Jayniylik dini

Jayniylik dini

Jayniylik tarixi

Taxminan to‘rt ming yillik o‘tmishni o‘z ichiga oluvchi Vedalarga asoslangan, braxmanlikka qarshi o‘laroq mil.avv. VI asrda Buddavviylik va Jayniylik dinlari yuzaga keldi. Kasta tizimi va braxman sinfining hukmronligiga qarshi harakat sifatida yuzaga kelgan bu dinlar ba’zi olimlar tomonidan hinduiylikning bir yo‘nalishi sifatida ham qaraladi. Jayniylik dini vakillarining e’tiqod qilishicha, bu ta’limotga 24 tirtxakar (payg‘ambar yoki avliyo) asos solgan. Rig Vedada Jayniylikning ikki tirtxakarlari Rishabxa va Arishtanem haqidagi rivoyat keltirilgan. Ulardan birinchisi – Rishabxa jayniylik ta’limotining asoschisi hisoblanadi. Mazkur rivoyatlarda Rishabxa shaxsida iloh Naroyana, ya’ni Vishnu mujassam bo‘lgan.Ularning barchasi kshatriylar xonadonidan bo‘lgan. Ushbu tirtxakarlarning 22 tasi haqida deyarli ma’lumot yo‘q. Yigirma uchinchi tirtxakar – Parshvanadxa Banoras podshohi Ashvasanning o‘g‘li bo‘lgan. Biroq rohiblik yo‘lini tanlab, otasining saroyini tark etgan. U o‘zidan keyin juda ham chiroyli nizomga solingan diniy ko‘rsatmalar qoldirgan. So‘nggi, yigirma to‘rtinchi tirtxakar sifatida e’tirof etiladigan Vardxamana Maxaviraning ota–onasi, oila a’zolari Parshvanadxaning dinida bo‘lganlar. Vardxamanada yoshligidan Jayniylik ta’limotiga kuchli qiziqish paydo bo‘lgan. Shuning uchun Vardxamana Jayniylikning navbatdagi va so‘nggi tirtxakari bo‘lib yetishgan. Parsvaning ta’limot va jamoati, aynan Vardhamana tomonidan yangilangan va rivojlantirilgan. Vardxamana miloddan avvalgi VI asrda (599 y.) Hindistonning Bixar shtatida boy kshatriy oilasida tug‘ildi. Otasi Siddxardxa Jnatrik qishlog‘ining kshatriylar sulolasi boshlig‘i edi. Onasi Trisala Lichchxavi sulolasidan bo‘lgan mashhur podshoh Vayshali hukmdori Chetakining singlisi edi. U Yashoda ismli qizga uylandi va undan qiz farzand ko‘rdi. Aynan mana shu qizining eri Jamali Maxaviraning birinchi shogirdi, keyinchalik esa Jayniylik ibodatxonasining Hinduiylikdan ajralib chiqishining tashabbuskori bo‘ldi. Vardxamana o‘ttiz yoshigacha oddiy dunyoviy kishilardek hayot kechirgan. Keyin esa barcha mulkidan voz kechib, ko‘p yillar sayohat qilgan. Doimiy o‘y–fikrga cho‘mib, o‘zini ichki iztiroblar domiga tashlagan. 13 yildan keyin Parshvanadxa tepaligida go‘yoki, “botiniy” bilimga ega bo‘ladi. Bu eng oliy bilim bo‘lib, Vardxamanani 42 yoshida shodlik va qayg‘ulardan butkul ozod qilgan va uni yuqori darajadagi diniy ustozlarga beriladigan Jina – “muzaffar” yoki “insoniy ehtiroslaridan qutulgan” nomi bilan mashhur qildi. Keyinchalik unga Maxavira – “ulug‘ qahramon” unvoni berildi. Maxavira ko‘p yillik sayohatlari davomida ko‘plab insonlarni o‘ziga ergashtirdi. Uning shogirdlari nigrantxa – “kishandan ozod qilinganlar” deb atala boshlandi. Vardxamana Maxavira rohiblar, oddiy erkak va ayol insonlar barobar e’tiqod qila oladigan diniy ta’limotga asos soldi. Jina (Jayna) o‘z ta’limotini aslzodalar va xalq orasida yoygan. U ma’ruzalarini muqaddas til hisoblangan sanskrit va mahalliy magadhi lahjalarida qilgan. O‘z atrofiga turli kastalardan insonlarni to‘plab, kattagina jamoat tashkil qilgan. Uning ta’limotini o‘sha paytda vedalar asri bo‘lishiga qaramasdan hokim va podshohlar ham qabul qilganlar. Maxavira o‘ttiz yilga yaqin o‘z ta’limotini keng yoygan va 72 yoshida (mil.avv. 527 yilda) Bihar–Orissada olamdan o‘tgan. Uning vafoti, ya’ni nirvanaga yetishishidan jaynist taqvimi boshlanadi. Jaynizm qisqa vaqtda, dastlab Maxaviraning vatani bo‘lmish Bihar–Orissada, keyinchalik esa qahatchilik sababli mil.avv. III asrda Hindistonning janub va g‘arbida tarqalgan. Lekin bu yoyilish, rohiblarning kiyinish mavzusidagi tortishuv va munozaralar ortidan ikkiga bo‘linib ketishiga sabab bo‘lgan. Maxaviraning (Jina) yashab o‘tgan davri va vatani bilan Buddaniki ayni bir xildir. Ularning hayotlari, ishonchlari va asarlari orasida ham ko‘pgina o‘xshashliklar mavjud. Maxavira Buddadan oldin tug‘ilgan, lekin Buddaning ta’limoti yoyilgan davrning guvohi bo‘lgan. Har ikkisi ham braxmanlarga, ularning marosim usullariga qarshi bo‘lib, umumiy ruh ko‘chishi nazariyasidan uzoq bo‘lganlar. Bu ikki harakat, braxmanlarning boshqaruviga qarshi bir “yurish”; ko‘pxudolilik, juda qattiq kasta tizimi va qonli qurbonlarga nisbatan qarshi harakat sifatida yuzaga kelgan. Ular orasidagi farq esa, jaynistlarning zuhd va riyozat hayotiga juda katta e’tibor berishlari va o‘z nafslarini azoblashda haddan oshishlarida ko‘zga tashlanadi. Holbuki Buddavviylik, bu borada jayniylikdan anchagina yengil. Jayniylik, braxmanlarning ta’siri va ba’zi hind tushuncha va asoslariga qarshi yuzaga kelganiga qaramay, hind e’tiqodining umumiy shakli va ba’zi ibodatxona marosimlaridagi braxmanlarning mavqeini e’tirof etadi. Shuningdek, Jayniylik Aximsa umuman jonivor zotiga zarar bermaslik tamoyili, o‘ldirmaslik, g‘azab qilmaslikni asos sifatida oladi, har qanday maxluqotni o‘ldirishni taqiqlaydi. Shu tufayli ham ular dehqonchilik bilan shug‘ullanmay, yengil ish hayotini va tijorat bilan shug‘ullanishni afzal deb bilganlar va o‘lkaning eng boy kishilariga aylanganlar. Bu narsa esa hind madniyati, ilmiy merosi va fan ravnaqi uchun kattagina hissa qo‘shgan.

Jayniylik ta’limotining asosiy g‘oyasi deyarli barcha hind dinlari uchun umumiy bo‘lgan karmalar va nirvana haqidagi ta’limot hisoblanadi. Nirvanaga erishgan inson qayta tug‘ilishdan ozod bo‘ladi. Bunga esa faqat tarkidunyo qilganlargina erishishi mumkin, xolos. Shuning uchun ham ushbu ta’limotda tarkidunyochilikka alohida e’tibor beriladi. Inson dunyoda o‘zining barcha ehtiroslaridan voz kechgach, o‘z nafsini tiyishi, o‘z–o‘zini yengishi – yangi karma hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Natijada karmaning kuchi yemirilib, uning ruhi kishanlardan ozod bo‘ladi. Kishi karmasi qanchalar zaiflashsa, uning ichki dunyosi shuncha boyib boradi. Bu jarayon ruhning to‘la ozod bo‘lguniga qadar davom etadi. Nihoyat, ruhning butunlay ozod bo‘lishi – nirvana holati yuz beradi.
Dunyoviy kishidan ham, tarkidunyo qilgan rohibdan ham ma’lum axloqiy qoidalarni bajarish talab qilinadi. Chunki hayot maqsadi ruhni yomon karmadan saqlash, yangi karmaning yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik, borini ham asta–sekin yo‘q qilib yuborishdan iborat. Buning uchun dunyoviy odam besh narsaga amal qilishi lozim: birinchidan, “axinsa” – zarar yetkazmaslik, ikkinchidan, “satya” – rost so‘zlash, uchinchidan “asteya” – o‘g‘rilik qilmaslik, to‘rtinchidan “braxmacharya” – zino qilmaslik, beshinchidan “aparigraxa” – tamagirlik qilmaslik. Mana shular insonning axloqiy mezonini tashkil qiladi. Bundan tashqari, u yana ikki asos – chin e’tiqod va to‘g‘ri bilim tamoyillariga ham amal qilishi lozim. Ularning birinchisi Jayniylik diniga e’tiqod qilishni bildirsa, ikkinchisi – ruhning abadiy ozodligi va hayotning har bir jismda mavjud ekanini bilishdir.
Jayniylik ta’limoti borliqning ilohiyot tomonidan yaratilgani va uning borliq ustidan nazorat qilib turishini tan olmaydi. Unga ko‘ra, ruh – abadiy mavjudot, olam esa azaliydir. Ruh moddiy tanani yengib o‘tib, abadiy hayotga yetishi mumkin. Maxaviraning fikricha, dunyodagi har bir jism, uning jonli yoki jonsiz bo‘lishidan qat’i nazar, qandaydir darajadagi anglash xususiyati bilan yaratilgan. Shuning uchun Jayniylikda axinsa – zarar yetkazmaslik qoidasiga ko‘proq e’tibor beriladi, ya’ni jonli yoki jonsiz narsalarga ozor yetkazmaslik talab qilinadi.
To‘g‘ri yo‘ldan adashmay yurish, pirovard natija – “najot”ni qo‘lga kiritish uchun quyidagi 10 fazilat – dxarmani kasb etish lozim: kechirimli bo‘lish, sabr, halollik, to‘g‘riso‘zlik, pokdomanlik, qanoat, zohiran va botinan o‘ziga talabchanlik, insonparvarlik, dunyo ne’matlariga bog‘lanmaslik va zino qilmaslik (oila qurmaslik). Shundagina u najotga erishishi mumkin.
Jayniylar nirvanaga erishgandan keyin tezroq vafot etishga oshiqadilar. Zero, ruh holatida ularni baxtli abadiy hayot kutadi. Dunyoviy hayotga moyil insonlar uchun dahshatli tuyulgan o‘lim, jayniy uchun sharafdir. Hatto ular o‘lim uchun tadorik ko‘rishga pirdan ruxsat ham oladilar. O‘limga tayyorgarlik davri 12 yil deb belgilangan. Bu davr ichida nirvana sohibi uzoq ro‘zalar, ochlik mashaqqatlarini bo‘yinga oladi va o‘zining o‘limini tezlashtiradi.
Maxavira, Budda kabi tangri masalasi ustida to‘xtalmagan bo‘lsa ham, ba’zi jaynist mazhablarda tangri e’tiqodining mavjudligini ko‘rish mumkin. Jayniylik ibodatxonalarida tangri haykallari saqlanadi. Lekin milodiy XV asrda paydo bo‘lgan Stanakavasi mazhabi, ilk Jayniylikning tangrini tan olmas bir ko‘rinishga ega bo‘lgani fikrini ko‘tarib chiqqan va ibodatxonadagi rasm va haykallarni rad qilgan.
Mil.avv. III asrdan e’tiboran rohiblar orasida og‘zaki matnlarni kitob holatiga keltirish va kiyinish mavzusidagi tortishuv va kelishmovchiliklar, bu dinni ikki yo‘nalishga bo‘linishiga olib kelgan:
1. Digambarlar – havo kiyinganlar. Ular Maxaviraga ergashishlari bilan bir qatorda, tamoman yalang‘och holda yuradilar. Ular xalos bo‘lish, najotga hamda abadiy rohat–farog‘atga faqat taqvodorlik bilan hayot kechirish orqaligina erishish mumkin, inson yalang‘och bo‘lganida o‘zida hayo, tortinish va uyalishni his qilayotgan bo‘lsa, demak, u hali dunyoga bog‘liq, chin zohid emas ekan, deb e’tiqod qiladilar. Bundan tashqari ular insonga xos bo‘lgan ko‘pgina tuyg‘u va hissiyotlardan ham voz kechganlar: sevgi yoki nafrat, qayg‘u yoki quvonch, issiq yoki sovuq, hayo yoki hayosizlik, yaxshi yoki yomon, ochlik yoki tashnalik, bularning barchasidan jaynist xoli bo‘lishi va bora–bora tinch, osuda va harakatsiz yashash tarziga ega bo‘lmog‘i lozim. Shuning uchun ham Jayniylikning eng ashaddiy tarafdorlari, hatto oddiy kiyim kiyib yurishdan ham voz kechganlar. Keyinchalik musulmonlar ularga eng oddiy darajada kiyinib yurishni majburan qabul qildirganlar.
2. Shvetambarlar – oq kiyinganlar. Bu nomni ustilariga kiygan oq kiyimlari tufayli olganlar.
Bu ikki mazhab orasida ta’limot borasida unchalik ham katta farq yo‘q. Ular tomonidan Yoga tadbiq qilinadi. Jina, tirtankara va “mukammal aziz” larning mavjudligiga ishoniladi. Bundan tashqari ular tirtxakaralarning har bir davrda mavjud bo‘lgani, ularning soni 24 taga yetgani va Maxavira ularning eng so‘nngisi ekaniga e’tiqod qiladilar.
Jayniylikning asosiy qoida–tamoyillarini o‘z ichiga olgan 45 ta asar mavjud bo‘lib, ular Maxavira tomonidan bitilgan. Jayniylikning eng qadimgi muqaddas kitobi “Acharanga–sutra” – jayniylikning ilk oqimlaridan biri bo‘lgan shvetambarlarning kitobi bo‘lib, mil.avv. IV asrda yozilgan va taxminan X–XI asrlargacha takomillashtirib kelingan. Jayniylikning boshqa bir oqimi bo‘lgan digambarlar esa kitobning eng qadimgi matnlarinigina tan oladilar va keyingi davrlarda yaratilgan muqaddas kitoblarni qabul qilmaydilar.
Shuningdek Siddxasen Divakar (VI asrda yashagan) va Gamachandr (XI–XII asr) kabi jayniylarning asarlari mashhurdir. Jayniylar orasida “Yogashastra” nomli jayniylik ta’limotiga doir asar, ayniqsa muhim manba hisoblanadi. Sutra kitoblari uslub va mavzu jihatidan farqlanadilar.
Jaynistlar uchun juda ham chiroyli ibodatxonalar bino qilgan bo‘lib, mazkur dinga oid jamoatlarni rohib va rohibalar boshqaradi. Dastlab kezuvchi zohid sifatida yashagan rohiblar, keyinchalik monastrlarga joylashganlar. Ular o‘z vaqtlarini muqaddas matnlarni o‘qish va badanlarini tarbya qilish bilan o‘tkazadilar. Rohiblar kabi xalq ham kundalik ma’lum ibodatlarni amalga oshiradi. Ibodat asnosida tirtxakaralar bilan aloqador ilohiylar aytiladi, chuqur tafakkur va tavba–tazarru qilinadi, ma’lum harakatlar amalga oshirilib, hech qanday jonivorga aziyat bermaslikka alohida e’tibor beriladi. Shuning uchun ham jaynistlar o‘simliklar bilan oziqlanib, mast qiluvchi ichimliklardan uzoq yuradilar. Ularning barcha turdagi hayvonlarni davolaydigan maxsus shifoxonalari ham mavjud. Dindor jaynistlar, ochlikdan o‘lishga alohida e’tibor bilan qaraydilar.
Jaynistlar osmonda juda ko‘p tangrilarning mavjud ekani, lekin ularning ham ruh ko‘chishi (tanosux)ga mubtalo ekanlari, insonlarning qutulishlari uchun ularning hech qanday yordam bermasliklariga ishonadilar. Shu bilan birga, jaynist ibodatxonalarida mavjud haykallar alohida hurmat–ehtirom qilinadi. Ularning oldida ilohiylar aytilib, meva va ko‘katlar taqdim qilinadi. Oldilariga chiroq va tutatiqlar qo‘yilib, butlari yuviladi, yog‘lanadi va gullar bilan bezaladi. Tirtankaraning yashaganiga ishoniluvchi joylarga borib, ziyorat qilinadi; dunyoviy talab yuzasidan ular va tangrilarga duo qilinadi. Ba’zi jaynistlar Hindu tangrilariga ham duo qilishadi. Ibodatxonalardagi ibodatlar rohiblar tomonidan emas, xalq tomonidan boshqariladi. Hinduiylikning din odami bo‘lmish braxmanlar, maosh hisobida jaynist ibodatxonalarida xizmat qildiriladi.
Jayniylik haddan tashqari zohidlik hayotiga chaqirgani va qattiq intizomga asoslangani uchun ham, Hindistondan tashqariga chiqa olmagan. Unga oid ibodatxonalar Kalkutta va Dilvara shaharlarida ko‘pchilikni tashkil qiladi. Shuningdek, ziynat va bezagida dunyoning ajoyibotlaridan hisoblanuvchi ibodatxonalari Kahjuro va Obu Ta’d tog‘larida ham qad rostlagan. Mil.avv. II asrda mashhur Gati Kunaba g‘orlariga asos solganlar. Ularning ishlanishidagi o‘yma naqshinkorlik va bezaklar, qadim jaynistlarning me’morlik ishlarida naqadar usta bo‘lganlaridan yaqqol dalolat berib turadi.
Hozirgi kunda dunyoda bir yarim milliondan ortiq jaynistlar mavjud. Ular, asosan, Hindistonning Rajputan, G‘ujarot va bir qator janubiy mintaqalari, Madxya, Bxarat shtatlarida istiqomat qiladilar.
O‘z ibtidosida og‘zaki an’analarga asoslangan jaynizm hind manbalarida ko‘rsatilishicha, taxminan miloddan avvalgi III asrda yozma shaklga o‘tgan bo‘lib, uning oxirgi manbalari matni milodning V asrida yakunlangan. Shu yoki boshqa boisdanmi, odatda dinshunoslikda Jayn dini tarixiga ikki muammoli masala yuzasidan yondashiladi:
Biri, «24 tirthankar» deb atalmish «mazkur ta’limotning asoschilari Rishabhandan to so‘nggisi Vardhamangacha o‘tgan davrlardagi ular faoliyatining o‘zaro uzviy emasligi».
Ikkinchisi, «jaynizm asrlar davomida hind dinida ro‘y bergan o‘zgarishlar natijasida yuzaga kelgan ta’limot bo‘lib, uning mustaqil e’tiqod emasligi».
Jaynizmga bo‘lgan bu ikki xil munosabatdan tashqari, yana shunday bir uchinchi nuqtai nazar ham borki, unda bu ta’limotga an’anaviy dogmatik dunyoqarashlarga mos tushmaydigan diniy falsafa sifatida qaralib, bunday xulosaning o‘ziga xos sabablari ham bor edi.
Gap shundaki, miloddan avvalgi IX-VIII asrlarda Hindistonning shimolida mustahkam o‘rnashib olgan vedizm keyinchalik jamiyatning moddiy va ma’naviy talablari bilan keskin to‘qnashuvga uchradi. «Almisoqdan qolgan mifologiya, chalkash va mayda-chuyda marosimlar, udumlar, rohiblarning deyarli cheksiz imtiyozlari bora-bora hind voqeligi normalariga to‘g‘ri kelmay qoldi. Buni birinchi bo‘lib diniy ahkomlarni targ‘ib qiluvchi brahmanlarning o‘zlari payqadilar.
Ularning yaqinlashib kelayotgan muammolar oldini olishga bo‘lgan urinishlari upanishadlarda o‘z aksini topgan diniy-falsafiy tafakkurning parvozi bilan tugallandi. Shundan boshlab, ibtidoiy e’tiqodni yangicha talqin etuvchi va davr ruhiga to‘la javob beruvchi radikal islohotlar Hindiston sharoitida uch yo‘nalishda – Brahman, Jina va Budda ta’limotlari ta’sirida shakllandi». Lekin shu qatori, bu islohotlarga turtki bo‘lgan har uch yo‘nalish o‘z paradoksal jihatlariga ham ega edi.
Ta’limotning so‘nggi va eng yirik targ‘ibotchisi Vardhamanga «vahiy»ning kelishi, jaynizm talqiniga ko‘ra, go‘yo uning o‘z e’tiqodi yo‘lida ko‘rsatgan shaxsiy fidoyiligi sharofatidan sodir bo‘lgan. Ya’ni, «O‘n ikki yildan ziyod darveshlik qilgan rohib ruhiyatida shahvoniy hissiyotdan poklanish istagining ustun kelganligi, uning «qalb ko‘zi»ni ochgan». U shundan so‘ng o‘z ta’limotini atrofida yig‘ilgan o‘quvchi-shogirdlari bilan oddiy avom orasida tarqatishga tushgan.
Jayn diniy targ‘iboti Gang vodiysidan boshlanib, Hindistonning g‘arbiy viloyatlarigacha yetib borgan. Biroq jaynizm tarixiga oid ba’zi nashrlarda yuqorida zikr qilingan oxirgi tirthankar faoliyatining o‘tmish bilan bardavomligi masalasida shunday jihatlar uchraydiki, ularga binoan, Vardhamanga nozil bo‘lgan «ilmi g‘ayb»ning go‘yo o‘z ibtidosi bilan mantiqan bog‘liqlik yeri yo‘qdek. Shuningdek, undan muqaddam yashab o‘tgan tirthankarlarning tarixiy shaxs bo‘lganliklari haqidagi haqiqat ham ayrim tadqiqotlarda ilmiy jihatdan inkor qilingan.
Jayn falsafiy mushohadasida butun borliqqa cheksiz davom etuvchi jarayon obyekti sifatida qaraladi: u paydo bo‘ladi, o‘z taraqqiyot mezoniga ko‘tariladi, asta-sekin yemiriladi, so‘ng tugab yana qaytadan yaraladi. Xuddi shu falak charxi yanglig‘ inson ham tug‘iladi, kuch-quvvatga to‘ladi, qartayadi, nihoyat o‘ladi va yana dunyoga keladi.
Dinda «nirvana»ga muyassar bo‘lish baxti ilohlarga ham xuddi inson kabi qayta tug‘ilishlar orqali nasib etadi. Chunki jaynizmda odam bolasi ham komil taqvo va mustahkam iroda bilan ilohlar maqomiga ega bo‘lishga haqli. Shuning uchun aynparastlarda ilohlar qatorida individ omili mustaqil bo‘lib, xudolarga sig‘inish ham taqvodorlikning faqat boshlang‘ich bo‘sag‘alarida faol o‘tadi. Ba’zan hatto nirvana maqomiga erishganlarning mavqei xudolardan ham yuqori bo‘lishi mumkin. Bu holatda asl dindor uchun hayot mutlaqo o‘z mohiyatini yo‘qotadi – dunyoda yashashdan ma’no qolmaydi.
Balki shundan bo‘lsa kerak, qadimda jaynlar orasida ixtiyoriy ochlik orqali o‘z joniga qasd qilish bilan e’tiqodga sadoqat bildirilgan.
Sirasini aytganda, duoyu afsun va murakkab rasm-rusumlar an’anasidan mustasno Jayn dinida tug‘ilishlar azobidan qutulish amalda faqat rohiblarga mumkin edi. Dunyoviy manfaatlardan butkul voz kechib darveshlikda umr o‘tkazish, turgan gapki, har bir oilali jaynparastning qo‘lidan kelmasdi. Shu sababdan jaynizmda avomning jismoniy, aqliy va ma’naviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, taqvodorga asosan birlamchi shar’iy amallarning ijrosi farz etilgan:
1. Ahimsa – hech bir jonzotga ziyon-zahmat yetkazmaslik va ularni o‘ldirmaslik.
2. Brahmacharya – e’tiqodga munosib axloq-odob talablariga qat’iyan rioya qilish.
3. Satya – rahm-shafqatli bo‘lish, nojo‘ya so‘z va nohaq ishlardan tiyilish.
4. Astheya – o‘g‘rilik va o‘zga kishi moliga ko‘z olaytirishdan tiyilish.
5.Aparigraha – g‘azab, tamagirlik va asabiylikdan tiyilish.
Shuningdek, jaynparastni hayot yo‘lida asl maqsadga yetkazuvchi «triratna-uch javohir» tamoyili qonuniyatiga so‘zsiz rioya qilish, ya’ni:
1.Ta’limotni haqiqat ekanligiga ishonish.
2.Haqiqiy bilimga ega bo‘lish va uni yodda saqlash.
3.To‘g‘ri va pokiza turmush tarziga amal qilish.
Ta’limot g‘oyasining asosiy mag‘zi – bu dunyoning ijobiy hodisa ekanligini anglab yetish va borliq to‘g‘risida muqaddam to‘plangan ma’lumotlar hamda ilm-urfonning e’tiborga loyiq ekanligining e’tirof etilishi edi. Zero, Jayn dini falsafasi biror kashshoflikka da’vo qilmagan holda, mavjud borliqning qiyosiy in’ikosi sifatida dunyoni o‘rganish va uni tushunib yetish mumkinligini targ‘ib qilgan.

Jaynizm diniy manbalari to‘plami “Agama” (“An’ana”) nomi bilan mashhur. Aksariyat jayn dindorlari uni “Siddxanta” («Ta’limot») deb atashadi. Jaynizmning ikki asosiy yo‘nalishi – shvetambarlar va digambarlar Agama tarkibiga kirgan kitoblar sonini farqli izhor qiladilar. Tarafdorlari soni jihatidan shvetambarlar («oq libosli» rohiblar) ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu yo‘nalish ayol nirvanaga erkak sifatida qayta tug‘ilmasdan erishishi mumkinligi xususidagi qarashni ilgari surgani sababli ham unda monax hayotini tartibga soluvchi ko‘rsatmalar o‘rin olgan bir qator diniy manbalarga ega. Boshqa bir asosiy yo‘nalish –digambarlar («osmonga burkangan» – yalang‘och rohiblar) esa ayollar nirvanaga erisha olmasligi haqidagi qarashga moyillik bildiradi.
G‘arb olimlari ko‘ra, shvetambar diniy manbalari to‘plami (canon) qirq beshta kitobni qamragan olti bo‘limdan iborat: Angas («Qo‘llar»), Upangas («Kichik oyoq-qo‘llar»), Prakirnakas («Aralashgan matnlar»), Cheda Sutras («Vakolat va intizomga oid matnlar»), Kulika Sutras («Ilova matnlari») va Mula Sutras («Asosiy matnlar»). Angalar kanonning eng qadimgi qismi bo‘lib, birinchi Anga bu Mahaviraning qahramonlik hikoyasini o‘z ichiga olgan Akaranga Sutradir. Shuning, unda Mahaviraning jayn rohib va rohibalariga ko‘rsatmalari joy olgan. Ikkinchi Anga – bu Jaina asosiy ta’limotlari yoritilgan Sutrakritangadir. Eng taniqli Mulasutra – Uttaradhyayana Sutra bo‘lib, unda Mahaviraning so‘nggi so‘zlari deb ishonadigan va’zlar mavjud. Ushbu kitoblardan tashqari, jayn dindorlarining ta’kidlashicha, ularning asl va sof ta’limotini qamrab olgan va hozirga vaqtda aksariyat qismi yo‘qolgan o‘n to‘rt Purva («Poydevorlar»)dir. Ikki yo‘nalish o‘rtasidagi va har bir firqa kanonidagi qiyinchiliklar ushbu kitoblarning yo‘qolishiga olib kelgan. Shunga ko‘ra jaynizm sektalarining “eng yoshi” Stanakavazis dinning (jaynizm) asosni tashqil qiluvchi biron bir diniy manba mavjudligini inkor etadi.
Digambaralar qadimgi purvalarning omon qolgan parchalarini “muqaddas” (kanonik) deb biladilar. Shuningdek, ular Mulakara (xulq-atvor bo‘yicha), Samayasara (ta’limot to‘g‘risida), Pravankanasara (ta’lim bo‘yicha) va Aradhana (savob amallar to‘g‘risida) kabi Shvetambar kitoblaridan ba’zilarini e’tirof etishadi. Qolaversa, ular milodiy I asrdan IX asrgacha yozilgan ko‘plab sharh kitoblarga “muqaddas” sifatida qarashadi. Ikki yo‘nalish ham sanskrit tilida yozilgan, jainizm falsafasi bo‘yicha birinchi asar Umasvaminning «Tattvartadigama Sutra» («Diniy qoidalar ma’nosini anglatuvchi uchun kitob»)nibirdek e’zozlaydilar.
Shvetambar diniy matnlarining sonini qirq beshtaga ajratib, ularni oltita guruhga taqsimlash asosan o‘n to‘qqizinchi asrda nemis olimi Georg Byuler tomonidan amalga oshirilgan. O‘tgan asrning 70-yillardan boshlab, ushbu taqsimot sodda va tom ma’noda jain dindorlari tomonidan foydalanilmaydigan kitoblarni qamraganligi haqida savolga tutildi. Masalan, Kendall Folkert shunday deydi: “Zamonaviy jayn dindoridan “ularning muqaddas diniy kitobi nima ekanligini” so‘rashganda, odam har xil javob oladi. Javoblar jaholat tufayli emas, balki butun jamoa orasida birdek qabul qilingan manbalar to‘plamini yo‘qligidan. Shu nuqtai nazardan aytish muminki, yuqoridagi Georg Byuler tasnifida jayn diniy manbalari din tarafdorlari tomonidan birdek qabul qilingan holda aks etmagan”. Folkert shuningdek, jayn kanonidagi farqlarga qaramay,digambarlar ba’zan shvetambarlar diniy matnlarini ishlatishini ta’kidlaydi.
Umuman, Agama uzoq vaqt davomida ko‘plab jayn diniy yetakchilari tarafidan yozilgan kitoblardagi bir qator o‘xshash mavzularni o‘z ichiga oladi. Ulardan ba’zilari nasrda, ba’zilari nazmda, ba’zilari esa aralash shaklda yozilgan. Uning tarkibidagi matnlar ba’zida tez-tez takrorlansa-da, lekin qisqa va har doim tartibli ligi bilan xarakterlanadi. Diniy manbalar to‘plamidagi kitoblar soni va nomidagi faqrlarga qaramay, aksariyat jayn dindorlari ularning muqaddas kitoblari jaynizmning asl mazmunini ifoda qilaolganligiga ishonadilar.

Agamalar jaynizm diniy manbalari to‘plami hisoblanadi. Jaynizm dini tarafdorlari fikriga ko‘ra, xuddi buddaviylik va hinduiylik diniy manbalari kabi agamalar ham ko‘p yillar davomida avloddan avlodga og‘zaki ravishda o‘tib kelgan.
Jayn dindorlari o‘z dinlarini abadiy ekanligiga, uning ilk asoschisi tirtxakarlar ekanligiga ishonishadi. Rishabhanatha (dastlabki tirtxakar)ning uzoq yillar avval yashaganini hisobga olib, diniy manbalar tarixini ham million yillar avval deb hisoblanadi.
Turli miflarga ko‘ra, dastlabki tirtxakara ilk ilohiy va’zni xudolar ma’budlar va g‘ayritabiiy kuchlar bilan aloqa bog‘lovchi «sama vaxsa rana» dan ta’lim olgan. Mazkur ilk va’z “shurut jnana” deb ataladi va u 11 ta anga (bo‘lim) va 14 ta purva (qadimiy bo‘lim) ga bo‘linadi.
Ushbu va’z bugungi kunga qadar «gana dxaralar» (bosh shogirdlar) tomonidan yodlanib, avloddan avlodga yetkazib kelinmoqda.
Agamalarning yaratilishi va bugungi kunga qadar yetib kelishida jaynizm dinidagi shogirdlar – rohiblarning xizmati katta. Jaynlar uchun tarixiy hisoblangan ushbu matnlar ularning tritxakarlari, ayniqsa Mahavira tomonidan aytilgan haqiqatlarni aks ettiradi.
Jayn kosmologiyasiga ko‘ra, dunyoda 24 ta tritxakar yashagan bo‘lib, jayn diniy manbalari ham mazkur tirtxaralar davrida shakllangan. S’hvitambarlar e’tiqodicha, turli davrlarda shakllangan agamalarning tili artxamagathi (magatha xalqining prakrit tili), digambarlar e’tiqodicha turli davrlarda har xil ko‘rinishda bo‘lgan.
Keyinchalik ushbu matnlar «duvala samgagani pidaga» (12 ta o‘ralgan savat)ga shogirdlar tomonidan qayd etilgan, biroq uni avloddan avlodga o‘tkazish vositasi sifatida og‘zaki shakl saqlanib qolgan.
Shu tarzda Mahavira vafotidan 980 yil o‘tibgina (mil. V asr) Valabxi kengashi tomonidan Agama matnlarining yozma ko‘rinishini shakllantirishga ilk bor ruxsat berilgan.
Jayn dindorlari fikriga ko‘ra, Mahavira nirvanaga erishganidan keyin, izdoshlari uni chiqargan «muqaddas tovushi»ni so‘zlarga o‘girish orqali tushunishgan. Shu fikrdan kelib chiqib, har ikkala jain yo‘nalishi vakillari Mahavirani jainizmga oid eng qadimiy matnlar muallifi sifatida ko‘rsatadilar, lekin qolganlar tomonidan esa (odatiy hind uslubiga binoan) u ushbu yozuvlarni o‘zi yozgan, deb hisoblanmaydi. So‘nggi fikr tarafdorlari da’vo qilishicha, dastlab Mahavira shogirdi Gavama Indrabxutiga, u o‘zining shogirdi Sudharmanga, u esa o‘zining shogirdi Gambusvaminga gapirib berish orqali “Mahavira o‘gitlari” avloddan-avlodga og‘zaki naql qilingan. Vaqt o‘tishi bilan Mahavira o‘gitlari sharhlanishi natijasida yangi kitoblar shakllanib, jaynizm diniy manbalari to‘plamini yuzaga keltirdi va ular milodiy V asrgacha monastir jamoasi orasida og‘zaki ravishda saqlandi. Mazkur davrdan, jayn diniy manlari palma barglariga yozilib, so‘ngra an’anaviy qo‘lyozma holatiga keltirildi. XX asrning 70-yillari boshlarida “Saman Suttam” deb nomlangan yangi jayn diniy kitobi, har bir jayn yo‘nalishiga mansub yirik rohiblar va olimlar qo‘mitasi tomonidan yozilgan. Bu manba jayn dindorlarini birlashtirish maqsadida yozilgani uchun uning nomi «Umumiy sutra» degan ma’noni anglatadi. Bu jaynizm tarixiga, deyarli ikki ming yil ichida barcha jain guruhlari tomonidan tan olingan birinchi matn bo‘lgani uchun, muvaffaqiyatli voqea sifatida kirdi. 1974 yil dekabrda jaynizm tarafdorlari yig‘ilishida hamma guruhlar uni ma’qulladilar. Ushbu kitob jaynizm ta’limotidagi – xayrixohlik, ruhning tabiati va ozodlikka erishish yo‘llari kabi asosiy masalalarni qamragan eng muhim qirq to‘rtta bobni o‘z ichiga oladi.
Jaynizm rohiblarni diniy manbalar ko‘rsatmalariga amal qilishga katta e’tibor qaratadilar. Ularning ishonishicha, Mahavira bu ta’limotga dunyodan yuz o‘girish (asket) orqali erishgan. U buni monax izdoshlariga berdi, ular buni ming yil davomida boshqa rohiblar tomonidan yozma holatga keltirilmaguncha og‘zaki naql qilganlar. Shuning uchun, jain diniy manbalarida monast qoidalari, rohiblarning shaxsiy namunalari va qoidalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ustunlik qiladi. Binobarin, Agama oddiy jayn dindorlari auditoriyasi uchun emas, balki rohiblar va ozgina darajada rohibalar uchun mo‘ljallangan deb hisoblanadi. Chunki faqat monastirdagina Agama ko‘rsatmalarini o‘rganish, bajarish va bir-birlariga o‘rgatish uchun imkon bor deya baholangan. Odatda, bir rohib karerasining boshida to‘rtta Mula sutralarini o‘rganadi. Agar u ularni puxta egallasa, boshqa qiyin matnlarni o‘qiydigan va monastirda jayn matnlarni o‘rgatadigan juda hurmatli rohiblardan biri bo‘lishi mumkin. Diniy manbalarni o‘rganish rohiblik qoidalarida buyurilgan bo‘lib, muqaddas kitoblardan olingan bilim odatda tug‘ilish zanhiridan qutulish va nirvanaga erishish uchun birinchi qadam hisboblanadi. Mutaxassislar fikricha, rohiblik qoidalariga diniy manbalarni o‘rganish kiritilishi avvalo ularni doimo takrorlab turishni ta’minlagan bo‘lsa, boshqa tomondan, unda (diniy manba) ko‘plab nomlar kelganligi u bilan hamma ham shug‘ullanishi oldini olgan (ya’ni, hayoliparishon, hofizasi mustahkam bo‘lmaganlar u bilan mashg‘ul bo‘la olmagan).

Jayniylik dini

Tarixiy Obidalar

Scroll to Top