Konfutsiylik dini

Konfutsiylik dini

Tarix

Xitoy Markaziy va Sharqiy Osiyodagi eng qadimgimamlakatlardan biri hisoblanib, arxeologik ma’lumotlarning xabar berishicha, u yerda odamlar qadimgi tosh davridanoq yashay boshlaganlar. Qadimgi Xitoy davlati tarixi quyidagi to‘rt davrga: 1) Qadimgi Xitoy davlatining tashkil topishi – Shan (In) davlati (mil.avv. XVIII–XII asrlar); 2) Chjou davlati (mil.avv. XI–III asrlar); 3) Sin podsholigi (mil.avv. 221–207 yillar); 4) Xan podsholigi (mil.avv. 206 yildan milodning 220 yiligacha) davriga bo‘lib o‘rganiladi. So‘nggi davr quldorlik davlatining feodal davlatga aylanishi bilan xarakterlanadi. Olimlar, adiblar, qirol va imperatorlar dini deya e’tirof etilgan Konfutsiylik Qadimgi Xitoyning diniy–falsafiy ta’limotlaridan biri bo‘lib, unga mil.avv 6 asrda faylasuf va pedagog Konfutsiy (Kun Szi, mil.avv. 551–479 yil) asos solgan. U Xitoyning hozirgi Lu shahrida 27 avgust kuni mahalliy sehrgarlarga qarashli tuproqli tepalikdagi g‘orda tug‘ilgan. Shuning uchun ham tug‘ilgan vaqtida uni Chjun Ni Syu (Chjun – ikkinchi o‘g‘il, Ni – tuproq, Syu – tepalik) deb ataganlar. Bobosi o‘zi yashagan viloyatda voliy, otasi – Shu Lanxe esa Lu podshohligida harbiy zobit bo‘lib xizmat qilgan. Uch yoshida otasidan ayrilgach yolg‘iz onasi bilan qoladi, biroq ko‘p o‘tmay onasi ham vafot etadi. Og‘ir qiyinchiliklarga qaramasdan, Konfutsiy kelajakdagi mavqe’ini mustahkamlash uchun kuchli ishtiyoq bilan o‘z ustida muntazam ishlab, yaxshi ta’lim–tarbiya va bilim olishga erishadi. Mil.avv VI–V asrlarda Xitoyda “Lyu Ining olti san’ati”ni egallagan odam bilimli hisoblangan. Shuning uchun ham yosh Konfutsiy mazkur san’atlarni o‘zlashtirishga astoydil kirishadi va buning uddasidan chiqadi. U har doim o‘zini qiziqtirgan savollarga mukammal javob topishga, Lu podshohligining davlat qurilish tizimini va “Li” qonunlaridagi axloq normalarini to‘liq o‘zlashtirishga harakat qiladi. U mil.avv 533 yil Sun podshohligidagi Si oilasidan uylanib, ikkita farzandli (bir o‘g‘il, bir qiz) bo‘ladi. Konfutsiy dastlab o‘zidan oldin yashab o‘tgan buyuk shaxslarning hikmatli so‘zlarini sharhlash bilan shug‘ullangan va bu orqali uning shuhrati asta–sekin har tomonga yoyila boshlagan. Qisqa muddat ma’murlik ishlaridan keyin ta’limotini amaliyotga joriy qilish maqsadida xayrixoh bir hukmdorni izlash uchun o‘z oilasini tashlab, bir necha yil dunyo kezib yuradi. Chunki, uning ta’limoti o‘sha paytdagi siyosiy muhitga munosib emas edi. Garchi faylasuf podshohlar xizmatida bo‘lgan paytlarida o‘zining ba’zi islohotlarini amalga oshirishga harakat qilgan bo‘lsa–da, ammo ko‘pchilik takliflari amaldor va hukmdorlar tomonidan qo‘llab–quvvatlanmagan. Uning e’tiborini tortgan narsa, o‘z zamonasining kamchiliklari va aybu nuqsonlari edi. Oddiy xalqning nochorligi, amaldorlarning zolimligi, hukmdorlar o‘rtasidagi o‘zaro ziddiyatlar, qadimgi ma’naviy qadriyatlardan uzoqlashish kabi holatlar Konfutsiyning keskin tanqidiy qarashlarini yuzaga kelishiga turtki bo‘ldi. U mavjud muammoni hal qilishda yangicha qarashlarga tayanish lozimligini anglab yetib, umrining so‘nggi 5 yilini asar yozish, shogirdlar yetishtirish va o‘z qarashlarini tarqatish bilan o‘tkazgan. Eng muhim asari “Konfutsiylik” deb nomlangan. Konfutsiy Xitoyning Suy–fu mavzesida vafot etadi va Sze daryosi yaqiniga dafn etiladi. Vafotidan so‘ng uning nomi yanada mashhur bo‘lib ketib, asta-sekin odamlar uning qabri joylashgan hududga ko‘chib kela boshlaydilar va natijada Kung qishlog‘i vujudga keladi. Uning qabri yonida ta’limot tarafdorlari ilmiy majlis va bahs-munozara olib borganlari sababli, keyinchalik bu joy muqaddas ziyoratgoh va ibodatxonaga aylanadi. Konfutsiyning izdoshlari uning fikrlaridan ilhomlanib, unga muqaddas deb e’tiqod qilish darajasiga yetib boradilar va natijada falsafiy ta’limot din sifatida talqin etila boshlaydi. Mil.avv. 195 yilda birinchi Xan podshohi Lyu Banning shaxsan o‘zi Konfutsiy ibodatxonasida unga atab «tay–lyao» qurbonlik marosimini o‘tkazadi. Shundan so‘ng, uning nomi ham, ta’limoti ham butun Xitoyda ilohiylashtirilib, unga atab muntazam qoidalar asosida qurbonliklar qilinadigan bo‘ladi. Konfutsiylik davlat mafkurasi darajasiga ko‘tarilgach, unga atab bir necha ibodatxonalar barpo etilib, vazirlar, mutasaddi shaxslar va davlat rahbarlari hukumat ishlarini boshlashdan oldin uning qabri va ibodatxonasini ziyorat qilishlari shart qilib belgilanadi. Xan sulolasi davriga kelib, Konfutsiyga knyazlik unvoni beriladi. Sun sulolasi davri (X–XIII asrlar)da esa unga imperatorlik unvoni, otasiga esa knyazlik unvoni beriladi.

Ta’limotning dastlabki ko‘rinishida axloq masalasi birinchi o‘ringa, diniy e’tiqod esa ikkinchi darajaga qo‘yilgan. Konfutsiy dindagi aqida masalasini jiddiy qabul qilmay, hatto ba’zi o‘rinlarda ularni inkor ham qilgan. Shuningdek, ruhlarga e’tiqod qilish masalasiga ham shubha bilan qaragan va g‘ayritabiiy narsalar, ruhlar to‘g‘risida gapirishni yoqtirmagan hamda taqdir, inson umri, o‘lim haqida so‘z yuritishdan o‘zini olib qochgan. Konfutsiylik vakillari jannat va do‘zax, qayta tirilish kabi g‘aybiyotga ishonmasalar–da, “narigi dunyo” mavjudligini inkor etmaydilar. Ularning bor e’tiborlari dunyo hayotini isloh qilishga qaratilgan. Hatto shogirdlaridan biri Konfutsiydan: “O‘lim nima?” – deb so‘raganida, u: “Biz tiriklik nima ekanini bilmaymiz–u, o‘lim nima ekanini qayerdan ham bilar edik”, – deb javob bergan.
Konfutsiy odamlar orasida qabih va gunoh ishlar ko‘payib ketsa, Osmonning g‘azabi kelib jazo sifatida zilzila va vulqon yuboradi, gunoh ishlar jazosiz qolmaydi, yaxshilikka mukofot, yomonlikka jazo shu dunyoning o‘zida beriladi, shuning uchun yomon ishlarni darhol to‘g‘irlash shart deb hisoblagan.
Xitoy xalqi qadimdan “Osmon xudosi”ga sig‘inib kelgani va urf–odatlarda ham samo, ya’ni osmonga alohida e’tibor berilgani bois Konfutsiy uni asosiy “Iloh” sifatida ulug‘lab, Tyan (“Tien”) deb ataydi. Uning fikricha, Tyan osmonda o‘tirib, yomon hukmdorlarni jazolaydi, yangi oilalar barpo qiladi va yaxshilarni mukofotlaydi. Shuningdek, u tabiat nizomini idora qiluvchi, koinotni boshqaruvchi, hamma narsadan ustun, yaratuvchi qudrat hisoblanib, unga hurmat va ibodat qilinishi zarur bo‘lgan Zotdir, deb e’tirof etadi.
Konfutsiylik ta’limotida, insonlar orasidagi aloqa va munosabatlarning ahamiyati bilan bir qatorda hayot, o‘lim, sharaf va boshqa barcha narsalar Osmon xudosi tomonidan yuboriladi. Unga ko‘ra, podshohlarga “Osmon o‘g‘illari” sifatida qaralib, ular axloqiy–siyosiy madaniyat, urf– odat va diniy marosimlarni davom ettirgan, Osmon va Yer xudosi sharafiga atab ibodatlar uyushtirgan. Agar podshoh adolatdan uzoqlashib zulm qila boshlasa, u lavozimidan chetlatiladi va boshqaruvni Osmon o‘z qo‘liga oladi, degan qarash mavjud.
Undan tashqari konfutsiylikda farishtalar ham muqaddas deb hisoblanib, ko‘zga ko‘rinmas borliqlar: jin, pari, bulut, suv, tog‘ kabi olamlar ham mavjud deb e’tiqod qilingan va ajdodlar ruhiga sig‘inilgan.
Konfutsiylikning muhim jihatlaridan biri unda ruhoniylar qatlami va imon–e’tiqod asoslarining yo‘qligidir. Unda faqat Xudo tushunchasi va muqaddas matnlar mavjud, xolos. Unga ko‘ra Xudo, nochor va tushkun ahvoldagi kishilarni himoya qilish uchun hukmdor va targ‘ibotchilar yuborib turadi.
Ta’limotda ijtimoiy–axloqiy masalalar alohida o‘rin egallaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, uni inson xatti–harakati, hayotiy me’yorlari haqidagi ta’limot deyish mumkin. Shuning uchun mazkur ta’limot dindan ham ko‘ra ko‘proq axloq va hikmat yo‘li deb tanilgan.
Konfutsiylik ta’limotlari bayon qilingan “Buyuk ta’limot”kitobida kishilardagi besh fazilat: kamtarlik (tavoze’), saxiylik, samimiylik, rostgo‘ylik va odob–axloq haqida so‘z yuritilib, shunday deyiladi: “Kamtarin, og‘ir, bosiq bo‘lsang hurmatsizlik ko‘rmaysan, saxiy bo‘lsang hamma narsani qo‘lga kiritasan, samimiy bo‘lsang xalq senga ishonadi, rostgo‘y bo‘lsang ko‘p narsaga muvaffaq bo‘lasan, odob–axloqli bo‘lsang insonlarni o‘z xizmatingda ishlata olasan”.
Konfutsiylik ta’limoti “Li” (axloq va marosimlarga oid qonun–qoidalar majmui) qonuniga asoslanadi. “Li” atamasi dastlab diniy marosimlarga nisbatan ishlatilgan va “qurbonlik qilish”, “o‘zini qurbon qilish” ma’nolarini anglatgan. Konfutsiylikda “Li” quyi tabaqaning yuqori tabaqaga, ya’ni, farzandning ota–onaga, xalqning davlat rahbariga bo‘ysunishi, deb talqin etilgan. Keyinchalik u inson, jamiyat va davlat hayotidagi o‘zaro muloqot jarayonini tartibga soluvchi barcha qoida va normalarni o‘z ichiga qamrab oldi hamda asosiy qonunga aylandi.
Shuningdek, “Li” qonuni “Jen” ( Insonparvarlik, insonlarga, ayniqsa, yaqin kishilarga nisbatan muhabbatli bo‘lish), “Syao” (kattalarga nisbatan hurmatli bo‘lish va bo‘ysunish), “Jan” (Xushmuomalalilik, odobli bo‘lish), sofdil va adolatli bo‘lish, ma’naviy yetuklikka intilish kabi tamoyillarni ham o‘z ichiga olgan.
Konfutsiy fikricha, “Dunyodagi barcha mavjudot kabi insonning taqdiri ham samoviy qudratga bog‘liq bo‘lgani uchun odamlarning oliyjanob yoki pastkashligi, yuqori yoki quyi tabaqaga mansubligini o‘zgartirib bo‘lmaydi. Podshoh–podshohligicha, fuqaro–fuqaroligicha, ota-otaligicha, farzand–farzandligicha qolishi kerak”. Mazkur g‘oya, mavjud tuzumni saqlab qolishga qaratilgan bo‘lib, uning uzviy davomi sifatida ideal shaxs, oliyjanob inson, asl va mard kishi konsepsiyasini ishlab chiqadi. Unga ko‘ra, odamlar ijtimoiy kelib chiqishi yoki jamiyatdagi mavqei bilan emas, balki odamiylik, adolatgo‘ylik, haqgo‘ylik, samimiyat, farzandlik izzat–hurmati kabi yuksak ma’naviy fazilatlari bilan yuksak kamolotga erishishi mumkin.
U komil inson bilan pastkash insonning farqini quyidagicha bayon qiladi: “Komil inson nochorlarga yordam qo‘lini cho‘zib, faqatgina yaxshilikni va odamlar taqdirini o‘ylab ish qilsa, pastkash o‘z huzur–halovati va manfaatini o‘ylaydi”.
Konfutsiylikda barkamol inson to‘rtta asosiy belgisi – madaniyati, ish boshqarish qobiliyati, to‘g‘ri muomalada bo‘lishi va va’dasiga vafo qilishi, ya’ni bergan so‘zida turishiga qarab belgilanadi. Insonlar o‘rtasidagi hayot tarzi: boshliq va xodim, ota–ona va farzand, er va xotin, aka va uka, do‘st va birodarlik kabi beshta asosiy munosabatlardan iborat. Mazkur muloqot tizimi jamiyatning eng muhim bo‘g‘inlarini o‘zida jamlaydi. Donishmandning fikricha, hayotda adolat qaror topishi uchun har bir ish axloq qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshirilishi, farzand ota–onasiga sodiq va itoatkor bo‘lib, o‘z otasining izidan borishi hamda kattalarga hurmat bilan muomalada bo‘lishi shart hisoblanadi.

Konfutsiylikning muqaddas manbalari sifatida “Besh klassika” (“U szin”) va “To‘rt kitob” (“Se shu”) e’tirof etiladi. “Besh kitob” qadimgi Xitoy tarixidagi voqealarni aks ettirgan “Tarix kitobi” (“Shu sizin”), qadimgi xitoy she’riyati to‘plami bo‘lmish “Munojotlar kitobi” (“Shi szin”), afsun–jodular haqidagi “O‘zgarishlar kitobi” (“I szin”), inson o‘zini qanday tutishi, yurish–turishi qonunlaridan iborat “Marosimlar kitobi” (“Li szi”) va Xitoy xonliklarining birida bo‘lib o‘tgan voqealar xronikasini o‘z ichiga olgan “Baxor va kuz” (“Chun–syu”) kitoblaridan iborat. Ba’zi o‘rinlarda ushbu “Besh kitob”ga Konfutsiy tomonidan tahrir qilingan “Musiqa kitobi”ni ham qo‘shib, “Olti kitob” (“Lyu szin”) deb ham ataladi.
“To‘rt kitob” asarida esa, asosan axloq–odob haqida so‘z yuritiladi. U Konfutsiy shogirdlari tomonidan yozilgan va insonni kamolotga yetish yo‘llari bayon qilingan “Buyuk ta’limot” (“Da syue”), inson o‘zini xar qanday holatda tuta bilishi, haddan oshmasligi haqidagi “O‘rta yo‘l kitobi”, Konfutsiy va shogirdlarining pand–nasihatlarini aks ettirgan “Suhbat va muhokama” (“Lun Yuy”) va Konfutsiy shogirdaliridan biriga tegishli, konfutsiylik ta’limotlari asoslangan “Men–szi” kitoblaridan iboratdir.

Konfutsiy o‘z asarlarida asosiy e’tiborni diniy marosim va qadimiy urf–odatlarga qaratgani, suhbatlarida ham, asarlarida ham asosiy e’tiborni ularni to‘g‘ri tushuntirishga harakat qilgani sababli ushbu ta’limot Qadimgi Xitoy madaniyatini o‘z ichiga olgan marosim va urf–odatlar majmuasi hisoblanadi. Konfutsiylikda diniy marosimlarning asosiy mazmuni – konfutsiylikka qadar mavjud bo‘lgan an’ana va urug‘–qabilaviy marosimlarni mustahkamlash hamda ularni qonuniylashtirishni tashkil etadi. Chunki Konfutsiy o‘zini hech qanday yangi ta’limot yaratuvchisi deb hisoblamagan. U odamlardan faqat marosim va tartib–qoidalarga qattiq rioya etishni talab qilgan. Chunki u “Qadimiy, an’anaviy marosimlarimizni asramay, davom ettirmay, ularni bekor qilsak, jamiyatdagi hamma narsa aralashib, izdan chiqib ketadi. Masalan, nikoh marosimi bekor qilinsa, unda er–xotinlik majburiyati ham bo‘lmaydi va natijada u bilan bog‘liq katta–katta jinoyatlarga yo‘l ochiladi. Dafn etish va qurbonlik marosimlari bekor qilinsa, farzandlar vafot etgan ota– ona va ajdodlari xotirasini unutib, hatto tiriklarga ham xizmat qilmay qo‘yadilar; Pin–Szin marosimi bo‘lmasa, podshoh bilan amaldor o‘rtasida farq qolmay, kichik–kichik knyazchalar o‘zboshimchalik qila boshlaydilar, va natijada boshboshdoqlik, ta’qib etish hamda zo‘ravonlik avj oladi”, deb hisoblagan. Shuningdek u: “Marosimlar ajdodlar, ruhlar va buyuk donishmandlar olami bilan avlodlar o‘rtasini bog‘lab turuvchi asosiy aloqa vositasi bo‘lib, ularni to‘g‘ri va mukammal bajarganlar “syao jen” darajasidan “Szin– szi” darajasiga ko‘tarilishi yoki aksincha marosimlarni buzish yoki bajarmaslik oqibatida mazkur muqaddas aloqa uzilib, ikki olam (ajdodlar ruhi va avlodlar) o‘rtasidagi muvozanat buzilishi va butun dunyo ostin–ustin bo‘lishi mumkin”, degan fikrni ilgari surgan.
Asosini ezgulik, insonparvarlik g‘oyalari tashkil qilgan bu ta’limot hanuz yashab kelmoqda. Bugungi kunda, har bir oilaning o‘z ibodatxonasi va unda ajdodlar timsoli – “Chju” tasviri joylashtirilgan bo‘lishi shart hisoblanadi, unda qurbonlik va boshqa diniy marosimlar o‘tkaziladi.

Konfutsiylik dini

Tarixiy Obidalar

Scroll to Top