar. Bu davrda Xavorijlar kuchayib, Kirmon, Fors, Yamoma, Hadramavt, Toif va Yaman kabi shahar va o‘lkalarni egalladilar.
Hokimiyat Umaviylardan Abbosiylar sulolasi (749-1258) qo‘liga o‘tganidan keyin ham bu toifa bir muddat o‘z kuchini yo‘qotmadi. Biroq Abbosiylar uzoq vaqt ularga qarshi uzluksiz olib borgan kurashlaridan so‘nggina xavorijlar inqirozga yuz tutdi.
Xavorijlar ta’limotlari asosi quyidagilardan iborat:
ular gunohkorni «kofir» deb e’lon qildilar. Shunga ko‘ra xalifa Usmonni Abu Bakr va Umar yo‘lidan yurmagani uchun kofir deyishadi. Ali, Mu’oviya, Abu Muso al-Ash’ariy, Amr ibn al-Oslar muxolif guruhlarda qatnashganlari uchun ular nazdida kofirlar;
«zolim» podshohga qo‘lda qilich bilan qarshi chiqishni diniy vazifa (vojib) deb biladilar. O‘z e’tiqodini yashirish prinsipini (taqiya) rad etadilar. O‘zlari harbiy jihatdan zaif bo‘lsalar ham, qudratli «zolim» podshohga qarshi chiqish vojib bo‘laveradi, deb hisobladilar;
xalifalikka har qanday odam, Quraysh qabilasidan yoki arab bo‘lishligidan qat’i nazar musulmonlar tomonidan saylanishi mumkin. Xalifalik, shialar aytganidek, ma’lum jamoat (sulola) ichida cheklanmagan;
namoz, ro‘za, zakot va boshqa amallarni imonning bir bo‘lagi, deb hisoblaydilar. Kishi to barcha amallarni bajarmaguncha, dili bilan tasdiqlab, tili bilan aytishi musulmon deb tan olinishi uchun kifoya emas.
Xavorij oqimlari. VII asr ikkinchi yarmida xavorijlar orasida yigirmaga yaqin turli guruhlar paydo bo‘ldi. Ular ichida eng yiriklari – ibodiylar, azoriqalar hamda sufriylar bo‘lib, ular o‘z yo‘lboshchilari nomi bilan shunday atalganlar.
Ibodiya. Ibodiya boshqa xavorij guruhlari orasida eng mo‘tadili hisoblanib, bizning davrimizgacha saqlanib qolgan yagona xavorij firqasidir. Bu mazhabning asoschisi umaviy xalifa Abdulmalik ibn Marvon (685-705) davrida vafot etgan Abdulloh ibn Ibod (yoki Abod)dir. Mazkur mazhabning ta’limoti mo‘tadil bo‘lib, u qolgan musulmonlar bilan qiz olib-qiz berishdan, ular bilan meros ulashishdan qaytarmaydi. Shuningdek, ularning ta’limoti hujjat va isbot keltirib e’lon qilgandan so‘nggina boshqa musulmonlarga qarshi urush ochishga ijozat beradi. Buning aksi o‘laroq boshqa xavorijlar esa o‘zlaridan boshqa oqimdagi musulmonlardan uylanishni, ular so‘ygan hayvon go‘shtini yeyishni, ular bilan o‘zaro meros ulashishni man etib, e’lonsiz ularga qarshi urush ochishni joiz deb bilishadi. Gunohi kabira (katta gunoh) qilgan odamni kofir deb, tovon (jizya) to‘lab yurgan boshqa din vakillarini (ahl az-zimma) o‘ldirishni va mol-mulkini tortib olishni mumkin deb bilishadi.
Al-Ibodiya fiqhiy mazhabi ahl as-sunna mazhabi bilan ko‘plab amaliy diniy masalalarda (furu’) o‘zaro kelishadi. Bu mazhabning ta’limoti ko‘plab qo‘lyozma va bosma kitoblarda jamlangan. Eng muhim chop etilgan kitobi Muhammad ibn Yusuf ibn Utfoishning o‘n jildda chop etilgan «Sharh an-nil» asaridir. Mazkur mazhab vakillari Marokash, Umonda istiqomat qilishadi.
Azraqiylar. Azraqiylar (Azoriqa) guruhining asoschisi Nofi’ ibn al-Azraqdir (v. 685 y.). Xavorij guruhlari orasida eng murosasiz va beshafqat sanalgan bu jamoa hozirgi kungacha yetib kelmagan.
Azoriqa ta’limotiga xos bo‘lgan jihatlar quyidalar:
Xalifa Alini «kofir» deb hisoblaganlar;
gunohi kabira qilgan musulmonlarni kofir deb e’lon qilganlar;
azoriqalardan bo‘lmagan musulmonlar, ularning qariyalari, ayol va bolalari qonini to‘kishni (istiroda) halol deb hisoblaganlar;
hayz ko‘rgan ayollarga ham namoz o‘qish va ro‘za tutishni farz deb hisoblaganlar;
mayda o‘g‘rilik uchun ham qo‘lni butunlay yelkadan kesib tashlashni buyurganlar.
Sufriya. Sufriya ham xavorijlarning bir guruhi bo‘lib, Ziyod ibn al-Asfar degan kishi nomidan shunday deb ataldilar.
Sufriylar ta’limoti o‘zining nisbatan mo‘tadilligi bilan ajralib turadi. Bu guruhning ajralib chiqishiga xavorijlar orasida ko‘tarilgan imon masalasidagi tortishuvlar sabab bo‘lgan. Ular azoriqadan farqli o‘laroq qo‘zg‘olonlarda qatnashmagan o‘z dindoshlarini kofirga chiqarmaganlar. Raqiblarning qariya, ayol va bolalarini o‘ldirishdan qaytarganlar. Ongli ravishda taqiyaga – o‘z imonini amalda emas, faqat og‘zaki ravishda yashirishga yo‘l berganlar. Bu firqa VIII asrgacha o‘z faoliyatini davom ettirganligi haqida ma’lumotlar bor.
Shialik. Shialik islomdagi uch yirik oqimdan biri bo‘lib, hokimiyat masalasida islom jamoasida paydo bo‘lgan ixtilof natijasida vujudga kelgan.
Shia so‘zining to‘liq shakli «ash-shi’a» («tarafdorlar, guruh, partiya»), aniqrog‘i «Shi’at Ali» («Ali tarafdorlari partiyasi») bo‘lib, bu nom xalifa Ali (656-661) va uning avlodlariga ergashganlarga nisbatan berilgan.
Shialikda imomat masalasi asosiy diniy ruknlardan hisoblanadi. Imomat jamiyat manfaatlaridan emas, balki din ruknlaridan kelib chiqadi, deb e’tiqod qilinadi. Ularning ta’limotiga ko‘ra, rahbar jamoa tomonidan saylanmay, balki u meros sifatida o‘tadi. Mazkur ta’limotga binoan, Muhammad payg‘ambar Alini xalifa etib tayinlagan, undan keyin esa xalifalik uning avlodlarida qonuniy meros sifatida vasiyat yo‘li bilan uzatiladi. Imomlik (xalifalik) payg‘ambarlik kabi ilohiy mansab hisoblanib, Alloh bandalari orasidan payg‘ambarlarini tanlab, ularni gunohlardan saqlagani va ularga ilmi ladun (Alloh huzuridan berilgan ilm) bergani kabi xalifalarni ham shunday tanlaydi, deyiladi. Abu Bakr, Umar va Usmonlar esa, bu huquqni Alidan zo‘rlik bilan tortib olishgan. Alining xalifaligi Payg‘ambar vafotining birinchi kunidan boshlangan, deb hisoblaydilar.
Ash-Shahrastoniy (v. 1153 y. ) iborasi bilan aytganda: «Shialarning e’tiqodiga ko‘ra, Alining imomligi va xalifaligiga oshkora va maxfiy dalillar kelgan hamda undan keyingi imomlik uning avlodlaridan tashqariga chiqmaydi, agarda chiqsa ham, bu ularga zulm qilish yo‘li bilan oshirilishi mumkin».
Shialar aynan imomat masalasida o‘zaro bir necha firqalarga bo‘linib ketganlar.
Zaydiya. Zaydiya firqasining asoschisi Zayd ibn Ali Zayn al-obidin (698-740) Madinada tug‘ilgan. Imom Zayd otasi qo‘lida tahsil oladi. Otasining vafotidan so‘ng diniy ilmlarni akasi Muhammad Boqirdan o‘rganadi. Shuningdek, o‘z tengqurlaridan bo‘lgan Ja’far as-Sodiqdan hadis va fiqh ilmlarini o‘rgandi. Zayd ibn Ali ilm yo‘lida Basraga borib, mu’tazila, qadariya, jahmiya va boshqa turli firqalar aqidalari asoslarini o‘rgandi. U vaqtda Basra va Kufada mazkur firqalar kabi xristian va fors falsafasidan ta’sirlangan oqimlar ko‘p edi. Bu yerda Vosil ibn Ato (mu’tazila kalom maktabi asoschisi)dan aqida ilmini mukammal egallagach, o‘zi uchun mu’taziliylar yo‘lini tanladi.
Keyinchalik Zayd ibn Ali imomat masalasida o‘rta yo‘lni tanladi. Uning fikriga ko‘ra, imomlik bir shaxs tomonidan tayin qilinmaydi va u o‘z avlodlariga imomlikni vasiyat ham qilmaydi, balki Fotimaning zurriyotidan bo‘lgan shijoatli, mujtahid, haqiqatni baralla aytuvchi kishi saylanadi.
Zaydiylar e’tiqodiga ko‘ra:
bir vaqtning o‘zida ikki o‘lkada ikki imomga bay’at qilish joiz;
imomlar begunoh emas, taqiya (sharoit og‘irlashgan paytda e’tiqodni sir tutish) nojoiz;
sahobalar haqida noloyiq so‘zlarni aytish mumkin emas;
Abu Bakr, Umar va Usmonlar ham xalifalikka loyiq bo‘lganlar.
Mazkur e’tiqod paydo bo‘lishida Zayd ibn Alining tutgan siyosiy mavqei sabab bo‘lgan. U Umaviylarga qarshi urush ochdi va Kufada xalifa etib saylandi. Uning fikricha, xalifalik faqat ma’lum kishilargagina (masalan, Imom Muhammad al-Boqir) emas, balki Fotimaning ikki o‘g‘li al-Hasan va al-Husayn avlodlaridan bo‘lgan har bir olim, taqvodor, shijoatli, urushga qodir, podshohga qarshi chiqa oladigan kishiga o‘tishi hamda u xalifa saylanishi ham mumkin.
Imom Zayd ibn Alining «al-Majmu’» nomli kitobida bayon etgan fikrlari zaydiya fiqhining asosini tashkil qiladi. U ham boshqa mazhab faqihlari kabi birinchi o‘rinda Qur’onni, keyin esa sunna, ijmo’, qiyos, istihson, so‘ngra esa aqlni shariat asoslaridan deb hisoblaydi.
Zaydiya fiqhining o‘ziga xos tomonlari quyidagilar:
Ahl al-kitob (samoviy kitobga ega bo‘lgan boshqa din vakillari: yahudiylar, xristianlar, sobilar) tomonidan so‘yilgan hayvon go‘shtini yeyish, lekin ular bilan quda-andachilik qilish harom;
mahsi (oyoq kiyim)ga mas’h tortish joiz emas.
Zaydiya mazhabiga mansub asosiy manbalar – Zayd ibn Alining «al-Majmu’» asari va unga sharh sifatida yozilgan Sharafaddin al-Husayn ibn Ahmadning «ar-Ravd an-nodir» kitobi hisoblanadi. Zaydiylar Shimoliy Afrikada Idrisiylar (789-926), Tabaristonda Zaydiylar (863-928), Yaman (901-1962) davlatlariga asos solganlar.
Zaydiya firqasi vakillari hozirgi kunda Yaman Arab Respublikasi, Saudiya Arabistonida, Pokistonda yashaydilar. Bu firqa bir necha mayda firqachalarga bo‘lingan. Ular orasidan jorudiya, sulaymoniya, butriya (solihiya), qosimiya, nosiriya, hoduviyalarni zikr etish mumkin.
Isno’ashariya. Ushbu firqa e’tiqodicha, 12 imomlik (isno’ashariya) Ali ibn Abi Tolibdan boshlanadi, so‘ng uning Fotimadan bo‘lgan o‘g‘illari al-Hasan va al-Husaynga o‘tadi va nihoyat 12-imom Muhammad al-Mahdiyga borib tugaydi. Shuning uchun bu firqa isno’ashariylar – «o‘n ikki imomni e’tirof qiluvchilar» deb nomlangan.
Isno’ashariylarning e’tiqod qilishicha, o‘n ikkinchi imom Muhammad al-Mahdiy hali o‘lmagan, balki u 873-74 sanada g‘oyib bo‘lgan va oxir zamonda paydo bo‘lib, zulm va fasodga to‘lgan yer yuzini tinchlik va adolatga to‘ldiradi. Ular imomlarni xato va gunohdan ma’sum (pok) deb hisoblaydilar. Bunga sabab, ularning fikricha, imomlarga ilohiy ilhom keladi yoki Payg‘ambar o‘z zamonida bayon etishlariga hojat bo‘lmagan ahkomlar ilmini ularga qoldirganlar. Shu bois ular imomga imon keltirishni musulmonlik shartlaridan biri deb hisoblaydilar. Ular imomga shunday tavsif beradilar: «Imom xatodan, adashishdan yiroq bo‘lgan, to‘g‘ri yo‘ldagi, taqvoli va Alloh qo‘llagan ma’sum kishidir. Alloh va bandalarining o‘rtasida hujjat bo‘lishi uchun Alloh ularga shu xususiyatlarni berdi».
Isno’ashariylar imomlarning maqomlari xususida turli fikrlar bildirganlar. Ba’zilar Alini Payg‘ambardan afzal deb e’tiqod qiladilar hamda Ali va uning o‘n bir avlodi insonlarga rizq berib turadi. Ular Payg‘ambardan keyingi Allohning hujjatlaridirlar. Ularning buyruqlari Payg‘ambarning buyrug‘i, nahy(ta’qiq)lari Payg‘ambarning nahyisi, ularga itoat qilish – Payg‘ambarga itoat qilish, ularga bo‘ysunmaslik – Payg‘ambarga isyon qilish, degan fikrlarni bildiradilar. Ularning jasadlari nuroniyliklari sababidan qabrlarda chirimaydi yoki ba’zilarining e’tiqodiga ko‘ra osmonga ko‘tariladi.
Ular fiqh qoidalarini Qur’onga, o‘z olimlaridan naql qilingan ko‘rsatmalarga asosan tuzadilar. Sunniylikda fatvo (diniy hukm) chiqarish uchun qo‘llaniladigan ijmo’ masalasida faqatgina Ahl al-Bayt (Ali avlodlari) ijmo’ini qabul qiladilar va boshqalarini rad etadilar.
Isno’ashariya firqasi islomdagi boshqa mazhablardan nafaqat e’tiqod masalalarida, balki ibodat masalalarida ham farqlanadi. Bunga bir necha misol keltirib o‘tish mumkin:
Qur’oni karimning zohiri (tashqi tomoni) va botini (ichki tomoni) bor bo‘lib, insonlar faqat zohirinigina biladilar, botinini esa, imomlardan boshqa hech kim bilmaydi;
mut’a nikohi (vaqtincha nikoh) – qonuniy;
taloq ikki guvoh oldidagina qabul bo‘ladi;
ohod xabarlar (faqat bir kishidangina naql qilingan hadislar) qabul qilinmaydi;
qaytish haq (Alloh o‘lganlarning ba’zilarini avvalgi suratda dunyoga qaytaradi, buning uchun imon darajasi o‘ta kuchli yoki o‘ta buzg‘unchi inson bo‘lishi kerak);
taqiya – halol.
Isno’ashariya manbalari. Bu firqaning ta’limotini asoslab beruvchi ko‘plab kitoblar mavjud. Misol tariqasida Ja’far ibn Hasan al-Halabiyning «Sharo’i’ al-islom», Muhammad ibn Hasan an-Najdiyning «Javohir al-kalom», Muhammad ibn Yusufning «Tazkirat al-fuqaho’» va boshqalarni keltirish mumkin.
Isno’ashariya imomlari quyidagilar:
Ali ibn Abi Tolib (al-Murtazo);
al-Hasan ibn Ali (al-Mujtabo);
al-Husayn ibn Ali (ash-Shahid);
Ali Zayn al-obidin ibn al-Husayn (as-Sajjod);
Muhammad ibn Ali (al-Boqir);
Ja’far ibn Muhammad (as-Sodiq);
Muso al-Kozim ibn Ja’far as-Sodiq (al-Kozim);
Ali ibn Muso (ar-Rizo);
Muhammad al-Javod ibn Ali (at-Taqiy);
Ali al-Hodi ibn Muhammad al-Javod (an-Naqiy);
al-Hasan al-Askariy ibn Ali al-Hodi (az-Zakiy);
Muhammad al-Mahdiy ibn al-Hasan al-Askariy (al-Hujjat al-Qo’im al-Muntazir).
Bu firqaning markazlashgan joyi Erondir. Undan tashqari Ozarbayjon, Suriya, Livan, Falastin, Hindiston va Pokistonda «Isno’ashariya» oqimi vakillarini uchratish mumkin.
Ja’fariya. Shialikning isna’ashariya firqasidagi imomlardan biri bo‘lgan Abu Abdulloh Ja’far as-Sodiq 699 yil Madinada tug‘ildi. U Imom Muhammad al-Boqirning o‘g‘li bo‘lib, ota tarafidan nasabi Ali ibn Abi Tolibga borsa, ona tarafidan nasabi Abu Bakr as-Siddiqqa boradi. Yoshligida Ja’far bobosi Zayn al-Obidin qo‘lida tarbiya topib, undan ilm oldi. Bobosi vafot etgach, otasining qo‘lida ilm olib, keyinchalik zamonasining kuchli olimlaridan biriga aylandi. Otasi 732 yil vafot etgach, ularning xonadoni go‘yo Madina dorilfununlaridan biriga aylandi. Kufa, Basra va Hijozdan ko‘pgina olimlar kelib, undan ilm olganlar. Abu Abdulloh diniy va dunyoviy ilmlarni egallagan olimlardan edi. U islomda birinchilardan bo‘lib falsafa yo‘nalishiga asos solgan. Bundan tashqari fiqh, hadis, kalom ilmlarida ham peshqadamlardan bo‘lgan.
Ja’fariya mazhabining o‘ziga xos tomoni shundaki, ularda qiyos bilan fatvo chiqarish usuli tan olinmaydi, hadislardan faqat Payg‘ambar xonadonidan bo‘lgan Ahl al-Bayt rivoyat qilganlarigina qabul qilinadi. Bundan tashqari ularda mut’a va taqiya halol deb hisoblanadi.
Ismoiliya. Ismoiliya firqasi – islomdagi shia oqimining asosiy shahobchalaridan biri bo‘lib, islom tarixida juda muhim o‘rin tutadi. Ushbu firqa vakillari turli mamlakatlarda botiniya, sab’iya, qarmatiya, ta’limiya, mulhidiya va h.k. nomlar bilan atalganlar.
Ismoiliyaning paydo bo‘lishi VIII asrda shialar orasidagi o‘zaro bo‘linishdan boshlandi. Shialarning keyinchalik «imomiylar» deb atalgan bir guruhi Ja’far as-Sodiqning kichik o‘g‘li Muso al-Kozimni yettinchi imom deb tan oldilar. Chunki Imom Ja’far katta o‘g‘li Ismoilni vorislikdan mahrum etib, imomlikni kichik o‘g‘liga vasiyat qilgan edi.
Ammo, shunga qaramay, boshqa bir guruh Ja’far as-Sodiqning katta o‘g‘li Ismoilni imomlikning merosxo‘ri sifatida tan oldilar. Ismoil otasi tirikligida vafot etganligi sababli keyinchalik uning o‘g‘li Muhammad ibn Ismoilni yettinchi imom sifatida qabul qildilar. Imomiya shialaridan farqli ravishda imomatning davomchisi Ismoildir deb da’vo qiluvchi ushbu firqa o‘zlarini «ismoiliylar» deb atadilar.
Manbalarda muborakiylar va xattobiylar Ismoiliyaning g‘oyaviy asoschilari sifatida ko‘rsatiladi. Biroq keyingi Ismoiliya mualliflari xattobiylarni tanqid qilib, ularning mazkur yo‘nalishga hech qanday aloqasi yo‘q deb ta’kidlaydilar.
Muhammad ibn Ismoilning o‘limidan so‘ng ular orasida bo‘linish yuzaga keldi. Ulardan bir guruhlari yettinchi imom deb Muhammadni tan oldilar. Shuning uchun ular sab’iya (yettinchilar) deb ataldilar.
Fotimiya (Ubaydiya). Imom Ubaydulloh al-Mahdiy Abbosiylar va qarmatiylardan qochib, o‘z safdoshlari bilan Mag‘ribda joylashadi va 909 yilda Fotimiylar davlatiga asos soladi. Shu tariqa Ismoiliylar imomlari yashirin davrdan oshkora davrga o‘tadi. Fotimiylar davlati o‘z ta’limotini yoyish maqsadida Sharqqa targ‘ibotchilar yubora boshladi.
Fotimiy askarlari Javhar as-Siqilliy boshchiligida Misrni qo‘lga olib, so‘ngra al-Qohira shahrini o‘zlariga poytaxt qildilar. Ilmiy markaz sifatida al-Azharni qurdilar. Keyinchalik, al-Mustansir bi-l-loh (1036-1094) o‘zidan so‘ng imomlik o‘g‘li Nizorga o‘tishini ta’kidlaydi, lekin uning vaziri Afzal ibn Badr al-Jamoliy al-Mustansirning vafotidan foydalanib, uning kichik o‘g‘li al-Musta’liyni imom deb e’lon qiladi. Ammo Ismoiliya firqasi da’vatchilarining ko‘p qismi al-Musta’liyga bay’at qilishdan bosh tortib, Nizor va uning o‘g‘illarini imomlikka haqli deb hisoblashgan.
Demak, ismoiliya shialari shundan so‘ng ikkita: Musta’liya (g‘arbiy ismoiliylar) va Nizoriya (sharqiy ismoiliylar)ga ajraldi.
Qarmatiylar. Ismoiliylarning da’vatchilari Yamanda muvaffaqiyat qozongach, Bahraynda qarmatiylar harakati bilan tanilgan yangi firqa vujudga keldi. Bu firqaning asoschisi kufalik Hamdon Qarmatdir. Ismoliya arboblaridan Husayn al-Ahvoziy vafot qilgach, Hamdon boshqaruvni o‘z qo‘liga oldi. U o‘z siyosatini targ‘ibot qilishda faol ish olib bordi, natijada uning tarafdorlari asta-sekin ko‘paydi. U Kufa tashqarisida joylashgan «Dor al-hijra» deb nomlangan markazni o‘zi uchun qarorgoh qilib, u yerda da’vatchilar tayyorladi. Shuningdek, u kambag‘al va beva-bechoralarga yordam berish maqsadida safdoshlaridan mol va turli soliqlarni yig‘ar edi.
Qarmatiylarning siyosiy-g‘oyaviy harakati Kufa atrofida boshlanib, IX asr oxirlariga kelib davlatga tahdid soluvchi va kishilar qalbiga qo‘rquv tarqatuvchi harakatga aylandi. Keyinchalik ular Basra, Kufa va Shomning ba’zi nohiyalariga hujum qilishdi, so‘ngra Yaman va Bahrayn hududlariga yoyildilar. Natijada ular Bahraynda Abu Sa’id al-Jannobiy boshchiligida kuchli davlatga asos soldilar. Qarmatiylar o‘sha davrda Abbosiylar bilan bir qancha janglar o‘tkazib, zafar ham qozonishdi. Haj mavsumlarida ham karvonlarga hujum qilib, bosqinchilik va talon-tarojlik bilan shug‘ullanganlar. Chunki qarmatiylarning botiniy ta’limotiga ko‘ra, ko‘p amallar, jumladan, haj, «Qora toshga» sig‘inish noto‘g‘ri edi. Ular faoliyatining kuchaygan davri 929 yil hisoblanadi. Shu yili ular Abu Tohir Sulaymon boshchiligida Makkaga kirib, hojilarni o‘ldirib, jasadlarini Zamzam qudug‘iga tashladilar hamda Ka’bani buzib, «al-Hajar al-asvad» (Qora tosh)ni o‘z poytaxtlari Bahraynga olib ketdilar. Ibn Kasir o‘zining «al-Bidoya va-n-nihoya» asarida zikr qilishicha, «al-Hajar al-asvad» qarmatiylar qo‘lida 22 yildan ortiq qolib, 951 yilda Makkaga qaytarilgan. Qarmatiylar faoliyati uzoq muddat davom etib, 1077 yillarga kelib, zaiflashgan.
IX asrning 2-yarmida ismoiliyaning bu yo‘nalishi qarmatiya deb nomlana boshladi. Boshqa guruh esa, Muhammad ibn Ismoilning avlodlarini imomlar sifatida tan olishda davom etdilar. Bu imomlar Suriya, Xuroson va boshqa yerlarda juda faol da’vatchilik harakatini amalga oshirdilar. Shimoliy Afrikada «fotimiylar» hokimiyat tepasiga kelguniga qadar ismoiliya harakati tarixida «as-satr» (yashirinlik, maxfiylik) davrini boshdan kechirdi.
X asr boshlaridan boshlab bu guruh «fotimiy-ismoiliylari» deb atala boshladi. Yashirin imomning nomi va qaytish joyi qattiq sir saqlanganligi uchun uzoq vaqt qarmatiylar va ismoiliylar orasida katta farq bo‘lmadi. Ba’zi tadqiqotchilar fotimiylargacha bo‘lgan davrni ismoiliya harakatining qarmatiylik bosqichi deb hisoblaydilar.
IX asr oxiriga kelib, ismoiliya o‘z da’vatchilarining harakatlari bilan Janubiy Iroq, Xuroson, Xuziston, Bahrayn, Yaman, Suriya, Misr, Mag‘ribda o‘zining ko‘p tarafdorlarini orttirdi. O‘zlarini imom Ismoilning avlodlari deb hisoblagan fotimiylar harakatiga asos solinishi fotimiy-ismoiliylar bilan qarmatiylar orasida qat’iy bo‘linishga olib keldi. X asrning oxiriga kelib Mag‘rib, Misr, Suriya, Falastin, Hijoz fotimiylar hokimiyati ostiga o‘tdi. Ularning maxfiy tashkilotlari xalifalikning sharqida, xususan, Iroqi Ajam (Eron)da keng tarqaldi.
Ismoiliylar o‘z ta’limotlarini yoyishda puxta ishlangan maxfiy markazlashgan tashkilot tuzdilar. Muhim, tezkor axborotlarni almashishda xat tashuvchi kaptarlardan foydalanishgan. Targ‘ibot ishlarida ular ish olib borayotgan joy va vaqt e’tiborga olingan. Targ‘ibot boshlig‘i imom hisoblangan.
Ismoiliya da’vatchilarining vazifasi omma oldida olimlar va faqihlar bilan tortishib, o‘z ta’limotini tarqatish bo‘lgan. Yangi da’vatchilarni tanlashga ismoiliya rahbarlari alohida e’tibor berganlar.
Ismoiliya mafkurasi shakllanishining ilk davridayoq uning ikki qirrasi – «tashqi», ekzoterik (az-zohir) va «ichki», ezoterik (al-botin) namoyon bo‘ldi. Az-zohir jihati jamoaning oddiy a’zolariga ham tegishli bo‘lib, al-botin jihati esa faqatgina «xos» kishilarga tegishli bo‘lgan. Ular Ismoiliya tuzumining yuqori pog‘onalarini egallagan kishilar edi. Tashqi ta’limot o‘z ichiga barcha urf-odat va jamoaning oddiy a’zolariga majburiy bo‘lgan shariatning huquqiy qonunlarini olgan edi. Ismoiliya ta’limotining bu jihati imomiylar ta’limotidan juda kam farq qiladi. Ismoiliyaning «ichki» ezoterik aqidasi ikki qismdan iborat:
Ta’vil al-Qur’on – Qur’on va shariatni allegorik tarzda sharhlash.
al-Haqoiq – «maxfiy», «oliy» haqiqatlarni tafsir qilishga asoslangan falsafiy va ilohiy bilimlar tizimi. U «neoplatonizm» idealistik falsafasi (xususan, monoteistik-yakkaxudolik g‘oyalarilarining birlashuvi, real dunyo voqeligining ko‘p qirraligi), Aristotel ratsionalistik falsafasi, xristian gnostitsizmi, mistikasi elementlari va boshqalarini o‘zlashtirdi. Ismoiliya diniy-falsafiy tizimining asosiy elementlari – kosmogonik va davriylik teoriyalari.
Ismoiliya aqidasi o‘z ichiga diniy majburiyatlar (faroid ad-din) bilan bog‘liq bo‘lgan amaliy ilohiyot (al-iboda), din arkonlari (arkon ad-din) va nazariy ilohiyot–«sirli ilm» (ilm al-botin), Qur’onni allegorik sharhlash (at-ta’vil)ni oladi.
Bunda Ismoiliya ilohiyotchilari «tashqi» va «ichki» jihatlarning bir-biri bilan mustahkam bog‘liq ekanligini ta’kidlaydilar. Ismoiliylarning diniy-siyosiy aqidasining asosi imomat – Ali ibn Abi Tolib avlodlaridan begunoh imomning mavjudligi. Ismoiliylarda din asoslari yettita bo‘lib, ulardan asosiysi imomga itoat etishdir. Qolgan oltitasi tahorat, namoz, zakot, ro‘za, haj va jihoddir.
Ismoiliyaning huquqiy tizimi al-Qozi an-Nu’monning (v. 979 y.) «Da’o’im al-islom» (islom ustunlari) kitobida mufassal bayon etilgan bo‘lib, imomifa (ja’fariya mazhabi) fiqxi bilan deyarli mos tushadi. Ular orasida meros, nikoh va boshqa ba’zi xususiy masalalardagina farqlar mavjud. Ismoiliylar vaqtinchalik nikoh – mut’ani (sig‘a) tan olmaydilar.
Bu firqa vakillari Hindiston, Pokiston, Badaxshon, Arabiston yarim orolining janubi va boshqa joylarda mavjud.
Og‘axoniylar. XIII asrga kelib ismoiliylarning nizoriy oqimi deyarli yo‘q bo‘lib ketdi. Biroq XIX asrga kelib, asli shialardan bo‘lgan Hasan Ali Shoh (1804-1881) Eronda o‘z atrofiga bir qancha qo‘shinlarni yig‘ib, davlatga qarshi isyon ko‘tardi. Ko‘pchilik Hasanni qo‘llab-quvvatladi. Natijada Eronda davlat to‘ntarishi boshlandi. Inglizlar forsiylar yurtlariga bo‘lgan qiziqishlari tufayli ushbu to‘ntarishga homiylik qildilar. Lekin bu to‘ntarish 1840 yilga kelib samarasiz yakunlandi. Hasan Ali Shoh va uning qo‘shinlari asir olindi. Keyinchalik inglizlar asirga olinganlarni katta pul evaziga hamda Erondan olib chiqib ketish sharti bilan ozod qildilar. Inglizlar ularni Afg‘onistonda qaror topishlari uchun qo‘llab-quvvatladilar. Afg‘onlar bunga yo‘l qo‘ymay, ularni Hindistonga chiqarib yubordilar. Natijada ular Bombey shahrida o‘zlariga qarorgoh barpo qilib, o‘z faoliyatlarini davom ettirdilar. Inglizlar Hasan Ali Shohdan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalandilar. Ular Hasanga ismoiliylar tarafdorlarining mutlaq hokimligini berib, ismoiliy-nizoriylarning imomi deb e’lon qilindi va unga Og‘axon laqabi berildi. Hasan Ali atrofiga Hindiston ismoiliylari qo‘shildi, natijada Og‘axoniylar oilasi barpo qilindi. Hasan Ali vafot etgach, o‘g‘li Ali Shoh (v. 1885 y.) Ikkinchi Og‘axon nomi bilan tanilib, otasining ishlarini davom ettirdi. Ikkinchi Og‘axon vafotidan so‘ng yakka hokimlik uning o‘g‘li Muhammad Shoh al-Husayniy Uchinchi Og‘axonga (v. 1957 y. ) o‘tdi. Uchinchi Og‘axon o‘z vafotidan oldin ismoiliylar an’anasiga xilof ravishda hokimlikni katta o‘g‘liga emas, balki nevarasi Karimxon al-Husaynga vasiyat qildi. Karimxon Amerika universitetlarining birida tahsil olgan va u hozirgi kunda ismoiliylarning 48-imomi, To‘rtinchi Og‘axon deb hisoblanadi.
Og‘axoniylar Og‘axonlarni Fotima naslidan, ular barcha gunohlardan pok va muqaddasdirlar deb ularga e’tiqod qiladilar.
Og‘axoniy imomlar Yevropa mamlakatlarida badavlat hayot kechirayotgan bo‘lsalarda, ularning tarafdorlari imomlarini ulug‘lashda davom etib, topgan boyliklarini beshdan birini berib turadilar. Shu sababli Uchinchi Og‘axon dunyoning eng boy kishilaridan biriga aylangan edi.
Hozirgi kunda Og‘axoniylar Karachida o‘z markazlarini bunyod etganlar, uning tarafdorlari Afrikaning sharqiy qismi Nayrobi, Dor as-Salom, Madagaskar, Zanzibar, Kongo, Hindiston va Pokistonda o‘z ta’limotlarini yoyishda davom etmoqdalar. Shuningdek, Suriya va Livanda ham ularning tarafdorlari mavjud. Hozirgi kunda bu aqida tarafdorlarining soni taxminan 20 mln. ga yaqindir.
Nusayriya (Alaviya). Nusayriylar shialarning 12 imomlik firqasidan bo‘ladilar. Ular nomini Ibn Nusayrga nisbatlaydilar. Nusayriylarning o‘zlari ushbu nomni yoqtirmaydilar va o‘zlarini «alaviylar» deb nomlaydilar. Lekin turklar ularni bu nom bilan atalishini inkor etib, Suriyadagi o‘zlari yashaydigan tog‘lar nomi bilan nomlashadi. Keyinchalik, fransizlar XX asr boshlarida ularga eski nomlarini qaytarib berishdi, shunga ko‘ra Nusayr tog‘lari mustaqil alaviylar yerlaridan hisoblanadi. Ular:
Alini iloh darajasiga ko‘tarishadi;
nasroniylarning (uchlik) aqidasiga o‘xshash ta’limotga egalar. Ularning uchliklari – Ali, Muhammad va Salmon al-Forsiylardan tarkib topgan. Bu ramz – ma’no, ism va eshik demakdir. Bunga ko‘ra Alini ma’no yoki mutlaq g‘ayb (ya’ni xudo), Muhammadni ism yoki zohir ismning shakli, Salmonni esa ma’noga yetaklovchi «eshik» (bob) yoki yo‘l deb biladilar;
Salmonni Jabroil farishta darajasiga ko‘tarib, Muhammad payg‘ambarga Qur’onni barchasini Salmon yetkazgan deb hisoblaydilar;
Shar’iy hukmlari botiniy uslubda ta’vil qilish asosida istinbot etilgan.
Hozirgi kunda bu firqa vakillari Suriya Arab Respublikasi aholisining taxminan 10%ini tashkil etadi. Bundan tashqari ular Livan va Turkiyaning janubida joylashgan shaharlarda yashaydilar.
Druzlar. Druzlar ham nusayriylar botiniy firqalardan hisoblanadilar. Ular o‘zlarini muvahhidlar deb nomlaydilar. Druzlarning paydo bo‘lishi X-XI asrlarda fotimiylar sulolasidan bo‘lgan xalifa al-Mansur ibn Abd al-Aziz al-Hokim (996-1021) nomi bilan bog‘liq. Ular 1017 yili xalifa al-Hokimni ilohiyat deb e’lon qilganlar. Manbalarda bu ta’limot asoschisi haqida turli fikrlar mavjud: 1) ba’zilar «Labbod» laqabi bilan tanilgan Hamza ibn Ali az-Zavzaniy; 2) boshqalar «Ajda’» nomi bilan tanilgan Hasan ibn Hidra al-Farg‘oniy; 3) uchinchi guruh «Nashtakin» laqabi bilan mashhur bo‘lgan Muhammad ibn Ismoil ad-Duruziy (v. 1019 y. )ni ta’limot asoschisi deb hisoblaydi. Oxirgi fikr haqiqatga yaqinroq deb hisoblanadi.
Druzlar ta’limoti bo‘yicha manbalar mavjud bo‘lib, ulardan Hamza ibn Alining «Druz mus’hafi» nomli asari ahamiyatli sanaladi. Ushbu asar 44 ta bo‘limga tashkil topgan. Asarda Qur’oni karim oyatlari o‘ziga xos tarzda talqin qilinadi. Masalan, unda xalifa al-Hokimni itoatidan bosh tortganlar oxiratda azobda, itoat qilganlar rohatda, – deb ta’kidlanadi. Ushbu asarga qadimgi yunon, xususan Aflotun falsafasi, yahudiylik va buddizm ta’limotlaridan ham g‘oyalar kiritilgan.
Druzlar islomning zohiriy qoidalarini – jannat, do‘zax, farishtalarni, islomning asosiy ruknlari ro‘za, haj amallarini inkor etadilar. Diniy bayramlardan faqat qurbon hayitini va shialarda motam marosimi hisoblangan ashuroni (ta’ziya) nishonlaydilar.
Druzlar jamiyati ikki tabaqa: ruhoniylar va jasadlarga bo‘linadi. Ruhoniylar – ularda o‘z dinlarini chuqur biladigan, e’tiqodlarida mustahkam, barcha man qilingan narsalardan parhezkor insonlar hisoblanadi. Jasadlar – savlatlari boru, lekin o‘z dinlari haqida ko‘p narsadan bexabar johil insonlardir.
Druzlar ta’limotida masjidga borish, namoz o‘qish shart emas. Ularning ibodatxonalarida payshanba kunlari faqat ruhoniylargina to‘planadilar. O‘rta asrlardan boshlab druzlar o‘zlarining merosiy mulklariga va hukmdor amirlar sulolasiga ega bo‘lgan. Livanda druz amirlari hokimiyati, ayniqsa, Faxr ad-din II Maon (1590-1633) va Bashir II Shihob (1789-1840) davrlarida juda yuksalgan. Ular Suriya xalqining 1925-27 yillarda fransuzlar hukmronligiga va 1958 yilda Isroilga qarshi qo‘zg‘olonlarida faol ishtirok etishgan.
Hozirgi kunda druzlar asosan Livan, Isroil, qisman Suriya, Iordaniya bilan Iroq o‘rtasida joylashgan sahrolarda yashaydilar.
Ahl as-sunna va-l-jamoa e’tiqodi. Kalom ilmi o‘rta asrlarda diniy-falsafiy fikrlarni, dinning nazariy asoslarini o‘rganish, islom aqidalariga e’tiqod qilish haqidagi bilimlarni jamlagan. E’tiqod qilinishi lozim bo‘lgan diniy talablarga nisbatan aqliy mulohaza yurgazish jarayonida kalom maxsus bilimlar tizimi majmui sifatida vujudga keldi. Kalom (Ilm al-kalom) atamasi keng ma’noda o‘rta asrlar musulmon adabiyotida diniy-falsafiy mavzularda (jumladan, nasroniylik va yahudiylik dinlarida ham) erkin fikr yuritishlarga nisbatan qo‘llanilgan, tor ma’noda esa Qur’on va sunna ta’limotini aql-idrokka mos talqin etish, tafakkurga suyanib ish yuritishga nisbatan ishlatilgan.
Ratsionalistik yo‘nalish vakillari: mutakallimlar va faylasuflar orasidagi farq ular tahlil etadigan masalalarining boshqa-boshqaligida. Mutakallimlar ilohiyot masalalari bilan shug‘ullanadigan bo‘lsalar, faylasuflar esa dunyo, jamiyat va insoniyat haqidagi g‘oyalar dunyosi bilan shug‘ullandilar.
Kalom ilmi dastlab islomda mavjud bo‘lgan turli diniy-siyosiy firqalar (xavorijlar, qadariylar, jabariylar, murji’iylar)ning o‘zaro munozaralari va boshqa din (mazdakiylik, nasroniylik) vakillari bilan bahs jarayonida shakllandi. Ushbu tortishuvlarda Qur’on va sunna kabi islom manbalari asos qilib olindi. Shular asosida kalom ilmining dastlabki predmeti vujudga keldi: Allohning yagona vujudligi va uning sifatlari; qazo va qadar (inson taqdiri); o‘tgan payg‘ambarlar, shu jumladan, Muhammad payg‘ambar elchiligi; qiyomat kuni va qayta tirilishga ishonish; musulmonlarning diniy hamda dunyoviy rahbarining (xalifa, imomlik) sifatlari kabi masalalar.
Islom tarixining dastlabki bosqichlarida jamiyatning diniy-huquqiy asoslarini turli dindagi xalqlarning milliy madaniyati tashkil qilar edi. O‘zga dinlarda bo‘lgani kabi islomning nazariy-huquqiy jihatlari keyingi asrlarda shakllana boshladi. Chunki ushbu din o‘rta asrlarda o‘z atrofiga arab bo‘lmagan ajam xalqlarini ham birlashtirishga ulgurgan edi. Shu tufayli islomning diniy-huquqiy ta’limotini yaratishda bu dinni qabul qilgan turli millat va irq vakillarining manfaatlarini ham hisobga olish lozim edi. IX asr o‘rtalariga kelib islomda yirik oqimlarni sunniylar, mu’tazila, murji’a, shialar va xavorijlar tashkil qildi.
Moturidiya. Abu Mansur al-Moturidiy o‘z ta’sir kuchini asrlar osha saqlab qolgan ash’ariyadan keyingi ikkinchi sunniy kalom maktabining asoschisidir.
Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad al-Moturidiy taxminan 870 yilda yoki undan sal oldin tug‘ilgan, degan xulosalar mavjud. U Samarqanddagi Moturid (yoki Moturit) mahallasida tug‘ilgan. Al-Moturidiy Abu Bakr Ahmad al-Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad al-Iyodiy kabi fiqh va kalom olimlaridan dars olgan.
Al-Moturidiy uslub jihatidan mukammal kalom ta’limotini yaratdi. Uning fikrlari «Kitob at-tavhid» va «Kitob at-ta’vilot» asarlarida bayon etilib, bizgacha yetib keldi.
Uning tafakkuri – mavjud turli ta’limotlardan sintez yo‘li bilan yangi nazariyani ishlab chiqishning noyob namunasidir. Al-Moturidiy Movarounnahrdagi ilohiyot taraqqiyotida burilish nuqtasini belgilab berdi. U asosan mu’taziliylar va dualistik dinlar vakillariga g‘oyat sog‘lom va ehtiyotkor tarzda kurashib, o‘ziga xos sintez ilohiyotining asosini yaratdi.
Uning shogirdlari – Abu-l-Hasan Ali ibn Sa’id ar-Rustufag‘niy, Abu Ahmad al-Iyodiy, Abdulkarim al-Pazdaviy va Abu Isma al-Buxoriylar.
Hanafiya mazhabi ilohiyotini bayon etib bergan al-Moturidiy va uning shogirdlari mazkur sohada ko‘plab asarlar yozdilar.
Al-Moturidiy Abu Hanifaning «ar-Risola ilo Usmon al-Battiy», Abu Muti’ al-Balxiyning «al-Fiqh al-absat», Abu Muqotil as-Samarqandiyning «al-Olim va-l-muta’allim» kitoblaridagi ta’limotni an’anaviy ta’riflar yordamida qaytarish va ta’kidlash bilangina cheklanmaydi. U o‘zi so‘z yuratayotgan masalalarni asoslab berishga intiladi, imkon bor yerda, bir fikrni ikkinchisidan keltirib chiqarishga harakat qiladi. U aniq tarkibga ega bo‘lgan epistemologiya, ya’ni bilish nazariyasiga ega ediki, uning yordamida olim o‘z fikrlarini tahlil etar hamda bilishning turli manbalarini anglab, ular haqida so‘z yuritar edi. Uning usuli muhim masalalarda doimo (qarama-qarshi ilohiy qarashlar o‘rtasida) oraliq yo‘lni tanlashni hamda turli da’volar (vahy va aql, Alloh va inson, Alloh va olam) o‘rtasida mantiqiy mutanosiblik mavjud bo‘lishini taqozo etadi. Biron diniy hukm chiqarish lozim bo‘lgan hollarda al-Moturidiy turli jihatlar mutanosibligi talabini amalga kiritgan.
Al-Moturidiy 333 hijriy/944-45 milodiy yil Samarqandda vafot etgan bo‘lib, ulamolar qo‘yiladigan Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.
Ash’ariya. Ash’ariya islomdagi ahl as-sunna va-l-jamoa doirasidagi ikki yirik e’tiqodiy maktabning biridir. Uning asoschisi basralik Abu-l-Hasan Ali ibn Ismoil al-Ash’ariydir. U birinchilardan bo‘lib kalom bilan islom aqidalarini uyg‘unlashtirishga harakat qilgan. Abu-l-Hasan al-Ash’ariy ta’limotini asoslashda sunniylikdagi to‘rt mazhabning ikkisi – shofi’iya va molikiyaga suyanar edi. Shuningdek, u kalom borasida turli xil ziddiyatlar orasida faoliyat ko‘rsatganligi ma’lum. Uning hayotini uch bosqichga bo‘lish mumkin:
1) mu’tazila maktabining vakili Abu Ali al-Jubbo’iydan ta’lim olib, 40 yil ushbu ta’limot tarafdori sifatida o‘tgan hayoti;
2) 912-13 yil mu’taziladan ajralib chiqib, o‘zi uchun yangi yo‘l topgan davrdagi hayoti.
Abu-l-Hasan al-Ash’ariy bu borada ko‘p asarlar tasnif etgan bo‘lib, ularning asosiylari «Maqolot al-islomiyin» va «al-Luma’» kitoblaridir. U 934-35 yili Bag‘dodda vafot etdi.
Al-Ash’ariy al-Moturidiydan farqli o‘laroq, bilish nazariyasi, olamning tuzilishi, Allohning zoti va ta’siri, insonga taqdim etilgan xatti-harakat maslalarida boshqacha mulohaza yuritgan. Ash’ariya ilohiyoti o‘z nazariyasiga eng ifodali, hatto, aytish mumkinki, radikal ta’rif izlagan. U kalomni va uning dalillash shakllarini yuksak darajada biladi. Ammo, al-Ash’ariy ulardan mohiyat e’tibori bilan sunniy an’anaviychiligiga muvofiq keluvchi fikrlarni himoya qilish maqsadida foydalanadi.
Ash’ariylarning asosiy tayanadigan manbalari Qur’oni karim, sunna va kalom ilmi qoidalaridir. Ular ohod hadislarga aqida bobida tayanmaydilar.
Ular Allohning zoti haqida shunday e’tiqod qiladilar:
Allohning birligi, uning tengi va o‘xshashi yo‘qligi;
Qur’onda zikr qilingan Allohning «yuzi», «ikki qo‘li», «ko‘zi» kabi so‘zlarning o‘ziga xos talqini (ta’vili) mavjudligi;
inson balog‘atga yetganda uning avvalgi vazifasi fikrlash, so‘ngra esa imon keltirish ekanligi;
imon va toat – Allohning tavfiqi bilan, kofir bo‘lish va gunohkorlik esa Allohning xor qilishi sababidan ekanligi;
Allohni qiyomatda ko‘z bilan ko‘rish mumkinligi;
gunohi kabira qilgan inson tavbasiz vafot etsa, uning hukmi Allohga havola ekanligi;
oxirat, qayta tirilish, mahshar, tarozi, sirot ko‘prigi, shafoat, jannat, do‘zax va shu kabi g‘aybiy narsalarga imon keltirish shartligi;
sahobalar barcha ishlarini ummatning manfaatini ko‘zlab qilganliklari uchun ular haqida yomon so‘z aytish mumkin emasligi

Islom dinining O‘rta Osiyoga kirib kelishi va tarqalishi bevosita arab istilolari va arablarning ko‘p asrlik hukmronligi bilan bog‘liq. O‘rta Osiyoga arab yurishlari 643-644 yillarda boshlangan bo‘lsa ham, o‘lkani uzil-kesil bosib olishga uzoq davrli kurashdan so‘ng faqat arab qo‘mondoni Qutayba ibn Muslim al-Bohiliy (704-715) erishdi. Mintaqada yangi siyosiy kuchning paydo bo‘lishi oqibatida O‘rta Osiyo ikki qismga bo‘lindi: 1) Movarounnahr («Ikki daryo oralii») va 2) Arodi at-turk («Turklar yerlari», ya’ni arablarga bo‘ysunmagan hukmdorlar yerlari). Mazkur ikki hududda islomlashuv jarayonlari turli xilda kecha boshladi.
Movarounnahrning islomlashuviga quyidagi ikki omil bevosita o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Abu Muslim (747-755) qo‘zg‘oloni davrigacha O‘rta Osiyoda islomdan oldingi davr hukmdorlari (ixshid, buxor-xudot va boshqalar) o‘z mavqelarini saqlab turdilar. Jumladan, ular mahalliy aholini boshqarish va ulardan arablar uchun soliq yig‘ish vazifalarini bajardilar. Ummaviy hukmdorlari mamlakat ichki ishlariga bevosita aralashmasdan, mahalliy sulolalardan o‘lpon olish bilan cheklanardilar. Ba’zida bu o‘lpon mahalliy aholidan yig‘ilgan jiz’ya (boshqa din vakillaridan yig‘iladigan soliq) sifatida qabul qilinar edi. Bu esa keyinchalik islom dinini qabul qilgan aholidan oddiy soliq yoki jiz’ya yig‘ish masalasida chigallikning kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Ikkinchi omil Ummaviylar davrida (661-750) arablarning mahalliy aholi tarafidan islom dinining qabul qilinishiga monelik qilishlari bilan bog‘liqdir. Chunki arablar ilk davrda talay imtiyozlarga ega edilar. Bu davr qoidalariga ko‘ra, islom dinini qabul qilgan kishi «arab»ga aylanar, ya’ni jamiyatda arablar kabi imtiyozlarga ega bo‘lardilar.
Bu holda mahalliy musulmonlardan jiz’ya olmaslik, arab va arab bo‘lmagan musulmonlarning teng huquqliligi uchun kurash olib borgan islom dini ichidagi murji’iylar diniy-siyosiy harakati g‘oyalari Movarounnahrda keng tarqalish imkoniga ega bo‘ldi. Chunki o‘lkada arab bo‘lmagan musulmonlarning haq-huquqlari arablar tomonidan poymol etilardi. Murji’iylarning faol harakatlari VII asrning 20-40 yillariga to‘g‘ri keladi. Murji’iy al-Horis ibn Surayj qo‘zg‘oloni (734-746) Movarounnahr aholisi tarafidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. VII asrda shakllana boshlagan murji’iylarning aynan imon va amalning ayri-ayri ekanligi haqidagi qarashlari bu hududda yerli aholining hech bir qiyinchiliksiz islomni qabul qilishlariga, shuning barobarida, yangi shakllanayotgan islom jamiyatida teng huquqlilikka erishishlariga qulay sharoit yaratib berdi;  keyinchalik esa – ular garchi arab tilini, qiyin diniy amallarni, o‘zlariga butkul yot muhitni to‘la anglab yetmasalar-da, ijtimoiy mavqelari va milliy-madaniy qadriyatlarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldilar. Abu Muslim (749 yil) harakati g‘alabasi oqibatida arab bo‘lmagan musulmonlarning arablar bilan teng huquqlilikka erishishi natijasida murji’iylik g‘oyalari siyosiy-ijtimoiy sohadan ilohiyot fani jabhasiga ko‘cha boshladi.
Moturidiya ta’limotining shakllanishi. Murji’iylar ta’limotiga ko‘ra, insonning tilda (iqror bi-l-lison va tasdiq bi-l-qalb) dinni qabul qilishi uni musulmon deb tan olish uchun kifoya qiladi. Diniy amallarning to‘liq bajarilishi ikkinchi darajali masaladir. Keyinchalik murji’iylar g‘oyalari asosida ilohiyot fanida uch yirik ta’limot – Najjoriya, Karromiya va Moturidiya shakllanadi. Moturidiya kalom maktabining vujudga kelishida Samarqand ulamolar muhiti katta rol o‘ynadi. Bu davrda Movarounnahr siyosiy markazi arablar ta’siri ostida shakllangan Buxoro shahri bo‘lsa ham, madaniy va iqtisodiy hayotda So‘g‘diyonaning qadimgi poytaxti hali salmoqli o‘rin tutar edi. Milliy qadriyatlarni, jumladan ilohiyot sohasida eski an’analarni ko‘proq saqlab qolgan Samarqand madaniy muhitida yangi ta’limotning vujudga kelishi bejiz emas edi. U. Rudolf  tadqiqotlarining ko‘rsatishicha, Moturidiya ta’limotining paydo bo‘lishi bir necha bosqichlarda yuz berdi. Birinchi bosqich murji’iy-hanafiy ilohiyotchilari Abu Muqotil as-Samarqandiy ( 823 y.) va Ahmad ibn Nasr al-‘Atakiy (IX asr) nomlari bilan bog‘liq. Ikkinchi bosqichda Samarqandda al-Juzjoniya (Abu Bakr al-Juzjoniy, Abu Mansur al-Moturidiy, al-Hakim as-Samarqandiy), al-‘Iyodiya (Abu Bakr al-‘Iyodiy, Abu Ahmad al-‘Iyodiy, Abu Salama as-Samarqandiy) maktab vakillari faol harakat qildilar. Ular shu diyorda faoliyat ko‘rsatayotgan Abu Hafs al-Buxoriy va Nusayr ibn Yahyo al-Balxiy maktablari bilan birgalikda «ahl as-sunna va-l-jamo’a» nomini oldilar. Keyinchalik uchinchi bosqichda mazkur maktablar ta’limoti o‘zaro ta’sir jarayoniga kirishib, XI asrda Abu-l-Mu’in an-Nasafiy (v. 1115 y.) va Abu-l-Yusr al-Pazdaviy (v. 1100 y.) sa’y-harakatlari bilan ilohiyot tarixiga Moturidiya ta’limoti nomi bilan kirdi. Bu ta’limot keyinchalik Samarqanddan butun islom olamiga tarqalib, ahl as-sunnaning Ash’ariya bilan bir qatorda ikki ilohiyot maktabidan biriga aylandi.
So‘nggi tadqiqotlar Movarounnahr hududlarida islomning ilk davrlarida ratsionalizmning keng tarqalganligi haqida guvohlik beradi. O‘lkada tabiiyot (Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon al-Beruniy) va falsafa (Abu Nasr al-Forobiy, Ibn Sino) ilmlari bilan bir qatorda ratsionalistik diniy ilmlar ham barq urib rivojlandi. Mu’taziliylar, ismo’iliylar, ilk sufiylar (al-Hakim at-Termiziy) madaniy hayot tarixida chuqur iz qoldirdilar. Bunga javoban islom dunyosining markaziy hududlaridan traditsionalistlar (an’anachilar, ahl al-hadis) ta’limotlari kirib kela boshladi. Islom ta’limotini keyingi davrda paydo bo‘lgan yangiliklardan (bid’at) tozalash bu oqimning asosiy shiori bo‘lib qoldi. Bu tanqidiy ruh muhaddislarga siyosiy sohada ham ancha muvaffaqiyatlar keltirdi. Hadislarni yig‘ish, tartibga solish va faqat ishonchlilarini to‘plamlarga jamlash borasida mislsiz ishlar qilindi. Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Imom ad-Dorimiy, ‘Abd ibn Humayd al-Kashshiy, Kulayb ibn al-Haysam ash-Shoshiylar hadis to‘plamlari bilan islom tarixi zarvaraqalariga o‘z ismlarini yozdilar. Natijada muhaddislarning ijtimoiy-siyosiy mavqei Movarounnahrda, jumladan poytaxt Buxoroda, beqiyos o‘sdi.
Bu esa o‘z navbatida markaziy shaharlarda shu paytgacha kuchli mavqega ega bo‘lib kelgan hanafiylar va yangi guruh – ahl al-hadis o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytirdi. Murji’iylar va hanafiylarning diniy qarashlaridagi bevosita aloqadorlik bir necha tadqiqotlarda o‘z isbotini topgan (Y. van Ess, V. Madelung, U. Rudolf). Darhaqiqat, o‘z vaqtida Abu Hanifaning (767 y.) arab bo‘lmagan musulmonlarning ham teng huquqli ekanligi g‘oyasi, ularning jamiyatda kamsitilishlariga qarshi sa’y-harakatlari, dastlab, uning ilohiyot sohasidagi, keyinchalik esa, fiqhiy ta’limotning Movarounnahr hududida tarqalishiga keng yo‘l ochgan edi. Endi jiddiy muxoliflar bosimi ostida hanafiylar o‘z ta’limotlarini rivojlantirishga majbur bo‘ldilar. Abu Abdulloh al-Buxoriy (v. 878 y.), as-Subazmuniy (v. 952 y.), az-Zandavisatiyning (XI asr boshi) shoh asarlari shu maqsadga xizmat qildi.
 
Hanafiya mazhabi. Hanafiy faqihlar shahar ahlining turli qatlamlari bilan chambarchas mustahkam aloqada bo‘lib, o‘z diniy-ijtimoiy faoliyatlarida ularning manfaatlarini aks ettirar edilar. Shu paytgacha islomshunoslikda Somoniylarning (874-999) hokimiyatga kelishi o‘z-o‘zidan hanafiylarning mavqelarini kuchaytirdi, deb hisoblanar edi (V. Madelung). Ammo yangi kashf etilgan manbalardan ma’lum bo‘lishicha, asli xurosonlik Somoniylar mahalliy aholi va ularning yetakchi vakillari – hanafiylar ta’sir doirasini cheklash va toraytirish uchun ahl al-hadis va shofi’iylardan foydalanganlar (jumladan, Ismo’il Somoniy, 892-907). Ular o‘rtasidagi keskin raqobat kurashi ilm sohasida mumtoz asarlar paydo bo‘lishiga olib keldi. Bu o‘rinda Shams al-a’imma al-Halvo’iy, Shams al-a’imma as-Saraxsiy, Abu Zayd ad-Dabusiy, Faxr al-islom al-Pazdaviy, as-Sadr ash-Shahid, Abu Hafs an-Nasafiy, az-Zamaxshariy, ‘Alo’ ad-din as-Samarqandiy, al-Mutarriziy, Burhon ad-din al-Buxoriy, Faxr ad-din Qodixon, Burhon ad-din al-Marg‘inoniyning fiqh metodologiyasi, fiqhning amaliy masalalari, hadis, aqo’id, filologiya, tafsir va boshqa sohalarda yaratgan yuzlab asar nomlarini keltirish kifoya. Mazkur asarlar orqali O‘rta Osiyo boy madaniy an’analari, diniy tajribasi, huquqiy tasavvurlari islom tamadduni doirasiga kiritildi. Bu bilan islomning to‘laqonli, o‘z-o‘ziga yetarli, mukammal mintaqaviy shakliga asos solindi. Unda umumislomiy va mahalliy elementlar orasidagi munosabatda hamohanglik, mutanosiblikka erishila borildi.
 
Dunyoviy davlat va ulamolar. O‘rta Osiyoda uzoq vaqt davomida (VIII-XIII asrlar) davlat tuzumi Bag‘doddagi holatni takrorlar edi. Yaxshi ma’lumki, Payg‘ambar vafotidan (632 y.) so‘ng davlat hayotida dunyoviylik prinsipi ustun bo‘lib keldi. Ammo islom dinini birinchi navbatda hukmron doiralar tarafidan yagona din (monodin) deb e’tirof etish jamiyat hayotida ulamolar mavqeining yuqori bo‘lishiga tabiiy tarzda olib keldi. Chunki din qoidalarini ishlab chiqish davlat tasarrufida emas, balki yetarli diniy tayyorgarlikka ega bo‘lgan shaharliklar – ulamolar qo‘lida edi. Ular, albatta, bu qoidalarni ta’birlash davomida o‘z tabaqasi manfaatlarini esdan chiqarmas edilar. Yoki og‘ir va ziddiyatli hollarda shahar ahli qo‘llab-quvvatlashiga tayanib, hokimu sultonlarni «diniy shiorlar» ostida tartibga chaqirib qo‘yishi ham mumkin edi. Shuning uchun doimo islom dunyosidagi turli mintaqalarda hurmronlik qilgan davlatlar muayyan diniy siyosat olib borishga majbur bo‘ldi. Masalan, Somoniylar kelishuvchan (konformist) ulamolardan o‘z siyosatlarini o‘tkazishda foydalanib, norozilarini esa ta’qib qildilar. Qoraxoniylar (999-1212) rasmiy diniy mansablarga mahalliy ulamolar o‘rniga chekka hududlardan taklif qilingan olimlarni tayinlay boshladilar. Shuningdek, ular o‘z kadrlarini tarbiyalash maqsadida madrasalar ta’sis etdilar. Saljuqiylar, qoraxitoylar, xorazmshohlar yurishlari oqibatida markaziy hokimiyat qudratiga putur yetdi. Bu esa mamlakat siyosatiga shaharliklarning, ularning yetakchilari – ulamolarning aralashuvini kuchaytirdi. Bunday holat ilmu fanda hozirgacha yaxshi o‘rganilmagan hodisa – Buxoro shahri boshqaruviga ulamolar sulolasi – Sadrlar (1102-1238) kelishi fenomenini yuzaga keltirdi.
Mo‘g‘ullar istilosi (1218-1221) natijasida O‘rta Osiyoda o‘rnatilgan siyosiy tuzum oldingilaridan tubdan farq qiladi. Unga Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida shakllangan davlatchilik prinsiplari o‘rniga Markaziy Osiyo ko‘chmanchilik an’analari asos qilib olindi. Barpo etilgan yangi tuzumda dinga, xususan ulamolarga bo‘lgan munosabat butunlay boshqacha edi. O‘rta Osiyo siyosiy hayotida shaharlik aholi ahamiyati pasayib, yangi aholi tabaqasi – chig‘atoylar roli oshib bordi. Natijada Buxoro va Samarqand hanafiy ulamolarining ijtimoiy salmog‘i tobora pasayib bordi. Bu esa mazkur maktab ilmiy salohiyatida avval turg‘unlikka, so‘ngra esa parokandalikka olib keldi. Yangi sharoitda ulamolarning boshqa bir toifasining ahamiyati osha bordi. Ular avvaliga xarizmatik (karomatli) shayxlar, ovloq yerlik (chekka hududlik) shayxlar nomlari bilan ma’lum bo‘ldilar.
 
Sufiy tariqatlar. Ma’lumki, islom madaniyati aksariyat hollarda shahar tamadduni bo‘lib, u asosan shaharlarda markazlashdi. O‘rta Osiyoning chetki hududlari, ayniqsa turk hukmdorlari qo‘l ostida bo‘lgan mintaqalarda (Arodi at-turk), islomlashuv jarayoni erkin holda kechdi. Buning natijasida xalq urf-odatlari, milliy qadriyatlari, madaniy an’analari, hatto boshqa konfessiyalar amaliyoti bunday bag‘rikenglik sharoitlarida islomiy tasavvurlar bilan uzoq muddatli o‘zaro muloqot va ta’sir jarayoniga kirishdi. Shunday qorishiq an’analar vakillari bo‘lgan xarizmatik shayxlarning XIII asr siyosiy hayotidagi mavqelari behad oshdi. Ular nafaqat ko‘chmanchi aholi, balki shahar aholisining ham e’tiborini o‘ziga qaratdi. Kosiblar, hunarmandlar, savdogarlar o‘z guruhiy manfaatlarini bu shayxlar faoliyatlarida mujassamlashtira boshladilar. Bu esa sufiy tariqatlarining shakllanish jarayonlarini tezlashtirib yubordi. Yangi tariqat nazariy ta’limotlarini ishlab chiqishda tasavvuf tarixining mumtoz davr ta’limotlari qo‘l keldi. Bu sohada, masalan Naqshbandiya ta’limoti uchun Xoja Muhammad Porso (1420 y.) xizmatlari beqiyos bo‘ldi. Sufizm amaliyotining asosini zikr tashkil etadi. Tariqat hayotini tashkil etishda murshid-murid (binom) aloqalari muhim rol o‘ynaydi. Aynan shu aloqa jamiyat ichida o‘zaro manfaatlarni birgalashib himoya qiluvchi tashkilot tuzilishi uchun asos bo‘lib xizmat etdi. Kichik sufiy jamoalari rahbarlarining tariqat sarhalqasi rahbarligida birlashishi ularning jamiyatdagi qudratli iqtisodiy, ijtimoiy, hatto siyosiy kuchga aylanishiga olib keldi. Ulardan bu o‘rinda o‘lka hayotida muhim rol o‘ynagan Sayf ad-din Boxarziy, Termiz sayyidlari, Sayyid Baraka, Xoja Ahror, Maxdum-i A’zam, Mir-i Arab, Lutfulloh Chustiy, Juybor xo‘jalarni aytib o‘tish mumkin. Siyosiy tarqoqlik yillarida o‘z tashkilotlari madadiga suyangan bu shayxlarning mamlakat siyosiy hayotiga ta’siri yuqori bo‘lgan. Xonlar, hukmron doiralar pirlarning qudratli siyosiy mavqeini chegaralash uchun turli uslublardan istifoda etganlar. Naqshbandiya, Kubraviya, Yassaviya, Ishqiya, Qodiriya tariqatlari shayxlarini bir-biriga qarshi qo‘yish siyosati, «shariat maqomini ko‘tarish» shiorlari bunda qo‘l keldi. Tariqat pirlari tez orada ulamolar qatoriga qo‘shilib, jamiyatdagi rasmiy diniy mansablarni egallab oldilar. Ular orasida mudarrislik ham bor edi. Ammo an’anaviy madrasa ta’limi va sufiylik tarbiyati orasidagi aloqadorlik, o‘zaro munosabat, muvozanat kelajakda tadqiq qilinishi lozim bo‘lgan masalalar qatorida qolib kelmoqda.
Diniy ta’lim tizimi. Musulmon dunyosida diniy ta’limning tashkil etilmagan shakli asosiy bo‘lib, unda ustoz-shogird binomi muhim rol o‘ynaydi. Maktab-madrasa tizimi vujudga kelishida metsenatlik (homiylik) hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qildi. Davlatning yoki shahar boylarining homiyligi bu tizim bitiruvchilariga o‘ziga xos ijtimoiy buyurtma vazifasini o‘tar edi. Avvaliga ijtimoiy vazifa hisoblangan o‘quv jarayonini tashkil etish ustidan nazorat qiluvchi shayx al-islom mansabi ham ko‘p o‘tmay davlat e’tiborini o‘ziga qaratdi. Natijada diniy ta’lim tizimini tashkil etish jamiyat hayotida  strategik omillardan biriga aylandi. Kim bu jabha ustidan nazorat o‘rnatib, uni boshqara olsa, u jamiyat rivojlanishi yo‘nalishlarini belgilay boshladi.
O‘rta Osiyodagi diniy ta’lim tizimi mazmunan ikki davrga bo‘linishi mumkin: 1) Mo‘g‘ullar istilosidan avvalgi davr; 2) Mo‘g‘ullar istilosidan keyingi davr. Bu ikki davr darsliklar ro‘yxati, ta’limning maqsadi, undagi o‘qitish darajalariga qarab bir-biridan ancha farq qiladi. Temuriy Shohrux (1405-1447) davrida ikkinchi davr yangi diniy ta’lim tizimining tamal toshi qo‘yildi. Mazkur tizim, ba’zi kichik tafsilotlarni hisobga olmaganda, to XX asr boshlarigacha o‘zgarmay keldi. Uning negizini Movarounnahr va Huroson ulamolari yaratgan asar-darsliklar qurdi. Bu yerda Moturidiya-Ash’ariya kalomi qorishmasi, hanafiy fiqhi, ahl al-hadis to‘plamlari, arab filologiyasi, mantiq bo‘yicha darsliklar asosiy o‘rinda turar edi.
Islohotlar. Yevropa madaniyatining XIX asr o‘rtalarida O‘rta Osiyoga kirib kelishi jamiyat hayotining turli jabhalarida, shu jumladan, din sohasida ham islohotlarning boshlanib ketishiga turtki bo‘ldi. Usul-i jadid tarafdorlari diniy ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirish jamiyatni isloh qilishda hal qiluvchi omil bo‘la oladi deb hisobladilar. Usul-i qadim tarafdorlari esa an’anachilik mavqeini egalladilar. Diniy ta’lim islohchilaridan kommunistlar darajasigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan jadidchilar dunyoviy ta’lim tizimini yaratishni diniy ta’lim tizimini batamom yo‘q qilish orqali amalga oshirish amaliyotini ma’qulladilar. Bu esa o‘sha paytda olib borilgan sekulyarizm (hayotning barcha jabhalarini din ta’siridan batamom tozalash) siyosatiga mos kelardi. Natijada islohchilik harakati din va din peshvolarini ta’qib etish siyosatiga aylanib ketdi. Qatag‘on yillarida uch karra olib borilgan «katta tozalash»lar («chistka» – 1927, 1936-37, 1949 yillar) oqibatida ma’naviyat va ma’rifatga talafotlar yetkazildi.
Mustaqillik tufayli o‘zligimizni anglayotgan, ma’naviy qadriyatlarimiz qayta tiklanayotgan hozirgi paytda g‘urur bilan bemalol aytishimiz mumkinki, ota-bobolarimiz dini, imoni, vijdoni bo‘lib kelgan bizning mintaqaviy islom dinimiz o‘ziga xos, o‘zbekona tusga ega, ya’ni o‘zbekchilik bilan uyg‘unlashib ketgandir.
Shu o‘rinda bir muhim narsani eslatish joiz. Hali sobiq Sovet Ittifoqi tarkibida ekanimizdayoq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XII chaqiriq birinchi sessiyasida (1990 yil 24 mart) Prezident Islom Karimov xalqimiz asrlar davomida misqollab to‘plab kelgan milliy-madaniy va ma’naviy boyligining ildizlariga e’tibor berish zarurligini alohida ta’kidlagan edi. Mustaqillikka erishilgach, ma’naviy tiklanish masalasi davlat ichki siyosatining negizini tashkil qildi.
1943 yil oktyabr oyida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari qurultoyida tuzilgan diniy boshqarma 1992 yildan Movarounnahr musulmonlari idorasi, 1996 yildan O‘zbekiston musulmonlari idorasi deb ataldi. Idora oliy hay’atining raisi ayni vaqtda muftiydir. Idora raislari: Eshon Boboxon Abdumalikxon o‘g‘li (1943-1957), Ziyovuddin Boboxonov (1957-1982), Shamsiddin Boboxonov (1982-1989), Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (1989-1993), Muxtorjon Abdullayev (1993-1997), Abdurashid Qori Bahromov (1997-2006), Usmonxon Alimov (2006 yildan). 
Diniy idora davlatdan ajratilgan mustaqil tashkilot sifatida faoliyat yurgizadi, diniy ishlarni boshqaradi, xorijdagi musulmon diniy idoralari bilan aloqa o‘rnatadi, har yili 5 ming kishining haj safarini uyushtiradi (Sho‘ro davrida haj safariga sobiq Ittifoq bo‘yicha atigi 20 kishi borishga ruxsat etilgan edi). Idora tasarrufidagi «Movarounnahr» nashriyotida diniy adabiyotlar nashr etiladi. 
Mustaqil O‘zbekistonda 1992 yildan Ro‘za va Qurbon haytlarining birinchi kunlari dam olish kuni deb e’lon qilindi. Islom ta’limoti va falsafasini  keng o‘rganish, o‘zbek xalqining diniy, tarixiy va madaniy me’rosini chuqur ilmiy tadqiq etish, yuqori malakali dinshunos, huquqshunos va iqtisodchilarni tayyorlash maqsadida O‘zbekiston birinchi Prezideni I.Karimovning 1999 yil 7 aprel Farmoni bilan Toshkent islom universiteti ochildi.  Hozirgi kunda Universitetda gimnaziya, litsey, bakalavriat, magistratura, aspirantura bosqichlarida bir yarim mingga yaqin o‘g‘il – qiz tahsil olmoqda. Universitet qoshida Islom tadqiqot markazi tashkil etilgan. Markaz respublikada islom tarixi va islomshunoslik bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlarni muvofiqlashtiradi va zarur ilmiy, uslubiy tavsiyalar ishlab chiqadi. 
Alouddin Mansur tomonidan Qur’onning o‘zbek tilidagi dastlabki izohli tarjimasi, Imom Buxoriyning “al – Jome’ as Sahih”ining o‘zbek tilidagi to‘rt jildi, «Axloq va odobga oid hadis to‘plamlari» nashr etildi. 2001 – 2004 yillarda Toshkent islom universiteti nashriyoti Abdulaziz Mansur amalga oshirgan «Qur’oni karim ma’nolarining tarjimasi va tafsiri»ni chop etdi. Boshqa nashriyotlarda ham shu turdagi kitoblar bosib chiqarish yo‘lga qo‘yildi

Virtual sayohat

Mir Arab madrasasi

Mir arab oliy madrasasi
Buxoro viloyati

Chor bakr majmuasi

Chor Bakr
majmuasi
Buxoro viloyati

Magoki Attori

Magoki Attori
masjidi Buxoro viloyati

Ismoil Samoniy

Ismoil Samoniy maqbarasi. Buxoro viloyati

Imom Abu Hafs Kabir

Imom Abu Hafs Kabir maqbarasi. Buxoro viloyati

Oxunbobo masjidi

Oxunbobo jome' masjidi
Xorazm viloyati

Juma masjidi

Juma jomme'
masjidi
Xorazm viloyati

Salmen ata Ishanmasjidi

Salmen ata Ishan jome' masjidi Qoraqalpog'iston Respublikasi

Nukus masjidi

Nukus markaziy masjidi Qoraqalpog'iston Respublikasi

Chashmai Ayyub

Chashmai Ayyub maqbarasi Buxoro viloyati

Scroll to Top